Qadrli do‘stlar!
Bugun yurtimizda keng nishonlanayotgan Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan siz, azizlarni, muhtaram faxriylarimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bu ayyom nafaqat o‘z hayotini shu sohaga bag‘ishlagan fidoyi insonlar, balki ularning mashaqqatli ijod va mehnat mahsulidan bahramand bo‘ladigan millionlab mushtariylar, tinglovchi va tomoshabinlar, butun jamiyatimiz uchun ham qadrlidir.
Mana shunday kunlarda milliy matbuotimizning tamal toshini qo‘ygan jadid bobolarimizning: “Matbuot fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo‘lida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan ko‘zgu bo‘lmog‘i lozim” degan fikrlari hozirgi kunimiz uchun ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashimiz tabiiydir.
Ma’rifatparvar ajdodlarimizning bu olijanob orzu-intilishlari faqatgina mustaqilligimiz tufayli ro‘yobga chiqdi.
Keyingi yillarda yurtimizda ro‘y berayotgan tarixiy o‘zgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalarini erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin, ijtimoiy muhit yaratildi.
Biz mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini, axborot olish va uni tarqatish huquqini ta’minlash masalasini inson qadrini ulug‘lash, demokratik jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilgan taraqqiyot strategiyamizning muhim va ajralmas qismi deb bilamiz.
Yangilangan Asosiy qonunimizda ushbu yo‘nalishdagi konstitutsiyaviy qoidalar yanada mustahkamlab qo‘yilgani bu boradagi sa’y-harakatlarimiz bardavom ekanini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda yurtimizda 2140 ta yoki 2016 yilga nisbatan 626 ta ko‘p ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 65 foizi nodavlat media vositalari ekani sohada tarkibiy o‘zgarishlar izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. An’anaviy nashrlar bilan birga internet nashrlar ham jadal rivojlanib, ularning soni 745 taga yetgani va o‘quvchilar ommasini tobora ko‘proq o‘ziga jalb etayotganini qayd etish lozim.
Davlat idoralari va mahalliy hokimliklar tarkibida axborot xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani xalq bilan muloqotni kuchaytirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, ularning ochiqlik borasidagi samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash hamda ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etildi. Jumladan, yaqinda birinchi marta o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash bo‘yicha Ochiqlik indeksi natijalari e’lon qilingani bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi.
Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xalqaro axborot makoniga ham dadil kirib bormoqda. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda bir qator xususiy telestudiyalarning ko‘rsatuvlari jahonning 100 dan ortiq davlatlariga uzatilmoqda. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi o‘z xabarlarini 10 ta xorijiy tilda tarqatmoqda.
Keyingi vaqtda yurtimizda kitobxonlikni ommalashtirishdek ezgu ishga nashriyot-matbaa sohasi xodimlari ham munosib hissa qo‘shayotganini alohida e’tirof etish lozim. So‘nggi yillarda respublika nashriyotlari tomonidan 132 million nusxa badiiy kitob va boshqa adabiyotlar chop etilgani kitobsevar xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning ongu tafakkurini yuksaltirishda muhim rol o‘ynashi shubhasiz.
Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu soha uchun uch yil muddatga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berilgani ularning iqtisodiy holatini barqarorlashtirishda katta madad bo‘lmoqda.
Aziz do‘stlar!
Bugungi shiddatli davrning o‘zi barcha sohalar qatori axborot yo‘nalishida ham oldimizga o‘ta dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.
Hozirgi vaqtda yer yuzining turli burchaklarida yuz berayotgan, barchamizni tashvish va xavotirga solayotgan voqealarni hisobga oladigan bo‘lsak, global dunyoda axborotlashuv jarayonlarining tahdidli jihatlari ham borligi va ular tobora kuchayib borayotganidan ko‘z yumolmaymiz.
Dunyoning ayrim mintaqa va hududlarida ommaviy axborot vositalari muayyan siyosiy kuchlar qo‘lida informatsion urushni avj oldirishga, jamoatchilik fikrini chalg‘itishga, oqni – qora, qorani – oq deb ko‘rsatishga xizmat qilayotganini afsus bilan qayd etishga to‘g‘ri keladi.
Axborot makonidagi ustunlik ko‘p narsani hal etadigan bugungi murakkab vaziyatda xalqimiz siz, azizlarni demokratik matbuotning asosiy sharti va talabi bo‘lgan xolislik, haqqoniylik, milliy manfaatlarimizga sodiqlik kabi prinsiplarga amal qilib, o‘z bilim va salohiyati, o‘tkir qalami va haroratli so‘zi bilan jamoatchilikka ijtimoiy jarayonlar mohiyatini anglab yetishga ko‘maklashadigan, ularni buzg‘unchi axborot xurujlaridan himoya qiladigan fidoyi insonlar deb biladi.
Biz jamiyat hayotida uchrayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, byurokratiya va korrupsiya kabi illatlarga qarshi kurashishda, avvalo, siz hurmatli jurnalist va blogerlar, ayniqsa, milliy media makonimizga yangi g‘oya va tashabbuslar bilan kirib kelayotgan iste’dodli yoshlarimizga tayanamiz.
Shu bois keng miqyosda fikrlaydigan, ona tili bilan bir qatorda xorijiy tillarni, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, yuksak malakali, vatanparvar jurnalist kadrlarni tayyorlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti kabi ta’lim muassasalarida jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha yuzlab mutaxassislar tayyorlanayotgani ham shundan dalolat beradi.
Ushbu oliy ta’lim dargohlarida talaba yoshlarimiz bosma ommaviy axborot vositalari va noshirlik ishi, audiovizual jurnalistika, internet jurnalistikasi va menejmenti, media nazariyasi va amaliyoti, harbiy va sport jurnalistikasi, raqamli media, xalqaro munosabatlar singari yigirmadan ziyod ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali professor-o‘qituvchilardan mahorat sirlarini o‘rganayotgani ayniqsa e’tiborlidir.
Biz Yangi O‘zbekistonning yangi jurnalistikasini yaratish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ygan ekanmiz, bu boradagi milliy an’analarimiz bilan birga rivojlangan davlatlar tajribasini ham har tomonlama o‘rganishimiz, ommaviy axborot vositalari bo‘yicha dunyodagi yetakchi oliygohlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va media kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishimizni hayotning o‘zi talab etmoqda.
Shu sababli ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘lib qoladi.
Bu sohada oldimizda turgan vazifalarni aniq belgilab olish va amalga oshirishda hozirgi vaqtda O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi tomonidan tayyorlanayotgan Milliy ma’ruza katta amaliy ahamiyat kasb etadi, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz va jamiyatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatini rag‘batlantirish, sohaning moddiy-texnik va kadrlar salohiyatini mustahkamlash uchun zarur yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidlayman.
Sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz hamda yaqinlashib kelayotgan ulug‘ ayyom – Qurbon hayiti bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy faoliyatingizda yangi yutuqlar, xonadonlaringizga baxt-saodat va fayzu baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |