2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Koʻngillarga koʻchayotgan obodlik

Tashqaridan odamlarning gʻala-gʻovur gaplari, xazonlarni shatir-shutir supurayotgani eshitildi. Bunaqa paytlarda “dom“dagilar derazadan moʻralab, chor-atrofni chinnidek tozalayotganlar ishini tepadan tomosha qilishni xush koʻradi. Ertasiga ham shu hol davom etdi. Indiniga mahalla raisining gapi yo nuroniy onaxonlarning tanbehi bilan barcha qoʻni-qoʻshnilar kimdir qizini, boshqasi kelinini yoʻlak atroflarini tozalashga undadi.

Hech qancha oʻtmay, taʼmirtalab yoʻllar qayta asfaltlandi. Daraxtlarga shakl berildi. Yoʻlaklarga chiroq oʻrnatildi. Bolalar maydonchasi, sport majmuasi barpo etildi. Mahalla faollari endi koʻp qavatli uyning bir burchagida emas, alohida bunyod etilgan fayzli binoda ish yuritmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan “Obod mahalla“ dasturi doirasida poytaxtimizning 11 tumanidagi mahallalarda ham keng koʻlamli bunyodkorlik, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Dastur ijrosiga mahalliy hokimliklar, idora va tashkilotlar, jamoat tuzilmalari, kommunal tarmoq korxonalari faol hissa qoʻshmoqda.

 

Olmazor tumanidagi “Tepaguzar“ mahalla fuqarolar yigʻini Qoraqamish mavzesining chekkasidagi mahallalardan. “Obod mahalla“ dasturi doirasida Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan oilalar holidan xabar olinib, muloqotlar oʻtkazildi. Mahalladagi xonadonlar, ularni oʻylantirayotgan dolzarb masalalar atroflicha tahlil qilindi. Mahallada keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Toʻqqizta bolalar, ikkita zamonaviy sport maydonchasi, otaxon va onaxonlar uchun “Nuroniylar maskani“ qurildi. Mahalla hududidagi oʻnqir-choʻnqir yoʻllar tekislanib, asfalt yotqizildi. Koʻp qavatli uylar atrofida aholi uchun qulay oʻrindiqlar va soyaboni bor dam olish joylari barpo etildi. Yoʻlak oldi va uylar orasiga 8 ta zamonaviy hordiq ayvonchasi, 180 ga yaqin chiqindi tashlash uchun maxsus idishlar oʻrnatildi. Irrigatsiya tarmoqlari, ariq va zovurlarda tozalash ishlari bajarildi.

 

Qisqa muddatda Avayxon mahallasidagi koʻp qavatli uylar atrofidagi noqonuniy qurilmalar buzilib, kirish yoʻlaklari tubdan taʼmirlandi. Ichki yoʻllarga asfalt, koʻp qavatli uylar old qismidagi yoʻlaklarga beton qoplamalari yotqizildi. Kirish yoʻlaklaridagi romlar zamonaviysiga almashtirildi. Eskirgan liftlar joriy taʼmirdan chiqarildi. Elektr taqsimlovchi bir qancha shitlar yangilandi. Bir qator uylar yertoʻlasidagi muhandislik tizimlarida mukammal taʼmirlash ishlari olib borildi. Koʻplab bolalar maydonchalari barpo etildi. Mahalladagi 105 temir garaj oʻrniga ochiq turdagi 4 yangi avtoturargoh qurildi. Oltita koʻp qavatli uyning fasad qismi yangi qiyofaga kirdi. Shuningdek, mahallaga 50 dan ziyod kuzatuv kamerasi oʻrnatildi.

 

Bundan tashqari, mahalla toʻyiga toʻyona sifatida 193-maktabgacha taʼlim muassasasining ochilishi bolajonlarga oʻzgacha sovgʻa boʻldi. Mahalla ahlining koʻp yillik orzusi – Mirzo Ulugʻbek tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli 8-oilaviy poliklinikaning ochilishi bu yerda istiqomat qilayotgan barcha oilalarga quvonch ulashdi.

 

Endi yoʻl-yoʻlaklarga yelim xaltada zimdan chiqindi tashlab ketuvchi “chaqqonlar“, dov-daraxt tagiga ovqat qoldiqlarini toʻkuvchi noshukurlar, podyezdlar, yoʻlak va ariqlar chetida xazon uyumlarini toʻplab qoʻyuvchi mahalladoshlar ham anchagina hushyor tortdi. Mahallasi hududidagi obodlik, fayz, pokizalik oʻzining, shu yerda yashayotgan odamlarning, oilalarning yuz-koʻzi, maʼnaviy qiyofasi ekanini dildan anglab yetdi.

 

Mahallani obod qilish yoʻlidagi keng koʻlamli amaliy ishlar yurtdoshlarimizda tinch-osoyishta, farovon va baxtiyor hayot uchun mudom shukronalik tuygʻusi bilan yashash, yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar qadriga yetish, oʻz mahallamiz, Vatanimiz uchun masʼuliyat hissini yanada kuchaytirishga undayotgani shubhasiz.

 

N.Usmonova, OʻzA

24.11.2018

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar