2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Hayotimizni o‘zgartirish, dunyo bozorida o‘rnimizni topish uchun manfaat beradigan ishni qilish kerak

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish va istiqboldagi rejalarni belgilab olish maqsadida 1 iyun kuni Surxondaryo viloyatiga keldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifini Sherobod tumanidan boshladi. Bu yerda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘ldi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat faollari, nuroniylar, yoshlar, videokonferens-aloqa orqali Osiyo taraqqiyot banki va Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi rahbariyati ishtirok etdi.

Mamlakatimizda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga tobora o‘sib borayotgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida ko‘plab energiya inshootlari barpo etilmoqda. Xususan, quyosh energiyasidan foydalanishga katta e’tibor qaratilmoqdaki, bu an’anaviy energiya resurslari cheklangan bugungi sharoitda va kelajakda muhim o‘rin tutadi.

Joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar», Fransiyaning «Total Eren» kompaniyalari tomonidan Navoiy va Samarqandda har birining quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Shunday zamonaviy stansiyalardan birini Sherobod tumanida qurish bo‘yicha tender e’lon qilingan edi. Tender savdolarini o‘tkazishda Osiyo taraqqiyot banki texnik va moliyaviy maslahatlari bilan ishtirok etdi.

Loyihani amalga oshirishga 50 dan ortiq xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi. Ikki bosqichli tanlovdan so‘ng, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi eng arzon tarif taklif etib, g‘olib bo‘ldi.

Loyiha doirasida mazkur kompaniya tomonidan 601 gektar maydonda quvvati 457 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi quriladi. Shuningdek, 220 kVt kuchlanishli yangi nimstansiya va “Surxon” nimstansiyasiga ulanish uchun 52 kilometrlik elektr uzatish tarmog‘i barpo etiladi.

Loyihani amalga oshirish uchun “Masdar” kompaniyasi 260 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qiladi. Stansiyaning yillik ishlab chiqarish hajmi 1,04 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Natijada yiliga 340 million kub metr tabiiy gaz tejalib, 300 ming xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Fotoelektr stansiyasi qurilishida ming kishi, bitganidan keyin 120 nafar mutaxassis ishlaydi. Vohadagi yirik inshootni 2023 yil avgust oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda tejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni ta’minlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

– Bu fotoelektr stansiyasi Surxondaryo viloyati iqtisodiyoti uchun katta imkoniyat. Har bir kilovatt-soat elektr energiyasini 1,8 sent narxida sotib olish imkoniyati paydo bo‘lib, bu mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun juda katta yutuq va aholiga yengillikdir. Umuman olganda, ushbu stansiyaning barpo etilishi, unda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi va yangi infratuzilmalar viloyatning kompleks rivojlanishi uchun katta turtki bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.

– Ushbu yangi loyihaning boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirga taklif etganingizdan quvonchim cheksiz. Osiyo taraqqiyot banki nomidan shaxsan Sizni, Janob Prezident, qolaversa, O‘zbekiston xalqini kelajakka qo‘yilgan yana bir qadam bilan chin qalbimdan tabriklayman. Sizning rahbarligingizda o‘tgan ikki yil davomida davlat-xususiy sheriklik asosida juda katta loyihalar amalga oshirildi. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya sohasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shildi. Hozirgi kunda O‘zbekiston hukumati bizning loyihalarimiz asosida investitsiyalarni jalb qilayotganidan mamnunmiz. Sheroboddagi loyiha quyosh nuridan elektr energiyasi ishlab chiqarishda Markaziy Osiyodagi eng yirik loyiha bo‘ladi. Bu quvvat eng avvalo ekologik toza, tejamkor va barqaror manbaga ega. Bu muvaffaqiyat asosida O‘zbekiston hukumati, Osiyo taraqqiyot banki va xususiy sektorning hamkorligi yotibdi, – dedi Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Ashok Lavasa.

– Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekiston bilan hamkorligi va do‘stona munosabatlari kengayib bormoqda. Bu iqtisodiyot va aholi hayotining juda ko‘p sohalariga ijobiy ta’sir qilishiga ishonchimiz komil. “Masdar” kompaniyasi hozirgi kungacha qayta tiklanuvchi energiya sohasida 30 dan ortiq mamlakatga investitsiyalar kiritgan va ularni umumiy hajmi 20 milliard AQSH dollaridan oshadi. Bu loyihalarning umumiy elektr quvvati 11 gegavattdan ziyodni tashkil qiladi. O‘zbekiston 2030 yilgacha bugun elektr energiyaning 25 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu ulkan marralarga erishishda biz ham ishtirok etayotganimizdan xursandmiz, – dedi BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy.

Shundan so‘ng Sherobod quyosh fotoelektr stansiyasining barpo etilajak quvvatlari va uning viloyat iqtisodiyotiga keltiradigan foydasi haqida videorolik namoyish qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi munosabati bilan uning poydevoriga kapsula qo‘ydi.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqan surxondaryolik nuroniylar davlatimiz rahbari boshchiligida viloyatda amalga oshirilayotgan ulkan ishlar odamlar hayotini o‘zgartirayotganini, jumladan, yangi elektr stansiyasi barpo etilishi bilan yangi ishlab chiqarish quvvatlari soni ko‘payib, odamlar ro‘zg‘origa daromad olib kelishini ta’kidladilar.

Loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirilayotgan umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish dasturining bir qismi hisoblanadi.

Shuningdek, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quvvati 200 megavattdan bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari, Qoraqalpog‘istonning Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida quvvati 100 megavatli shamol elektr stansiyasi, Buxoro va Navoiyda umumiy quvvati bir yarim ming megavatt bo‘lgan 3 ta shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.

2030 yilga borib, mamlakatimizda quyosh elektr stansiyalari quvvatini 5 ming, shamol elektr stansiyalarini 3 ming va gidroelektr stansiyalar quvvatini 4 ming megavattga yetkazish maqsad qilingan.

Tashrif davomida Prezidentimiz «Sardorbek Sultonbek» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Sherobod tumanining Bo‘ston mahallasida tashkil etilgan anorzorni ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiy kompleks oldiga vazifa qo‘yar ekan, har bir hududning xususiyatlaridan kelib chiqib loyiha qilish, «o‘sish nuqtalari»ni topib, rivojlantirish zarurligini ta’kidlaydi.

Surxondaryo viloyatining shunday yo‘nalishlaridan biri – anorchilik. Ayniqsa, Sherobodning anorlari katta, mazali, hosildor bo‘ladi. Shu bois uning bozori chaqqon, dovrug‘i chet ellargacha ketgan. Bu tadbirkorlar uchun katta imkoniyat, aholi uchun daromad manbai bo‘layotir. Tumanda 48 ta mahallaning 33 tasi anor yetishtirishga ixtisoslashgan.

Prezident keng maydonda bir tekis rivojlanayotgan anor bog‘ini ko‘zdan kechirdi.

43 gektar yerda 30 ming donadan ziyod anor ekilgan. Qozoqi navli  anorning bir donasi 1 kilogrammdan ziyod tosh bosishi mumkin. Ko‘chatlar bu yildan hosilga kirdi. Yiliga ming tonnadan ziyod mahsulot olish mo‘ljallangan.

– O‘tish davri – kurash davri. Hayotimizni o‘zgartirish, dunyo bozorida o‘rnimizni topish uchun kurashishimiz, manfaat beradigan ishni qilishimiz kerak. Asosiy maqsadimiz – oilalarning daromadini ko‘paytirish. O‘zi mehnat qilib, natijaga erishgan oila barakali bo‘ladi, sog‘lig‘iga qaraydi, farzandlarini yaxshi o‘qitadi. Bilimli bolalar kelajakda o‘z yo‘lini topib oladi, – dedi Prezident.

Shu yerda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali tadqiqotchilari bilan muloqot bo‘ldi.

– Bizda anorchilik bo‘yicha an’ana bor, lekin ilm yo‘q, kitob yo‘q, laboratoriya yo‘q. Anor jaydari usulda yetishtirilyapti. Kasallikdan himoya qilishni hamma ham bilmaydi. Eng katta narsa – nav kerak. Keyin shu navni xonadonlarga kirgizish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Surxondaryoda qishloq xo‘jaligini innovatsion yo‘naltirish bo‘yicha institut tashkil etish, anor bilan birga limon, xurmo yetishtirishni ko‘paytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari tumanning Kattabog‘ mahallasida anorchilik bilan shug‘ullanayotgan Abdurahmon Karimov xonadonida ham bo‘lib, aholi turmushi va tomorqalardan foydalanish holati bilan tanishdi. Mahalla ahli, nuroniylar bilan samimiy suhbat bo‘ldi.

Tumanda 5 mingdan ziyod aholi anor yetishtirish bilan shug‘ullanib, undan katta daromad topayotgani aytildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sherobod tumanidagi zamonaviy issiqxonani ko‘zdan kechirdi.

«Sherobod agro impeks» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mazkur majmua o‘tgan yili ishga tushirilgan. 29 gektarlik issiqxonada pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon kabi bozorbop mahsulotlar yetishtirilayotir. Shundan 10 gektari gidroponika usulida.

Issiqxona uchun jihoz va asbob-uskunalar Janubiy Koreya davlatidan keltirilgan. 200 ta ish o‘rni yaratilgan.

O‘rtacha 1 gektardan 100 tonna mahsulot yetishtirish rejalashtirilgan.

Ma’lumki, gidroponika – bu o‘simliklarni sun’iy muhitda tuproqsiz yetishtirish usulidir. O‘simliklar ozuqani ildizlarini o‘rab turgan eritmadan oladi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi salohiyatini yanada oshirish maqsadida barcha hududlarda tashkil etilayotgan gidroponika usulidagi issiqxonalar yaxshi samara berayotir. Ixcham va samarador bunday issiqxonalar yuqori sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, minglab ish o‘rinlari yaratish imkonini yaratmoqda.

Gidroponika tipidagi issiqxonaning yana bir afzalligi shundaki, maxsus unumdor yerga zarurat yo‘q. To‘liq avtomatlashtirilgan nazorat tizimi bilan boshqariladi. Joydan maksimal darajada foydalanish imkoniyati bor. Mahsulot yetishtirish uchun sarflangan energiya resurslari ancha arzon. Tejamkor usulda sug‘orish va oziqlantirish tizimi mavjud. Yoritish va sug‘orish uchun maxsus quyosh panellaridan foydalanish mumkin.

Mahsulot hajmini ko‘paytirish orqali uning tannarxini arzonlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Bu yerda «Sherobod anor impeks» korxonasi ham tashkil etilgan. 5 million dollarlik mazkur loyiha natijasida anorni qadoqlash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Uskunalar Janubiy Koreya va Sloveniyadan keltirilgan.

Anor bo‘lmagan paytda korxona to‘xtab qolmaydi. Meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini saralab, bozorga chiqaradi.

Korxona 6 ming tonna qadoqlash, 2 ming tonna anor sharbati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 70 kishi ish bilan ta’minlangan.

Anor mevasi aholi va bog‘dorchilik xo‘jaliklaridan sotib olinadi. Sherobod tumanida bir yilda qariyb 30 ming tonna anor yetishtiriladi. Shundan 8 ming tonnasi eksportga chiqarilmoqda.

Yaqingacha tumanda 2 ming 400 gektar anorzor bor edi. Joriy yilda hosildorligi past bo‘lgan 3 ming gektardan ziyod paxta va g‘alla maydonlari o‘rnida fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlar tomonidan anor bog‘lari tashkil etildi. Buning natijasida qo‘shimcha 3 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Uch yildan keyin bu yangi ko‘chatlardan 18 ming tonna hosil olish mumkin. Uning 8 ming tonnasi qayta ishlanishi va 10 ming tonnasi eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Angor tumanidagi “Angor Surxon g‘ururi” klasterida bo‘lib, g‘alla va g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi.

Klasterning umumiy yer maydoni 11 ming gektardan ziyod. Mavjud maydonning 4 ming 870 gektarida g‘alla yetishtirilmoqda. Bu yil Rossiya Federatsiyasidan kasalliklarga chidamli g‘alla navlari keltirib ekilgan. Gektariga 80 sentnerdan hosil olish kutilyapti.

Klasterda sabzavot va dukkakli ekinlar ham parvarishlanmoqda. Mingga yaqin kishining bandligi ta’minlangan.

Davlatimiz rahbari hosili pishib yetilgan keng maydonda kombaynni boshqarib, g‘alla o‘rdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanidagi «Ayritom» chegara bojxona postini borib ko‘rdi.

Ma’lumki, bu inshoot O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi yagona o‘tkazish punktidir. Mamlakatimizning Afg‘oniston, umuman, Janubiy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalari jadal rivojlanmoqda. Mazkur bojxona posti shunga yarasha zamonaviy qilib qayta qurildi. O‘zbekistondan chiqish va Afg‘oniston tomondan yurtimizga kirish yo‘nalishida pasport nazorati va bojxona ko‘rigi zallari barpo etildi.

Davlatimiz rahbari ushbu yangi majmualarda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Chegara bojxona posti «Raqamli O‘zbekiston – 2030» dasturi doirasida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Masalan, «Z-Portal» rusumli ko‘rik majmuasi avtotransport vositalarini uch tomondan suratga olish imkoniyatiga ega. Shuningdek, unda radiatsiya miqdori minimal bo‘lib, haydovchi mashinadan tushmasdan xizmatlardan foydalanishi mumkin. Bu bir soatda 200 tagacha avtotransportni o‘tkazish imkonini beradi. Yurtimizdagi boshqa bojxona postlarida bunday quvvat soatiga 20 ta. Umuman, chegara bojxona postida bir kecha-kunduzda 2 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilishi mumkin.

– bugungi hayotimizga bu ma’qul. Lekin dunyo soat sayin o‘zgarmoqda. Endi yangi pog‘onaga chiqish kerak. Bu yerda situatsion markaz bilan birga tahlil markazi ham bo‘lishi zarur. Iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish va xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha yangi takliflar berib borish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir o‘ziga xos jihati, «Ayritom» chegara bojxona posti universal bo‘lib,  biryo‘la uch xil – poyezd, avtotransport va fuqarolarga xizmat ko‘rsatiladi. Shu bois, o‘tkazuvchanlikni tezlashtirish va foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida yagona darcha tamoyili joriy etilgan. Xavfsizlikni ta’minlash uchun «Adani» va «Rapiscan» rusumli qurilmalar, videokuzatuv tizimi o‘rnatilgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berdi.

"Ayritom" chegara bojxona posti yonida Termiz xalqaro savdo markazi barpo etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur xalqaro savdo markazi bosh rejasi asosida amalga oshiriladigan ishlar bilan ham tanishdi.

 Ushbu markaz uchun Termiz tumanidan 26 gektar maydon ajratilgan. Umumiy qiymati 75 million dollar bo‘lgan markazda mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash majmualari qurilib, savdo xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Zarur infratuzilma tarmoqlari barpo etiladi.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda 1 ming 800 ta savdo nuqtasi, logistika markazi, 400 o‘rinli ikkita mehmonxona, shifoxonalar, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonalari bo‘lishi mo‘ljallangan. Korpuslarning birinchi qavatida savdo nuqtalari, ikkinchi qavatida yengil ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro savdo markazining yillik savdo aylanmasi 500 million dollar, xizmatlar hajmi 10 million dollar bo‘lishi hisob-kitob qilingan. 192 million dollarlik eksport quvvati paydo bo‘ladi.

Markazning qurilish ishlarini boshlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 10 million dollar ajratildi.

Davlatimiz rahbari markaz binolarini yengil konstruksiyalardan qurish, viloyat tadbirkorlarini bu yerda ishlashga va eksport faoliyatiga jalb qilish, chet ellik ishbilarmonlar uchun barcha qulayliklar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Bu yerdagi tajriba asosida, keyinchalik, boshqa qo‘shni davlatlar bilan chegara hududlarda ham shunday savdo markazlari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Termiz xalqaro savdo markazini 2022 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari Termiz shahridagi «Afghan bazar carpets» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Ma’lumki, Surxondaryoda qo‘y ko‘p boqiladi. Lekin uning juni deyarli qayta ishlanmaydi. Shu bois Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan Afg‘oniston tajribasi asosida jundan gilam to‘qish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Prezident bu loyihani ma’qullab, afg‘onistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish, jundor qo‘y zotlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev korxonada ishlayotgan xotin-qizlar bilan muloqot qildi.

Majmuada «Silk road tex» korxonasi ham tashkil etiladi. Unda ipakli mato va tayyor mahsulotlar, sport va yo‘l sumkalari hamda ipakli gilam ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Yiliga 2 million dollardan ziyod eksport maqsad qilingan.

Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga safari davom etmoqda.

02.06.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar