Qadrli vatandoshlar!
Butun Yer yuzidagi islom ummati bilan birga jonajon O‘zbekistonimizning barcha mo‘min-musulmonlari ham qutlug‘ va muborak Ramazon oyini xursandchilik bilan kutib oldilar.
Dunyo musulmonlari uchun eng aziz va qadrli bo‘lgan, barcha ezgu niyatlar ijobat bo‘ladigan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin yurakdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromim va samimiy tilaklarimni izhor etaman.
Avvalo, qalblarimizga iymon nurini bag‘ishlaydigan ushbu ulug‘ ayyomni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik muhitida, oilamiz, el-yurtimiz davrasida kutib olayotganimiz uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz.
Ma’naviy poklanish, sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda bo‘ladigan mohi Ramazonni milliy an’ana va qadriyatlarimizga mos, yuksak darajada o‘tkazish, yurtimiz musulmonlarining ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
“Inson qadri – ulug‘” degan olijanob tamoyilimizdan kelib chiqqan holda, mazkur fazilatli oyda xalqimiz manfaatlarini ta’minlash, yosh avlodimizni bilim-ma’rifat, yaxshi xulq-odob sohiblari etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatimiz, el-yurtimiz o‘rtasida mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan savobli ishlarimiz yanada ziyoda bo‘ladi, deb ishonamiz.
Zero, hadisi shariflarda zikr etilganidek, bu oyda qilingan birgina yaxshilik o‘n karra mukofot bo‘lib qaytadi.
Ming afsuski, bugun dunyoning bir qancha mintaqalarida notinchlik, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda, begunoh insonlarning qoni to‘kilmoqda. Biz butun xalqimiz bilan birga yaratgan Egamdan dunyoda tinchlik va osoyishtalik qaror topishini, go‘zal diyorimizdagi tinch-osuda hayot bardavom bo‘lishini chin dildan so‘rab, Qadr kechalarida ixlos bilan duolar qilamiz.
Fursatdan foydalanib, ushbu shukuhli lahzalarda dunyo mo‘min-musulmonlarini, do‘st va hamkorlarimizni muqaddas Ramazon oyi bilan samimiy qutlab, ularning davlatlari va xalqlariga tinchlik-omonlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Ramazoni sharif el-yurtimizga qut-baraka, har bir xonadonga shodu xurramlik, yangi yutuq va omadlar olib kelsin!
Ramazon oyi yana bir bor barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |