2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar iqtisodiyoti, aholi turmush sharoiti bilan yaqindan tanishish, istiqboldagi rejalarni belgilash maqsadida 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari 2 iyun kuni Hakim at-Termiziy maqbarasini ziyorat qildi.

Yaratgandan yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qilindi. Ziyolilar bilan suhbatda alloma bobolarimizning ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish, yoshlarni bilimli va fazilatli insonlar etib tarbiyalash haqida so‘z yuritildi.

Termiz shahrida Surxondaryo viloyati mahalliy kengash deputatlari, tadbirkor va fermerlar, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyatni kompleks rivojlantirish, “mahallabay” tizimda aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

– Sizlar bilan uchrashib, muammolarni hal etish uchun kelganmiz. Bu tashrifga anchadan beri tayyorgarlik ko‘rdik. Toshkentga bog‘liq masala qolmadi. Endi berilgan mablag‘ va tizimni aql bilan ishlatib, joylarda manzilli bajarish kerak. Men kuyib-pishganim bilan sizlar jon kuydirmasangiz, xalqning biri ikki bo‘lmaydi. Surxondaryoning ichki imkoniyatlaridan foydalansak, odamlarning dardiga darmon bo‘lish uchun hamma sharoit bor. Buning uchun sektor rahbarlari fidoyi bo‘lib, joyiga tushib, “mahallabay” tizimda ishlashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash birinchi yo‘nalish sifatida belgilandi.

Davlatimiz rahbari Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlari rivojiga turtki berish maqsadida ushbu tumanlarda yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlarini yer, mol-mulk, kichik korxona aylanmasidan olinadigan soliqlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘idan 2024 yil 1 yanvarga qadar ozod qilishni taklif qildi.

Surxondaryo viloyatida 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 16 trillion 800 milliard so‘m bo‘lgan 1 ming 177 ta hududiy investitsiya loyihalari amalga oshirilishi qayd etildi. Ularning natijasida 25 mingta yangi ish o‘rni tashkil etish mo‘ljallangan.

– Viloyatda qurilish materiallari, yengil, charm, oziq-ovqat, elektrotexnika, mahalliy sanoat kabi “drayver” sohalarni jadal rivojlantirish va yangi loyihalarni ko‘paytirish zarur, – dedi Prezident.

Shu maqsadda, qurilish materiallarini eksport qilishda transport xarajatlari va kredit foizlarini qisman qoplab berish, import o‘rnini bosuvchi maishiy tovarlar ishlab chiqaruvchi mahalliy sanoat korxonalariga xomashyo va yarim fabrikatlarni import qilishda imtiyozlar berish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Boysun, Sariosiyo, Sherobod tumanlarini qurilish materiallari, Qiziriqni yengil sanoat, Oltinsoyni oziq-ovqat, Angorni charm, Bandixon va Muzrabot tumanlarini mahalliy sanoatga ixtisoslashtirib, klasterlar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Xususan, Sariosiyoda qurilish materiallari ishlab chiqarish innovatsion industrial zonasi tashkil etilishi aytildi.

Ushbu 8 ta ixtisoslashtirilgan tumanda sanoatni rivojlantirish uchun zarur bo‘ladigan, jami 674 kilometr suv, elektr, gaz, yo‘l, aloqa tarmoqlarini qurish bo‘yicha manzilli loyihalar ro‘yxati shakllantiriladi.

Viloyatda import o‘rnini bosuvchi yangi loyihalarni moliyalashtirish, zarur infratuzilmani yaratish, eksportyorlarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 million dollar miqdorida imtiyozli moliyaviy resurs ajratiladigan bo‘ldi.

“Termiz” erkin iqtisodiy zonasi va Termiz xalqaro savdo markazini Osiyo davlatlari uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarish va sotishga xizmat qiladigan asosiy maydonchaga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Prezident yetarli e’tibor berilmayotgan yana bir muhim masala – mahalliy sanoat korxonalari bilan jiddiy shug‘ullanish kerakligini qayd etdi. Ularni qo‘llab-quvvatlash uchun import o‘rnini bosuvchi ijtimoiy-maishiy tovarlar ishlab chiqaruvchi mahalliy sanoat korxonalarini mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan xomashyo va yarim fabrikatlarni import qilishda 2026 yil 1 iyulgacha bojxona to‘lovlaridan ozod qilish, viloyatda sanoat sohalarini jadal rivojlantirish uchun maxsus Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklifini bildirdi.

Investitsiya loyihalarining 3 trillion 121 milliard so‘mligi qishloq xo‘jaligi sohasiga oid. Xususan, 1 ming gektar issiqxonalar tashkil etishga 950 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Oltinsoy, Uzun, Bandixon, Denov, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot, Termiz va Sariosiyo tumanlarida zaytun plantatsiyalari, Sherobod, Muzrabot va Qiziriqda anorzorlar barpo etiladi.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyatining 60 ta sektor rahbari o‘z hududidagi mahallalarda “o‘sish nuqtalari”ni belgilab, ularni rivojlantirish uchun ish vaqtining kamida 50 foizini mahallada o‘tkazishi, tomorqadan oqilona foydalanish bo‘yicha yangi tizim yaratilishi qayd etildi.

– Surxondaryo misolida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha xonadon egasi – tayyorlovchi korxona – qayta ishlovchi va eksportyorlarni bog‘lovchi, yangi yaxlit tizim yaratamiz. Buning uchun unumdorligi past, g‘alladan bo‘shaydigan maydonlardan tomorqa yer egalariga sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish uchun o‘rtacha 15-20 sotixdan 10 yil muddatgacha ijaraga yer berishning huquqiy asoslari ishlab chiqiladi. Ushbu ajratilgan yerlarda yetishtiriladigan mahsulotlarga meva-sabzavot va tomorqa klasterlari buyurtma beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buyurtmachilar mahsulot yetishtirish uchun barcha moddiy resurslar bilan ta’minlaydi va yetishtirilgan mahsulotni sotib oladi.

Mazkur meva-sabzavot klasterlari faoliyati samaradorligini oshirish va yana yangi klasterlarni tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. 60 ta sektorning har birida tomorqada mahsulot yetishtiruvchi xonadonlarni klasterlar bilan bog‘lovchi, tayyorlovchi korxonalar tashkil etiladi. Ushbu korxonalar tomorqa yer egalaridan yetishtirilgan mahsulotni sotib oladi va saralab klasterlarga eksport qilish hamda qayta ishlash uchun beradi.

Klasterlar tomonidan tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarda sotishni tashkil etish uchun Rossiyadagi elchixonamiz va vakolatxonalarda Surxondaryo viloyati vakillari faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda viloyatga tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilishni kengaytirish uchun oilaviy tadbirkorlik hamda xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish dasturlari doirasida 727 milliard so‘m kredit ajratilishi ma’lum qilindi.

Joriy yilda jamoat ishlari, kooperativ va tomorqa xo‘jaligida 50 ming nafar ishsizning bandligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bunga Bandlikka ko‘maklashish va Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 32 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga ham alohida to‘xtaldi.

Bu yil viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 483 ta qishloq va mahallada obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.

1 ming 230 kilometr yo‘llar ta’mirlanishi, yana ming kilometr elektr tarmog‘i tortilishi qayd etildi.

Prezident yaqin 2-3 yilda viloyatda 1,5 million aholining ichimlik suvi muammolarini to‘liq hal qilish, buning uchun “To‘palang” suv omboridan 400 kilometr magistral tarmoqlar tortish bo‘yicha loyiha ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Moliya vazirligiga viloyatda ijtimoiy, kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga 2021 yil uchun qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Prezidentimiz viloyatning milliy qadriyatlarini yanada rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratdi. Xonadonlarda qorabayir otlar, do‘ppilar, do‘mbira bo‘lishi o‘zgacha fayz berishi aytildi. Surxondaryoda chavandozlik maktabini tashkil etish topshirig‘i berildi.  Kelgusi yil yilqichilik, do‘mbira, do‘ppi kabi milliy qadriyatlarimiz bo‘yicha Navro‘z sayli Surxondaryo viloyatida bo‘lishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda shahar va tuman studiyalaridagi aholi bilan ochiq muloqot bo‘ldi.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida qurilgan ko‘p qavatli uylarni borib ko‘rdi.

Ushbu 9 qavatli uylarda 208 ta xonadon bor. Bino fasadi uch qoplamadan iborat bo‘lib, uylar qishda issiq, yozda salqin bo‘ladi. Har bir xonadon alohida isitish qozoni bilan jihozlangan. Birinchi qavatda savdo va servis shoxobchalari joylashgan.

Uylarga xizmat ko‘rsatish uchun boshqaruv kompaniyasi tashkil etilgan. U yerda elektr, gaz, lift va santexnika ustalari navbatchiligi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, kompaniya huzurida o‘quv markazi ham bo‘lib, yoshlar ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatadigan ishchi kasblarni o‘rganishi mumkin.

Bu yerga ilk oilalar ko‘chib kela boshladi. Ularning ayrimlari xonadonlarni davlat tomonidan berilgan imtiyozlar asosida olgan.

Davlatimiz rahbari shunday ikki oila – Nargiza Rahimova hamda Farrux Egamovning xonadonlarida bo‘lib, ular bilan suhbatlashdi.

– Siyosatimizning eng katta talabi mahallalarda yurib, odamlarning muammolarini eshitib, ularni hal etish. Bugun ham Surxondaryo bo‘yicha katta rejalar belgiladik. Hammasining tagida bitta narsa – inson manfaati bor. Endi bu uylarni aholiga adolatli berish kerak. Adolat bo‘lsa, qadriga yetadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umuman, bu yil Surxondaryo viloyatida 3 ming 500 kvartirali ko‘p qavatli uylar quriladi. 1 ming 460 ta oilaga ipoteka uchun subsidiya beriladi.

Shu bilan Prezidentimizning Surxondaryoga tashrifi yakuniga yetdi.

03.06.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar