2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Aholi muammolari bilan ishlash sohasida yangi tizimga oʻtilmoqda

2019 yil 17 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

“Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalqimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun koʻrishi kerak”. Prezident Shavkat Mirziyoyevning el-yurtimiz qalbi va ongidan chuqur joy olgan bu soʻzlari bugun mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarish va islohotlarni harakatlantiruvchi qudratli kuchga, taʼbir joiz boʻlsa, ularning gʻoyaviy oʻzagiga aylandi. Xalqimizning hayotiy talab va ehtiyojlarini taʼminlash, odamlarimizni rozi qilish yoʻlidagi zalvorli ishlar aynan ana shunday ezgu va hayotbaxsh gʻoyalar asosida olib borilib, tobora yangi maʼno va mazmun bilan boyib bormoqda. Bunday tarixiy oʻzgarishlar silsilasida xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash boʻyicha tamomila yangi tizimga asos solingani, xalqaro miqyosda noyob tuzilma sifatida keng eʼtirof etilayotgan Prezident Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari instituti yaratilgani, shubhasiz, markaziy oʻrinlardan birini egallaydi.

Xalq qabulxonalari xalqimizning necha yillik orzu-armonlarini ushaltirish maqsadida tashkil etilgani bois, el-yurtimiz hayotidan, mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar jarayonidan tez fursatda oʻzining munosib oʻrnini topib, har bir hudud va sohadagi real manzarani, asl holat va mavjud muammolarni aniqlash hamda hal qilish yoʻlida yangi gʻoyalar, amaliy taklif va tashabbuslar yuzaga keladigan, ularni hayotga tatbiq etishning aniq mexanizmlari ishlab chiqiladigan markazlarga aylanib bormoqda.

Oʻtgan davrda Prezident Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari yordamida 2 million 500 mingdan ziyod kishi oʻzini qiynab kelayotgan muammolarga yechim, oʻylantirayotgan savollarga javob topgani ularning xalqimiz mushkulini oson, ogʻirini yengil qilish, jamiyatimizda adolat tamoyillarini mustahkam qaror toptirishda amaliy ahamiyati naqadar yuqori boʻlayotganini yaqqol koʻrsatadi.

Bir soʻz bilan aytganda, Xalq qabulxonalari davlat organlari bilan aholi oʻrtasida ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, dolzarb muammolarni aniqlash, murojaatlar qonuniy va sifatli koʻrib chiqilishini taʼminlashda samarali mexanizmga aylanib, amalda oʻzini toʻla oqladi. Albatta, hayot hech qachon bir joyda toʻxtab turmaydi. Zamon bilan hamqadam boʻlish, kerak boʻlsa, undan bir qadam ilgari odimlash – bugungi kun talabi. Shu maʼnoda, biz yashayotgan hozirgi shiddatli davr, oldimizga qoʻygan ulkan maqsadlar barcha sohalarda boʻlgani kabi mazkur muhim yoʻnalishda ham oʻtgan qisqa davrda orttirilgan ijobiy tajribalarni yanada takomillashtirish, uni mazmun jihatidan rivojlantirishni talab etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida ana shu dolzarb masalaga alohida toʻxtalib, Xalq qabulxonalari faoliyatida mutlaqo yangi tizimga – sifat jihatidan yanada yuksak bosqichga oʻtilishi haqida maʼlum qilgan edi. Mana, oradan hech qancha vaqt oʻtmasdan, davlatimiz rahbarining davlat organlari va boshqa tashkilotlarning fuqarolar bilan bevosita ishlashga oʻtishini, ularning xalqqa, jumladan, tadbirkorlik subyektlariga yaqin koʻmakchi boʻlishini, Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan“Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Xoʻsh, bu farmonning qabul qilinishi qanday sabab-omillar bilan bogʻliq? Mazkur sohadagi qanday muammolar mazkur hujjatga asos boʻldi? Ushbu yoʻnalishdagi oʻzgarishlar qaysi jihatlarda namoyon boʻladi?

Farmon muqaddimasida qayd etib oʻtilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga keyingi ikki yilda 2,5 milliondan ortiq murojaat kelib tushgani, Respublika ishchi guruhlari tomonidan uyma-uy yurish, ijtimoiy soha va boshqa obyektlarni oʻrganish natijasida yana 1,1 milliondan ortiq turli muammolar aniqlangani joylarda yechimini kutayotgan masalalar koʻpligini, ayrimlari oʻrta va quyi boʻgʻindagi tashkilotlar darajasida hal etilmayotganini koʻrsatmoqda. Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinganda bir qator kamchiliklar mavjudligi maʼlum boʻldi.

Avvalo, murojaatlar bilan ishlashning amaldagi tizimi aholining mavjud muammolarini toʻliq qamrab olish va tezkorlik bilan hal qilish imkonini bermayotganini taʼkidlash joiz. Aniqlangan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Xalq qabulxonalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishning yagona mexanizmi mavjud emasligi barcha boʻgʻinning yaxlit organizm kabi oʻzaro uygʻun ishlashiga imkoniyat bermayapti. Shu bois ham tegishli ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar loyihalarini ishlab chiqishda Prezident Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar, joylarda aniqlangan boshqa muammolar yetarli darajada aks ettirilmayapti. Boz ustiga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari aholi bilan bevosita muloqot qilish, uyma-uy yurish orqali muammolarni aniqlash va hal etishga, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni toʻliq va sifatli bajarishga yetarli eʼtibor qaratmayapti.

Ana shu jihatlarni eʼtiborga olgan holda, Prezident farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 fevraldan boshlab Xalq qabulxonalarining aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha amaldagi tizimi bilan bir qatorda, Xalq qabulxonalarining muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishini, davlat organlarining aholi bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi yangi tizim joriy qilinmoqda.

Mazkur yangi tizimning birinchi jihati – Xalq qabulxonalari hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlaydi hamda hal qilinishini taʼminlaydi. Yaʼni, endi Xalq qabulxonalari maʼlum muammo yuzasidan murojaat kelib tushishini kutib oʻtirmaydi.

Bunga sabab boʻlgan asosiy omil – murojaatlar bilan ishlashning amaldagi tizimi aholining mavjud muammolarini toʻliq qamrab olish va tezkorlik bilan hal qilish imkonini bermayotgani bilan bogʻliq. Chunki barcha davlat organlari kabi Xalq qabulxonalari ham oʻz faoliyatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish amaliyotidan foydalanib kelmoqda. Lekin mavjud murojaatlar tahlili aholi, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish obyektlaridagi muammolarni toʻliq qamrab olish va aniqlash imkonini bermayapti. Qolaversa, odam ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilmasa, bu unda umuman muammo yoʻq, degani emas. Ayniqsa, sabr-qanoat va shukronalikni hayot mazmuni, oriyatu gʻururni ulugʻ qadriyat darajasida eʼzozlaydigan xalqimiz oʻrtasida dardu tashvishi qiynab turgan boʻlsa-da, bu haqda mahalla-koʻy, mutasaddi idora va tashkilotlarga murojaat qilishni oʻziga ep koʻrmaydigan, istihola qiladiganlar koʻp. Shu bois ham davlatimiz rahbarining gʻoyasi va tashabbusi bilan mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash va aholi muammolarini hal etish sohasida yangi davrga qadam qoʻyilmoqda. Bundan buyon davlat organlari Xalq qabulxonalari boshchiligida oʻzlari masʼul boʻlgan hududlarda mahallama-mahalla, koʻchama-koʻcha, uyma-uy yurib, har bir xonadon, har bir oila muammolarini oʻrganib, ularni hal qilish choralarini koʻradi. “Kasalni davolagandan koʻra, uning oldini olgan afzal” deganlaridek, muammo haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib oʻtirmasdan, xalq ichiga, odamlar orasiga chuqur kirib borib, ular duch kelayotgan muammolarni erta aniqlab, hal qilish yangi tizimdan koʻzlangan bosh maqsad hisoblanadi. Binobarin, bevosita muloqot, yuzma-yuz uchrashuvlarning taʼsir kuchi katta boʻlib, bunday suhbatlar jarayonida qogʻozlarga sigʻmay qolgan tafsilotlar oydinlashadi, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz u yoki bu masalaga daxldor yangi maʼlumotlarni aniqlashtirib olish imkoniyati katta boʻladi.

Yana ham muhim bir jihat borki, bu haqda alohida aytib oʻtish ayni muddaodir. U ham boʻlsa, bunday ish tizimi nainki odamlarning muammolarini aniqlash va hal qilishda, balki ularning yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar haqidagi fikr-mulohazalarini oʻrganish, davlatimiz va jamiyatimizni har tomonlama rivojlantirishga doir taklif va tavsiyalarini jamlashda ham taʼsirchan vositaga aylanadi.

Mazkur farmonda belgilangan yana bir yangilik – endi tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari boshchilik qiladigan sektorlar shtablari aʼzolaridan iborat ishchi guruhlarhududlarni mahalla va xonadonlar, oilalar kesimida tahlil qilib, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa (1 yillik) va oʻrta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantiradi. Bunda tuman va shaharlar hokimliklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi qisqa muddatli – bir yilga moʻljallangan manzilli tadbirlar rejalariijrosini taʼminlaydi, Xalq qabulxonalari va Prezident Administratsiyasi boʻlinmalari esa mazkur tadbirlar rejalariijrosini nazorat qiladi.

Oʻrta muddatli manzilli tadbirlar rejalari, davlat investitsiya dasturlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlari, xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalarni ishlab chiqishda Prezident Virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarda aks etgan tizimli muammolar inobatga olinadi. Yaʼni, endi har qanday dasturni ishlab chiqishda yuzaki yondashuvga yoʻl qoʻyilmaydi, bunda har bir loyiha bevosita odamlar yoʻllagan murojaatlar tahliliga, real hayot manzarasi va xalq talab-istaklariga asoslanadi.

Farmonda belgilanganidek, Xalq qabulxonalari hududlardagi ijtimoiy muhitni oʻrganish, aholi muammolarini hal qilishda jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari va boshqa tashkilotlarni jalb qilgan holda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni taʼminlash choralarini koʻradi. Bunda, ayniqsa, Xalq qabulxonalarining ommaviy axborot vositalari bilan birga jamiyatdagi muammolarni aniqlashi, tahlil qilishi nohaqdan haqni ajratish, har qanday masalaga obyektiv yondashish imkonini beradi.

Bugun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Mazkur dasturlar amalda oʻz natijasini berishi uchun ularga, birinchi navbatda, eng ogʻir va murakkab sharoitdagi aholi punktlarini kiritish lozim. Bu boradagi real manzarani aniqlash uchun esa Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilish zarur. Shu bois davlatimiz rahbari farmoniga koʻra, endi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan aholi punktlari roʻyxatini Xalq qabulxonalari bilan kelishilgan holda shakllantirish belgilangani, avvalambor, ogʻir va eng murakkab joylarni obod qilish imkonini beradi.

Yana bir yangilik – Xalq qabulxonalari sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati, murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlari majlisida muhokama qilish uchun har chorakda axborot kiritadi hamda ushbu axborot yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hisoboti eshitiladi. Ayni mana shu mexanizm hududlarda murojaatlar bilan ishlash borasidagi xato-kamchiliklar kamayishiga xizmat qiladi, rahbarlarning xalq oldida hisob berish tizimini yanada samarali yoʻlga qoʻyish imkonini yaratadi.

Bunda respublika darajasida hal etiladigan muammolar toʻgʻrisida maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga hal qilish uchun kiritiladi.

Shu bilan birga, Xalq qabulxonalariga bir qator qoʻshimcha vazifalar ham yuklatildi. Xususan, endi Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish borasidagi faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib boradi.

Hududlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ommaviy va sayyor qabullar oʻtkazish tizimini muvofiqlashtirish va nazorat qilishi esa bunday tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, albatta.

Yana bir jihati, mazkur farmon asosida Xalq qabulxonalarining mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etishi bunday hujjatlarda murojaatlarda koʻtarilgan muammolar kengroq aks ettirilishi uchun puxta zamin yaratadi.

Har doim eʼtiborimiz markazida boʻlib kelayotgan dolzarb masala –nogironligi boʻlgan shaxslar, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga koʻmaklashish masalasi boʻyicha farmonda tegishli vazifalar belgilab berilgan. Bundan buyon davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mazkur yoʻnalishdagi ishlarini muvofiqlashtirish Xalq qabulxonalari tomonidan amalga oshiriladi.

Xalq qabulxonalari oʻzining faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishi yuzasidan belgilab qoʻyilgan vazifalar ular faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlardan jamoatchilikni muntazam xabardor qilishda yangi imkoniyatlar yaratib beradi.

Qayd etilgan bunday keng koʻlamli vazifalarning bajarilishini taʼminlash uchun Xalq qabulxonalariga bir qancha imkoniyatlar ham berilmoqda. Masalan, Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli oʻrganish, koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish, shuningdek, sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etadi.

Xalq qabulxonalariga sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy boʻlinmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini ragʻbatlantirish yoki yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha yuqori turuvchi davlat organlariga taklif kiritish huquqi ham berilmoqda.

Shular qatorida davlat organlari va boshqa tashkilotlardan faoliyat uchun zarur boʻlgan axborot hamda hujjatlarni soʻrash va olish, ularning mutaxassislarini jalb qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ular faoliyati va koʻrsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga toʻliq va tezkor yetkazilishini taʼminlashga qaratilgan choralar koʻrish huquqi berildi.

Tabiiyki, bunday muhim va masʼuliyatli vazifalarni bajarish uchun salohiyatli kadrlar zarur. Shu munosabat bilan Farmonda Xalq qabulxonalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ularning kadrlari tarkibini aholi bilan bevosita ishlash uchun zarur boʻlgan bilimga, tashkilotchilik va tahlil qilish qobiliyatiga, yuksak maʼnaviy-axloqiy va psixologik fazilatlarga ega boʻlgan malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, muntazam ravishda malaka oshirishini yoʻlga qoʻyish, faoliyatida yuqori koʻrsatkichlarga erishgan xodimlarni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib borish yuzasidan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Shular qatorida Xalq qabulxonalarining yangilangan nizomi, ularning sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi tartibi, Xalq qabulxonalari faoliyatini baholash tartibi va mezonlarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi. Misol uchun, Xalq qabulxonalarining aholi muammolari bilan ishlash samaradorligi indeksini aniqlashda uyma-uy yurish orqali oʻrganib chiqilgan uy xoʻjaliklari, ijtimoiy va boshqa obyektlar, muammolarning hudud darajasida hal etilishi holati, respublika darajasida hal etilishi, belgilangan muammolarga yechim topish uchun zarur choralar koʻrish darajasi, muammoni hal etishning oʻrtacha muddati kabi mezonlarga tayanilishi rejalashtirilgan.

Prezident farmonidan kelib chiqadigan vazifalar ijrosini taʼminlash asnosida endi mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati u yerdagi ijtimoiy infratuzilma, iqtisodiy vaziyat, ijtimoiy muhit, ijtimoiy soha obyektlarining holatidan kelib chiqib, “namunali”, “yaxshi” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratilgan holda baholanadi. Bu shundan dalolat beradiki, bundan buyon turli dastur va loyihalarni amalga oshirishda birinchi navbatda eng ogʻir hududlarga eʼtibor qaratilib, muammolarni yechish chora-tadbirlari koʻriladi.

Shuningdek, farmonda uy-joylar, yoʻl qurilishi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlari, kanalizatsiya va boshqa kommunal xoʻjalik obyektlari, ijtimoiy soha maskanlarini qurish va taʼmirlash hamda boshqa davlat dasturlari, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish uchun ajratilgan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tuman va shahar kesimida joylashtirilishi va muntazam ravishda yangilab borilishini taʼminlash boʻyicha aniq koʻrsatma berilgan.

Farmonda yana bir muhim masala yechimi koʻrsatib oʻtilgani katta amaliy ahamiyatga ega. Bunga koʻra, “Hudud” axborot tizimi yanada takomillashtirilib, unga barcha Xalq qabulxonalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar integratsiya qilinadi. Natijada Xalq qabulxonalari xodimlari, sektorlar shtablari aʼzolari turli hujjatlarni toʻldirish, yuritish, saqlash, rasmiylashtirish kabi ishlardan xalos boʻlib, asosiy vaqtini fuqarolar bilan koʻproq bevosita muloqot qilish, muammolarni joyida oʻrganish uchun uzoq hududlarga chiqish ishlariga sarflash imkoniyati koʻproq boʻladi.

Mazkur choraning mantiqiy davomi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hududiy boʻlimlari faoliyati hamda ular koʻrsatadigan xizmatlarga oid tartib-qoidalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, mobil ilovalar, veb-saytlar, elektron toʻlov vositalari orqali aholiga toʻliq va tezkor yetkazilishini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar koʻrilishi fuqarolarimizning ham vaqtini, ham mablagʻini tejashga xizmat qiladi.

Shu bilan bir qatorda, 2019 yilning 1 iyuliga qadar barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning viloyat boʻlinmalari veb-saytlarini, 2020 yilning 1 yanvariga qadar tuman va shahar boʻlinmalari veb-saytlarini tashkil qilish vazifasi qoʻyilgani fuqarolarga davlat organlarining hududiy boʻlinmalariga bevosita elektron murojaat qilish imkoniyatini yaratadi.

“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizdan tobora chuqur oʻrin olayotgan ushbu tamoyil yurtdoshlarimizning hayotdan rozi boʻlib yashashiga zamin yaratmoqda. Bugun poytaxt Toshkent shahridan to mamlakatimizning eng uzoq hududida yashayotgan yurtdoshimizga qadar islohotlarning real natijasini oʻz hayotida koʻra boshlagani, bu yangilanishlar minglab oilalar hayoti, millionlab insonlarning ongi, qalbi va dunyoqarashi oʻzgarishiga ham turtki boʻlayotgani buning yaqqol isbotidir. Prezidentimizning “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishi barobarida, islohotlar taʼsirchanligini yanada oshirishga, xalqimizning hayotdan rozi boʻlishi uchun yanada keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.

 

OʻzA

18.01.2019

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar