Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi Istiqlol va Laylakko‘l mahallalarida “Obod qishloq” dasturi doirasida keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Dasturga muvofiq, har ikki mahallada jami 16,6 kilometrlik ichki va xo‘jaliklararo yo‘l hamda 5,3 kilometr piyodalar yo‘laklarini ta’mirlash rejalashtirilgan. Obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, gulzorlar barpo etish, shuningdek, zamonaviy tungi yoritgichlar o‘rnatish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Ijtimoiy inshootlar hamda xizmat ko‘rsatish va servis ob’ektlarini qurish-ta’mirlash nazarda tutilgan.
– Mazkur qishloqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash va ularga qulay sharoit yaratish maqsadida maxsus chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan, – deydi Boyovut tumani hokimining birinchi o‘rinbosari F.Qo‘shoqov. – Dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish yuzasidan tuman ishchi guruhi tuzilib, tegishli korxona-tashkilot va muassasa rahbarlari shaxsan mas’ul etib biriktirilgan.
“Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 548 oilada 2 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Jamoatchilik asosida haq to‘lanadigan ishlarga jalb etilgan fuqarolar va hasharchilar kuchi bilan 195 yakka tartibdagi uy-joylarning tom, fasad, darvoza qismlarida ta’mirlash, tomorqasida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Mahalla hududidagi maktab uchun qo‘shimcha bino qurish va mukammal ta’mirlashga 960 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Muassasa binosining ichki, tashqi va tom qismini mukammal ta’mirlash ishlari nihoyasiga etkazildi.
Aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 3 kilometr elektr o‘tkazish tarmog‘i tortilib, 2 ta yangi transformator platformasi o‘rnatildi. Alisher Navoiy ko‘chasiga tungi yoritgichlar, Obod, Omilkor, Bunyodkor, Bog‘ishamol va Sabotli ko‘chalariga 100 dona beton simo‘tkazgich o‘rnatildi. Bog‘ishamol ko‘chasida 50 metrlik yangi ichimlik suv quvuri tortilib, Alisher Navoiy va Sabotli ko‘chalarida piyodalar yo‘lakchasi barpo etildi. Oydin hayot ko‘chasiga tosh to‘kilib, tekislandi.
Aholi bandligini ta’minlash maqsadida “Istiqlol“ mahalla guzari barpo etilib, bu erda go‘zallik saloni, sartaroshxona, kosibchilik xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. 10 ish o‘rniga ega tikuvchilik tsexi faoliyat boshladi. Shuningdek, Alisher Navoiy ko‘chasida kichik bozorcha, turli savdo va avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, muzqaymoq ishlab chiqarish tsexi ishga tushiriladi. Shu kunlarda qurilish ishlari qizg‘in borayotgan hammom va bolalar o‘yin maydonchasini keyingi yil foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
– Mahallamizdagi ochiq sport majmuasi yaroqsiz ahvolga kelib qolgan edi, – deydi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘.Eshqulov. – Ayni paytda bu maydon mahallamiz yoshlari, tadbirkorlar va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi hamkorligida ta’mirlanmoqda.
Tuman hokimligining ma’lumotlariga ko‘ra, Laylakko‘l mahallasida 283 yakka tartibdagi uy-joylarning tom va fasad qismi, darvoza va devorlarida ta’mirlash, suvash, bo‘yash va tartibga keltirish ishlari bajarilmoqda. Hududni chiqindilardan tozalash ishlari yakunlandi. Ko‘chalar 45 ta tungi yoritgich lampalari bilan ta’minlandi. 2,7 kilometrlik elektr uzatish liniyasi yangidan tortilib, 2 transformator platformasi o‘rnatildi. 5,5 kilometr ichki yo‘llar joriy ta’mirlanib, 0,5 kilometr yo‘l asfalьtlandi.
Tuman “Suvoqova” korxonasi tomonidan 322 million so‘m mablag‘ sarflanib, 3,5 kilometrlik suv quvuri yangidan yotqizildi. Natijada Guliston, Ma’rifatparvar, Anorli bog‘, Do‘stlarobod va Ko‘rkam ko‘chalari aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
“Obod qishloq“ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bunday ishlar hududlar qiyofasini o‘zgartirish bilan birga, odamlarda bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumova, O‘zA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |