Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan suhbat
– Erkin Oqboʻtayevich, keyingi paytlarda “evrilish”, “oʻzgarish”, “intensiv rivojlanish” kabi iboralarni ishlatish rusumga aylandi. Yangilikka ishtiyoqmand rahbar sifatida bu tushunchalarni qanday izohlaysiz?
– Dunyoning oʻzgarishi yangilik emas. Yaʼni xalqimiz buni “charxi kajraftor” deydi. Faqat bunday oʻzgarishlar baʼzan ijobiy, baʼzan salbiy boʻlishi mumkin. Olam mehvarida bashar ahli bilan bir kemada ekanimizni hisobga olsak, biz ham ana shu oʻzgarishlar girdobidamiz.
Olamdagi barcha millat va davlat kuchli boʻlishni, yaxshi yashashni orzu qiladi. Garchi shakllangan demokratik tamoyillarni hozircha betakror, deb taʼkidlasak-da, har bir qitʼa, har bir davlat va har bir millat bir-biriga oʻxshamagan taraqqiyot yoʻlini tanlaydi. Ayni paytda Oʻzbekiston tanlagan yoʻl jahon hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilayotgani fikrim isbotidir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 yili BMT Bosh assambleyasi sessiyasida “Biz Oʻzbekistonni dunyoga yangicha qiyofada namoyish etmoqchimiz” deganida yuksak maʼnaviyatli xalqni, ishonchli taraqqiyot yoʻlini tanlagan davlatni nazarda tutgani shubhasiz. Chunki mamlakatimizning yaqin besh yilga rejalashtirgan va amalga oshirayotgan taraqqiyot strategiyasi berayotgan real samara kuchli davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Endi siz aytgan tushunchalar izohiga kelsak, nazarimda, bu iboralarning barchasini “YANGILANISH” soʻzi bilan sharhlash mumkin. Negaki, biz Vatanimizni tarixiy, maʼnaviy merosimizga, xalqimizning ezgu anʼanalariga tayangan, dunyodagi ilgʻor tajriba va texnologiyalarni oʻzlashtirgan holda rivojlantiryapmiz. Biz Vatanimiz, oʻz taqdirimizga, kelajagimizga boʻlgan nuqtai nazarimizni yangilayapmiz.
– Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda, matbuot va televideniyeda Samarqand viloyatida islohotlarni amalga oshirishda sezilarli oʻzgarishlar koʻzga tashlangani haqida gapirilyapti. Bu yangilanishlarni Siz nimalarda koʻryapsiz?
– Birinchidan, uzogʻi yaqin, mushkuli oson, ogʻiri yengil boʻlgan aholi kayfiyatida. Xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyib, telegram messenjeri, viloyat hokimligi ishonch telefonidan foydalana boshlaganimda faqat shikoyat va ariza kelib tushardi, hozir esa murojaatlarning koʻp qismi taklif va mulohazalardan, rahmatnomalardan iborat.
Ikkinchidan, tadbirkorlikka, daromad olishga, yangilik qilishga ishtiyoqmandlar, talabgorlar safi ortayotganida. Oʻtgan yilning oʻzida turli byurokratik toʻsiq yoki huquqiy, iqtisodiy bilimsizlik tufayli toʻxtab qolgan 2 ming 57 ta subyekt faoliyati qayta tiklandi. Joriy yilda esa ishbilarmonlar safi 2 ming 638 taga koʻpaydi.
Uchinchidan, mahalliy va xorijlik sayyohlar oqimining koʻpayishida.
Toʻrtinchidan, chet ellik sarmoyadorlarning viloyatimizda korxona ochishga ishtiyoqi kuchayganida.
– Erkinjon Oqboʻtayevich, taraqqiyotning salmogʻi tabiiyki, investitsiya va innovatsion texnologiyalarga bogʻliq. Shu jihatdan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi viloyat iqtisodiy muhitida nechogʻli yangilik yarata olyapti?
– Urgutda, umuman, viloyatda tadbirkorlik jadal rivojlanayotgan boʻlsa-da, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi ishbilarmonlarimizning bu imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Ularning xalqaro miqyosda ishlashi, andozani xorijga qarab olishi, bugun va ertangi kunni ham xalqaro bozor talabidan kelib chiqib koʻra olishiga imkoniyat yaratdi.
Ayni paytda erkin iqtisodiy zona uchun faqat Urgutda emas, Pastdargʻom, Nurobod tumanlari va Samarqand shahrida jami 918 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi butun viloyat iqtisodiyotida, sanoatida oʻz oʻrniga ega ekanini koʻrsatadi.
Endi raqamlarga eʼtibor bering. Hozir erkin iqtisodiy zonada 53 investor tomonidan umumiy qiymati 221,7 million AQSH dollariga teng 60 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar toʻliq ishga tushirilsa, 4484 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Yiliga 358,2 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi va 51,9 million dollar miqdorida eksport amalga oshiriladi.
Oʻtgan yili va joriy yil boshidan buyon 76,1 million dollarlik 25 ta loyiha amalga oshirildi, 1 ming 171 ta ish oʻrni yaratildi.
Ana shu raqamlarning oʻzi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining viloyat iqtisodiyoti va tadbirkorlik muhitidagi oʻrnini koʻrsatib turibdi.
– Iqtisodiyotning mustahkamlanishi va barqarorligi, avvalo, aholi real daromadlarining oʻsishiga, viloyatda qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlami kengayishiga, zamonaviy turmush tarzi qaror topishiga zamin yaratadi…
– Albatta, bugun viloyatda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, qurilish-bunyodkorlik ishlaridan koʻzlangan pirovard maqsad ham shu – hayotimizni oʻzgartirish, shahar va qishloqlarimizda birdek zamonaviy shart-sharoit yaratish, odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashiga erishish.
Prezidentimizning hech bir chiqishi yoʻqki, unda davlat organlari rahbarlarining xalqimizga xizmat qilishdek eng muhim vazifasi eslatilmasa. Hech bir maʼruzasi yoʻqki, unda odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadi asosiy oʻringa qoʻyilmasa. Xalqimiz ertaga yoki yaqin kelajakda emas, bugun baxtli yashashi kerak, degan qatʼiy talab, maqsad-muddao ham ana shu daʼvatlar xulosasidir.
Gapni yangidan bunyod etilgan, har jihatdan zamonaviy degan talabga javob beradigan Samarqand tumanining Qorasuv massividan boshlay qolaylik.
Bir yil avval bu maskan ochiq maydon, hech bir kommunikatsiya tizimi yoʻq hudud edi. Davlatimiz rahbari Samarqand shahri aholisining uy-joyga ehtiyoji yil sayin oshib borayotgani va bu ehtiyojni qondirish uchun shahar markazida qurilish meʼyorlariga toʻgʻri kelsa-kelmasa uy-joy qurib tashlashdan koʻra, shahar chetidan zamonaviy aholi turar joy maskanlari barpo etish zarurligini taʼkidlagan edi. Ana shu topshiriq asosida oʻtgan yili Samarqand tumani Qorasuv massividan Samarqand shahri uchun 50 gektarga yaqin yer ajratilib, bu yerda koʻp qavatli uylar qurilishiga kirishildi.
2018 yilning oʻzida “Oʻzshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida jami 1 ming 344 xonadondan iborat 7 qavatli 32 ta arzon uy barpo etildi. Bundan tashqari, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya xizmatchilari va yosh oilalarga moʻljallangan 5 qavatli 12 ta turar joy qurilib, foydalanishga topshirildi.
Albatta, shuncha uy-joy qurilib, bu yerga minglab aholi koʻchib kelishi hisobga olingan holda hududda taʼlim va tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, umuman, aholi ehtiyoji uchun nimaiki zarurat boʻlsa, barchasini shu yerning oʻzida yaratishga eʼtibor qaratildi. “Obod maskan” deb nomlangan mahalla bugun tom maʼnoda zamonaviy shaharcha koʻrinishini oldi.
Joriy yil 11 yanvar kuni Prezidentimiz viloyatga tashrifi chogʻida yangi massivda boʻlib, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi va shaharchani yanada kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi. Shu asosda ayni paytda bu yerda “Oʻzshaharqurilishinvest” injiniring kompaniyasi tomonidan 12 ta, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan 7 ta uy qurilishi jadal olib borilmoqda. Bundan tashqari, xususiy qurilish kompaniyalari tomonidan xorijiy davlatlarning ilgʻor qurilish texnologiyalari asosida 16 qavatli uylar qurilishi boshlandi.
Yana bir eʼtiborli jihati, davlatimiz rahbari Samarqandning har bir qarich yeridan samarali foydalanish maqsadida bunday zamonaviy koʻp qavatli uy-joylarni viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham qurish zarurligini taʼkidladi. Shundan kelib chiqib, ayni paytda Urgut va Toyloq tumanlarida ham ipoteka krediti asosida arzon koʻp qavatli uylar qurish ishlari boshlandi.
Umuman, joriy yilda viloyatda bu boradagi ishlar koʻlami yanada kengaygan holda davom etmoqda. Ayni paytda uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun 46 massivda 1508 ta, alohida namuna koʻrsatgan yosh oilalar uchun 70 ta, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar uchun 112 ta uy-joy qurilmoqda. Bundan tashqari, Mudofaa vazirligi xarbiy xizmatchilari uchun 120 xonadonli 5 qavatli 4 ta, Ichki ishlar xodimlari uchun 5 qavatli 2 ta, Milliy gvardiya xizmatchilari uchun 5 qavatli 1 ta uy qurilishiga kirishildi.
– Gap odamlarga munosib turmush sharoiti yaratish haqida borar ekan, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan gʻoyat ezgu tashabbus - “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini alohida qayd etish lozim. Aynan mana shu tashabbus samarasida olis hududlarda yashovchi aholining yillar davomida toʻplanib qolgan muammolariga yechim topildi. Jumladan, viloyatning olis qishloq va mahallalarida ham. Shunday emasmi?
– Toʻgʻri taʼkidladingiz, bu xalqimiz turmush darajasini oshirishga qaratilgan tarixiy dasturlar boʻldi. Uning samarasi dastlabki yildayoq bor boʻy-basti bilan namoyon boʻldi. Viloyatda 2018 yilning oʻzida 29 ta qishloqdagi 94 ming aholiga qulay turmush sharoiti yaratildi. 9 ming 580 ta yakka tartibdagi, 13 ta koʻp qavatli uy taʼmirlandi. Aholining toza ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida 25 ta suv inshooti va 94,2 km. suv tarmogʻi qurish ishlari amalga oshirildi. 145 kilometrlik elektr tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. 195 ta yangi transformator oʻrnatildi. Shuningdek, 18 kilometr tabiiy gaz tarmogʻi taʼmirlanib, aholiga 4500 dona maishiy gaz baloni yetkazib berildi.
Qishloqlardagi eng muhim muammolardan biri hisoblangan ichki xoʻjalik yoʻllarini taʼmirlashga ham alohida eʼtibor qaratilib, jami 319 kilometrlik yoʻllar soz holatga keltirildi.
Bundan tashqari, 26 ta umumtaʼlim maktabi, 25 ta bogʻcha, 16 ta sogʻliqni saqlash muassasasida taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. 99 ta bozor infratuzilma obyekti qurib, foydalanishga topshirildi.
“Obod mahalla” dasturi boʻyicha Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shaharlaridagi 4 ta mahallada 68 ta koʻp qavatli uy-joy, 47 kilometr elektr, 6 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari va 14 kilometr ichki yoʻllar taʼmirlandi. 7 ta ijtimoiy soha obyektini qurish (taʼmirlash) ishlari amalga oshirildi.
Yaqin yillargacha bir yilda shuncha ishni amalga oshirishni tasavvur ham qila olmasdik. Qishloqlar aholisining muammolari yildan-yilga, dasturdan dasturga oʻtib kelardi. Masalaga real qaralsa, resurs va imkoniyatlar toʻgʻri taqsimlansa, shunday katta ishlarni ham bajarsa boʻlar ekan.
Bu yil viloyatdagi har bir tumandan uchtadan, jami 42 qishloqda “Obod qishloq” dasturi asosida, Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shaharlarida esa uchtadan – 6 mahallada bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Ushbu hududlar uchun bu yil oʻtgan yildan ancha koʻp mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.
Shuningdek, bu yil Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumani markazi Gagarin shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari tajribasi asosida Paxtachi tumani markazini zamonaviy qiyofaga keltirish rejalashtirilgan. Ayni paytda bu yerda ham ishlar boshlangan.
– Shu oʻrinda keyingi paytda koʻp muhokama etilayotgan Samarqand shahridagi qurilishlar, ayniqsa, koʻp qavatli uy-joylar va boshqa bino-inshootlar haqida ham toʻxtalib oʻtsak…
– Ha, toʻgʻri, bu ayni paytdagi eng ogʻriqli masala boʻlib turibdi. Shu paytgacha qanday yondashilgan, nimaga asoslanib ish koʻrilgan, bilmadim, ammo bugun Samarqand shahrida qurilish ishlari olib borish, ayniqsa, koʻp qavatli uylar qurishda nafaqat milliy manfaatlarimiz, balki xalqaro tashkilotlar tomonidan tavsiya etilayotgan meʼyorlar ham hisobga olinishi lozim. Chunki, Samarqand bir necha asrlik tarixga ega turistik shahar. Bu zaminning har bir qarich yeri, har bir inshooti va obidasi oʻziga xos tarixga ega va u nafaqat bizning, balki butun insoniyatning boyligi hisoblanadi. Shuning uchun ham Samarqand madaniyatlar chorrahasi sifatida YUNЕSKOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Bugungi kunda ana shu jihatlar hisobga olingan holda, Samarqand shahrining bosh rejasi ishlab chiqilmoqda. Bunda, avvalo, Samarqandning tarixiy qiyofasini saqlab qolish va uni jahon turizmining asosiy markazlaridan biriga aylantirishga eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz yaqinda viloyatga tashrifi chogʻida ham bu masalaga alohida toʻxtalib, amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalarni belgilab berdi.
Shundan kelib chiqib, ayni paytda shahardagi qurilishlarni tartibga solish, uni belgilangan meʼyorlarga moslashtirish choralari koʻrilmoqda.
Ochigʻi, keyingi yillarda Samarqand shahridagi qurilishlarda pinhona kelishuvlar, hujjatlardagi soxtaliklar, tender tanlovlarining yopiqligi sohada qonunbuzilishlari hamda korrupsiyaga yoʻl ochgan. Ayrim tarixiy meros obyektlariga zarar yetgan. Bu holat davlatimiz rahbarining, qolaversa, xalqaro tashkilotlarning eʼtiroziga sabab boʻldi. Jumladan, 141 ta obyektda yer ajratish, qurilish tartib-qoidasi va texnologiyalari buzilgan. Bugungi kunda bu kamchiliklarni bartaraf etishga kirishganmiz.
Buning uchun poytaxtdan mutaxassislar bilan birga, keng jamoatchilikni ham jalb qilyapmiz. Hozir har haftada ikki marta tadbirkor quruvchilarning shaharda qurilgan va qurmoqchi boʻlgan binolari loyihalarining shaharsozlik kodeksi hamda YUNЕSKO talablariga javob beradigan tarzda amalga oshirilishini taʼminlash uchun shaharsozlik kengashining ochiq muhokamasini oʻtkazyapmiz.
Maqsadimiz shahar oʻzining tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, koʻrkam qiyofaga ega boʻlishini taʼminlash. Umuman, bundan keyin Samarqand shahridagi barcha qurilish oshkora amalga oshiriladi. Obyektlarning qurilishi, rejalashtirilishida jamoatchilik va aholi fikri hisobga olinadi.
Gʻolib Hasanov suhbatlashdi, OʻzA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |