Do‘stlik tumanining Manas qishlog‘ida “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilmoqda.
Do‘stlik tumanining Manas qishlog‘ida “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda olib borilayotgan tub islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad xalqimizning hayotiy talab hamda ehtiyojlarini ta’minlash, odamlarimizni rozi qilishdan iboratdir.
Bu ezgu niyat yo‘lida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar ko‘lami kundan-kunga yanada ortib, yangi ma’no va mazmun bilan boyib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan hayotga joriy etilayotgan navbatdagi yangi tizim — “Obod qishloq” dasturi qishloqlarimiz, ayniqsa, olis hamda chekka hududlarda yashayotgan millionlab yurtdoshlarimiz hayotida chin ma’noda yangi sahifa ochishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi “Manas” qishloq fuqarolar yig‘inida mamlakatimizda birinchi bo‘lib mazkur yirik ijtimoiy-iqtisodiy loyiha ijrosiga kirishildi.
Inson bu yorug‘ olamga, avvalo, baxtli yashash uchun keladi. “Hayot gultoji” deya ta’rif berilgan insoniyatning baxtli turmush tarziga erishishi ko‘plab mezonlar va omillar bilan chambarchas bog‘liq, albatta. Ammo bunday yuksak orzu ro‘yobi, birinchi navbatda, odamning o‘z oilasi bilan har tomonlama go‘zal hamda obod uy, mahalla, yurtda, har narsasi to‘kis bo‘lib umrguzaronlik qilishida namoyon bo‘ladi, desak, aslo mubolag‘a emas. Shu ma’noda, jonajon Vatanimizning yuzlab, minglab obod, kishining g‘ururini oshiradigan shaharu qishloqlarida millionlab yurtdoshlarimiz qalbida haqiqiy baxt onlarini tuyib, o‘zaro mehr-oqibat, ahillik, fayz-baraka muhitida ko‘rkam va chiroyli turmush kechirmoqda.
Shu bilan bir paytda taraqqiyot marralaridan chetda qolib ketayotgan, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolar girdobida qolayotgan aholi maskanlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, nochor ahvolda kun kechirayotgan oilalar, yurtimizning umumiy manzarasiga hech yarashmaydigan abgor ahvoldagi uy-joylar, yo‘l hamda ko‘chalar ham, afsuski, kam emas. Ayniqsa, qishloq joylarda o‘ta ta’mirtalab kulbalarda, oddiy devor bilan o‘ralmagan, darvozasiz, tomi yopilmagan, oshxonasiz hovlilarda yashayotgan oilalar ham anchagina ekanini, qanchalik achchiq bo‘lmasin, bugun ochiq tan olishga majburmiz. Tahlillarga qaraganda, aksariyat hollarda nogironligi bo‘lgan, mehnatga layoqatlilik darajasi cheklangan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz, aniq bir kasb-hunarga ega bo‘lmagan kishilar ana shunday og‘ir sharoitlarda bir amallab kun kechirib kelmoqda. Uydagi sharoitning g‘aribligi bamisoli og‘ir bir yuk bo‘lib, har daqiqa odamning elkasidan bosadi, oqibatda tushkunlik botqog‘iga botiradi. Ayniqsa, bunday ahvolda yashayotgan ayollar, farzandlar ruhiyatida katta bezovtalik yuzaga kelishi, tabiiy, albatta.
Ayni paytda uy-joylarni, hududlarni tartibga keltirish, shahar va qishloqlarni bugungi shiddatli islohotlarning qat’iy talablari asosida izchil rivojlantirib borish, aholining muhim hayotiy talab hamda ehtiyojlarini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda to‘planib qolgan muammolarni hal qilish, bu borada mavjud ichki imkoniyat va rezervlarni, insoniy salohiyatni to‘la ishga solish, aholini ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirib, safarbar etishda ayrim hududlar hamda tarmoqlar rahbarlari zaiflik qilayotganini, ba’zi fuqarolarimiz moddiy sharoiti etarli darajada bo‘lishiga qaramasdan, o‘z uy-joyi, mahallasini obod etish, farzandlari ta’lim-tarbiyasi, tibbiy madaniyat, o‘z ma’naviy olamini tinimsiz boyitib borish masalalariga e’tiborsizlik bilan qarayotganini ham ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir.
Har qanday davlat va jamiyat, har qaysi inson ko‘p jihatdan o‘z taqdiri, o‘z baxtli hayotini o‘zi, o‘z qo‘llari, aql-zakovati, mashaqqatli mehnati bilan yaratishi isbot talab qilmaydigan haqiqat aslida. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari bot-bot ta’kidlaganidek, oldimizda turgan muammolarni hech kim chetdan kelib, beg‘araz hal etmaydi, odamlarni qiynayotgan masalalarni echib bermaydi. Bu vazifalarni bizning o‘zimiz, avvalambor, turli darajadagi rahbar va mutasaddilar, qolaversa, butun jamoatchilik, aholi vakillari bir musht bo‘lib birlashib, o‘zaro hamjihatlikda erta yoki indin emas, balki bugun bajarishimiz hayot talabi hisoblanadi.
Prezidentimiz g‘oyasi hamda tashabbusi bilan yaratilgan, kun tartibiga qo‘yilgan maqsadlar miqyosi va bajariladigan ishlar ko‘lamiga ko‘ra ilgari hech kuzatilmagan “Obod qishloq” dasturi ana shu o‘tkir zaruratga nisbatan pragmatik yondashuv, amaliy javob sifatida hayotimizda paydo bo‘ldi. Mazkur dastur kontseptsiyasi insonparvarlik, xalqparvarlik, qarshimizda turgan biri-biridan muhim masalalarni kompleks hal qilish siyosati asosiga qurilgan. Uning tub mohiyati, o‘zak g‘oyasi xalqimiz uchun munosib hayot sifati hamda turmush farovonligini ta’minlashdan iborat bo‘lib, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun zarur moddiy va ma’naviy sharoitlarni yaratishni ko‘zda tutadi.
Dastur uy, ko‘cha, mahalla, qishloq tamoyili asosida amalga oshiriladi. Bunda uy-joylarning tom qismini tomyopqich materiallar bilan yopish, ichki hamda tashqi qiyofasini o‘zgartirish, atrofini devor bilan o‘rash, oqlash va bo‘yoqlash,
uy-joylar uchun kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, yo‘llarni asfalьtlash, tosh-shag‘al yotqizish, lotoklar o‘rnatish, aholi xonadonlari, yo‘llar atrofi, bog‘u xiyobonlarga mevali hamda manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari o‘tqazish va ko‘kalamzorlashtirish, yangi simyog‘ochlar, transformatorlar, yoritish chiroqlari o‘rnatish, elektr uzatish tarmoqlari tortish, aholining toza ichimlik suvi, elektr energiyasi, suyultirilgan gaz, ko‘mir ta’minotini yaxshilash, tozalik tadbirlarini tashkil etish orqali xonadonlar hamda hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim, madaniyat va san’at muassasalari, maktablar, kasb-hunar kollejlari, kutubxonalar, bolalar hamda kattalarga mo‘ljallangan sport inshootlari, tibbiyot, aholi dam olish maskanlarida qurilish va ta’mirlash ishlarini olib borish, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishni namunali yo‘lga qo‘yish, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, diagnostika hamda davolash-profilaktika tadbirlarini yo‘lga qo‘yish, nogironligi bo‘lgan shaxslar holidan xabar olish, ularga aravachalar, eshitish moslamalari, protez-ortopediya buyumlari, dori vositalari etkazib berilishi tashkil etiladi. Xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini hal qilishga ko‘maklashish, ayollar uchun yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etish, shaxsiy tomorqadan foydalanish, parrandachilik, asalarichilik, chorvachilik, issiqxonalar tashkil qilish va ulardan unumli foydalanish uchun mikrokreditlar ajratish, qo‘shimcha daromad manbaini yaratish masalalari yuzasidan aholi uchun amaliy seminarlar o‘tkazish, aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini chuqur o‘rganish hamda mavjud ehtiyojni ta’minlash choralari ko‘riladi. Qolaversa, aloqa va maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, yoshlar tarbiyasi, jinoyatchilikning oldini olish, kitobxonlik, harbiy-vatanparvarlik sohalari bo‘yicha tadbirlar olib borish kabi biri-biridan muhim ko‘plab mavzu hamda yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar tizimli asosda tashkillashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi va kelajak hayotimizga katta ta’sir ko‘rsatadigan ana shunday ulkan ko‘lamdagi chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishda davlat va jamoat tashkilotlari, yirik ishlab chiqarish korxonalari, tijorat banklari, mahalliy hokimliklar, aholi vakillarining kuch hamda imkoniyatlari safarbar qilinadi, milliy an’analarimizning yorqin namunasi bo‘lgan turli xayriya tadbirlari, xalq hasharlari tashkil etiladi.
“Ezgu niyat, xayrli ishning qanoti bo‘ladi”, deydi xalqimiz. Buni shu kunlarda “Obod qishloq” dasturi doirasida Do‘stlik tumanidagi “Manas” qishloq fuqarolar yig‘inida kishini hayratlantiradigan darajadagi tez sur’atlarda olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari misolida ko‘rishimiz mumkin.
Dasturni amalga oshirish bo‘yicha ilk manzil sifatida ushbu qishloq tanlangani bejiz emas. Jizzax cho‘llarini o‘zlashtirish boshlangan ilk davr — o‘tgan asrning 60-yillarida barpo bo‘lgan bu qishloqda 1 ming 45 xonadonda 1 ming 200 dan ziyod oila, turli millatga mansub 6 ming 400 nafardan ko‘proq aholi yashab kelmoqda.
Qishloqdagi ko‘p qavatli turarjoy binolari, ko‘chalar abgor bir ahvolga kelib qolgan. Ko‘p qavatli uylarni qo‘ya turing, hovlilarga ham ichimlik suvi tashib keltiriladi. Yashash sharoiti shu ahvolda bo‘lgach, odamlarda ham yuksak marralarni egallashga intilib yashash, obodonlashtirish ishlariga ham rag‘bat qolmagandek taassurot hosil bo‘ladi kishida. Hududdagi bog‘cha, maktab, madaniyat saroyi, qishloq vrachlik punkti, mahalla idorasi singari ijtimoiy muassasalarning holati ham bugungi kun talablariga javob bermaydi.
Qisqacha aytganda, qishloqda yashaydigan ko‘pgina yurtdoshlarimiz uzoq yillar davomida o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib yuravergan, muammolariga echim topishga urinishlari besamar ketavergach, oxiri mana shunday hayotga ko‘nikib ham qolgandek go‘yo.
Nihoyat, yurtimizda ro‘y berayotgan yangilanishlarning qudratli to‘lqini manasliklar hayotiga ham yangi nafas, toza havo olib kirmoqda. Mamlakatimizda xalq bilan doimiy muloqot qilish bo‘yicha yaratilgan yangi tizim asosida olib borilayotgan ochiq muloqotlar, Prezidentning virtual va Xalq qabulxonalariga, ommaviy qabullarga kelib tushayotgan ariza hamda shikoyatlar tahlili va bevosita joylarga chiqib, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda, Manas “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishda respublikadagi namunaviy qishloq sifatida belgilab olindi.
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga muvofiq tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan dasturni amalga oshirishning barcha jihati qamrab olingan kompleks chora-tadbirlar rejasi bir kun muddat ichida ishlab chiqildi. Bunda tegishli vazirlik hamda idoralar, jamoat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, viloyat va tuman faollari, qishloq aholisi vakillari bilan atroflicha maslahatlashib, gapni bir joyga qo‘ygan holda ko‘pchilikning fikriga quloq tutib ish tutilgani ayni muddao bo‘ldi. Ishni samarali olib borish hamda yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal qilish maqsadida qishloqda Respublika ishchi guruhining dala shtabi tashkil etildi.
— Savobli ish avvalida oqsoqollarning duosi olinib, ezgu niyatlar qilindi. Ish boshlangan ilk kunda bu mavsumda uzoq kutilgan yomg‘ir, so‘ngra pag‘a-pag‘a qor yog‘ib, ona-zaminni o‘zining oppoq ko‘rpasiga o‘raganini keksalar yaxshilikka, poklikka, ishlarning baroridan kelishiga bir ishoraga yo‘yishdi, — deydi Do‘stlik tumani “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Omon Quvvatov. — Shundan so‘ng Respublika ishchi guruhi a’zolari, viloyat va tuman tashkilotlari hududdagi har bir xonadon hamda ijtimoiy muassasalarga kirib, mavjud holatni atroflicha o‘rganishdi, fuqarolarning talab va istaklari tinglandi, bajariladigan ishlar hajmi aniq belgilab olindi hamda shu asosda harakatlar boshlab yuborildi.
Ayni vaqtda qishloqdagi qurilish va obodonlashtirish ishlariga yuzlab maxsus texnika hamda moslamalar, mutaxassis va ishchi kuchlar safarbar etilgan. Har kuni mamlakatimizning turli hududlaridan yangi texnika hamda vositalar, qurilish materiallari kelib turibdi, ko‘mir, tsement, taxta ortilgan vagonlar kirib kelmoqda. Ishchi guruhi shtabida jarayon qizg‘in bo‘lib, barcha yumush muvofiqlashtirib borilmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, qisqa vaqt ichida hududdagi yo‘llar, turarjoylar, ijtimoiy soha ob’ektlari zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ladi. Asosiy e’tibor, avvalo, aholi uchun ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlarni yaxshilash, elektr energiyasi, gaz, ko‘mir, ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilash, yangi xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurishga qaratiladi. Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish orqali aholiga shahar sharoitidan kam bo‘lmagan qulayliklar yaratiladi. Manasda to‘plangan tajriba asosida kelajakda qishloq joylarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini tubdan rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqiladi, arxitektura-rejalashtirish ishlarida bir xillikdan voz kechilib, bu borada har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinadi. Bularning hammasidan ko‘zlangan bosh maqsad esa qishloqlarga zamonaviy turmushni olib kirishdan iboratdir.
— Qishloqda tartibsiz va ruxsatsiz barpo qilingan qurilmalarni bartaraf etish uchun bor imkoniyatlar ishga solinmoqda. Bu ishlarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda uning viloyat boshqarmasi xodimlari yaqindan ko‘mak berayapti, — deydi Jizzax viloyati ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish hududiy inspektsiyasi boshlig‘i Vahob Sodiqov. — Hududiy inspektsiya xodimlari tomonidan aholi bilan muloqotlarda ruxsatsiz qurilgan ana shunday inshootlarni olib tashlash bo‘yicha tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda. Eng muhimi, qishloq qiyofasini xunuklashtirayotgan qurilmalarni buzish ishlarida fuqarolarning o‘zlari tashabbus ko‘rsatishmoqda.
Misol uchun, Kumushkent — qishloqning asosiy ko‘chasi. Ko‘cha yuzida joylashgan noqonuniy qurilishlar, betartib joylashgan xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining hozirgi holatiga barham berilib, ko‘p qavatli uylarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish choralari ko‘rilayapti. Uylar atrofidagi eski simto‘siqlar olib tashlanib, yillar davomida tuproq va chiqindilarga ko‘milib ketgan, yaroqsiz holatdagi beton ariqlar yangisiga almashtirilmoqda. Ko‘chaning ikki tomonida yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar barpo qilinadi. Buning uchun viloyat avtomobilь yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi hamda Do‘stlik tumani yo‘l xo‘jaligi pudrat ta’mirlash-foydalanish korxonasining 100 dan ortiq texnikalari va ishchi kuchi safarbar etilgan.
Qishloqda elektr energiyasi bilan bog‘liq masalalar echimiga ham e’tibor qaratilmoqda. O‘ttizdan ortiq maxsus texnika vositalari tunu kun ishlab turibdi, 180 nafardan ziyod mutaxassis va ishchilar 31 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarida modernizatsiya hamda rekonstruktsiya ishlarini olib borishayapti. Yaroqsiz holga kelgan simyog‘ochlar yangi ustunlarga almashtirilmoqda.
“O‘ztransgaz” aktsiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar xodimlari tomonidan hududdagi har bir xonadon ehtiyoji o‘rganib chiqildi. Jumladan, Sattorovlar xonadonidagi sharoit bilan ham tanishildi. Talab darajasida bo‘lmagan oshxona ta’mirlandi, oila yangi gaz plitasi, barcha standartga javob beradigan gaz balloni bilan ta’minlandi. Guruh a’zolari ijtimoiy soha ob’ektlarida ham bo‘lishdi. Jumladan, mavjud ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi ko‘zdan kechirildi. Xususan, 17-bog‘chada xonalar ko‘mir bilan isitilib, ovqat ayvondagi qo‘lbola o‘choqda, o‘tinda tayyorlanar ekan. Bu, albatta, sanitariya-gigiena talablariga javob bermaydi. Mazkur muammo tezda bartaraf qilindi. Bog‘chadagi xavfsizlik talablariga javob beradigan alohida xona belgilanib, shu kunning o‘zida gaz ballonlar uchun maxsus temir shkaf, ikkita zamonaviy gaz plitasini o‘rnatish ishlari boshlandi.
— Viloyatdagi uchta tuman aholisiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan Do‘stlik tumani gaz to‘ldirish shoxobchasiga yana qo‘shimcha 3 ta zamonaviy “Isuzu” mashinasi va 1000 ta gaz balloni berildi, — deydi Jizzax viloyati gaz ta’minoti korxonasi hududiy filiali aholiga suyultirilgan gaz etkazib berish xizmati boshlig‘i Isroil Siddiqov. — Ushbu shoxobchada kuniga 600 dona ballonni 12 tonna suyultirilgan gaz bilan to‘ldirib, aholiga qisqa fursatda etkazib berish imkoni yaratildi. Shu kuni Respublika ishchi guruhi tomonidan tumandagi 6 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qilib kelayotgan Navro‘z mahallasiga 110 ta gaz balloni, 4 tonna ko‘mir mahsulotlari arzon narxda etkazildi.
Do‘stlik temir yo‘l stantsiyasiga ko‘mir ortilgan navbatdagi vagon etib keldi. Viloyatga qisqa muddatda Angrendan olib kelingan jami 138 tonna sara qattiq yoqilg‘i nafaqat Do‘stlik, balki Arnasoy, Zafarobod, Mirzacho‘l, Paxtakor tumanlari aholisiga ham etkazib berilmoqda.
E’tiborga molik yana bir jihat. Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hamda uning hududiy boshqarmasi tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatish bevosita fuqarolarning uyida ham tashkil etilmoqdaki, bu qulaylikdan aholi behad mamnun.
Chortoq ko‘chasida yashovchi Nilufar Nabieva Manas qishlog‘iga kelin bo‘lib tushganiga ikki yil to‘ldi. Ammo pasportini almashtirish borasida muammoga duch kelayotgan edi. Uning Agentlikka murojaati ijobiy echimini topdi.
Shu xonadonda yashovchi Eldor Nabiev esa 67 yoshda. Bir umr traktorchi bo‘lib ishlagan. Ammo arxivga o‘t ketib, ishlaganini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlar yonib ketgani tufayli pensiya yoshiga etganida ham tegishli hujjatlarni taqdim qila olmagani uchun shu paytgacha pensiya ololmay kelgan. Agentlik vakillarining aralashuvi bilan endi pensiya oladigan bo‘ldi. Umuman, shu kuni mazkur xonadondagi pasport, kadastr hujjatlari va pensiya ta’minoti bilan bog‘liq uchta muammo hal etildi.
Shu kuni Bahoriston ko‘chasida yashovchi Bo‘rlioy Beknazarovaga ham pasport olishida amaliy yordam ko‘rsatildi. Xatirchi ko‘chasi, 15-uyda yashovchi O‘tkir O‘rolovning kadastr hujjatlari rasmiylashtirib, uyiga olib borib berildi.
Agentlik xodimlari tomonidan qishloqdagi har bir xonadonga kirib, aniqlangan muammo hamda kamchiliklarni barataraf qilish choralari ko‘rilmoqda. Faoliyatning dastlabki ikki kunida 110 ta kadastr, meros huquqi bilan bog‘liq 8 ta, qolaversa, 30 ta boshqa turdagi hujjat fuqarolarga rasmiylashtirib berildi.
Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari uyma-uy yurib, xotin-qizlar bilan o‘tkazayotgan muloqotlarda ularning muammolari eshitilib, joyida hal etish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Ayollarni tadbirkorlik, uy mehnatining turli shakllariga jalb qilgan holda bandligini ta’minlash bilan birga, xonadonlardagi saranjom-sarishtalik, farzandlar tarbiyasi masalalariga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Binobarin, ayol kishi sarishtali, ro‘zg‘or ilmiga uquvli bo‘lsa, oiladan fayz-baraka arimaydi, sog‘lom muhit hukm suradi. Bunday oilaning farzandlari barkamol inson bo‘lib voyaga etadi.
Qishloqdagi o‘zgarishlar kattalar qatori yoshlarni ham quvontirmoqda. “Bir farzandga uch kitob” doirasida o‘tkazilgan kitoblar aktsiyasida qishloq o‘g‘il-qizlari ota-onalari bilan o‘zlariga mos, qiziqarli adabiyotlar bilan tanishdilar, ota-onalar esa ularni farzandlariga sovg‘a qildi. Zotan, obodlik agar, avvalo, odamlar ko‘nglida boshlansa, obodonchilik ishlari tobora kengayib, o‘zgarishlar shunchalik samarali bo‘ladi.
Tibbiyot tizimida nechog‘li keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmasin, baribir, necha yillardan beri qishloq aholisining tibbiy madaniyatini yuksaltirish masalasi hamon to‘la echim topgani yo‘q. Shu bois ham “Obod qishloq” dasturi doirasida qishloq aholisini to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, nogironligi mavjud shaxslarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va protez-ortopediya buyumlari etkazib berishni tashkil qilishga katta ahamiyat qaratilayapti.
Yoshu qari birdek qamrab olingan tibbiy ko‘riklar davomida aniq tashxislar qo‘yilib, davolash uchun yo‘llanmalar, bepul dori-darmonlar berildi. Bu esa tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida muammo sezilib turgan qishloq aholisi uchun ayni muddao bo‘ldi.
Hayot insonni turli sinovlardan o‘tkazadi. Bahoriston ko‘chasida yashovchi Gulsora Hasanova turmush o‘rtog‘idan ajralgan. Ota uyida ukasi bilan yashaydigan bu ayol ro‘zg‘orni zo‘rg‘a tebratib kelmoqda. Ta’mirtalab holatga kelib qolgan uyini epaqaga keltirishga ham imkoni yo‘q. Aholi turmush sharoitini o‘rganish asnosida “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi vakillari mazkur xonadonni ta’mirlab, zamonaviy ko‘rinishga keltirishga, Gulsora opaning yaqinda jazo muddatini o‘tab qaytgan ukasi Nurali Soatovni qurilish tashkilotiga ishga olishga qaror qilishdi. Shu kunning o‘zidayoq harakat boshlanib, qurilish materiallari xonadonga keltirila boshlandi.
Muxtasar aytganda, mana shu kunlarda mabodo yo‘lingiz tushib, Manas qishlog‘iga borsangiz, o‘zingizni ulkan qurilish maydoniga tushib qolgandek his etasiz. Nafaqat viloyat, balki mamlakatimizning boshqa hududlaridan ham kuniga yangi kuchlar kelib qo‘shilmoqda. Bunyodkorlik ishlari bamisoli umumxalq hashariga aylangan. Qudratli texnikalar ovozi kunu tun tinmayapti, nurchiyu suvchi, quruvchiyu loyihachi, yo‘lsozu gazchi, shifokoru o‘qituvchi — hamma-hamma qo‘li qo‘liga tegmay, qorli-qirovli kunlarga qaramasdan belgilangan vazifalarni o‘z muddatida yakunlash uchun mehnat qilmoqda.
Darhaqiqat, bugun qishloqda odamlarning hayratlanishiga arziydigan tarixiy ishlar bo‘layapti. Uning qamrovi hamda sur’atini ko‘rgan kishi yaqin kunlarda Manasning kechagi qiyofasidan asar ham qolmasligiga to‘la amin bo‘ladi. Bu davlatimiz rahbarining “Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak”, degan so‘zlarining real hayotdagi amaliy ifodasi, so‘z bilan ish birligining yorqin namunasidir.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |