Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islomov boshchiligidagi Ishchi guruhi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar uchun sud-huquq masalalariga oid ommaviy qabullar boshlandi.
Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli dala shiyponida karantin talablari asosida tashkil etilgan qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov, Sudyalar oliy Kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov, Respublika Bosh prokurorining o‘rinbosari Shuhrat Uzoqov, Ichki ishlar vazirligi tergov departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Baxtiyor Jalolov, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Muhiddin Valiyev va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari Uchqo‘rg‘on, Norin va Uychi tumanlaridan kelgan fuqarolarning mavjud muammolari va masalalari bo‘yicha murojaatlarini tingladi.
Dastlabki kungi yo‘llangan murojaatlarning aksariyati fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash va sud qarorlaridan norozilik va uy-joy masalalarini tashkil etdi. Qolaversa, ishga tiklash, belgilangan jazolarga yengillik berish, ish haqi va aliment undirish, oilaviy ajrim kabi muammolar o‘rtaga tashlandi.
Sayyor qabul davomida har bir mutasaddi rahbar mavjud masalani diqqat bilan tinglab, ularni ijobiy hal etishga e’tibor qaratdi. Buning natijasida, ilk kuni ko‘rib chiqilgan 191 murojaatdan 80 tasi joyida yechim topdi. 45 ta holatda fuqarolarga huquqiy tushuncha va maslahatlar berildi. 66 ta murojaat esa ma’lum muddat taqozo etishi tufayli alohida nazoratga olindi.
Uchqo‘rg‘on tumanidagi Qo‘g‘ay qishlog‘ida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Shahzoda Sadriddinovaning aytishicha, Namangan davlat universitetining yuridik fakultetini tamomlagan farzandi Husniddin Azimov ma’lum muddat ichki ishlar idoralarida xizmat qilgach, Bosh prokuratura huzurida ochilgan “Agroinspeksiya” viloyat bo‘limida katta inspektor lavozimida faoliyat olib bordi. Mazkur tashkilot prokuratura tizimidan chiqib ketgach, mavjud shtatlar qisqaradi. Shu tufayli u ishsiz qoladi. Ikki yildan beri ishsiz bo‘lgan yosh huquqshunosni Namangan harbiy prokuraturasiga ishga qabul qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Namangan shahrida yashvochi fuqaro Umida Abdurahmonjon qizi Rossiya Federatsiyasida istiqomat qilgan davrida tug‘ilgan farzandining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yo‘qolganligi, ushbu hujjatni tiklashga amaliy yordam ko‘rsatishlarini so‘radi. Ushbu masala Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan nazoratga olinib, fuqaroga amaliy ko‘mak ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
– Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod viloyati, Yangiyo‘l rayonida tug‘ilganman, millatim o‘zbek, to‘rt nafar farzandim bor, – deydi murojaatchilardan biri Hoshimjon Ibragimov. – Bizni Uchqo‘rg‘on bilan ona tomondan qarindoshchilik rishtalari bog‘lab turadi. Bir necha yillardan beri ushbu tumandagi “Chek” mahalla fuqarolar yig‘ini, Yoshlik massivida hech qanday hujjatsiz yashab kelmoqdaman. To‘g‘risi, bundan uch-to‘rt yil avval ham pasport olish ilinjida uchramagan, bormagan idoram qolmagan, afsuski hech qanday foydasi bo‘lmagan. O‘zbekiston Prezidentining siyosiy irodasi va tashabbusi bilan fuqaroligi yo‘q kishilarning yelkasiga ham oftob tegdi. Yaqinda qilgan murojaatim o‘z samarasini berdi. Sayyor qabulda, ancha yillardan beri ushalmay kelayotgan orzuim amalga oshdi. Menga O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik pasporti topshirildi.
E’tirof etish joizki, shu kuni Hoshimjon aka kabi 6 nafar fuqaroligi bo‘magan kishiga, ilk bor murojaat qilgan yana 4 nafar shaxsga Ichki ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti – “ID” kartalari taqdim etildi.
Ommaviy qabul davomida jami kelib tushgan 85 murojaatning 59 tasi jinoyat, 17 tasi fuqarolik, qolganlari esa ma’muriy, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar bilan bog‘liq masalalar bo‘ldi. Murojaatlardan 54 tasi o‘z joyida ijobiy hal etilib, qanoatlantirildi. 9 ta murojaat yuzasidan arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal etish uchun qabul qilindi. Bitta holatda esa viloyat sudiga apellyatsiya tartibida rasmiylashtirilayotgan ishga qo‘shish uchun olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumani sudi tomonidan 7 ta, jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tumani sudi tomonidan 6 ta, jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tumani sudi tomonidan 8 ta, jami 21 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tumani sudi tomonidan 3 ta, jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tumani sudi tomonidan 7 ta, jami10 nafar shaxsga nisbatan yuritilgan jinoyat ishlari harakatdan tugatildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tumani sudi tomonidan 6 ta, jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudi tomonidan 5 ta, jami 11 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy ishlar tugatildi.
– O‘tgan yilning 17 iyul kuni qo‘l ostimda ishlovchi ishchilardan biri baxtsiz hodisa yuz berib, tok urishi oqibatida halok bo‘ldi, – deydi Uchqo‘rg‘on tumani elektr ta’minoti korxonasida texnik bo‘lib ishlagan fuqaro Abdujabbor Umarov. – Tegishli texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilish bo‘yicha yetarli nazorat ishlari amalga oshirilmaganligi uchun 2020 yil 18 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi qarori bilan menga nisbatan ikki yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Belgilangan jazo majburiyatlariga to‘liq amal qilganligim sababli IIB taqdimnomasiga asosan, sayyor qabul kuni sayyor sud majlisida murojaatim ko‘rib chiqildi. Sudning ajrimi bilan jazoning o‘talmay qolgan 1 yilu 4 oy qismi muddatidan avval shartli ravishda olib tashlandi. Ko‘rgan-kechirganlarim menga saboq bo‘ldi, bundan tegishli xulosa chiqaraman.
Ommaviy qabul jarayonlari bugun Kosonsoy tumanida hamda Namangan shahrida davom etadi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |