Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan sessiya ishida viloyatdan saylangan Oliy Majlis Senati a’zolari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, doimiy komissiyalar raislari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, shahar-tumanlar hokimlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, boshqarma va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 23 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida viloyat, shahar-tumanlar hokimlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonuniy tartibda ko‘rib chiqish va hal qilish bo‘yicha aholiga murojaat yo‘llashi belgilab berilgan edi.
Berilgan topshiriqqa asosan sessiya ishida viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro xalqiga murojaat qildi.
Ta’kidlanishicha, viloyat hokimligiga kelib tushadigan murojaatlarni tezkorlik bilan qabul qilish, rasmiylashtirish, zudlik bilan ijrochiga yetkazilishini ta’minlash va nazoratga olinishini takomillashtirish maqsadida viloyat hokimining tegishli qarori bilan hokimlik apparati tarkibida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi tuzildi. Bo‘limga malakali mutaxassislar jalb qilingan. Shuningdek, viloyat hokimligiga xotin-qizlardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ham alohida maxsus ishchi guruhi tarkibi tasdiqlangan.
Viloyat hokimi tasdiqlagan jadvalga asosan viloyat hokimi o‘rinbosarlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyat hokimining feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi hamda @buxorouzmurojaatbot telegramm-bot onlayn rasmiy kanali orqali yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining farmoyishi bilan maxsus ishchi guruhi tashkil qilingan. Shahar va tumanlar hokimliklarida ham xuddi shunday ishchi guruhlari tuzilgan.
Ayni kunga qadar viloyat hokimi boshchiligida viloyatning barcha tuman va shaharlarida hamda olis hududlarida 20 dan ortiq sayyor, 37 marotaba shaxsiy qabullar o‘tkazilgan. Unda 1 ming 450 nafardan ortiq fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqilgan. Shundan 378 tasi yoki 26 foizi ijobiy hal etilgan. 47 ta murojaat esa rad etilgan. Kelib tushgan murojaatlarning 235 tasi hozirda belgilangan tartibda o‘rganib chiqilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida @buxorouzmurojaatbot telegramm bot kanali orqali fuqarolardan jami 1 ming 915 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 493 tasi ijobiy hal etilgan. 1 ming 422 tasi soha mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.
–Biroq shu bilan birgalikda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda hali o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar va kamchiliklar mavjud, – dedi Botir Zaripov. – Bu boradagi faoliyatimizni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Bu jihat Prezidentimiz raisligida joriy yil 23 iyul kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham o‘rinli tanqid qilindi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga viloyat aholisi tomonidan 42 ming 744 ta murojaat yo‘llangan. Bu 2020 yilning(2020 yilda 23 ming 660 ta) mos davriga nisbatan 181 foiz o‘sish ko‘rsatkichini tashkil qilmoqda.
Sohalar kesimida tahlil qilinganda eng ko‘p, ya’ni 2 ming 90 ta murojaat ijtimoiy nafaqalar bo‘yicha kelib tushganligi ma’lum bo‘ldi. 1 ming 692 ta holatda davlat organlari xodimlari faoliyatidan norozilik, 1 ming 501 ta murojaatda elektr energiyasi ta’minoti, 1 ming 272 ta shikoyatda turar joylarni saqlash va ta’mirlash, 1 ming 218 ta arizada ish, 985 tasida uy-joy bilan ta’minlash, 871 tasida majburiy ijro, aliment va qarzlarini undirish, 715 tasida imtiyozlar, 704 tasida tabiiy gaz ta’minoti masalalari ko‘tarilgan.
O‘tgan davr mobaynida fuqarolardan 639 marotaba takroriy murojaatlar qilingan bo‘lsa, uning 142 tasi Buxoro shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Joylardan kelib tushayotgan fuqarolarning ariza, taklif va shikoyatlari mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning qanday amalga oshirilayotganini baholovchi o‘ziga xos mezon hamdir. Jamiyatda fuqarolarning murojaatlariga doimiy e’tibor nihoyatda muhim masaladir. Chunki fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi qancha yuqori bo‘lsa, jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan muammolar shuncha tez bartaraf etiladi. Shuning uchun ham fuqarolarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, mansabdor shaxslarga, fuqarolik jamiyati institutlari vakillariga qilayotgan murojaatlari e’tibordan chetda qolmasligi lozim.
Murojaatda Botir Zaripov viloyat rahbari sifatida fuqarolarning qonuniy talablari aks etgan barcha murojaatlarni qisqa fursatda ko‘rib chiqilishi va ijrosi ta’minlanishini kafolatlashini bildirdi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |