O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan “mahallabay” ishlash tizimining joylardagi ijrosi, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlashdagi haqiqiy ahvolni o‘rganish, mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirish maqsadida amaliy tashrif bilan Namangan viloyatida bo‘lib turibdi.
Senat raisi viloyatning tog‘li hududlariga tutash Pop tumanidagi Chodak qishlog‘i hududida yillab samarasiz yotgan yerlarda intensiv bog‘ yaratishga innovatsion asosda yondashilgan, umumiy qiymati 4 milliard so‘mga teng bo‘lgan “Yangi Chodak Serhosil Bog‘lari” kooperativini ko‘zdan kechirdi.
Qamchiq dovonidan tushaverishdagi adirliklar bag‘rida o‘zlashtirilgan bu joyda 450 gektar yer o‘zlashtiriladi, hozirda 100 gektar yerga 51 ming dona qilich, shaloq lopriya kabi 4 xil navdagi poli karlik o‘rik ko‘chatlari ekilgan. Shuningdek, 15 ming m3 sig‘imdagi membrana hovuzlari, 100 gektar yer maydoniga esa suvni tejaydigan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilib, boqqa aylantirilgan. Massivda “Yoshlar daftari”da turgan 100 nafar yoshning har biriga 1 gektardan serhosil ko‘chatlar ekilgan yer maydonlari topshirilgan.
Tanzila Norboyeva bo‘lajak bog‘bonlar bilan suhbat chog‘ida ular tomonidan bildirilgan har bitta taklif qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
– Bo‘sh yotgan yerlarni bog‘-rog‘larga aylantirish harakati tahsinga sazovor, – dedi Senat raisi. – Vaholanki, yaqin vaqtlargacha ham dehqonchilik yoki bog‘dorchilik uchun joy olish masalasi anchagina murakkab edi. Bugun esa bu yerlar sizlarga hech qanday shartlar va tanlovlarsiz berilmoqda. Bu Prezidentimizning yoshlarga g‘amxo‘rligi va ishonchining amaliy ifodasidir. O‘ylaymanki, natija ham shunga yarasha bo‘ladi. Chunki, ajratib berilgan bir gektar yerda hech bo‘lmaganda besh kishi mehnat qiladi, oila a’zolaringiz, bo‘sh yurgan yaqinlaringiz ishli bo‘ladi. Agar meva yoki poliz mahsulotlari yetishtirishning o‘zi bilan cheklanib qolmasdan ularni qayta ishlashni ham yo‘lga qo‘ysangiz, yana qancha ish o‘rni yuzaga keladi, eksport faoliyati bilan shug‘ullanishingizga imkoniyat yaratiladi.
So‘ng Yakkatut mahallasida “mahallabay” va “fuqarobay” o‘rganish tizimi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kirganlarni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
– 871 ta xonadondagi 1 ming 90 oilada 4 ming 523 kishi istiqomat qilayotgan mahallamizda oilalarni mustahkamlash, ijtimoiy sog‘lom ma’naviy muhit barqarorligi va aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi MFY raisining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Gulzoda Abdullayeva. – Ayniqsa, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan olib borilayotgan manzilli sa’y-harakatlarimiz o‘z samarasini bermoqda. Masalan, “Ayollar daftari”da turgan, to‘qqiz toifaga ajratilgan 89 kishidan 30 nafarini ro‘yxatdan chiqardik. Ularning aksariyati jamoat ishlari va o‘zini o‘zi band qilishga yo‘naltirildi. 10 nafar ayolga subsidiya asosida tikuv mashinalari berildi. Uch ayolga sog‘in qoramol, bir nafariga esa ikki bosh qo‘y hadya qilindi. Uch oilaning turar joyi ta’mirdan chiqarildi. Davolanishga muhtoj 10 nafar opa-singillarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Senat raisi MFY binosining ikkinchi qavatida tadbirkorlik faoliyatini boshlab, ishsiz bo‘lgan 15 nafar xotin-qizning bandligini ta’minlagan Masturaxon Niyozovaning tikuvchilik sexida ayollar bilan muloqotda bo‘ldi. Qo‘li gul chevar imtiyozli kredit asosida 15 ta tikuv mashinasini xarid qilib, bugungi kunda o‘zi kabi “Ayollar daftari”ga kiritilgan mahalla xotin-qizlariga hunar o‘rgatmoqda. Kechagina ro‘zg‘or yumushlari bilan shug‘ullanib kelgan ayollar Tanzila Norboyevaga o‘zlari tikkan bejirim kiyimlarni ko‘rsatdi. Sifatli liboslar ichki bozorda sotilib, bir qator uy bekalarining xonadoniga daromad keltirayotgani quvonarlidir.
Chekka qishloqda 4 milliard so‘m mablag‘ evaziga kapital ta’mirdan chiqarilgan madaniyat markazi binosida Senat raisi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.
Ochiq muloqotda mahalla ayollarining bandlik, kredit, uy-joy, tibbiy xizmatdan foydalanish kabi muammolarini o‘z ichiga olgan yigirmadan ziyod murojaati ham tinglanib, ularni hal etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi. Har bir murojaat nazoratga olinishi ta’kidlandi.
– Senat Raisining tumanimizdagi olis va chekka qishloqqa kelib, oddiy ayollar bilan uchrashib, ularning dardini tinglashini ochig‘i kutmagandim, – deydi Pilol mahallasida istiqomat qiluvchi Hakima Azizova. – Yolg‘iz boshim bilan ikki nafar farzandimni yaxshi niyatlar bilan o‘stiryapman. Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga ishga joylangandim, ammo ikki kun o‘tmasdanoq meni nohaq ishdan bo‘shatib yuborishdi. Ayni paytda bekorchiman. Tadbirkorlik qilib, “kafe” ochish bo‘yicha yo‘llagan murojaatimni eshitgan Tanzila Norboyeva menga kreditdan foydalanishimni taklif qildi. Mutasaddilarga topshiriq berildi.
Parlament yuqori palatasi rahbari Chust tumanidagi “Chust textile” xususiy korxonasiga borib, ish jarayoni va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
Yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash – davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan. Ayni shu maqsadda shahar va tumanlarda to‘qimachilik majmualari tashkil etilmoqda. Chunki buning uchun xomashyo, infratuzilma va bozor bor.
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan mazkur fabrikaning ikkita kompleksida 1 ming 200 kishi mehnat qilmoqda. 2020 yilda qariyb 2 ming tonna mato va 5 million 200 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilib, 9 million dollardan ziyod mahsulot eksport qilingan. Joriy yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida esa Rossiya, Italiya, Kipr, Belarus, Qirg‘iziston davlatlariga 3 million 871 ming AQSH dollarlik mahsulotlar eksport qilinishiga erishilgan. Yil yakunigacha esa bu ko‘rsatkichni 12 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
E’tiborlisi, korxona binolari ko‘p materiallar sarflanmay, angar usulida barpo etilgan. Natijada qurilishning o‘zidan 6 million AQSH dollar iqtisod qilingan.
Korxona rahbari Dilshod Ismatullayevning aytishicha, eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami arafasida korxonada tikuv bloki ishga tushishi hisobiga yana mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Viloyat yengil sanoatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ushbu korxonada mehnat qilayotganlarning aksariyati tuman mahallalarida istiqomat qiluvchi, “Yoshlar” va “Ayollar” daftariga kiritilgan ayol-qizlarni tashkil etib, ular bugungi kunda doimiy daromad manbaiga ega bo‘luvchi ish o‘rinlariga egadir. Ularning oylik ish haqi o‘rtacha 2-2,5 million so‘mni tashkil etmoqda.
Senat raisi o‘rganishlarining navbatdagi manzili – “Bibi ona” ziyoratgohi bo‘ldi. Bu muqaddas qadamjoda ayollar bilan uchrashib, innovatsion loyihalar bilan tanishdi. Ushbu loyihalar asosan, Chustda onkologik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga har tomonlama ko‘mak berishga xizmat qiladi. Suhbat davomida xasta opa-singillarni mos ishga joylashtirish, ularga ruhiy qo‘llab-quvvatlash kerakligi ta’kidlandi.
Tumanda kasallikka chalinish ko‘rsatkichlari o‘sib borayotganligi sababli tuman tibbiyot birlashmasida onkolik yo‘nalishda koykalar ochish zaruriyati borligi aytib o‘tildi.
Muloqot davomida Xo‘jaobod, Pansada, Ko‘ktosh, Qal’ai Poyon mahallalarida yashovchi ayollarning muammo va takliflari tinglanib, ko‘targan masalalari nazoratga olindi. 11 nafar ayolga "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan uy-ro‘zg‘or ishlarida as qotuvchi elektr pechi tuhfa qilindi.
Namangan viloyati Xalq deputatlari Pop va Chust tuman Kengashlari deputatlari hamda siyosiy partiyalar yetakchilari bilan muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida Senat raisi mahalliy Kengashlar faoliyati, ular qoshida tashkil etilgan "Xalqparvar" komissiyalarning ipoteka kreditlari ajratilishi va uy-joy qurilishni nazorat qilishdagi ishtiroki, byudjet mablag‘larini shakllantirish va har chorak davomida ijrosi yuzasidan sessiyalarda mas’ullar hisobotini tinglab borish kabi muhim masalalar yuzasidan tavsiyalar berdi.
Tanzila Norboyeva Kengashlardagi doimiy komissiyalar ishini jonlantirish, aholi ijtimoiy himoyasining yangi tizimi bo‘lgan daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan ishlashda deputatlar ishtirokini kuchaytirish, “yo‘l xarita”larida belgilangan dasturlar ijrosi bo‘yicha Kengashlar nazoratini ta’minlashga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Oliy Majlis Senati Raisining Namangan viloyatiga xizmat safari davom etmoqda.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |