Assalomu alaykum, hurmatli vatandoshlar! Qadrli urush va mehnat faxriylari!
Avvalo, mana shu ulug‘ ayyom kunlarida, muhtasham G‘alaba bog‘ida turib, siz, azizlarni, bugungi tantanali marosimni joylardagi studiyalarda, harbiy okruglarda, oila davrasida televideniye orqali tomosha qilayotgan barcha faxriylarimizni ko‘pmillatli butun xalqimizni Xotira va qadrlash kuni hamda buyuk G‘alabaning 76 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Muhtaram urush va mehnat fronti faxriylari!
bugungi shonli sanani biz doimo cheksiz quvonch va cheksiz iztirob bilan nishonlaymiz. Vatan ozodligi uchun, hozirgi tinch-omon kunlar uchun jang maydonlarida halok bo‘lgan ota-bobolarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, hurmat bajo keltiramiz.
Siz, mo‘’tabar faxriylarimizning beqiyos qahramonligingiz insoniyat tarixiga abadiy o‘chmaydigan, buyuk sahifa bo‘lib yozilganini chuqur minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.
Ulug‘ va tabarruk yoshlarga yetib, bugun oramizda sog‘-salomat, duogo‘y bo‘lib yurgan urush va mehnat frontining barcha jangchilariga yana bir bor yuksak mehr va hurmatimizni izhor etib, ularning barchasiga chin yurakdan tashakkur aytamiz.
Hayotning og‘ir va achchiq sinovlarini mardona yengib o‘tgan Siz, azizlarning O‘zbekistonimizni har tomonlama rivojlantirish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalashga qo‘shayotgan munosib hissangizni barchamiz yuksak baholaymiz.
Sizlarning mardlik va matonatingiz koronavirus pandemiyasi davom etayotgan hozirgi murakkab davrda ham ana shu xatarli kasallikka qarshi kurashda bizga kuch va madad bermoqda.
Biz – bugungi minnatdor avlodlar sizlar kabi jasur otalarimiz bilan umrbod faxrlanamiz.
Mana shu hayajonli daqiqalarda sizlarning jang maydonlarida buyuk qahramonlik ko‘rsatganingiz, urushdan keyin mamlakatni tiklash va rivojlantirish yo‘lida qilgan fidokorona xizmatlaringiz uchun barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz.
Oradan yana qancha yillar, asrlar o‘tmasin, sizlarning fashizmga qarshi ko‘rsatgan matonatingizni xalqimiz hamisha qalbida, xotirasida saqlaydi, bu jasorat yoshlarimiz uchun abadiy ibrat namunasi bo‘lib qoladi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh insonlarning o‘limiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotish va talafotlarga olib kelgan eng dahshatli qirg‘in bo‘lganini hammamiz yaxshi bilamiz. Olti yil davom etgan bu qonli urushda o‘sha paytda dunyodagi mavjud 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgani ham bu haqiqatni tasdiqlaydi.
Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan urush harakatlariga 110 million kishi safarbar etilgani va bu qirg‘inda jami 70 million kishi halok bo‘lgani har qanday odamni larzaga soladi. Eng ko‘p qurbonlar sobiq Ittifoq respublikalari hissasiga to‘g‘ri kelib, qariyb 27 million kishini tashkil etganini bugun ham ulkan qayg‘u va iztirob bilan eslaymiz.
O‘zbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatorida urushning birinchi kunlaridan boshlab fashizmga qarshi jangga kirdi. Yovuz dushmanni tor-mor etish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi.
Shu borada ba’zi bir eng muhim, ilgari bizga noma’lum bo‘lgan fakt va raqamlarni yana bir bor eslab o‘tish o‘rinli, deb hisoblayman.
Ma’lumki, 1941 yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etardi. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlandi. Har biri tom ma’noda qahramon bo‘lgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo‘ldi.
Bizbu raqamlarni har yili 9 may – G‘alaba bayramida qayta-qayta esga olamiz. Bular shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida mushtipar onalarimiz, momolarimiz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qayg‘u va hasrat mujassam.
Bu dardu alamlarni hech qanday raqam, hech qanday so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Nega deganda, 500 mingdan ziyod qurbon – bu 500 mingdan ortiq fojia degani. Bu umr yo‘ldoshidan ayrilgan ming-minglab ayollar, ota-onasidan judo bo‘lgan millionlab yetim bolalar degani. Bu – oradan shuncha yillar o‘tsa hamki, xalqimiz yuragidagi bitmagan, hech qachon bitmaydigan mudhish yara, tuganmas nola va armon demakdir.
O‘zbekiston xalqi ana shunday og‘ir talafotlar ko‘rib, buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shdi. Bu haqiqatni
200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ham yaqqol isbotlaydi. Vatandoshlarimizning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni degan yuksak unvonga, 70 nafardan ortig‘i uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim.
Insoniyat taqdiri va kelajagi hal bo‘layotgan o‘sha suronli yillarda O‘zbekiston frontning mustahkam ta’minot bazasi bo‘lib xizmat qildi.
“Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – G‘alaba uchun!” degan g‘oya el-yurtimizning hayotiy e’tiqodiga aylandi. Xalqimiz tunu kun tinimsiz mehnat qilib, ulkan miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha, dori-darmon zaxiralarini jang maydonlariga uzluksiz yetkazib berdi. Bomba va snaryadlar tinimsiz portlab turgan hududlardan 170 ga yaqin zavod va fabrikalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi va qisqa muddatda qayta ishga tushirildi.
Urushdan jabr ko‘rgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikamizga ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan yetim bolalar edi.
El-yurtimiz mudhish urush yillarida o‘zining yuksak gumanistik fazilatlarini namoyon etdi. O‘zbekistonga olib kelingan turli millatga mansub ming-minglab insonlarga boshpana berdi, mehr-shafqat, odamiylik ko‘rsatib, eng so‘nggi nonini ham ular bilan baham ko‘rdi. “Toshkent – non shahri”, “O‘zbekiston – mehr mamlakati” ekanini amalda yana bir bor isbotladi.
Xalqimizning bunday ulkan jasorati, olijanobligi butun dunyoda hurmat-ehtiromga sazovor bo‘ldi. Va bu bilan biz har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi.
Muhtaram vatandoshlar!
Sizlarga ma’lumki, keyingi yillarda xalqimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasini har tomonlama o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha yurtimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ilgari yopiq bo‘lgan arxiv hujjatlari ochilgani, sobiq Ittifoq respublikalari va chet eldagi arxiv tashkilotlari, muzey va fondlar, olim va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaygani muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Hozirgi kunda mamlakatimizning Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixi yangi ma’lumot va dalillar, noyob hujjatlar bilan boyib bormoqda. Mavzuga oid yangi-yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar, kinofilm va albomlar, ko‘plab kartina va haykallar yaratilmoqda.
Ta’lim maskanlari va mahalla idoralarida ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan stend va ko‘rgazmalarda jangchi ota-bobolarimizning o‘lmas siymolari, ular haqidagi muhim tarixiy ma’lumotlar aks ettirilmoqda. Biz bu ishlarni yanada keng ko‘lamda, faol davom ettirishimiz zarur.
Bugun urush yillarida besh azamat o‘g‘lidan judo bo‘lgan Zulfiya Zokirova va uning oilasiga o‘rnatilgan yodgorlik poyiga gulchambar qo‘yib, hurmat bajo keltirdik. Bu matonatli inson timsolida barcha O‘zbekiston onalariga yuksak hurmat-ehtiromimizni izhor etdik.
Ishonchim komilki, ana shunday fidoyi onalarimiz – sevgan yori va farzandlariga, oilasi va yurtiga sodiq ayollarimizning jasorati yosh o‘g‘il-qizlarimiz uchun Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat, sabr-matonat timsoli bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ushbu majmuadagi har bir yodgorlikning ma’no-mazmuni va falsafasini, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbi va ongiga singdirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. G‘alaba bog‘i faoliyatini tashkil etish haqida o‘tgan yili qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, bu borada e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, ularning barchasi haqida so‘zlash uchun ko‘p vaqt kerak. Men faqat eng muhim ishlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Avvalo, G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasini harbiy tariximiz, urush va mehnat fronti qatnashchilari jasoratini o‘rganish bo‘yicha ilmiy markazga aylantirish harakati boshlandi. Shu maqsadda tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan majmuaning elektron platformasi, onlayn dasturlar yaratildi va ularning faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Majmuaning veb-sayti takomillashtirildi. Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan 2 millionga yaqin vatandoshlarimizning to‘liq ro‘yxatini shakllantirish va shu asosda “Vatan fidoyilari” xotira kitobini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
O‘tgan qisqa davrda, karantin sharoitiga qaramasdan, G‘alaba bog‘iga 350 mingga yaqin yurtdoshlarimiz va chet ellik mehmonlar tashrif buyurdi. Ularning orasida o‘quvchi va talaba yoshlar, muhtaram nuroniylar, harbiy xizmatchilar, Hamdo‘stlik davlatlari va boshqa chet el fuqarolari, yuqori martabali xorijiy delegatsiyalar a’zolari borligi ayniqsa e’tiborga sazovor.
Bu yerga tashrif buyurgan odamlarning O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasiga ko‘rsatilayotgan ulkan hurmat-e’tibor haqida bildirgan samimiy fikrlari, yuksak baholari, o‘ylaymanki, hech kimni befarq qoldirmaydi.
G‘alaba bog‘i qisqa muddatda tabarruk ziyoratgohga, turli uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar muntazam o‘tkaziladigan qutlug‘ maskanga aylanib qolgani barchamizni quvontiradi. Ayniqsa, 300 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgan “Shon-sharaf” harbiy festivali, yosh ijodkorlarning urush mavzusidagi ko‘rgazmalari, ko‘rik-tanlovlar ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.
bugungi kunda majmua tarkibida faoliyat ko‘rsatayotgan “Shon-sharaf” davlat muzeyida 12,5 mingga yaqin eksponat to‘plangan bo‘lib, ularning soni tobora ortib bormoqda.
Bu haqda gapirganda, o‘tgan yili nashr etilgan “O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi” kitob-albomini tilga olish o‘rinlidir. Bu yilgi bayram arafasida uning uzviy davomi bo‘lgan “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” va “G‘alaba bog‘i falsafasi” nomli kitob-albomlar chop etilganini alohida qayd etish lozim. Ushbu nashrlarda xalqimizning urush yillaridagi qahramonligi haqida ilgari bizga noma’lum bo‘lgan ko‘plab yangi ma’lumotlar keltirilgan.
Shu borada birgina misolga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Ma’lumki, taniqli sahna ustasi Ma’suma Qoriyeva urushdan oldingi yillarda sobiq Hamza teatrining yetakchi artistlaridan biri bo‘lgan. Uning qaynotasi – jadidchilik harakatining taniqli namoyandasi Abduvohid qori, qayin ukasi – iste’dodli shoir Oltoy Qoriyev, turmush o‘rtog‘i – Madaniyat vazirligi san’at boshqarmasining boshlig‘i Bosit Qoriyev 30-yillarda nohaq siyosiy qatag‘onga uchraydi. Qaynotasi va eri o‘lim jazosiga hukm qilinadi.
Yurtga yov bostirib kelgan og‘ir kunlarda Ma’suma Qoriyeva o‘z boshiga tushgan fojiani unutib, ikki farzandi – Shavkat va Botir Qoriyevlarni fashizmga qarshi jangga yuboradi. O‘zi esa hozirgi O‘zbek milliy teatrida kasaba uyushmasiga rahbarlik qilib, g‘oyat og‘ir davrda xodimlarni moddiy ta’minlash uchun jonbozlik ko‘rsatadi.
Urush tugaydi, lekin Ma’suma ayaning farzandlaridan darak bo‘lmaydi. Mushtipar ona ularning izlarini izlab Moskvaga boradi. U yerda ikkala o‘g‘li ham janglarda halok bo‘lganini aniqlaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, urushda ko‘rsatgan jasorati uchun Shavkat Qoriyev “Qizil bayroq” ordeni, Botir Qoriyev esa “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlangan ekan. Ming afsuski, Ma’suma Qoriyeva u paytda bundan bexabar edi. Onaizor farzandlari dog‘ini ko‘tarolmasdan, 1946 yili Moskvada vafot etadi.
Mana shunday qayg‘uli voqealar bilan tanishganda, qahramon ajdodlarimizning o‘chmas xotirasi oldidagi qarzimiz va burchimizni yanada chuqur his etamiz. bugungi tinch, erkin va yorug‘ kunlarning qadriga yetish kerakligini yana bir bor anglaymiz.
O‘ylaymanki, tarixchi olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz, kinochi va rassomlarimiz G‘alaba bog‘idagi har bir majmua haqida yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar yaratib, xalqimizga taqdim etsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risidagi bor haqiqatni aniqlash va xalqimizga yetkazish, ajdodlar xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz kerak. Yurtimizdagi har bir qishloq, mahalla va ta’lim muassasasi, davlat va nodavlat tashkilotlar, keng jamoatchiligimiz urush ishtirokchilariga doir materiallarni to‘plash va targ‘ib etishda yanada faol ishtirok etadilar, deb ishonaman.
Ayniqsa, zamonaviy ilm-fanlarni, xususan, milliy tariximizni katta qiziqish va mehr bilan o‘rganayotgan yoshlarimizdan bu borada yangi tashabbus va harakatlarni kutib qolamiz.
bugungi kunda yurtimizda urush qatnashchilari haqidagi ma’lumotlarning to‘liq elektron bazasini yaratishning vaqti-soati keldi. Rossiya, Belarus, Qozog‘iston kabi davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribasini o‘rganib, bunday amaliy ishlarni O‘zbekistonda ham tashkil etishimiz lozim.
Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga ikki hafta muddatda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlarning elektron bazasini yaratish, bu borada maxsus saytlar, Internet resurslarni ko‘paytirish haqida qaror loyihasini tayyorlab kiritish topshiriladi.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Hayot qonuniyatiga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan ko‘p narsa unutiladi, esdan chiqadi. Lekin bu yorug‘ dunyoda ulug‘ bir haqiqat borki, u hech qachon o‘zgarmaydi, hech qachon eskirmaydi. Ya’ni, Vatan va xalq ozodligi, kelgusi avlodlarning baxtu saodati yo‘lida mardlik va jasorat ko‘rsatgan insonlar xotirasi hamisha barhayot yashaydi.
Shu bois biz uchun urush va mehnat faxriylarining izzat-hurmatini joyiga qo‘yish, o‘tganlarning xotirasini abadiylashtirish doimo muqaddas vazifa bo‘lib qoladi. Bayram munosabati bilan bu borada ko‘p ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, ularning oila a’zolarini qutlash, tabrik va sovg‘alar topshirishga bag‘ishlangan marosimlar tantanali vaziyatda o‘tkazildi. Yolg‘iz yashayotgan urush va mehnat faxriylarining uy-joylari ta’mirlandi va obod qilindi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatadigan, ularni parvarish qilish bilan shug‘ullanadigan patronaj xizmati yo‘lga qo‘yildi. Ana shunday faxriylarimiz o‘z xohish-istaklari asosida respublikamizdagi sanatoriylarda davolanmoqda. Bayram kunlarida barcha shahar va qishloqlarimizda xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Albatta, xalqimiz ma’naviyatining ajralmas qismi bo‘lgan bunday savobli ishlarni biz bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.
Qadrli do‘stlar!
bugungi notinch va tahlikali hayotning o‘zi Ikkinchi jahon urushining qonli fojialaridan xulosa va saboq chiqarib yashashni butun dunyo xalqlaridan talab etmoqda. Yer yuzida tinchlik uchun kurashish, dunyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamkorlik aloqalarini kuchaytirish bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Biz yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasini aynan mana shunday tamoyillar asosida amalga oshirmoqdamiz va bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz.
Ayniqsa, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo ahillik va totuvlikni asrash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash hamisha bosh vazifamiz bo‘lib qoladi.
Dunyoda va mintaqamizdagi notinch vaziyatni hisobga olgan holda, biz doimo hushyor va sezgir bo‘lib yashashimiz, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirib, yoshlarimizni vatanparvarlik va jasorat ruhida tarbiyalashimiz zarur.
Ana shunday g‘oyat muhim vazifalarni samarali ado etishda buyuk ajdodlarimiz, muhtaram faxriylarimizning mardligi va shonli an’analari, hech shubhasiz, biz uchun doimo ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Xalqimiz va millatimizning yuksak qadriyat va fazilatlari aynan ana shunday asosda shakllanadi va rivojlanadi.
Qahramon otalaridan o‘rnak va namuna olib, ular bilan doimo faxrlanib yashaydigan xalq hech qachon kam bo‘lmaydi va o‘zining ezgu maqsadlariga albatta yetadi.
Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!
Siz, azizlarni bugungi qutlug‘ bayram – Xotira va qadrlash kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Mana shu imkoniyatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan yana bir ulug‘ ayyom – muqaddas Ramazon hayiti bilan ham barchangizni samimiy muborakbod etaman.
Xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxtu saodat tilayman.
Xalqimiz va butun insoniyat uchun buyuk G‘alaba keltirgan barcha jasur jangchilarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Tinchlik va ozodlik yo‘lida o‘z aziz jonlarini fido etgan qahramonlar xotirasi hamisha barhayot bo‘lsin!
Barcha ezgu orzu-niyatlarimiz amalga oshsin!
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Doimo sog‘-salomat bo‘ling, azizlarim, qadrdonlarim!
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |