Prezident Xalq qabulxonalari sud-huquq masalalari boʻyicha tashkil qilayotgan ommaviy qabullarning navbatdagi manzili – Orolboʻyi hududi.
Asosan eng olis-chekka, chegaradosh va ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli nisbatan ogʻir hududlardagi qabullarda har bir masala hududiy mutasaddilar va murojaatchilar ishtirokida muhokama qilindi, muammolarga yechim topish uchun bor kuch-imkoniyat safarbar qilindi.
Muloqotlarda Bosh prokuratura masʼullari 340 ta masalaning 143 tasini joyida hal qildi. Qabulga kelgan insonlarning muammolari turfa, taqdirlari turli, biroq ularni birgina tuygʻu – qonun ustuvorligi taʼminlanishi, adolat va haqiqat qaror topishiga ishonch, muammosiga yechim topish umidi birlashtirib turibdi. Bu jarayonda Prezident Xalq qabulxonalari va sektor rahbarlariga ijtimoiy uy bilan taʼminlash boʻyicha yoʻllangan murojaatlar mahalliy hokimliklar, hududiy maxsus komissiyalar bilan birga koʻrib chiqilgani katta hayot yoʻliga chiqib olish uchun najot soʻrab kelgan toʻrt ayolning ham koʻp yillik orzu-umidlarini roʻyobga chiqardi. Deylik, xoʻjaylilik Azima Odilova ayni shu kabi murojaatlaridan soʻng 60 yoshida oʻz boshpanohiga ega boʻldi. Ijarama-ijara yurgan ayolga doimiy foydalanish huquqi asosida turar-joy ajratildi.
Shu yerning oʻzida Azima opa kabi yana 2 nafar xoʻjaylilik ogʻir ijtimoiy ahvoldagi ayolning ham mushkuli oson boʻlib, ularning-da koʻp yillik dardu tashvishlari aridi. Oʻtgan yili Sarvinoz Xudoybergenovaning turmush oʻrtogʻi vafot etgach, ikki farzandni ulgʻaytirish, roʻzgʻor yuki ayolning yelkasiga tushdi. Holbuki bu oilani 2014-yildan buyon uy-joy masalasi qiynab kelar, toʻrt xoʻjalik bir xonali uyda kun kechirishga majbur edi. Bugungi ommaviy qabulga najot istab kelgan Sarvinoz va farzandlariga ham Xoʻjayli tumanidagi ijtimoiy shaharchadan bir xonali uy ajratib berildi.
Erkinoy Qilicheva ham turmush oʻrtogʻi va toʻrt farzandi bilan ijarama-ijara sarson yurgan edi. Kamiga katta farzandida bolalikdan nogironlik bor. “Inson qadri uchun” gʻoyasining amaliy roʻyobi bu oilaga ham nur, yangi hayot olib kirdi. “Bugun men uchun moʻjiza roʻy berdi”, - deydi Erkinoy quvonchini yashirmasdan...
Xoʻjaylilik Rita Qalbayeva esa qabulga bolalarining halol haqqi – bir necha oydan buyon toʻlanmagan aliment pullarini undirib berishni soʻrab kelgan edi. Murojaatidan soʻng Majburiy ijro byurosi xodimlari bu masalani ayol kutmagan darajada hal qilib berdi. Sobiq turmush oʻrtogʻi ham mardlik qilib, 3 nafar farzandining aliment pullari evaziga ularga uy olib berdi.
Oliy sud, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, tuman-shaharlar sudlari masʼullari birgalikda 236 ta masalani koʻrib chiqib, shuning 86 tasiga joyida yechim topdi. Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻngʻirot, Xoʻjayli, Taxiatosh, Shumanay, Toʻrtkoʻl tumanlari va Nukus shahri sudlari murojaatlar asosida tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 37 ta ish koʻrib chiqildi.
Albatta, bu murojaatchilarning barchasi aybini tan olgan, shunga mos belgilangan jazoning maʼlum qismini oʻtagan, qilmishiga ming pushaymon boʻlib hayotini oʻnglab olish uchun yana bir imkon soʻraganlardir. Sud majlisida har bir ish batafsil koʻrib chiqilib, barcha tomon tinglangach, hududlardagi ichki ishlar organlari probatsiya guruhlari taqdimnomalari asosida 28 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ozod etildi, 8 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilrogʻi bilan almashtirildi, taraflar yarashganligi munosabati bilan bitta jinoyat ishi tugatildi.
Ellikqalʼalik Shodiya Rajabboyeva turmushdan ajrashgan boʻlsa-da, voyaga yetmagan uch farzandini bagʻriga ololmay ovora boʻlib yurgan ekan. Fuqarolik ishlari boʻyicha Beruniy tumanlararo sudi bu ayolning ham murojaatini koʻrib chiqib, uning daʼvo arizasini qanoatlantirdi. Bolalar sud tartibida onasiga qaytariladigan boʻldi.
Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari surishtiruv va tergov, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulkni olib qoʻyish va qaytarmaslik kabi yoʻnalishlarga oid 140 ta masalani koʻrib chiqdi, ularning 53 tasi joyida hal qilindi.
Ish bilan taʼminlash masalasida amaliy yordam soʻragan 6 nafar insonga 30 sotix yer maydoni ajratildi, 22 nafar murojaatchi ishga joylashtirildi. Oʻzini oʻzi band qilishi uchun ogʻir ijtimoiy ahvoldagi 30 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi va pishiriq tayyorlash pechlari, 2 nafar fuqaroga tomorqa yerlarini sugʻorishi uchun nasoslar, 5 nafar murojaatchiga parrandachilik inkubatorlari olib berildi. Boʻzatovlik Paraxat Yusupov ham endi tomorqasiga suv chiqarib, dehqonchilik qiladigan va bu bilan roʻzgʻoriga baraka kiritadigan boʻldi.
Qabullarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi kengesi, Vazirlar kengashi, mahalliy hokimliklar, adliya, soliq, bojxona, Milliy gvardiya boshqarmalari masʼullari ham 307 ta masalaning qariyb 100 tasini joyida hal qildi, aholiga davlat xizmatlari koʻrsatildi, boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari tashkil qilindi.
Umumlashtirib aytganda, uch kunlik ochiq-jonli muloqotlarda 1 ming 116 ta masala koʻrib chiqilib, ularning 404 tasi joyida hal qilindi, 237 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 475 ta murojaat boʻyicha esa aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |