O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.Islamov rahbarligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida sud-huquq masalalari bo‘yicha ommaviy qabul o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Nukus shahrida boshlangan tadbirning ilk kunida Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi rahbarlari murojaatchilarning arizayu shikoyatlaridagi masalalarga yechim izladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida aynan sud-huquq tizimiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun alohida muloqot maydoni tashkil qilinayotgani bejiz emas. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil va joriy yilning o‘tgan davrida Prezident virtual qabulxonasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonalariga Orolbo‘yi aholisidan 54 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 51 ming 210 dan ortig‘i ko‘rib chiqilgan. Murojaatlarning 27,7 mingdan ziyodida ko‘tarilgan masalaga yechim topilgan, qolgan murojaatlar bo‘yicha tushuntirish berilgan.
Mazkur murojaatlarning salmoqli qismi esa sud, prokuratura va ichki ishlar tizimlariga daxldor. Shu davrda sud tizimi bo‘yicha kelib tushgan 1,8 mingdan ziyod murojaatning 556 tasi, prokuratura faoliyatiga oid 2 ming 635 ta murojaatning 1 ming 143 tasi, ichki ishlar tizimida ko‘rib chiqilgan qariyb 2 ming 950 ta murojaatning 1,8 mingtasi qanoatlantirilgan bo‘lsa-da, mazkur murojaatlar tahlili bu borada Orolbo‘yi hududida qator muammolar borligini ko‘rsatdi.
Mazkur ommaviy qabullar esa sud-huquq masalasida yechim izlab yurgan yuzlab fuqarolarga o‘z muammosi yuzasidan rahbarlar bilan yuzma-yuz gaplashib olish uchun nihoyatda muhim platforma bo‘lishi ilk kungi muloqotlarda yana bir bor o‘z isbotini topdi. Har bir soha bo‘yicha masalalar alohida sho‘’balarda shu tizimlarning Qoraqalpog‘istondagi hududiy rahbarlari bilan birga ko‘rib chiqilgani esa murojaatchilaru mas’ullar uchun ham har bir masalani chuqur o‘rganish, muammolarga optimal yechim topish imkonini berdi.
Nukuslik Gulsanam Burkutova 2019 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga nohaq ishdan bo‘shatilganini aytib, ishga tiklash masalasida da’vo arizasi bergan. Sud qarorida uning ishdan to‘g‘ri va qonuniy bo‘shatilgani isbotlanib, arizasi rad etilgan. Keyingi instansiyada ham sud qarori o‘z kuchida qoldirilgan. Ishsiz qolgan ayol bu galgi ommaviy qabulda Sudyalar oliy kengashidan sud qarorini qayta ko‘rib chiqishni so‘radi. Mas’ullar esa murojaatchiga sud to‘g‘ri qaror qabul qilganini, yana necha marta murojaat qilsa ham birinchi instansiya sudi qarori o‘zgarmasligini aytish barobarida, boshqa soha rahbarlari bilan birga kengashib, uni doimiy ish bilan ta’minlash masalasini ham hal qildi. Gulsanam Burkutova shu kunning o‘zida “Hududgaz Qoraqalpog‘iston” gaz ta’minoti filialiga nazoratchi vazifasiga ishga qabul qilindi.
– 2018 yili avtohalokat tufayli ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qoldim, – deydi nukuslik Roza Qaipnazarova. – Toshkent shahriga borib oyog‘imni jarrohlik amaliyoti bilan davolatish uchun ancha mablag‘ zarur bo‘ldi. O‘tgan yili ommaviy qabulda murojaatim asosida menga mahalliy byudjetdan yetarli mablag‘ ajratib berildi. Mana, o‘tgan 5-6 oyda hayotimda yangi sahifa boshlandi. Oliy ma’lumotli huquqshunos bo‘lganim uchun bu galgi qabulda Bosh prokuratura rahbarlaridan o‘zimga doimiy ish topishimda yordam so‘ragan edim. Murojaatim ijobiy hal etilib, ishga yo‘llanma berdi.
Pozilbek Abdujaliyevning Nukus shahridagi 2 sotixdagi 6 xonali hovlisi 2016 yili buzilishga tushgan. Biroq buning evaziga ularga yer ham ajratilmagan, kompensatsiya ham to‘lanmagan. Murojaatchining aytishicha, buzilgan uy-joy uchun kompensatsiya to‘lashi shart bo‘lgan qurilish korxonasi vakili uni aldab, uch farzandi va nogironligi bor ayoli bilan ko‘chada qoldirgan.
Bosh prokuratura mas’ullari shu masalada sarson bo‘lib yurgan bu oilaning murojaatini o‘z nazoratiga oldi. Buzilgan uyning aniq bahosini chiqarish, mulkdor va qurilish korxonasi o‘rtasidagi kelishmovchilikka huquqiy baho berish, aybdorlarni aniqlash uchun tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish, murojaatchi aytayotgan firibgarlik holatini aniqlash va adolatni qaror toptirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasiga aniq muddatli qat’iy topshiriq berildi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |