Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Adliya vazirligi hamda qator huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ullarining Namangan viloyati mahallalaridagi o‘rganishlari davomida davlatimiz rahbarining mahalla va oila institutlarini uyg‘un rivojlantirish, mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlarining o‘zaro hamkorlikda yanada samarali ishlashi, hududlardagi muammolarni hal qilishi uchun yaqindan yordam berildi.
Uch kun davomida Namangan viloyatida 1 ming 540 dan ziyod xonadon va qariyb 1 ming 460 ta ob’ekt o‘rganilib, aniqlangan 478 ta masaladan 416 tasiga yechim topildi.
Masalalarga avvalo mahalliy sharoitlardan kelib chiqib yechim topish, shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish bilan bog‘liq jihatlar, amalga oshiriladigan ishlar, loyihalaru rejalar eng quyi tizim vakillari bilan muhokama qilindi va muammolarga yechim izlandi.
Masalan, Yangiqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan o‘rganishlarda Abdufattoh Barnoyev «Gulshan» mahallasida 5 yildan beri ishlamayotgan oilaviy shifokorlik punktini zamonaviy asosda qayta ishga tushirish, Madina Mamajonova esa Yangi Bog‘iston mahallasida yangi maktab barpo qilish bilan bog‘liq masalalarga yechim so‘radi. Bu ikki masala viloyat darajasida hal qilib beriladigan bo‘ldi. «Oqsuv» mahallasida yashovchi Salimaxon Ermatovaning ham uy-joy bilan bog‘liq muammosiga o‘sha yerning o‘zida yechim topildi.
Aslida aksariyat muammoning ildizi – ro‘zg‘ordagi yetishmovchilik, daromad kamligi bilan bog‘liq. Shu bois ham Xalq qabulxonalari va sektorlar rahbarlari oilalar daromadlarini oshirish, osuda, obod va farovon turmushning mustahkam poydevorini yaratishda mahalla raislari boshchiligidagi yangi tizim vakillariga har tomonlama ko‘mak bermoqda. Ayni shu hamkorlikning ilk natijalari esa ko‘plab mahallalarda bo‘y ko‘rsatib qoldi.
Aytaylik, Kosonsoyda parrandachilik – qo‘shimcha daromad drayveriga aylanmoqda. Ayni paytda tumandagi 37 mingdan ortiq xonadonning qariyb 16 mingtasida 150 mingdan ziyod tovuq boqilmoqda. Bu – tumandagi 43,2 foizdan ortiq xonadon vakillari nainki qo‘shimcha daromad manbaiga, balki tovuq parvarishlash bo‘yicha yaxshigina malakaga ham ega bo‘lmoqda, degani.
Yana bir misol: «Ququmboy» mahallasida yashovchi 27 yoshli Oqilbek Xoldorov akasi bilan uyida 8 turdagi «Bramma» zotli 100 dan ziyod tovuqlarni boqib, yaxshigina foydaga kirgan. Mo‘’jaz inkubatorida jo‘jalar ochirib, ko‘paytirmoqda. Oqilbekning aytishicha, bir dona «Bramma» tuxumini eksportyorlar 6 dollardan sotib olib, MDH davlatlari, Ruminiya va Fransiyaga eksport qilmoqda. Mas’ullarning hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi bilan o‘rganishlaridan so‘ng bu aka-uka faoliyatini rivojlantirish, birinchi qo‘l eksportchiga aylantirish, shu asosda boshqa kam daromadli oilalarni ham kooperatsiya asosida ularga biriktirish reja qilindi. Buning uchun Oqilbek Xoldorovga dastlab 33 million so‘m kredit ajratiladigan bo‘ldi.
Yana bir misol – Uchqo‘rg‘on tumani «Sohil» mahallasida yashovchi yosh tadbirkor Dilshodbek Otamirzayev «Har bir oila – tadbirkor» dasturi asosida xonbaliq yetishtirish bo‘yicha 9,2 mlrd. so‘mlik loyihani amalga oshirmoqda. Kooperatsiya usulidagi bu yangi loyihaga Uchqo‘rg‘onning besh mahallasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ellikka yaqin oila vakillari qamrab olinmoqda. Hozirda intensiv usulda baliq yetishtirish uchun qurilish ishlari olib borilmoqda. O‘rganishlar davomida bu kooperatsiyalarni xonadonlarga olib kirish, shu asosda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Uchqo‘rg‘onlik Shahnoza Sayfiddinova ham kooperatsiya asosida baliq parvarishlashni niyat qilgan ekan, 2-sektor rahbari va mahalla mas’ullari unga bu borada yordam berishga kirishdi. Umuman, o‘rganishlar davomida viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 77 nafar kishiga 1 mlrd. 213 mln. so‘m kredit ajratildi, 634 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 200 nafar kishi kasbga o‘qitishga yuborildi.
O‘rganishlar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan ham xabar olindi, olis-chekka va chegaradosh qishloqlardagi qariyb 81 ming nafar kishi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 70 nafar bemorga davolanish uchun yo‘llanma, 10 ming 860 nafardan ziyod insonlarga bepul dori-darmonlar berildi, ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
Ichki ishlar vazirligi mas’ullari Kosonsoy tumanidagi ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyati bilan ham tanishib, qalb ko‘zlari ravshan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi. Maktabning 243 nafar o‘quvchisiga maktab kiyimlari, sport anjomlari va boshqa sovg‘alar topshirildi. Dasturxon yozilib, konsert va xayriya tadbiri tashkil etildi.
Bundan tashqari, Respublika idoralararo ishchi guruhining Namangan viloyatidagi faoliyati yakuni bo‘yicha Xalq qabulxonalari, sektorlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va profilaktika inspektorlari hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha o‘quv-seminarlar tashkil qilindi.
O‘rganishlar natijalari tanqidiy tahlil qilingan yig‘ilishda «Inson qadri uchun!» g‘oyasini amalga oshirish, islohotlar natijalari har bir oilada, har bir inson hayotida sezilishi uchun «mahallabay» ishlashning yangi tizimini samarali amalga oshirishdagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash bo‘yicha sektorlar kesimida aniq vazifalar, muddat va mas’ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. Viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan 54 ta mahallani har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish va ijtimoiy muhitni yanada yaxshilash bo‘yicha har bir mahallaning «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |