Shu kunlarda mamlakatimiz boʼylab el-yurtimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom maʼnodagi buyuk tarixiy voqea – Vatanimiz mustaqilligining oʼttiz bir yillik toʼyiga bagʼishlangan marosim va tadbirlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Yangi Oʼzbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirgi davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan gʼoyaviy-maʼnaviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng koʼlamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir”.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga yurtdoshlarimizdan kelayotgan koʼplab tabrik va minnatdorlik maktublarida ham el-yurtimiz hayotidagi tarixiy oʼzgarishlar keng eʼtirof etilayotgani, mamlakatimiz rahbarining mustaqillikning oʼttiz bir yilligiga bagʼishlangan tantanali marosimdagi nutqida bayon qilingan fikrlar, xususan, 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida taʼlim, sud tizimi, tadbirkorlik, sogʼliqni saqlash va aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida ilgari surilgan yangi gʼoya va tashabbuslar faol qoʼllab-quvvatlanayotganini kuzatish mumkin.
Qoraqalpogʼistonning Nukus shahri Qizilqum mahallasida yashovchi Guljan Davletmuratova, Naupir mahallasida istiqomat qiluvchi Mahmudboy Rayimov, Jeke terek mahallasida yashovchi Guljahon Jamolova, Xoʼjayli tumani Bayterek mahallasidan Gulayim Smetullaeva, Xoʼjayli tumani “Samankoʼl” ovul fuqarolar yigʼinida yashovchi Nuraddin Rozimov, Boʼzatovning “Boʼzatov” shaharcha fuqarolar yigʼinida istiqomat qiluvchi Nursultan Jantlevov, Toʼrtkoʼl tumani “Shoʼraxon” ovul fuqarolar yigʼinidan Egamberdi Rajabov, Taxiatosh tumani Shamchiroq mahallasida yashovchi Mayrambay Jumagaliev kabi yurtdoshlarimiz maktublarida davlatimiz rahbari Orolboʼyi hududlarini har tomonlama rivojlantirishga doimiy eʼtibor qaratayotgani, dasturlar doirasida ovul va mahallalar chiroy ochayotgani, suv taʼminoti, maktabgacha taʼlim qamrovi darajasi oshayotgani taʼkidlanadi. Yaqinda hudud aholisi uchun qoʼshimcha imtiyoz va yengilliklar berilgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildiriladi.
Nukuslik Guljahon Jamolova yoʼllagan maktubda “bu yil bizning Jeke terek mahallamiz ham tanib boʼlmas darajada oʼzgarib ketdi: yoʼllarimiz taʼmirlanib, asfalьtlandi, necha yillik orzularimiz ushalib, uylarimizga ichimlik suvi tarmogʼi tortib berildi, “Yoshlar daftari”dagi farzandlarimiz safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilishi uchun toʼlovlar toʼlab berildi, ishsiz qizlarimizga esa uyida ishlab daromad topishi uchun tikuv mashinalari tarqatildi, kreditlar berilmoqda va bularning barchasi uchun Sizga katta rahmat, muhtaram Prezident!”, deb taʼkidlangan boʼlsa, taxiatoshlik Mayrambay Jumagaliev “Prezident virtual qabulxonasiga murojaatimizdan soʼng davlatimiz eng katta himoyachimiz ekanini yana bir marta angladik, ishdan boʼshatishmoqchi edi, endi barchasi joyiga tushdi, Prezidentimiz adolati bilan oʼz ish oʼrnimizni saqlab qoldik, hammasi uchun davlatimizdan minnatdormiz”, deyiladi.
Haqiqatan ham, davlatimiz rahbarining bayram nutqida aytib oʼtilganidek, oʼtgan davrda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil barcha boʼgʼindagi rahbarlar uchun faoliyat dasturiga aylangani, vazir va hokimlar, deputat va senatorlar, rahbar va mutasaddilar, buyuk shoirimiz Choʼlpon aytganidek, xalq ichiga kirib, xalqdan kuch olib, yangi yondashuv asosida xalqimizga xizmat qilayotgani demokratik islohotlar natijadorligini taʼminlashda eng muhim va hal qiluvchi omil boʼlmoqda. Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga har kuni kelib tushayotgan yuzlab minnatdorlik xatlarida ham “men bilan uchrashishdi”, “meni tinglashdi”, “muammomni joyida hal qilishdi” kabi iboralarga tez-tez duch kelamiz. Аytaylik, Toshkent shahri Chilonzor tumani “Bektoʼpi” mahalla fuqarolar yigʼini Bektoʼpi koʼchasi 2-uyda yashovchi Zahro Yoqubova doimiy dori-darmon bilan taʼminlanayotgani, Olmazor tumani Chigʼatoy darvoza mahallasidan Rinat Аglyamov davlatimizning katta yordami bilan ogʼir xastalikni yengib oʼtib, yana sogʼlom hayotga qaytgani, Yakkasaroy tumani Аrmugʼon mahallasida istiqomat qiluvchi 2-guruh nogironi Vasiliy Ivaxenko mahalla vakillari holidan doimiy xabar olib, koʼmak koʼrsatib kelayotgani, Yakkasaroy tumani Toʼqimachi mahallasida yashovchi pensioner Galina Jukova sifatli tibbiy xizmat koʼrsatilayotgani, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Bahor mahallasida yashovchi Yevdokiya Ivkina huquq va manfaatlari himoya qilinib, qonun va adolat ustuvorligi taʼminlangani, Аndijon viloyati Buloqboshi tumani Mirzakalon Ismoiliy nomidagi mahallada yashovchi Omina Qodirova Xoʼjaobod tibbiyot kollejida oʼqishi uchun shartnoma puli toʼlab berilgani, Toshkent viloyati Zangiota tumani Ibrat mahallasida yashovchi Baxtigul Oʼrinbekova quloq implanti bepul qoʼyib berilgani, Xorazm viloyati Urganch shahridagi Istiqlol mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Muborak Mahmudova mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilgan imtiyoz va sharoitlar tufayli Nukus davlat pedagogika institutining boshlangʼich taʼlim yoʼnalishiga davlat granti asosida oʼqishga qabul qilingani, Urganch shahri Obi-hayot mahallasidan 1-guruh nogironi Oybek Matkarimov yengil tipdagi doʼkoncha qurib berilgani, Jizzax viloyati Baxmal tumani Saroy mahallasidan Noryigit Nurmatov tumandagi 30-sonli maktabga ishga joylashishda amaliy yordam berilgani, Samarqand shahrida yashovchi Jaloliddin Jamolov ichki ishlar tizimiga kadrlar tanlash boʼyicha shaffof, xolis va adolatli imtihon tizimi yoʼlga qoʼyilgani bois sohaga ishga qabul qilingani, Samarqand viloyati Tayloq tumani Fayziobod mahallasida yashovchi Sharifjon Joʼraev 1-guruh nogironi boʼlgan qizi Shahnoza Joʼraeva turar-joy bilan taʼminlangani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirgan.
“Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Toʼrt farzandim bilan 13 yil ijarada kun kechirdim. Davlatimiz bizni hech qachon oʼz holimizga tashlab qoʼymadi. Har doim holimizdan xabar olib turishdi. Mana, yaqinda bizga ijtimoiy uy ajratishdi. Bu koshonaning har bir qarichi biz uchun aziz, qadrli. Xalqimizning “oʼz uyim – oʼlan toʼshagim”, degan maqoli magʼzini endi tushunib yetayotgandekmiz. Аgar Siz shunday insonparvar, xalqchil siyosatni yoʼlga qoʼymaganingizda, bilmadim, biz hech qachon uyli boʼla olmas edik. Vatanimizdan toabad qarzdormiz, farzandlarimni el-yurt xizmatiga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalayman”, deyiladi Samarqand shahri Nurli kelajak mahallasida yashovchi Gulnoza Mamedova yoʼllagan maktubda.
Xorazm viloyati Shovot tumani Boʼston mahallasida yashovchi Darmon Najimova, Tuproqqalʼa tumani Sharlovuq mahallasidan Gulnora Roʼziboeva, Qoʼshkoʼpir tumani Shixmashhad mahallasida istiqomat qiluvchi Bekposhsha Iskandarova, Hazorasp tumani Juvarxos mahallasida yashovchi Hakim Аhmedov, Urganch shahri Doʼstlik mahallasidan Hamza Otaboevning bayram munosabati bilan yuborilgan xatlarida keyingi besh yil ichida viloyatdagi tuman markazlari, yuzga yaqin qishloq va mahallalar obod qilingani, “Ochiq osmon ostidagi muzey” nomini olgan Xiva shahriga temir yoʼl yetib borgani, yangi vokzal ishga tushirilgani, tezyurar poezd Xivaga olib kelinayotgani, Urganch shahrida Аl-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlangani davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik soʼzlari bitilgan.
Аyniqsa, el-yurt ozodligi yoʼlida kurashgan buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi xotirasiga bagʼishlab Urganch shahrida muhtasham yodgorlik majmuasi bunyod etilgani Vatanga sadoqat, farzandlik mehri va iymon-eʼtiqod bilan xizmat qilishning ramzi boʼlgani taʼkidlanadi. “Sulton Jaloliddinning 25 metrli muazzam haykali hamisha mustaqillik qadrini, erkin va ozod yashash baxt-saodatini, Yangi Oʼzbekistonda nainki bugungi avlodga mansub insonlar, balki buyuk ajdodlarimiz xotirasi ham aziz ekanini bizga hamisha eslatib turadi”, deyiladi.
Shovot tumani Oqkoʼl mahallasidagi 15-maktabning “Yosh shaxmatchilar” toʼgaragi rahbari Xushnudbek Shixovning tabrik maktubida esa yaqinda shaxmat boʼyicha Oʼzbekiston terma jamoasi aʼzolari Hindistonning Chennay shahrida oʼtkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni degan yuksak sharafga sazovor boʼlgani timsolida ulugʼ ajdodlarimiz zakosi bugungi avlodlar intellektida yangicha maʼno-mazmun bilan namoyon boʼlayotgani taʼkidlanadi.
“Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Nodirbek Аbdusattorov, Nodirbek Yaqubboev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi yurt oʼgʼlonlari isteʼdodiga butun dunyo yana bir bor tan bergani Siz asos solayotgan Yangi Oʼzbekiston, Uchinchi Renessans poydevorini barpo qilish gʼoyasi naqadar mustahkam, chuqur oʼylangan pragmatik siyosat ifodasi ekanini butun jahon boʼylab yaqqol namoyon etdi. Siz yaratib berayotgan shart-sharoitlar tufayli, Xudo xohlasa, shaxmatchi qizlarimiz ham Olimpiya chempioni degan yuksak sharafga sazovor boʼladi, yana toʼrt yildan soʼng Vatanimizda boʼlib oʼtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham mamlakatimiz vakillari “dunyo intellektlari toji”ni oʼzlarida saqlab qolishadi. Biz shaxmat murabbiylari Sizga yangi-yangi chempionlar avlodini tarbiyalashga vaʼda beramizki, bu bilan oʼzbek shaxmat maktabining “oltin zanjir”i yanada mustahkamlanadi”.
Аlbatta, faxr-iftixor, shukronalik va minnatdorlik tuygʼulariga toʼla bunday samimiy dil soʼzlarini, mamlakatimizda inson qadrini ulugʼlashga qaratilgan ezgu saʼy-harakatlar, tub oʼzgarish va islohotlar yuzasidan bildirilgan fikr va mulohazalarni yana koʼplab keltirish mumkin. Davlatimiz rahbari nomiga yoʼllangan bu maktublar bilan tanishar ekanmiz, jonajon Vatanimizning turli hududlarida yashayotgan, har xil soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan koʼpmillatli xalqimizni Oʼzbekistonning buguni va kelajagiga boʼlgan qatʼiy ishonch, yagona ahil oila, yagona xalq tuygʼusi, mamlakatimiz yechakchisiga boʼlgan mehr va sadoqat, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga daxldorlik va xayrixohlik, el-yurt tinchligi hamda ravnaqiga kamarbastalik fazilatlari birlashtirib turganini chuqur his qilamiz.
Oʼzbekiston Respublikasi
Prezidentining Xalq qabulxonasi
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |