O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar kontseptsiyasini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, aholining hayot darajasini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirish maqsadida davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini sifat jihatidan yangi darajaga o‘tkazish jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
Qisqa vaqt oralig‘ida “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni 100 ta xizmatdan ortdi, xizmatdan foydalanish uchun murojaat qilayotgan fuqarolar soni esa 50 barobarga oshdi. Bunda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ko‘rsatkichi qo‘shimcha davlat xizmatlari joriy etilishi munosabati bilan yana ikki barobar ortishi kutilmoqda.
Biznes yuritishda ortiqcha byurokratik jarayonlarni tubdan qisqartirish va davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. 2019-yil 1-iyundan boshlab shunday tartib belgilansinki, unga ko‘ra:
jismoniy va yuridik shaxslar davlat xizmatlari markazlarida (keyingi o‘rinlarda – Markazlar) fuqarolar doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan eridan) qat’iy nazar, davlat xizmatlarini eksterritorial tamoyil bo‘yicha olishga haqli;
davlat xizmatlarini olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda – Yagona portal) orqali murojaat etganda davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar Markazlar orqali yoki bevosita xizmat ko‘rsatuvchi organlarga murojaat etganda to‘lanadigan summadan 90 foiz miqdorida to‘lanadi;
Yagona portal orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari uchun davlat bojlari va yig‘imlarning O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining (keyingi o‘rinlarda –Agentlik) byudjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan qismi 20 foizdan 10 foizga kamaytiriladi va bo‘shaydigan mablag‘lar qolgan oluvchilar orasida mutanosib ravishda taqsimlanadi;
davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organlari va tashkilotlar davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha ma’lumotlarni o‘zlarining ma’lumotlar bazalariga va axborot tizimlariga elektron ko‘rinishda elektron ma’lumotlar bazalarini shakllantirish uchun kiritib boradilar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi boshqa idora va tashkilotlar axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda o‘zlarining idoraviy axborot tizimlarida, resurslarida va ma’lumotlar bazalarida mavjud va davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan axborot va ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga taqdim etilishini hamda Agentlikka zarur axborot va ma’lumotlardan foydalanish imkonini ta’minlasin.
3. Quyidagilar:
Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarining 2019-yil 1-apreldan boshlab bekor qilinadigan ayrim turlari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
Davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini belgilovchi normalari mavjud idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlagan holda qayta ko‘rib chiqish jadvali (keyingi o‘rinlarda – Jadval) 2-ilovaga muvofiq;
Davlat xizmatlarini optimallashtirish, davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning elektron bazalarini shakllantirish hamda idoraviy axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini “Elektron hukumat” tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Vazirlik va idoralar idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar Jadvalga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishini:
Agentlik, Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi va boshqa manfaatdor idoralar xodimlarini jalb qilgan holda ishchi guruhlar tuzish;
aniq bir turdagi davlat xizmatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani yalpi xatlovdan o‘tkazish;
davlat xizmatlarini optimallashtirish, asossiz cheklovlar, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar va eskirgan tartibga solish mexanizmlarini bartaraf etish;
qonun hujjatlarini qisqartirish, normalarning ko‘pligini bartaraf etish va ularni yagona normativ-huquqiy hujjatga birlashtirish orqali normalarni tizimlashtirish;
davlat xizmatlari ko‘rsatish tartiblarini O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuniga moslashtirish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan muddatlarda kiritish orqali ta’minlasin.
5. Mazkur qarorning 3-ilovasida ko‘rsatilgan vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga Tadbirlar rejasining o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. 2019-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar, soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnomalar, to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risida ma’lumotnomalar talab qilinishi taqiqlansin.
Belgilansinki, davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar mazkur bandda nazarda tutilgan hujjatlarni davlat soliq xizmati organlari, ATB “Xalq banki”, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan elektron o‘zaro hamkorlik orqali faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasiga axborot olish uchun ulanish yo‘li bilan mustaqil ravishda so‘raydilar va oladilar;
Davlat soliq qo‘mitasi, ATB “Xalq banki”, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi 2019-yil 1-iyulga qadar davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida foydalaniladigan axborot tizimlarini takomillashtirsin hamda mazkur bandda nazarda tutilgan axborot va hujjatlarni faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etsin.
7. Agentlikka Markazlar orqali davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatish (etkazib berish) bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan tariflar asosida pullik ekspress-xizmatlar ko‘rsatish huquqi berilsin. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslar va borish qiyin bo‘lgan tumanlar aholisiga ekspress-xizmatlar tekin ko‘rsatilishi nazarda tutilsin.
8. Davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga:
faqat Markazlar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini joriy etish bo‘yicha tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish;
davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida foydalaniladigan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarining serverlarida profilaktika ishlarini ish vaqtidan tashqarida olib borish;
davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida foydalaniladigan o‘zlarining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalaridagi nosozliklar haqida Agentlikni xabardor qilish, shuningdek, ularni zudlik bilan tuzatish choralarini ko‘rish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
9. Agentlikka xo‘jalik boshqaruvi organlari, uy-joy kommunal va foydalanish xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan turli xizmatlar ko‘rsatilishi sifati ustidan, jumladan, xizmat ko‘rsatish jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va fuqarolar uchun boshqa qulayliklar yaratish yuzasidan monitoring olib borish vakolati berilsin.
Agentlikka:
xo‘jalik boshqaruvi organlariga, uy-joy kommunal va foydalanish xo‘jaligi tashkilotlariga aniqlangan qonunbuzilishlari va kamchiliklarni, ularning yo‘l qo‘yilishiga olib kelgan sabablar va sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha taqdimnomalar kiritish;
davlat xizmatlari ko‘rsatish talablari va tartibini buzganlik uchun aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish huquqi berilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlari ko‘rsatishda Markazlar xodimlari tomonidan arizachilardan naqd va naqdsiz pul qabul qilish mexanizmini joriy etsin;
bir oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlarini tezlashtirilgan tartibda oshirilgan tariflar bo‘yicha ko‘rsatish tartibini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
uch oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida samaradorlik va natijadorlikning asosiy ko‘rsatkichlari (KPI) (ko‘rsatilgan xizmatlarning miqdori va sifati, xizmat ko‘rsatish tezligi, xodimning xushmuomalaligi va malakaliligi, murojaatchilarning fikrlari va boshqalar) hamda ularning faoliyatini baholash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
uch oy muddatda Agentlikning “Call service” orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish mexanizmini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqsin va qabul qilsin;
manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-mayga qadar “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimining blokcheyn texnologiyasidan foydalanish asosida, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida joriy etilishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda yuqori sinflar uchun “Informatika va axborot texnologiyalari” fanining o‘quv dasturiga “Elektron hukumat” tizimi xizmatlaridan foydalanish, talab eng yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan, Yagona portaldan foydalangan holda olish ko‘nikmalariga o‘rgatishga bag‘ishlangan maxsus bo‘lim kiritsin.
12. Iqtisodiy rivojlanish darajasi ortda qolayotgan tumanlar hamda chekka hududlarga salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PQ–3701-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari binolarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori doirasida qo‘shimcha ob’ektlarni qurish uchun investorlarga barcha imtiyoz va afzalliklar saqlab qolingan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun hudud miqyosidagi boshqa tuman (shahar)dan er uchastkalarini ajratishga ruxsat berilsin.
13. Davlat xizmatlari markazlari binolarini qurish Reja-jadvali 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga Reja-jadvalni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
Agentlik Reja-jadvalning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli monitoringni o‘rnatsin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga uning ijro etilishi to‘g‘risida har chorakda axborot kiritsin.
14. 2021-yil 30-noyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Agentlik tomonidan Markazlar, notariuslar va FHDYo arxivlarini jihozlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan server va kompyuter uskunalari, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, dasturiy ta’minot, asboblar va qurilmalar, boshqa uskunalar bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.A.Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti SH.MIRZIYОEV
Toshkent shahri,
2019-yil 15-fevral
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |