Hayot bor ekan, muammo degani chiqaveradi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda odamlar dardiga quloq tutish, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni aniqlash, o‘rganish va tahlil etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Mamlakatimiz yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tomonidan odamlarni rozi qilish, inson qadrini ustuvor bilish borasida amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosat zamirida ham mavjud muammolardan ko‘z yummaslik, ularni boricha tan olish, hal etish masalasi jiddiy ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi yillarda yurtimizda joriy etilgan “Ayollar”, “Yoshlar”, “Temir daftar”lari muammolar ildizini to‘g‘ri aniqlash, ularni hal etishda o‘ziga xos yondashuv bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan, huquqiy va ma’naviy-psixologik qo‘llab-quvvatlashga zarurati bo‘lgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi.
Xususan, koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini yumshatish, aholini ijtimoiy himoya qilish va ko‘makka muhtoj oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir tizimli ishlar bajarilmoqda. Bu yo‘nalishda har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar bo‘yicha mutlaqo yangi – «Temir daftar», ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlar bo‘yicha tegishlicha «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» tizimlari hayotga tatbiq etilayapti.
To‘g‘risini aytganda, bunday daftarlarning joriy etilishi qiynalgan odamlarga aniq, manzilli tarzda ko‘mak ko‘rsatishni yanada takomillashtirishda, hamyoni "to‘q" bo‘lsa-da, biroq nazari och ayrim fuqarolarning nopokligiga yo‘l qo‘ymaslikda, ajratilayotgan yordam mablag‘larini o‘z egalariga to‘kis yetib borishida asosiy omil bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qobul qilindi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan a’zolari mavjud oilalar, kam ta’minlangan yakka-yolg‘izlar va keksalar, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand oilalar, ko‘p bolali moddiy ko‘makka muhtoj oilalar, mehnatga layoqatli ishsiz a’zolari mavjud ehtiyojmand oilalar, tibbiy yordamga muhtoj ehtiyojmand oilalar, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zi yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy bo‘lmagan ehtiyojmand oilalar kirishi ko‘zda tutilgan. Ushbu daftarga kiritilgan oilalarga bandlikni ta’minlash, tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko‘maklashish, tadbirkorlikka jalb qilish, moddiy yordam hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish kabi yordamlar berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur daftar joriy etilganidan buyon 614,9 ming oila “Temir daftar”ga kiritilgan bo‘lib, ushbu oilalarning 2 million 600 ming fuqarosi qamrab olingan.
Shu bilan birga, 684 mingdan ziyod oilaning mehnatga layoqatli vakillarining bandligini ta’minlashga erishildi. Olib borilgan ishlar natijasida 586,6 ming oila “Temir daftar”lar tarkibidan chiqarildi.
Hozirda 28 mingdan ortiq oila mazkur daftar tarkibida qolgan. Bular asosan, iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi, ya’ni nogironlar, farzand tarbiyasi bilan band ayollar, boquvchisini yo‘qotganlar, yakka-yolg‘iz qariyalar hisoblanadi.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan amaliyotga tatbiq etilgan va dunyoda analogi bo‘lmagan “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi orqali ko‘plab xotin-qizlarning muammolari hal etilib, amaliy yordamlar ko‘rsatildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan 2021 yil davomida “Ayollar daftari”ning 1- va 2-bosqichi doirasida 900 mingga yaqin xotin-qizga amaliy yordamlar ko‘rsatilib, turmushi sifati va darajasini oshirish ishlari olib borildi. 2022 yilning yanvar oyidan boshlab esa “Ayollar daftari”ning 3-bosqichi boshlanib, bugungi kunda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etish zarurki, 1 yillik tajribadan kelib chiqqan holda “Ayollar daftari” orqali xotin-qizlarga amaliy yordam berish tartibi takomillashtirilib, bugungi kungacha Respublikamizning barcha hududlarida 30 yoshdan oshgan xotin-qizlarni ro‘yxatga olish xatlov ishlari nihoyasiga yetkazildi. Yana bir yangilik, “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlarning toifalariga o‘zgartirish kiritildi. Natijada endilikda ehtiyojmand xotin-qizlar 6 ta toifa yo‘nalishida aniqlanadi.
Yana bir o‘zgarish shundan iboratki, “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlarga amaliy yordam berish ishlarini monitoring qilib borish maqsadida “Individual anketalari”ni yuritish tartibi kuchaytiriladi. Xususan, Individual anketalarda har bir xotin-qizning barcha ma’lumotlari va qaysi toifaga kiritilganligi hamda unga kim, qachon va qanday yordam berishi aniq yoziladi.
E’tiborga molik jihati, "Ayollar daftari"ning 3-bosqichini o‘z vaqtida va yuqori saviyada o‘tkazishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, eng avvalo, barcha tuman va shaharlardagi mahallalarda xonadonma-xonadon yurib, anketa-so‘rovnomalarni o‘tkazish orqali xotin-qizlar muammolari o‘rganildi. Buning uchun, 1- va 2-bosqichda bo‘lgani kabi 9 277 ta mahallaning har birida bittadan ishchi guruhi ish olib bormoqda. Eng muhimi o‘rganishlar jarayonida birorta ham ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz e’tibordan chetda qolmadi.
Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil boshida tegishli idora va tashkilotlar, mutasaddi vazirliklar va hokimliklar bilan hamkorlikda mahallabay shakllantirilgan “Yoshlar balansi” asosida 621 ming 709 nafar yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritildi.
Kasb-hunar o‘rgatish, imtiyozli kreditlar, yer maydonlari, subsidiyalar ajratish va ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlash natijasida 595 ming 970 nafar yoshlar bandligi ta’minlandi va 25 ming 739 nafar imkoniyati cheklangan, tibbiy yordamga muhtoj yoshlar doimiy nazoratga olindi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuman (shahar)larda moliyaviy manbalari aniq belgilangan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari tashkil etilib, mahalliy byudjetning orttirilgan qismiva ijro hujjatlariga oid undiruvlar hisobidan 382,8 mlrd so‘m mablag‘ shakllantirildi.Jamg‘armalar hisobidan ishsiz yoshlarga asbob-uskuna, mehnat qurollari, urug‘lik va ko‘chat xarid qilish uchun subsidiyalar ajratish, notur arjoylar ijarasi va boshqa yo‘nalishlarda 137 ming nafar yoshlarga 290 mlrd so‘m miqdorda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Xo‘sh, "Temir", "Ayollar", "Yoshlar" daftarlariga oid bunday kuchli ijtimoiy yo‘naltirilgan loyihalar oddiy odamlarga nima berdi?
Eng avvalo, odamlar hayotiga oid ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, kerak bo‘lsa ma’naviy muammolar boricha e’tirof etilmoqda. Nainki, MDH davlatlari, balki jahonning boshqa davlatlarida ham uchramaydigan bu ijtimoiy loyiha kambag‘allikni qisqartirish sari dadil qadam, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |