Muhtaram vatandoshlar!
Mana shu fayzli damlarda Yer yuzidagi jami musulmon ummati qatori qalbi shukuhga to‘lib turgan siz, azizlarni – nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, qadrli aka-uka va opa-singillarimizni, navqiron yoshlarimizni, iymon-e’tiqodli xalqimizni ulug‘ ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Ushbu saodatli onlarda hammamiz avvalo Iyd al-adho bayramiga el-yurtimiz bilan birgalikda tinchlik-omonlik va sihat-salomatlikda yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytishimiz tabiiydir.
Barchamizga ayonki, islom dini avvalo tinchlik, ezgulik va insoniylik dinidir.
Muqaddas Qur’oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlikka chaqirilgan, xususan, “Baqara” surasida: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” – deya marhamat qilingan.
Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash va mustahkamlashdek o‘tkir talablar yurtimizda yashayotgan har bir mo‘min-musulmon, har bir inson uchun har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Ishonamanki, bu ezgu va muqaddas vazifa O‘zbekistonda yashayotgan har bir fuqaroning qalb da’vati va insoniy burchiga aylanib, mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning tinch, erkin va farovon hayotini, farzandlarimizning yorug‘ kelajagini ta’minlash yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Hurmatli do‘stlar!
Alloh taolo tomonidan aziz va mukarram qilib yaratilgan insonni, uning sha’ni, qadr-qimmati va hurmatini ulug‘lash kabi muqaddas tushunchalarni o‘zida aks ettirgan ushbu bayram yurtimizda inson qadrini yuksaltirish, xalqimizni hayotdan rozi qilish borasida olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizning ma’no-mazmuniga har tomonlama uyg‘un va hamohang ekani bilan ham ayniqsa e’tiborlidir.
Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirishga har tomonlama e’tibor qaratilmoqda. Tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko‘hna masjid va madrasalarni obod qilish, buyuk ajdodlarimizning bebaho ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida olib borayotgan ishlarimiz xalqimiz va dunyo jamoatchiligi tomonidan e’tirof etilayotgani barchangizga yaxshi ma’lum.
Ayniqsa, fuqarolarimizning diniy e’tiqod borasidagi huquq va erkinliklari to‘la ta’minlanib, mo‘min-musulmonlarimiz ibodat amallarini emin-erkin bajarmoqdalar.
Bu haqda so‘z yuritganda, ikki yillik koronavirus pandemiyasi cheklovlaridan so‘ng bu yil 12 ming vatandoshimiz muqaddas haj amallarini bajarish imkoniga ega bo‘lgani, keyingi 6 oyda 40 mingga yaqin yurtdoshimiz umra ziyoratini ado etganini ta’kidlash lozim.
So‘nggi yillarda shakllangan ezgu an’anamizga muvofiq, Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlari yurtdoshlarimizga bu ayyomni o‘z oilasi va yaqinlari bag‘rida yanada mazmunli o‘tkazish, go‘zal va betakror yurtimiz bo‘ylab ko‘ngilli sayohatlarni amalga oshirish uchun qulaylik yaratadi.
Biz tabarruk dinimiz va o‘lmas qadriyatlarimiz, o‘zaro hurmat, mehr-muruvvat, saxovat va hamjihatlik, sabru qanoat va shukronalik singari ulug‘ fazilatlarni mustahkamlab kelayotgan muborak Qurbon hayitining barhayot an’analari asrlar osha insonlarni, turli xalqlar va elatlarni birlashtiruvchi beqiyos ma’naviy kuch bo‘lib xizmat qilayotganidan faxrlanamiz.
Fursatdan foydalanib, dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida yashayotgan musulmon do‘st va birodarlarimizni, xorijiy hamkorlarimizni ushbu mo‘’tabar ayyom bilan qutlab, ularga bardavom tinchlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Aziz yurtdoshlar!
Barchangizni muqaddas Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.
El-yurtimizning bu muborak oyda qilgan ibodatlari, ezgu niyatlari ijobat bo‘lsin!
Alloh taolo go‘zal diyorimizni, olijanob va bag‘rikeng xalqimizni hamisha o‘z panohida asrasin!
Aziz Vatanimizda tinchlik va barqarorlik hamisha bardavom bo‘lsin!
Ezgu ishlarimiz, intilishlarimizda Yaratganning O‘zi doimo madadkor bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |