2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Mustaqillik bayrami obod qishloqlarda nishonlanadi

Jomboyning Qo‘lbosti qishlog‘i tuman markazidan 20-23 kilometr olisda, dasht hududda joylashgan.

Boshqa tumanlardagi qishloqlar bilan qiyoslaganda markazdan uncha olis emas. Ammo, e’tibor qaratilmasa, infratuzilma yaratilmasa, masofaning ham ahamiyati yo‘qolar ekan.

Qo‘lbostida shu paytgacha sharoit boshqacha edi. Odamlar yaxshi turmush kechirishining asosi bo‘lgan ichimlik suvi, yo‘l, elektr energiyasi ta’minoti, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish masalalarida muammolar to‘planib qolgandi. Ta’lim va tibbiyot muassasalari faoliyatida ham kamchiliklar kam emasdi.

Bu yil “Obod qishloq” dasturiga taklif so‘ralganda tuman rahbarlari-yu deputatlar, jamoatchilik Qo‘lbosti va Nogahon mahallasidagi Qo‘ziguzar qishloqlarini tanlashdi. Erta bahordan ushbu qishloqlarda qurilish-obodonlashtirish ishlari boshlandi.

Qo‘lbostidagi ishlar shu paytgacha tayinli binosi bo‘lmagan mahalla uchun zamonaviy markaz qurishdan boshlandi va bu ish qisqa fursatda bajarildi. Bu yerda mahalla fuqarolar yig‘ini uchun xonalar bilan birga kutubxona, novvoyxona, kichik tikuvchilik sexi tashkil etildi.

Qishloqdagi 212 ta xonadonning har biridagi sharoit o‘rganilib, bu hovli-joylarni ta’mirlashga yordam ko‘rsatildi. Ikkita ehtiyojmand, ijtimoiy og‘ir sharoitdagi oila uchun uy-joy qurib berildi. 9 oilaga qurilish materiallari ajratildi.

– Dastur bo‘yicha shu paytgacha qishloqdagi 2,5 kilometr yo‘l asfalt qilindi, 6 kilometrga tosh-shag‘al to‘kildi – deydi “Qo‘lbosti” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdurahim Abduvohidov. – 1700 metr yangi elektr tarmog‘i tortildi, 65 ta tayanch ustun va 1 ta yangi transformator, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Qishloqda o‘tgan asr saksoninchi yillarida o‘rnatilgan suv inshooti ta’mirlanib, 7 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Aholiga 135 ta gaz ballonlari tarqatildi.  

Ha, darvoqe, qishloqda 3000 metr optik tolali aloqa tarmog‘i ham tortildiki, bu hudud aholisining zamonaviy aloqa xizmatlari, internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi.  

E’tiborlisi, dastur doirasida bir qator savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu shoxobchalarni mahallada “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan aholi imtiyozli kredit asosida yoki homiylar ko‘magida tashkil etdi.

– To‘rt ovsin – barchamiz tikish-bichishni bilamiz, imkon qadar uyda tikuvchilik qilib, ro‘zg‘orga yordam berib kelardik, – deydi shu mahallada yashovchi Xurshida Ergasheva. – Qishlog‘imizda obodlashtirish ishlari boshlangan paytda tumanimiz prokurori, ikkinchi sektor rahbari mahalla markazida bo‘sh turgan joyda kichik bo‘lsa-da bitta xona qurib, tikuvchilik ustaxonasi tashkil qilishga da’vat qildi. Oila a’zolarimiz, ovsinlarimiz bilan maslahatlashib, shu ishga qo‘l urdik. Savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qatorida bittagina xona qurib oldik. Hozir bu yerda Madina ovsinim bilan ishlayapmiz. Buyurtma asosida kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari tikyapmiz. Yonimizga yana besh-olti nafar xotin-qizlar kelib qo‘shildi. Ularga ham hunar o‘rgatyapmiz. Kelgusida joyni kengaytirib, kichik tikuvchilik sexi ochishni rejalashtirib turibmiz.

Mahalla fuqarolar yig‘ini uchun qurilgan binoda tashkil etilgan tikuvchilik sexida ham bugun qishloqning o‘ndan ortiq xotin-qizlari ish bilan band.

– “Temir daftar”, “Ayollar daftari”da ro‘yxatga olingan aholi bandligini, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash uchun ko‘plab xotin-qizlarga tikuv mashinkalari berildi, – deydi Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov. – Lekin, hamma ayollarimiz ham bu vositalardan foydalana olmayapti, bu orqali daromad topmayapti. Shuning uchun mahalla markazlaridagi bo‘sh turgan xonalarda kichik tikuv sexlari tashkil etishga qaror qildik. Dastlab, namuna tarzida har bir sektor shtabi va bittadan mahallada shunday faoliyatni yo‘lga qo‘ydik. Bu ish samara bergach, har bir mahallada shunday sexlarni tashkil etishga kirishdik. Tumanimiz prokurori sektoridagi Qo‘lbostida ham mahalla markazidagi bo‘sh turgan xona tikuvchilik sexiga aylantirildi.

Mahalla oqsoqolining aytishicha, yil boshida hududdagi 32 oila “Temir daftar”da, 63 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”da, 82 nafar yigit-qizlar esa “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga olingan edi. Ularni kambag‘allikdan chiqarish, bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli hozirgacha deyarli barchasi belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqarildi.

Zilola O‘rozaliyeva ham “Temir daftar”da qayd etilgan oila bekasi edi. Qo‘lida tikuvchilik hunari bor Zilolaga tikuv mashinasi berilib, mahalla markazida tashkil etilgan sexni boshqarishni taklif etishdi.

– “Temir daftar”da ro‘yxatda bo‘lganimiz uchun menga tikuv mashinkasi, turmush o‘rtog‘imga motokultivator berishdi, – deydi Zilola O‘rozaliyeva. – Shundan keyin hayotimiz ancha iziga tushdi, ro‘zg‘orimizga baraka kirdi. Hozir ikkimiz ham ishchimiz, bekorchi emasmiz. Mahalla markazidagi kichik sexda kuniga ikkita-uchta ko‘ylak tikaman, shuningdek, boshqa qo‘ni-qo‘shnilarimga, yosh qizlarga bu hunarni o‘rgatyapman. Buyurtmalar tushyapti, ularni ham birgalikda bajaryapmiz. Men bu bilan cheklanib qolmoqchi emasman, o‘zim tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, kichik sex tashkil etishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim.

Hozirda Qo‘lbostida, shuningdek, Qo‘ziguzar qishlog‘ida “Obod qishloq” dasturi asosida so‘nggi yumushlar amalga oshirilmoqda. Qishloqdagi ta’lim va tibbiyot muassasalari ta’mirlanib, bugungi kun talablariga moslashtirilmoqda. Yaqin orada bu ishlar yakuniga yetkaziladi va Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi bayramini bu ikki qishloq ahli obod maskanda nishonlaydi.

25.07.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar