Davlatimiz rahbari asos solgan “Xalq bilan muloqot” tizimi bugun minglab odamlarning yillarki hal etilmay kelgan masalasiga yechim topmoqda.
Endi davlat idoralari quyiga, mahallaga tushib, fuqaro dardu tashvishlarini o‘rganayotgani, har bir muammoga kompleks yechim topayotgani, ayniqsa, aholi kayfiyati, yashash sharoitining yaxshilanib borishida o‘zining ifodasini topmoqda. Bu o‘rinda ijtimoiy masalalarning yechim topishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezident Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarning ham salmoqli qismini ushbu yo‘nalishdagi muammolar tashkil etadi. O‘tgan 2023 yil poytaxt tumanlarida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Misol uchun, Chilonzor tumani Katta Qozirabod mahallasida istiqomat qiluvchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj, qaramog‘ida nogironligi bor farzandi bo‘lgan, boquchisi yo‘q Mazina Akromova xonadoni o‘ta ta’mirtalab holga kelib qolgan edi. Bemor farzandi bois hech qayerda ishlashga imkoni bo‘lmagan. Ayni paytda pensiyaga chiqqan onaxon o‘z uyini ta’mirlashga qurbi yetmadi. Uning murojaati tuman Xalq qabulxonasi tomonidan o‘rganilgach, homiylar jalb etilgan holda onaxonning uyi ta’mirlab berildi. Albatta, bunday e’tibordan onaxon cheksiz minnatdor.
Uchtepa tumani Jarbuloq mahallasida istiqomat qiluvchi 1993 yilda tug‘ilgan Ravshan Yo‘ldoshev uzoq yillar jigar sirrozi xastaligi bilan kurashib keldi. Ammo dard g‘olib kelib, bu navqiron yigitni to‘shakka mixladi. Uch nafar shirindan-shakar qizaloqlarning otasida zudlik bilan jarrohlik amaliyotini o‘tkazish va xorijda davolatish zarur edi. Ammo bunga oilaning moddiy imkoni yo‘q. Murojaatlardan so‘ng “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 156 million so‘m hisobiga Ravshan aka Hindistonga olib borilib, jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi. Qayg‘uli kunlar ortda qoldi, Ravshan Yo‘ldoshev sog‘ayish jarayonida. O‘z farzandi bag‘riga qaytgan ota-onaning quvonchi cheksiz.
Shayxontohurlik Usmonali Qosimov va uning singlisi Hofiza Shamsiddinovalar bolalikdan nogiron. Usmonali umuman harakatlana olmaydi. Tuman Xalq qabulxonasiga qilingan murojaatdan so‘ng unga nogironlik aravasi ajratildi. Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilaga tuman Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan doimiy foydalanib borishi uchun tadbirkorni jalb qilgan holda plastik karta berildi va har oyda 850 ming so‘mdan mablag‘ tushirilmoqda. Nogironligi bo‘lgan fuqarolar ota-onalari davlat tomonidan Umra ziyoratiga yuborildi.
Kamolon mahallasida tug‘ma nogironligi bo‘lgan Fotima va Zuhra Shavkatjonovalar yolg‘iz ona parvarishida. Bu oilaning ham yaqingacha o‘z oshyoni yo‘q edi, murojaatlardan so‘ng subsidiya asosida shinam xonadon topshirildi. Bu qizaloqlar maxsus musiqa maktabida ta’lim olishmoqda, niyatlari san’atkor bo‘lish.
Sergelidan murojaat qilgan Vladimir Neruskov ikki tomonlama tizza bo‘g‘imlari koksartrozi bilan og‘rib keladi. Protezlash bo‘yicha jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun yaxshigina mablag‘ zarur. Fuqaroning tuman Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatidan so‘ng unga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 45 million so‘m ajratildi. Tez orada bu otaxonda jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Shuningdek, Yangi Sergeli mahallasida yashovchi qo‘l-oyoq falajligi kasalligi bilan 2021 yilda tug‘ilgan Muhammad Ziyovuddinovni davolanishi uchun 16 million so‘m ajratildi.
Bundan tashqari, aholining kommunal masalalarga oid murojaatlariga ham ijobiy yechim topildi. Jumladan, Chilonzor ko‘chasi 81-uyda yashovchi fuqarolarning tuman Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatlari asosida mazkur uyning tom qismi to‘liq profnastil qoplamasi bilan yopildi, ushbu ko‘p qavatli uy atrofi obod qiyofa kasb etdi. Shuningdek, Yakkatut mahallasidagi 20-21-22-23 uylarning muhandislik tarmoqlari yaxshilangach, issiqlik ta’minoti tiklandi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalariga 2023 yilda 169 ming 867 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 66 ming 346 tasi ijobiy hal etildi. Murojaatlarning 18 ming 352 tasi ijtimoiy masalaga taalluqli bo‘lib, 95 foizi, ya’ni 17 ming 983 tasi ijobiy yechimini topdi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |