2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Toshkent barcha sohalarda namuna boʻlishi kerak

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-oktyabr kuni Toshkent shahri Yunusobod tumaniga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilishi moʻljallangan loyihalar, istiqboldagi rejalar bilan tanishdi.

Toshkent shahrining 2018-2019 yillardagi investitsiya salohiyatiga oid maʼlumotlarga koʻra, ikki yilda poytaxtimizda 417 ta loyihani amalga oshirish va buning natijasida 25 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Ularning 264 tasi sanoat, 153 tasi xizmat koʻrsatish sohasiga tegishlidir. Joriy yilning 9 oyida jami loyihalar uchun 257,5 million dollar hajmdagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan. 

2019-yilda 1 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga 181 ta loyihani hayotga tatbiq etish moʻljallangan. Jumladan, Yunusobod tumanida 38 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. 

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining iqtisodiy imkoniyatlari kengligi, poytaxtimiz barcha sohada namuna boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Loyihalarning kafolati, samaralari bilan qiziqdi. Mutasaddilarga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmini yanada oshirish, yangi korxonalar tashkil etish va soliq tushumini koʻpaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi. 

Prezidentimiz Toshkent metropoliteni Yunusobod yoʻnalishining ikkinchi bosqich qurilishini koʻzdan kechirdi. 

Toshkent shahrida aholi uchun qulay sharoit yaratish, sifatli transport xizmatlari koʻrsatish qamrovini kengaytirish va metropoliten xizmatini yanada rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Ayni paytda Toshkent metropoliteni Yunusobod yoʻnalishining ikkinchi bosqichi qurilishi qizgʻin davom etmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 9-fevral kuni Yunusobod tumanida boʻlib, metropoliten qurilishi bilan tanishgan edi. 

Davlatimiz rahbari bu yerda bunyodkorlik ishlarining borishini koʻzdan kechirdi, quruvchilar bilan muloqotda boʻldi. 

Toshkent metropoliteni 40 yildan koʻproq tarixga ega. Metropoliten yoʻlovchi tashishda qulaylik va xavfsizlik nuqtai nazaridan eng samarali transport vositasi hisoblanadi. 

Yunusobod yoʻnalishida qurilayotgan metro uchastkasining uzunligi 2,9 kilometr boʻlib, 2019-yilda foydalanishga topshirish moʻljallangan. “Turkiston” va “Yunusobod” yangi metro bekatlaridan iborat. 

Eng asosiy masala poytaxtimiz koʻchalaridagi tirbandlikning oldini olish. Bunda metro eng qulay vositadir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bunyodkorlik ishlari bundan keyin ham tizimli davom ettiriladi. 

Ayni paytda ushbu bekatlar hamda ular oraligʻida tunnel qazish ishlari olib borilmoqda. 

Ushbu tunnelni yopiq usulda qazish uchun Germaniyadan “Herrenknecht“ kompaniyasining mexanizatsiyalashgan majmuasi keltirildi. Bu ulkan texnika may-sentyabr oylari davomida yigʻildi. Soha mutaxassislari Germaniyada malaka oshirib qaytdi. “Koʻprik qurilish tresti" unitar korxonasi tomonidan tunnel devorlarini mustahkamlovchi tyubinglar ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi. 

Majmua bir sutkada 12 metr qazish va 8 ta xalqa oʻrnatish imkoniyatiga ega. Bugungi kungacha 350 ta xalqaga yetarli konstruksiyalar zaxirasi yaratilgan. 

Prezidentimiz ushbu majmuani koʻzdan kechirdi. Mutasaddilarga metro bekatlarining koʻrinishi va infratuzilmasi boʻyicha tavsiyalar berdi. 

Transport kommunikatsiyalarini qurishda shaharning kelgusi rivojini hisobga olish, hamma uchun qulay boʻlishini taʼminlash zarurligini taʼkidladi. 

Davlatimiz rahbari joylarga tashrifi chogʻida yosh avlod tarbiyasining birlamchi va muhim boʻgʻini sifatida maktabgacha taʼlim tizimini yuksaltirish, bogʻchalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni mohir pedagoglar bilan taʼminlash, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqda. 

Maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish borasida Yunusobod tumanida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Bogʻishamol mahallasida joylashgan “Sevinch” nomli 74-maktabgacha taʼlim muassasasi bolalar uchun haqiqiy orzular maskaniga aylandi. Muassasa joriy yilda tubdan taʼmirlanib, Prezidentimiz tashrifi arafasida foydalanishga topshirildi. 

275 oʻrinli muassasa innovatsion texnologiyalar asosida jihozlangan va mamlakatimizdagi ilk “aqlli bogʻcha” hisoblanadi. Bu yerda bolalar xavfsizligini taʼminlash maqsadida nazorat uskunasi, har bir xonaga domofon oʻ 

rnatilgan. Ota-onalar farzandi qaysi guruhda boʻlsa, shu xonani bogʻlovchi tugmani bosgandan soʻng tarbiyachi bolani olib chiqib beradi. Binoga kiraverishda qoʻyilgan tablodan bolaning oʻz guruhiga kirganini koʻrish, guruhlardagi mashgʻulotlarni onlayn kuzatish mumkin.

Zina va xonalarga ishlangan rangli belgilar, tafakkurga undovchi rasmlar bolalarni rang bilish, sanashga oʻrgatadi. Yoʻl koʻrsatuvchi rangli chiziqlar orqali kichkintoylar oʻz guruhini qiynalmasdan topib boradi. 

Mashgʻulot xonalarida “Ilk qadam” dasturi asosida ishlab chiqilgan multimedia tajriba-sinov dasturiga ega monitorlar oʻrnatilgan. Bu dasturdagi turli sohalarga oid suratlar, interfaol oʻyinlar yordamida bolalarning bilim va koʻnikmasi shakllantiriladi. 

Adliya vazirligi buyurtmasi asosida “Sotol systems” kompaniyasida ishlab chiqilgan ushbu dastur onlayn tarzda ishlaydi. Uni ota-onalar ham uyali telefoniga yuklab olib, uyda televizor orqali farzandlarini shugʻullantirishi mumkin. 

Davlatimiz rahbari bogʻchada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, tarbiyachilar bilan muloqot qildi. 

Bolalarimizning maʼnaviyati, bilimi, sogʻligʻi biz uchun eng muhim masala. Shuning uchun davlat tomonidan maktabgacha taʼlimga katta eʼtibor berilyapti va bu hali boshlanishi. Sizlarning vazifangiz bolalarning koʻzidagi nurni ilgʻab olish, ularga yaxshi tarbiya berish, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlatimiz rahbariga Toshkent shahridagi maktabgacha taʼlim muassasalarining holati va ularni rivojlantirishga oid loyihalar haqida maʼlumot berildi. Prezidentimiz bu boradagi takliflarni maʼqullab, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi bogʻchalar qurish, bolalarni qamrab olishni kengaytirish va kelgusida yuz foizga yetkazish zarurligini taʼkidladi. 

Shu yerda Janubiy Koreyaning Puchon universiteti rahbarlari bilan videokonferensiya orqali muloqot qilindi. 

Prezidentimiz bogʻcha tarbiyalanuvchilariga sovgʻalar berdi. 

Shavkat Mirziyoyev “Business city – “Yunusobod” zamonaviy ishbilarmonlik markazi loyihasi bilan tanishdi. 

Poytaxtimiz ulkan bunyodkorlik loyihalari evaziga kun sayin goʻzal qiyofa kasb etib bormoqda. Yangi-yangi aholi massivlari, muhtasham koʻpriklar, ijtimoiy soha obyektlari va boshqa inshootlar shaharni nafaqat arxitekturaviy jihatdan, balki yashash va dam olish, biznes yuritish sharoitlariga koʻra qulay megapolisga aylantirmoqda. 

Uzoqqa bormaylik, shaharning qoq markazida qad rostlayotgan “Toshkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilish bobidagi tasavvurlarimizni butunlay oʻzgartirib yubordi. Bu yerda zamonaviy texnologiyalar va meʼmorlik andozalari asosida tiklanayotgan osmonoʻpar imoratlar Toshkentga dunyoning shaharsozlik sohasidagi diqqatga sazovor markazlaridan biri maqomini olish imkonini beradi. 

Taraqqiyotning bugungi surʼatlari, aholining yaxshi yashashga boʻlgan ehtiyoji, jahondagi oʻzgarishlar koʻlamini hisobga olgan holda poytaxtimizda bir nechta zamonaviy ishbilarmonlik markazlari qad rostlamoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 2-avgustdagi Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq, Yunusobod tumanining Otchopar – 2 mahallasi hududida quriladigan “Business city” – “Yunusobod” zamonaviy ishbilarmonlik markazi ularning navbatdagisi boʻladi. 

Ushbu zamonaviy ishbilarmonlik markazidan koʻp qavatli turar joy majmualari, biznes-ofislar, savdo-koʻngilochar maskanlar, mehmonxonalardan iborat koʻp tarmoqli majmualar, saylgohlar, ijtimoiy obyektlar, tibbiy-sogʻlomlashtirish markazlari oʻrin oladi. 

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihaning qiymati 500 million dollar boʻlib, 2019-2023 yillarda amalga oshirilishi moʻljallangan. 

Davlatimiz rahbari yangi ishbilarmonlik markazi qurilishida relyefdan oqilona foydalanish, dunyo shaharlari tajribasini oʻrganish zarurligini qayd etdi. Uni barpo etishga xorijiy investorlar, tajribali loyihachi va quruvchilarni jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Shu yerda Yunusobod tumanidagi koʻp qavatli uylarni boshqarish boʻyicha takliflar taqdimoti oʻtkazildi. U professional servis kompaniyalari tashkil etish orqali koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatishni yaxshilash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan. 

Prezidentimiz tumanda ushbu tizimni joriy mavsumdayoq tatbiq etish, har bir koʻp qavatli uyning egasini topib, ularga imtiyozlar berish zarurligini taʼkidladi. 

Innovatsion, ilmiy va tashkiliy ishlarni birlashtirib, baravar olib bormasak, bu soha eskicha holda qolaveradi. Kommunal xizmatlar xususiy korxonalar tomonidan amalga oshirilmasa, sifat boʻlmaydi. Sifat boʻlmagandan keyin toʻlov ham barqaror boʻlmaydi. Bu sohada xizmatni, hisob-kitobni joyiga qoʻysak, vaziyat oʻzgaradi, odamlar rozi boʻladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlatimiz rahbari “Amilov” qandolat mahsulotlari fabrikasi faoliyati bilan tanishdi. 

Sobiq “Lok-boʻyoq” zavodi oʻrnida tashkil etilgan “Amilov” fabrikasi joriy yil 5 oktyabrda ishga tushirildi. Korxona maydoni 32 gektar boʻlib, qurilish-montaj ishlari, ishlab chiqarish uskunalari uchun qariyb 80 million dollar sarflandi. Germaniya, Shveysariya, Daniya, Italiya, Avstriya va Gollandiyadan texnologiyalar keltirib oʻrnatildi. Natijada 850 ga yaqin ish oʻrni yaratildi. 

Korxona yiliga 50 ming tonnaga yaqin qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bugungi kunda bu yerda shokolad, konfet, pechenye, vafli kabi 60 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda. 

Bunday shirinliklar shu paytgacha asosan import qilinardi. “Amilov” fabrikasida tayyorlanayotgan qandolat mahsulotlari chet elnikiga nisbatan arzon va sifatli boʻlgani bois ichki bozorda tez xaridorini topdi. Natijada bunday mahsulotlar importini 40 foiz qisqartirishga erishildi. Qolaversa, korxona yiliga 10 million dollarlik mahsulot eksport qilishni rejalashtirgan.

Davlatimiz rahbari fabrikaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish, bunday korxonalarni koʻpaytirib, raqobatni rivojlantirish, import boʻlayotgan boshqa mahsulotlarni ham mahalliylashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzekspomarkaz”da Toshkent shahri va Yunusobod tumani hokimlari, mutasaddilar va sektorlar rahbarlari, mahalla raislari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi. 

Unda Yunusobod tumanini iqtisodiy rivojlantirish, mahallalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi. 

2019-yilda sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarida amalga oshirilishi moʻljallangan 38 ta loyihaning har biri boʻyicha tashabbuskorlar va manbalarini aniq koʻrsatgan holda “yoʻl xarita”lari ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. 

Xatlovda aniqlangan 332 ta foydalanilmayotgan obyekt va yer maydonlarida yangi ishlab chiqarishlar tashkil etish, byudjetga tushumlarni koʻpaytirish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Ijtimoiy dolzarb masalalarni hal qilish, uy-joy fondini rivojlantirish, kommunal xizmatlarni yaxshilash, obyektlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasidagi vazifalar belgilab olindi. 

 

Matnazar Elmurodov, Ziyodulla Jonibekov, Umar Asrorov, OʻzA

27.10.2018

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar