2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Xorijiy davlatlar yetakchilari O‘zbekiston Prezidentini saylovdagi g‘alabasi bilan qutladi

Xorijiy davlatlar yetakchilari O‘zbekiston Prezidentini saylovdagi g‘alabasi bilan qutladi

10-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev,  Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Rossiya yetakchisi davlatimiz rahbarini saylovda qozonilgan ishonchli g‘alaba bilan dildan qutladi.

Alohida ta’kidlanganidek, ovoz berish natijalari O‘zbekistonda mamlakatni yanada jadal rivojlantirish, uning xalqaro nufuzini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar siyosati xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Yetakchilar o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, tovar ayirboshlash sur’atini davom ettirish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida to‘xtaldilar.

Davlat rahbarlari ishbilarmonlar va hududlar darajasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, faol gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Turkmaniston yetakchisi davlatimiz rahbarini muddatidan ilgari o‘tkazilgan Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, qardosh O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda amaliy hamkorlik kengayib bormoqda. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalar va gumanitar almashinuvlar faollashdi.

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Tojikiston rahbari mamlakatimiz yetakchisini kuni kecha O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Qozog‘iston rahbari O‘zbekiston yetakchisini Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, unga yangi muvaffaqiyatlar, farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi oshib bormoqda, muhim investitsiyaviy va gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yanada ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Qirg‘iziston yetakchisi davlatimiz rahbarini kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabrikladi. Qayd etilganidek, ovoz berish natijalari mamlakatimiz aholisi O‘zbekistonning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan pragmatik siyosatga ishonishi va uni keng qo‘llab-quvvatlashini yaqqol ko‘rsatdi.

Telefon muloqoti davomida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Idoralararo muloqotlar faol kechayotgani, ikki mamlakat ishbilarmonlari va hududlari o‘rtasidagi almashinuvlar samarali bo‘layotgani qayd etildi.

Joriy yil 1 iyun kunidan O‘sh shahrida O‘zbekistonning bosh konsulligi o‘z ishini boshladi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda, avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika va to‘qimachilik tarmoqlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Qo‘shma Investitsiya fondining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Gumanitar sohada ikki mamlakat oqsoqollari, ziyolilari va yoshlari ishtirokidagi Avlodlar muloqoti doirasidagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Davlat rahbarlari oliy darajadagi kelishuvlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash muhimligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqotida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbarini kuni kecha bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabrikladi.

Barcha darajalarda faol muloqotlar davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan hukumatlararo komissiyalarning yig‘ilishlari, transport, energetika va madaniyat vazirlarining uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur’at bilan ortib bormoqda. Qardosh xalqlarimizni yaqinlashtirishga qaratilgan muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va amaliy sheriklik loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqotida ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Ozarbayjon rahbari mamlakatimiz yetakchisini Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, do‘st O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiy kun tartibidagi masalalarni ikki mamlakat hukumatlari darajasida puxta ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, Qo‘shilmaslik harakati va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqotida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va faol gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Belarus Prezidenti davlatimiz rahbarini Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutlab, O‘zbekistonga katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tiladi.

O‘zaro savdo hajmi oshib, tibbiyot, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda amalga oshirilayotgan loyihalar soni ko‘payib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Joriy yilning aprel oyida Belarusda O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi, may oyida Toshkent shahrida birgalikda suratga olingan kinofilm premerasi bo‘lib o‘tdi.

Ikki mamlakat yetakchilari tomonidan O‘zbekiston – Belarus hukumatlararo komissiyasi ishini faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlikka oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqotida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga birgalikda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida so‘z bordi.

Suhbat avvalida Turkiya Prezidenti davlatimiz rahbarini muddatidan ilgari Prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutladi, saylovchilarning ovoz berishdagi faol ishtirokini hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston – Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, muhim investitsiya loyihalari va gumanitar dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy telefon orqali muloqot qildilar.

Suhbat avvalida Eron rahbari mamlakatimiz yetakchisini kuni kecha O‘zbekistonda o‘tgan muddatidan ilgari Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan samimiy tabrikladi.

Eron Prezidenti ushbu mamlakatning Oliy diniy rahbari oyatulloh Sayid Ali Xomaneiyning salomi va tabriklarini ham yetkazdi.

Joriy yilning iyun oyida Eronga rasmiy tashrif yakunida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qabul qilingan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga kirishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Faol muloqotlarni, shu jumladan, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va hududlar ma’muriyatlari darajasidagi aloqalarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan telefon orqali muloqoti davomida faol va tizimli siyosiy aloqalarni davom ettirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni jadallashtirish, ishbilarmonlik va gumanitar tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.

Vengriya Bosh vaziri mamlakatimiz yetakchisini kuni kecha bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari Prezident saylovida qozonilgan ishonchli g‘alaba bilan samimiy tabriklab, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Muntazam siyosiy maslahatlashuvlar yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning mart oyida Budapesht shahrida O‘zbekiston elchixonasi ochildi.

O‘zaro savdo hajmi oshib bormoqda. Bank-moliya bozoriga Yevropaning yetakchi «OTP» banki kirib keldi.

Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda. Investitsiyalar portfeli jami 1,5 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Telefon muloqoti chog‘ida Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida kooperatsiya loyihalarini tezlashtirish, gumanitar va ta’lim almashinuvlarini kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbir ishlab chiqish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevнинг telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti O‘zbekiston rahbarini kuni kecha mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, energetika, transport-logistika, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida jadal rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqotida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, Amirliklarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shayx Mansur Ol Nahayon O‘zbekiston rahbarini bo‘lib o‘tgan saylovdagi ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, xalqimizga farovonlik va ravnaq tiladi. BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayonning tabrigi va eng ezgu tilaklarini ham yetkazdi.

Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Tovar ayirboshlashning o‘sish sur’ati, qo‘shma korxonalar hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni ortayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda investitsiya loyihalari portfeli 4 milliard dollardan oshib, "yashil energetika", qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm infratuzilmasi va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan.

BAA tomoni O‘zbekiston Respublikasi hududida ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni amalga oshirishda ham texnik ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.

Suhbat davomida oliy darajadagi faol muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikning yirik loyihalarini ilgari surish muhim ekani alohida ta’kidlandi.

11.07.2023

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar