Qadrli vatandoshlar!
Dunyodagi jamiyki islom ummati qatori yurtimiz mo‘min-musulmonlari ham katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan ulug‘ ayyom – Ramazon hayiti bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.
Qalblarimiz quvonch va ezgulik nuriga to‘lib turgan ushbu saodatli damlarda avvalo mana shunday qutlug‘ va munavvar kunlarga el-yurtimiz bilan birgalikda sog‘-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.
Xalqimiz azaldan insonparvarlik, mehr-oqibat, xayru saxovat va bag‘rikenglik ramzi sifatida qadrlab, e’zozlab keladigan Ramazoni sharifga bu yil ham puxta tayyorgarlik ko‘rilib, uni munosib o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu esa mo‘min-musulmonlarimiz uchun barcha diniy ibodatlarni fayzli va mazmunli o‘tkazib, ushbu muborak oyning shafoat va fazilatlaridan to‘la bahramand bo‘lish imkonini berdi. Ayniqsa, minglab yurtdoshlarimiz ikki muqaddas shahar – Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga borib, aynan Ramazon kunlarida Umra amallarini ado etish baxtiga musharraf bo‘lganlari e’tiborlidir.
Biz bularning barchasini dinu diyonatini pok saqlab, sof niyatlar bilan yashab kelayotgan xalqimizga Alloh taoloning cheksiz marhamati sifatida qabul qilamiz.
Aziz yurtdoshlar!
Yangi O‘zbekistonni qurish jarayonida hayotimizning barcha sohalari qatori diniy yo‘nalishdagi ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda. Keyingi yillarda sizlar bilan birga bu borada ulkan ishlarni amalga oshirayotganimiz xalqimiz, jamoatchiligimizga yaxshi ma’lum, albatta.
Ayniqsa, yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ish boshlagani, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasiga, Samarqandda Hadis ilmi maktabiga asos solingani, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy qadamjolari, Toshkent shahrida Suzuk ota majmuasi yangitdan bunyod qilingani, o‘nlab muhtasham masjidlar, diniy bilim muassasalari barpo etilgani, ziyoratgoh maskanlar obod qilingani ma’naviy-ruhiy hayotimizda alohida yorqin sahifa bo‘lib qoladi.
Eng muhimi, bunday keng ko‘lamli ishlarimiz O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi singari muazzam obidalar qurilishi misolida jadal davom ettirilmoqda.
Mo‘min-musulmonlarimizga ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, umra ziyorati bo‘yicha kvota bekor qilingani, haj ziyoratiga boruvchilar soni 3 barobar oshirilganini qayd etish zarur. Xususan, birgina joriy yilning o‘tgan davrida 31 ming nafardan ortiq vatandoshlarimiz Makka va Madinada muqaddas ibodatlarni bajarib, el-yurtimiz haqqiga ezgu duolar qilib qaytganlarini ta’kidlash o‘rinli.
Ayni vaqtda yurtimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan tabarruk qadamjolar obod qilinib, ehtiyojmand kishilar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilayotgani ham Ramazon oyining ahamiyati va fayzu shukuhini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bularning barchasi mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’naviy qadriyatlarni tiklash va e’zozlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘lib, biz bunday savobli ishlarni kelgusida ham izchil davom ettiramiz.
Muhtaram do‘stlar!
Biz jonajon Vatanimizda tinchlik va osoyishtalik, ahillik va hamjihatlikni saqlash, xalqimiz hayotini yanada erkin, obod va farovon etishni maqsad qilgan ekanmiz, o‘tgan davr mobaynida erishgan barcha yutuqlarimiz, jumladan, vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlarni har tomonlama mustahkamlab borishimiz kerakligini, buni hozirgi va kelgusi taraqqiyotimiz taqozo etayotganini hammamiz yaxshi anglaymiz, albatta.
Fursatdan foydalanib, bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan, inson qadri, uning huquq va erkinliklari, hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizning yanada samarali va bardavom bo‘lishi uchun jon kuydirib, o‘z taqdiri va kelajagiga chuqur mas’uliyat hamda daxldorlik tuyg‘usi bilan yashab, fidokorona mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizga, ko‘pmillatli butun xalqimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Aziz va qadrli vatandoshlar!
Ushbu shukuhli lahzalarda dunyo mo‘min-musulmonlarini, do‘st va hamkorlarimizni Ramazon bayrami bilan samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik-barqarorlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Oila davrasida, mahallalarda muborak Iyd-al-fitr ayyomini xursandchilik bilan kutib olayotgan siz, muhtaram yurtdoshlarimni yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Niyati pok, maqsadlari ulug‘ xalqimizning ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqsin!
Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |