Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, inson qadri – bu avvalo tekis, ravon va nurafshon ko‘chalar, xonadonning obod-u yorug‘, odamlarning ishli-yu daromadli bo‘lishi, farzandlarining davr talabiga mos ta’lim olishi, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati demakdir.
Prezidentimiz topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Shofirkon tumanidagi faoliyati ham ayni shu ezgu g‘oyalar ijobati bilan uyg‘un kechdi. “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida tumanning 50 ta mahallasida uyma-uy, xonadonma-xonadon tashkil qilingan sayyor qabullar esa xalq bilan muloqot tizimini yangi bosqichga olib chiqishda yana bir muhim platforma bo‘ldi.
Bu jarayonda eng muhim vazifa – aholining dasturxoni to‘kinligi-yu ro‘zg‘ori butligini ta’minlash, ishsiz insonlar uchun doimiy ish va barqaror daromad manbai yaratib berishdan iborat. Shu maqsadda “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida tumanda 500 nafardan ziyod fuqarolarga 13 milliard 400 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
Aytaylik, jo‘ynavlik Dilafro‘z Ismoilova ham boquvchisini yo‘qotgach, og‘ir sharoitga tushib qolgan edi. Ayol dastlab qo‘ziqorin yetishtirish texnologiyasini o‘rgandi, kichikroq joyda tajriba qilib ko‘rdi. So‘ng Dilafro‘z opaga imtiyozli kredit ajratilgach, ayolning ishlari ancha rivojlanib ketdi. Ayni paytda uy sharoitida qo‘ziqorin yetishtirib, daromad topayotgan Dilafro‘z Ismoilova mahalladoshlari bandligini ham ta’minladi.
Shu bilan birga, hokim yordamchilari tavsiyalari asosida 640 nafar fuqaroga 1,7 mlrd. so‘mlik subsidiya asosida ish anjomlari olib berildi. “Qizilon” qishlog‘ida yashovchi “Ayollar daftari”da turuvchi Umida Sultonovaga tikuv mashinasi ajratilishi bu ayol oilasiga ham qo‘shimcha daromad eshigini ochdi.
Umuman, bu jarayonda 402 nafar ishsiz inson bandligiga ko‘maklashilgan bo‘lsa, shundan 173 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi, qariyb 1 ming 900 nafarining esa o‘zini o‘zi band qilishiga sharoit yaratildi.
Yo‘llar ta’miri, elektr energiyasi, ichimlik suvi, suyultirilgan gaz va ko‘mir ta’minoti kabi aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq qator masalalarga ham joyida yechim topildi. Xususan, Dorigar, Chuqurak kabi mahallalardagi 60,8 km yo‘llar ta’mirlandi. Shundan 47,3 kilometr tuproq ko‘chalar tosh yo‘lga aylantirilib, 9,1 kilometr qismi asfaltlandi, 4,4 kilometr yo‘l betonlashtirildi. Dorigar ko‘chalarining 2,2 kilometri ta’mirlanishi bilan aholining uzog‘i yaqin, yo‘li ravon bo‘ldi.
Jo‘shira, Temirchi singari qishloq-mahallalarda 16 ta yangi transformator o‘rnatilib, 110 ta eskirgan simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirildi, yana 15 ta transformator ta’mirlandi. Natijada yuzlab xonadonlar ham, ularda yashayotgan minglab insonlar qalbi ham yanada charog‘onlashdi.
“Bog‘i Afzal” QFY “So‘fiyon” qishlog‘i aholisi uchun esa internetga ulanish katta masala bo‘lib kelayotgan edi. O‘rganishlar davomida 1,7 kilometr tarmoq tortilishi bilan bu muammo hal bo‘ldi. Umuman, bu jarayonda jami 23,6 km optik aloqa tarmog‘i tortilib, qariyb 760 xonadon yuqori tezlikdagi internet xizmati bilan ta’minlandi. Mobil aloqa operatorlari 32 ta tayanch stansiyani texnik ko‘rikdan o‘tkazib, qurilmalarda profilaktika ishlarini olib bordi.
Shofirkondagi og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlar va yoshlar muammolarini hal etish, hududda qurilish-obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun viloyat hokimligi 1,2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratdi. Buning hisobidan “Temir daftar”ga kiritilgan 87 ta oilaga, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 84 nafar yoshga turli yordamlar ko‘rsatildi. Og‘ir sharoitdagi 463 ta oilaga qurilish materiallari, chorva mollari olib berildi.
Tibbiy ko‘riklar natijasida xastalik aniqlangan 126 nafar kishi viloyat va tuman shifoxonalariga yotqizilgan bo‘lsa,13 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi, nogironligi bor 21 nafar inson aravachalar va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi. Ancha yildan buyon suyak yemirilishidan aziyat chekayotgan Muhayyo Yarashevaga ham davolanish xarajatlari qoplab berilishi bilan yana bir inson, bir oilaning katta tashvishi aridi.
Shofirkonlik Barchinoy Akramova va Yoqut Aslonovaning og‘ir xasta turmush o‘rtoqlariga ham shunday yordam ko‘rsatilishi bilan birga, uy-joysiz qiynalib yurgan har ikki oila boshpana bilan ta’minlandi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Shofirkondagi faoliyati davomida aniqlangan 4 ming 530 dan ziyod masalaning 3,4 mingdan ortig‘i joyida hal qilingan bo‘lsa, qolgan muammolar bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, tuman, sektor va mahalla darajasidagi har bir rahbar, har bir mas’ulning har haftalik ish rejasi ishlab chiqilib, nazoratga olindi. Bu boradagi vazifalar natijadorligi esa ular faoliyatiga baho berishda asosiy mezon bo‘ladi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |