2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Kosonsoyda muammolar hal etilmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Namangan viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan eng og‘ir hudud hisoblangan Kosonsoy tumanidagi faoliyati davomida “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida 59 ta mahallada uyma-uy, xonadonma-xonadon yurilib, aniqlangan har bir masalaga yechim izlandi.

Bu boradagi eng asosiy vazifa – aholining real daromadini oshirish, dasturxoni to‘kinligini ta’minlash uchun sharoit yaratishdan iborat bo‘ldi. Ayni shu maqsadda 72 nafar murojaatchiga 1,6 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratishga qaror qilingan bo‘lsa, ulardan 57 nafariga 1,1 milliard so‘m kredit berilishi ta’minlandi.

Mazkur jarayonda tumandagi 14 ta tikuvchilik korxonasi bilan hamkorlikda 100 nafar ishsiz xotin-qiz kooperatsiya asosida o‘z uyida ishlab daromad topishi yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun shu ayollarga subsidiya asosida 100 ta tikuv mashinasi ajratildi, ularning 14 ta korxona bilan shartnoma imzolashiga yordam ko‘rsatildi. Shundan o‘quv kurslarini bitirgan 80 nafar ayol-qiz uyida ish boshlagan bo‘lsa, 20 nafar ayol bir oylik o‘quv kursida o‘qimoqda.

Asosiysi, bunda tikuvchilik korxonalari “Beshariq tajribasi” asosida xonadonlarga xomashyo yetkazib berib, tayyor mahsulotni olib ketadi. Ayollar uyida ishlab daromad topaveradi. Ya’ni, xomashyo bor, tayyor mahsulotni sotib oluvchi bor, faqat uyda ishlab mehnat qilinsa kifoya.

Tumandagi Ozod mahallasida yashovchi Muborak Eshonovaga subsidiya asosida tikuv mashinasi berilgach, oyiga o‘rtacha 14 tonna sochiq ishlab chiqarayotgan “Kushon zilol suv javohiri” korxonasi unga yarim tayyor sochiqlarni keltirib bermoqda. Chevar ayol tikayotgan tayyor sochiqlar esa boshqa mahsulotlar bilan birga ichki bozor va Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlariga yetkazib beriladi. Tikuvchining aytishicha, kuniga kamida 600-800 ta sochiq hoshiyasini tikish mumkin. Bitta sochiq uchun o‘rtacha 180 so‘mdan xizmat haqi beriladi va bu kuniga 150 ming so‘m atrofida, oyiga esa 3 million 600 ming so‘mgacha foyda topish imkoniyatidir.

Bog‘i baland mahallasida istiqomat qiluvchi Sanobar Sotvoldiyeva ham subsidiyaga tikuv mashinasi olib, “Kushon tekstil group” korxonasi bilan shartnoma imzoladi, natijada esa uyida kiyim tikib, daromad topishni boshladi. Ayolning aytishicha, u kuniga o‘rtacha 50 donagacha yarim tayyor kiyimlarni tiksa, 100-150 ming so‘mgacha xizmat haqi to‘lanadi.

E’tiborlisi, Kosonsoyda tikuvchilik mahsulotlari tayyorlash va eksport qilish uchun katta salohiyat-u imkoniyat yetarli. Aytaylik, 3 mingga yaqin kishi ishlayotgan “BARKAS-TEKS GROUP” korxonasida tayyorlanayotgan trikotaj mahsulotlari 15 ta davlatga eksport qilinmoqda. Bir hafta ichida yana 70ga yaqin kosonsoylik ishsiz xotin-qiz shu yerda doimiy ish va daromad manbaiga ega bo‘ldi. Muxtasar Abdullayeva ham shu yerda ish boshladi. Respublika ishchi guruhi o‘rganishlari davomida Muxtasar kabi ishsizligi aniqlangan 500 nafardan ziyod xotin-qiz tumandagi 14 ta tikuvchilik korxonasiga ishga joylashtirildi. Bunga kooperatsiya asosida uyida ishlayotgan 100 nafar xotin-qizni ham qo‘shsak, qismqa muddatda jami 600 nafardan ziyod kosonsoylik ayollar bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, kosonsoylik 22 nafar ayol-qizga subsidiya asosida pishiriq pishirish pechlari berilib, ular “Kushon shirinliklari”, “Sevimli ochiq savdo” singari yirik qandolatchilik korxonalariga kooperatsiya asosida biriktiriladigan bo‘ldi. Birgina, “Kushon shirinliklari” korxonasini olganda, mavsum payti kuniga bir tonnagacha 36 turdagi pishiriqlar tayyorlab, bozorga chiqariladi. Korxona rahbari Qosimjon Maqsudov 200 dan ortiq xotin-qizni uy sharoitida ish bilan ta’minlagan bo‘lib, yaqinda yana 100 nafar ayolga pechlar olib beriladi.

Tumanda issiqxonalar tashkil qilish, tomorqalarda ham mahsulot yetishtirishdan to sotib olishgacha kooperatsiya tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator loyihalar ishlab chiqildi.

Kosonsoyliklarning yo‘llar ta’miri, elektr energiyasi, gaz, issiqlik, ichimlik suvi bilan bog‘liq masalalarini hal qilish uchun ham bor kuch-imkoniyat safarbar qilindi. Xususan, bu jarayonda Shayxon, Bo‘ston, Bog‘ko‘cha kabi mahallalardagi 14,4 kilometr masofadagi ichki ko‘chalar tosh yo‘lga aylantirildi.

Hurriyat, Obod, Xonqo‘rg‘on, Bog‘i baland, O‘rta ko‘cha, Soycha singari mahallalardagi 200dan ziyod eskirgan simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilib, yangi tarmoqlar tortib berilishi bilan ko‘plab xonadonlar ham insonlarning ko‘ngli ham nurafshon bo‘ldi.

Aholi talab-istaklari asosida qariyb 5 ming 770 ta suyultirilgan gaz balloni yangilangan bo‘lsa, 1 ming 65 tonna ko‘mir olib kelinib, aholiga yetkazildi.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili Respublika ishchi guruhi faoliyatining asosiy mezonlaridan biriga aylandi. Xalq ta’limi sohasi faxriylari, uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar holidan xabar olinib, bir qator maktablar mebel jihozlari va kitoblar bilan ta’minlandi.

O‘rganishlar natijasida og‘ir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, yoshlarning iqtisodiy-ijtimoiy masalalarini hal qilish, ehtiyojmand, yakka-yolg‘iz insonlar turar-joylarini ta’mirlash va ularga moddiy yordam ko‘rsatish uchun mahalliy byudjetdan 6,6 milliard so‘m ajratildi, o‘nlab xonadonlarni ta’mirlash ishlari boshlandi.  

Og‘ir turmush sharoitida qolgan, boquvchisini yo‘qotgan, uy-joysiz besh nafar ayol va farzandlari uchun 12 ta ijtimoiy xonadon ajratilib, ularning barchasi yangi uylarga ko‘chirildi. Turmush o‘rtog‘i vafot etgach, ikki farzandi bilan og‘ir ahvolga tushib qolgan Nodira Zokirova ham qish-qirovli kunlarda barcha sharoitga ega boshpanaga ega bo‘lganidan baxtiyor.

Ushbu jarayonda 323 nafar bemorga davolanishi uchun amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 53 nafar murojaatchi reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, Respublika ishchi guruhining Kosonsoydagi faoliyati davomida 59 ta mahalladagi qariyb 38 ming 200 xonadon va mingdan ziyod ijtimoiy soha ob’ektlari o‘rganilib, ularda aniqlangan 6 ming 180 dan ziyod masalaning 4,5 mingdan ortig‘i hal qilindi. Buning uchun 11 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Qolgan masalalar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, nazoratga olindi.

23.12.2022

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar