2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Odamlari hayotdan rozi Vatan osuda, obod va fayzli bo‘ladi

Erta tong. Bosh qomusimiz qabul qilinganining 31 yilligi nishonlanayotgan kun. Prezidentimizning Surxondaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Abdulhakim Eshmuratov va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Komil Abduvohidov bilan Boysunga yo‘l oldik. Maftunkor tog‘lar qo‘ynidagi Duoba mahallasiga borish va “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida tubdan yangilangan hudud aholisining quvonchiga sherik bo‘lishga shoshayapmiz.

Aytgancha, har ikkala hamrohim ham hayotning pastu balandini ko‘rgan, fikrlari teran, fidoyi rahbarlar. Taniganimdan buyon ikkovi ham umrini el tashvishi bilan o‘tkazayotir. Ko‘ngilga yaqin insonlarga yo‘ldosh bo‘lishning o‘z gashti, suhbatlashishning zavqu shavqi bo‘lakcha. Ayniqsa, olis manzilga otlansangiz, yo‘l azobi bilinmaydi.  

Baland cho‘qqilarga tutashib ketgan bu qishloqlarda avval ham bo‘lganman. So‘nggi marta borganimizda “Shkoda” yengil mashinasida Boysungacha uch soat, tuman markazidan manzilga yetib olish uchun yana to‘rt soatdan ortiq yo‘l yurganmiz. Chunki, goh tepaga o‘rlab, goh nishabga harakatlanadigan tog‘ yo‘llari o‘ydim-chuqur. Faqat yuk avtomashinalari va “UAZ”, “Niva” singari yo‘l tanlamaslar harakatlanadigan qaltis yo‘l. Daryo va soylardagi omonatgina ko‘priklardan yurak hovuchlab o‘tganimizni yaxshi eslayman.  

Yo‘l-yo‘lakay Abdulhakim Eshmurodov o‘tayotgan yilda “Obod xonadon –obod ko‘cha¬ – obod mahalla” mezonlari doirasida viloyatda amalga oshirilgan ishlar haqida gurung beradi. Oltinsoy tumanidagi Obshir, Sho‘rchidagi Xo‘shchekka, Uzun tumanidagi Yangi yo‘l mahallalarining qiyofasi tubdan o‘zgarib, odamlarning munosib hayot kechirishi uchun barcha sharoit yaratilgani, Duobada  bajarilgan qurilish-obodonlashtirish ishlari, Muzrabot tumanidagi Bog‘i eram mahallasida bu ishlar davom etayotganini maroq bilan so‘zlaydi.  

–Bu hududlarning har birini yangi ko‘rinishga keltirish o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q,¬ – deydi Abdulhakim Eshmuradov.¬ – Katta mablag‘ va hasharchilarning betinim mehnati evaziga shuncha ish bo‘ldi. Har bir mahallada yangi binolar qurish, yo‘llarni kengaytirib, tekislash va obodonlashtirish uchun ikki-uch oy tinimsiz mehnat qilindi. Bularning barchasi og‘ir hudud sifatida tanlangan mahallalar odamlari uchun munosib turmush sharoiti yaratib, ularning bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashiga qaratilgan.

Shu zayldagi gurung bilan bo‘lib, Termizdan Boysun taraflarga yaqinlashganimizni ham sezmay qolibman. Mashinamiz Sayrobdan Boysun tomonga o‘rlaganida beixtiyor tizginsiz o‘yga cho‘mib qoldim. O‘zimga “bu dunyoda insonning ko‘ngliga yo‘l topishdan, uni rozi qilishdan ham mushkul ish bormi?”, degan savolni berdim. Bilaman, oramizda ota yoki onasi duosini olish, ularni rozi qilish uchun yelib- yugurib yurgan zamondoshlarimiz ko‘p. Jigarlarim, ustozim yo do‘stu qadrdonimga nafim tegdimi, ular mendan rozimi, degan o‘y bilan yashayotgan yurtdoshlarimiz bor. O‘quvsizligi yoki nogironligidan yetishmovchiliklar girdobida qolgan oilalarni oyoqqa turg‘ishga imkon topolmay hijolatda yurgan qo‘shnilar yo‘q emas.  

Xayolimni jamlab yana hamrohlarim suhbatini tinglar ekanman, yo‘l-yo‘lakay insonni rozi qilish og‘ir va o‘ta zalvorli ish ekanini tasavvur qilishga urinaman. Davlatimiz nafaqat ana shunday kamu ko‘sti bor insonlarni, balki butun yurtimiz aholisini hayotidan rozi qilishdek ulkan ishni boshlaganidan hayratlanaman. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda joriy etilgan “Obod xonadon¬–obod ko‘cha¬–obod mahalla” mezoni ham aynan shu maqsadga yo‘naltirilganini ko‘z oldimga keltirib, joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘zimcha chamalab ko‘rmoqchi bo‘laman. Lekin qisqa muddatlarda bajarilayotgan bu ishlar ko‘lami aqlimni shoshiradi. Termizu Sherobodni ortda qoldirib, tog‘ tarafga o‘rlar ekanmiz, Abdulhakim Eshmuradovning bu mahallalarning har birida ikki-uch oy umri o‘tganini, Komil Abduvohidovning kun ora shu hududlarga qatnab, yangi bunyod etilayotgan yo ta’mirlanayotgan tibbiyot muassasasi qurilishi sifatini nazorat qilib turganini tasavvur qilishga urinaman.

Duoba tarafga tobora yaqinlashar ekanmiz, fikrimni bexosdan xayolimga kelgan yana bir masala chalg‘itib qo‘yadi. Prezidentimiz topshiriqlaridan so‘ng og‘ir hudud sifatida tanlangan tog‘li bu mahallada qisqa vaqtda shuncha ko‘p yangilanish yuz bergan bo‘lsa, uni qisqagina xabar bilan xalqqa qanday yetkazish mumkin? Axir, jamiyatimiz tubdan o‘zgarayotgan hozirgi paytda axborotga ehtiyoj ham o‘zgarib bormoqda. Yangilikni o‘quvchilarga faqat xolis emas, balki tezkor, qisqa yetkazish an’anaga aylanmoqda. Ko‘pincha katta-kichik rahbarlar yoki boshqa suhbatdoshlarim menga odamlar katta maqolalarni o‘qimay qo‘ydi, shov-shuvli qisqa xabarlarga qiziqib qoldi, degan fikrlarni aytadi. Jamiyatimizda bu holni shov-shuv ko‘tarishga ishtiyoqi baland ijtimoiy tarmoq faollarining o‘quvchilarni o‘ziga og‘dirishga bo‘lgan harakati va jurnalistikaning ham beixtiyor shu tarafga og‘ayotganidan bo‘lsa kerak, deb bilaman. Vatanda yuz berayotgan bu kabi katta o‘zgarish va yangilanishlaru, ularning mazmun-mohiyatini odamlarga xolis, to‘g‘ri yetkazishda blogerlarning qisqa, shov-shuvli xabar janridagi uslubidan emas, jurnalistikaning publitsistik janrlaridan foydalanish kerak, degan to‘xtamga kelaman.  

Yengil mashinamiz Padang kengliklaridan o‘tib, baland Boysun tog‘idagi ikki tarafi quyuq archazor yo‘lda pastga harakatlana boshlaydi. Viloyat Xalq qabulxonasi mudirining chehrasi yanada yorishadi. Avvaliga bu holatni tabiatning go‘zalligi yo tog‘ havosi musaffoligidanmi yoki keng, ravon yo‘lda mashinamizning yengil harakatlanayotganidanmi, bilmayman.  

¬Yo‘l qanday bo‘libdi,¬ deya kutilmaganda savol beradi A.Eshmuradov mayin jilmayib.¬ Bu yo‘llarda avval ham yurgandim, degandingiz. O‘shanda ham shunaqa keng, tekismidi? Hov, ko‘rayapsizmi, ilgari yo‘ltanlamas yengil mashinalar qiynalib harakatlangan yo‘lda “Damas” bemalol o‘rlab kelmoqda.

Yangilangan tekis yo‘l, yo‘l bo‘ylarida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari, daryo, soy va jilg‘alarda bajarilgan yirik hajmdagi ishlar to‘g‘risida suhbatlashib, chamasi ikki soatda Duoba mahallasi markaziga  yetib keldik.  

Mahalla Duoba, Qayroq, Pastki Duoba va Gumatak qishloqlaridan iborat maftunkor go‘sha. 502 xonadonda 2 ming 500 dan ziyod aholi yashaydi. 17 fermer xo‘jaligi mavjud. Yettita ko‘chasi bor. Odamlar asosan chorvachilik va olma yetishtirish bilan shug‘ullanadi.  Bu mahalladan tepada Nazari, Dehbolo, O‘rmonchi kabi qishloqlar mavjud. Ikki tog‘ orasidagi daryo bo‘ylab, ketaversangiz, Qashqadaryo taraflarga borib qolasiz.  

Haydovchimiz mashinani yangi qurilgan qishloq-shifokorlik punkti oldida to‘xtatdi. Shaharnikidan qolishmaydigan, 50 qatnovga mo‘ljallangan tibbiyot muassasasi zamonaviy usulda jihozlangan. Isitish tarmog‘i barpo etilgan. Kunduzgi davolanish xonalari bor. Bunday sharoitdan tibbiyot xodimlarining ham, aholining ham quvonchi cheksiz. Bu ularning shodan chehrasida shundoq ko‘rinib turibdi. Axir, quvonmay bo‘ladimi? Qariyb 2 milliard so‘m evaziga barpo etilgan tibbiyot maskani bu yerlik yoshu keksaning bir umrlik orzusi bo‘lgan-ku!  

Bu hali hammasi emas. Qishloqqa uzukning ko‘zidek yarashgan ko‘rkam binoning yonida ikkita “Tez yordam” mashinasi turibdi. Ular ham aholiga xizmat ko‘rsatish uchun tuhfa qilingan.

¬–Eski binoni ko‘rganmisiz? –Savol beradi mayingina jilmayib Komil Abduvohidov.

–Yo‘q, hali buzilmaganmi? – ¬so‘rayman sekingina.  

¬–Yuring ko‘rsataman,¬ –deydi A.Eshmuradov.

Birgalikda pastga yuramiz. Guvala loydan qurilgan, moslashtirilgan eski binoga kelamiz. Qulab tushay, deb turgan binoning ichkari devorlari yorilib qolgan. Qo‘lbola pech o‘rnatilgan xonalar tor. Yog‘och eshiklari bir ahvolda turibdi. Shu tobda binoni suratga ham olib qo‘ydim.

Binoni ko‘zdan kechirar ekanman, bu yerda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan shifokoru, hamshiralar mehnatini ta’riflashga gapning rosti tilim ojizlik qildi.  

Yangi tibbiyot muassasasidan uncha uzoq bo‘lmagan masofada 17- maktab uchun 2 milliard 100 million so‘m mablag‘ sarflanib, 180 o‘rinli o‘quv binosi, yo‘l bo‘yida turli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridan iborat mikromarkaz qurilgan. Mahallaning eski binosi 500 million so‘mga tubdan qayta ta’mirlanib, bir yo‘la mo‘’jazgina kutubxona va xotin-qizlar uchun tikuvchilik o‘quv markazi ham tashkil etilgan. Sport maydonchasi, Pastki Duoba qishlog‘ida 1 milliard  so‘mga 80 o‘rinli maktab filiali barpo etilgan.

Shu kungacha faqatgina yuk mashinalari yoki yo‘l tanlamas avtoulovlar harakatlanishi mumkin bo‘lgan 36 kilometr o‘nqir-cho‘nqir tog‘ yo‘li tekislanib, shag‘al yotqizilgan. 7 ta sel-suv toshqinlari zarar yetkazgan yo‘llarga beton yotqizilgan. Ikkita transformator punkti qurilib, 1,6 kilometr havo elektr uzatish tarmog‘i tortilgan. Qayroq va Gumatak qishloqlari aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlangan.  Suyultirilgan gaz ballonlarini saqlash va aholiga yetkazib berish uchun servis markazi bunyod etilgan.  

Hududlarni bir-biri bilan bog‘lashda ko‘priklarning alohida o‘rni bor. Endilikda Duoba va undan keyingi mahallalar aholisi bahorning seryog‘in, qishning izg‘irinli kunlarida ham hech ikkilanmay tuman markaziga qatnay oladi. Duoba daryosi ustidagi omonatgina ko‘prik o‘rnida olti milliard so‘m mablag‘ evaziga qad rostlagan keng, mustahkam ko‘prik tog‘ qishloqlarini qishin-yozin  mamlakatimizning  istalgan  nuqtasi  bilan  bog‘lab  turadi.  

Mahallada bajarilgan obodonlashtirish yumushlari, qayta ta’mirlangan uy-joylar, kam ta’minlangan oilalarga ko‘rsatilgan moddiy yordam, qish uchun yetkazib berilgan ko‘mir yoqilg‘isi, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik, kasallik aniqlanganlarni bepul sog‘lomlashtirish va boshqa xayrli maqsadlar uchun sarflangan mablag‘ni ham qo‘shsangiz, inson qadrini ulug‘lash uchun “Obod xonadon –obod ko‘cha–-obod mahalla” mezonlari o‘z-o‘zidan amalga oshmayotganiga  siz ham  qatiy  ishonch  hosil qilasiz.  

¬–Bunday sharoitda yashash bizning bolalikdan orzumiz edi,¬ –deydi faxriy pedagog Ramazon Abdullayev.¬ –Bolalikdan yozda chang, qishda loy ko‘chalarda yurib ulg‘aydik. Oltmish-yetmish yildan buyon amalga oshmagan ishlar ikki oydan sahal ko‘proq vaqtda bajarildi. Mahallamiz ko‘rkam shaharcha tusini oldi. Shunday obod va to‘kin zamonni ko‘rganimiz, oddiy xalq dardu tashvishini o‘ylaydigan davlat rahbarimiz borligi yoshimizga yosh qo‘shib, belimizga quvvat bo‘lmoqda. Shunday sharoitlarni yaratib bergan davlatimizdan mingdan-ming rozimiz.

Duobaliklarning qo‘shaloq to‘yida bunday iliq so‘zlarni juda ko‘p eshitdik. Kimdir Prezidentimiz Xalq qabulxonasining mas’ul xodimi Umid Yoqubovga, boshqa birovi davlatimiz rahbarining viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudiri Abduhakim Eshmuradovga, yana boshqalari viloyat, tuman hokimligi mutasaddilariga duch kelib qolsa, quyuq salom-alikdan so‘ng chuqur  minnatdorlik  bildirdi.  

Osmono‘par Boysuntog‘ cho‘qqilarini allaqachon oppoq qor qoplagan. Mayin esayotgan shamol qorning sovuq taftini Duobagacha olib kelmoqda. Yengilroq kiyingan odam tanasiga qorning sovuq shamoli ignadek sanchiladi. Mahalla ahli xursandchiligidan doshqozonlarda osh damlab, Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni qo‘shaloq bayram sifatida nishonlamoqda. Bir tarafda boysunlik san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi namoyish etilayotir. Yana bir tarafda sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lab, ularning bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashi yo‘lida olib borilayotgan siyosatning amaldagi samarasi, xalqimiz birligining hayotdagi yaqqol ifodasidir.

Yaqinda Duobaga ham qalin qor tushdi. Lekin tog‘ yo‘lida transport qatnovi to‘xtagani yo‘q. Keksalar shunday qulayliklar yaratib berilgani uchun subhidamdan duoga qo‘l ochib, Prezidentimizga uzoq umr, Vatanimizga tinchlik, amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga bardavomlik tilamoqda. Demak, duobaliklar  bugun  hayotidan,  tom ma’noda,  rozi bo‘lib yashamoqda.

25.12.2023

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar