2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
“Obod qishloq” dasturi to‘g‘risida"gi Prezident Farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi PF-5386-son Farmoni

Mamlakatimizning boy va qadimiy tarixidan ma’lumki, ajdodlarimiz tomonidan mahallalarni obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish eng bebaho qadriyat va an’analardan hisoblanadi. Mazkur qadriyatlarimizni izchil davom ettirgan holda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini barcha hududlarda amalga oshirish orqali qishloq aholisi uchun munosib sharoitlar yaratish va ularning turmush madaniyatini yanada yuksaltirish, eng asosiysi, yoshlarni xayrli ishlarga da’vat etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Har kim o‘zi yashaydigan uy, mahalla va qishloqni obodonlashtirishda hissasini qo‘shsa, yurtimiz obod bo‘ladi, obod yurtda yashaydigan odamlar kayfiyati yaxshi bo‘lishi ta’minlanadi.

Shu bilan birgalikda, mamlakatimiz aholisining 49 foizi yashaydigan qishloq joylarda salmoqli demografik, mehnat va iqtisodiy salohiyat jamlanishiga qaramasdan, ular uchun zaruriy sharoitlar yaratib berilmagan, turmush darajasi va sifatini oshirishga etarlicha e’tibor qaratilmagan. Jumladan, so‘nggi yillarda paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishda hissasi yuqori bo‘lgan dehqon-fermerlarning va boshqa toifadagi aholining hayotiy-maishiy extiyojlari to‘liq ta’minlanmagan.

Bunday holat qishloq aholi punktlarini tubdan qayta yangilamasdan va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirmasdan, mamlakatimizni zamonaviy rivojlangan davlatga aylantirishga to‘siq bo‘lmoqda. Xususan, hududlarga tashriflar jarayonida joylardagi haqiqiy ahvol bilan tanishish, bevosita mahalla va xonadonlarga kirib borish hamda aholi bilan muloqot natijalari quyidagi tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Birinchidan, mahalliy hokimliklar, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasining hududiy organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan shaharsozlik me’yor va qoidalariga amal qilmagan holda, bino-inshootlar va uy-joylarni tartibsiz va o‘zboshimchalik bilan qurish holatlariga chek qo‘yilmayapti. Qurilish ishlarining qishloq va mahalla darajasida kompleks yondashuvlar asosida olib borilmasligi oqibatida qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasi eskicha ko‘rinishda qolmoqda.

Ikkinchidan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zbekenergo”  AJ va “O‘ztransgaz” AJning quyi tizim korxonalari tomonidan qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi, gaz va elektr tarmoqlari, transformator punktlarini ekspluatatsiya qilish qoniqarsiz ahvolda olib borilishi oqibatida zarur infratuzilmalar eskirgan va yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.

Uchinchidan, shaharsozlik me’yor va qoidalari hududlarning o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirilmaganligi oqibatida qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini yaxshilash, xususan, mazkur hududlarda avtomobilь yo‘llari va yo‘l bo‘yi infratuzilmasi barpo etish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va irrigatsiya tizimlarini barpo etish tartibsiz ravishda olib borilmoqda.

To‘rtinchidan, mahalliy byudjetlar va tarmoq tashkilotlari tomonidan qishloq aholi punktlarida bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini kompleks tarzda amalga oshirish uchun moliyalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.

Beshinchidan, eng achinarlisi shuki, aholining ayrim qismlari shu ahvolga ko‘nikkan, boqimandalik kayfiyatiga berilib ketganligi oqibatida o‘zining uy-joylari, hovlisi va tomorqasini saqlashga e’tibor qaratmay qo‘ygan. Xalqimizning “qush inida ko‘rganini qiladi” degan naqlini esdan chiqarib, o‘z ostonasini osoyishta va saranjom qilmaslik farzandlarimiz va nevaralarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Oltinchidan, obodonlashtirish ishlariga faollar, keng jamoatchilik va fuqarolarni jalb qilishga etarlicha e’tibor qaratilmayapti va aniq bir tizimli samarali ishlar olib borilmayapti. Ayniqsa, mazkur ishlar sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, xotin-qizlar qo‘mitalari va Yoshlar ittifoqining hududiy bo‘g‘inlari e’tiboridan chetda qolgan va bu borada qat’iy tashabbuskorlik va muvofiqlashtirish etishmaydi.

Ettinchidan, hududlarda an’anaviy bo‘lib qolgan hasharlarni faqatgina “xo‘ja ko‘rsin” uchun bayram kunlariga yaqin sanalarda yuzaki o‘tkazish odat tusiga aylanib qolgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, qishloq aholi punktlarining me’moriy qiyofasini tubdan yangilash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish va shu asosda aholining turmush madaniyatini yuksaltirish va dunyoqarashini kengaytirish maqsadida:

1. Belgilab qo‘yilsinki, joriy yilning 1 aprelidan boshlab respublikaning har bir tumani va shaharida, avvalambor, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududlarda 2018 yilda 2 tadan va kelgusi yillarda 3 tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirishga va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan “Obod qishloq” dasturi (keyingi o‘rinlarda dastur deb ataladi) amalga oshiriladi.

2. Quyidagilar dasturning ustuvor maqsadlari va xarajatlarning asosiy manbalari etib belgilansin:

birinchidan, respublika byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga aholini ishonchli tarzda ichimlik suvi bilan ta’minlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘laydigan yo‘llarni qurish, rekonstruktsiya qilish va ta’mirlash, shuningdek, lizing asosida qishloq va tuman markazi orasida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish;

ikkinchidan, mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta’mirlash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya inshootlari va irrigatsiya tizimlarini barpo etish, transport to‘xtash bekatlarini qurish;

uchinchidan, xalqaro moliya institutlarining kreditlari hamda korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga elektr ta’minotini yaxshilash, aloqa tizimini modernizatsiya qilish, aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yoqilg‘isini uzluksiz etkazib berish;

to‘rtinchidan, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlarni tubdan yaxshilashga e’tibor qaratish, bunda bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikalarni qurish, rekonstruktsiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda tegishli xarajatlarning yarmini respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar hamda qolgan qismini mahalliy byudjet va mahalliy homiylar hisobidan moliyalashtirish;

beshinchidan, bozor infratuzilmasi ob’ektlarini va servis shoxobchalarini, jumladan, hammom va kichik bozor shoxobchalarini tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari va xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobidan barpo etish;

oltinchidan, uy-joylarni ta’mirlashda xonadon egalariga amaliy yordam  ko‘rsatish, avvalambor, qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta’minlash, bu jarayonda keng miqyosda hashar usullarini qo‘llash hisobiga hovli va atrof hududlarni obodonlashtirish, ariqlarni tozalash, oqova suv xandaklarini barpo etish hamda muhtoj oilalar uchun homiylar va ish beruvchi korxonalar mablag‘lari hisobidan uy qurib berish (ta’mirlash) va boshqalar.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida “Obod qishloq” jamg‘armalari tuzilsin.

Iqtisodiyot vazirligi Investitsiya bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda o‘n kun muddatda “Obod qishloq” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini tayyorlab, tasdiqlash uchun kiritsin.

Quyidagilar “Obod qishloq” dasturida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari;

mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha mablag‘lari;

tarmoq korxonalarining mablag‘lari;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari;

“Mahalla” jamg‘armasining va boshqa tashkilotlarning homiylik xayriyalari;

tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari;

hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining har yillik Davlat byudjeti, shu jumladan, mahalliy byudjetlar parametrlarini tasdiqlashda “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish uchun zarur miqdorda mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.

Bunda, dastur doirasida “O‘zbekenergo” AJ,  “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbektelekom” AK, Respublika yo‘l jamg‘armasi, Avtomobilь yo‘llari davlat qo‘mitasining, tashkilot va korxonalar o‘z mablag‘larining tegishli maqsadlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mazkur Farmon bilan “Obod qishloq” dasturining belgilab berilgan asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, barcha tashkiliy chora-tadbirlar izchilligi, loyihalarni  moliyalashtirish manbalari, moddiy resurslar ta’minoti bilan uzviy va chambarchas bog‘langan 2018 yil uchun chora-tadbirlar rejasini o‘n kun muddatda ishlab chiqib, o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.

“Obod qishloq” dasturi doirasida markazlashgan manbalar va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bajariladigan ishlar bo‘yicha buyurtmachi etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari belgilansin.

Barcha ob’ektlar bo‘yicha bosh loyihachi va pudratchi tashkilotlarni eng maqbul takliflar tanlovi orqali aniqlashga ruxsat berilsin.

Mazkur tanlovlarni tashkil etish, jarayonlarni nazorat qilish va ularning samaradorligini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi raisi B.Zakirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklari va sektor rahbarlari dasturni amalga oshirish doirasida qamrab olinadigan joriy va kelgusi davrlarga mo‘ljallangan qishloq va mahallalarning manzilli ro‘yxatlarini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun quyidagi qat’iy shartlar asosida shakllantirishni ta’minlasinlar:

har bir qishloq kesimida tuman (shahar) hududiy tashkilotlari bilan birgalikda mo‘ljallanayotgan keng ko‘lamli ishlarni tashkil etish va boshqarish yuzasidan tezkor maxsus shtablarni joriy etish, shu jumladan, ishlarni hashar va xo‘jalik usulida bajarishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, moliyalashtiriladigan qismi bo‘yicha mavjud barcha imkoniyatlarni jalb etish, shu jumladan, soliq yig‘uvchanligini oshirish va qo‘shimcha aniqlanadigan manbalardan mahalliy byudjet daromadini oshirish;

arxitektura, sanitariya va texnik talablar asosida shaxsiy mulk egalari o‘z uy-joyini saqlash, mavjud tomorqalardan unumli foydalanish, er va mol-mulk soliqlarini hamda ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar uchun hisob-kitob qilish va qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik, hasharlarda fuqarolarning bevosita shaxsiy ishtirokini aks ettiruvchi jamoa shartnomalarini tuzish.

6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi va “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi huzuridagi Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspektsiyasi uy-joy, bino-inshootlar va tomorqa xo‘jaliklari mulkdorlari tomonidan amaldagi talab va qoidalar buzilishi va ularga rioya etmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy kodeksiga muvofiq tegishli choralar ko‘rsinlar.

7. Belgilab qo‘yilsinki, “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan ob’ektlarni sifatli va arzon qurilish materiallari bilan ta’minlash maqsadida metall prokati, tsement, noruda materiallari, g‘isht, temir-beton mahsulotlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq, shifer va shu kabi boshqa asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun korxonalarga gaz va elektr energiyasi 2018 yil 1 maydan boshlab “O‘ztransgaz” AJ va “O‘zbekenergo” AJ tomonidan aholi uchun belgilangan narxlarda etkazib beriladi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, boshqa tegishli vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda tsement, metall prokati, g‘isht, temir-beton buyumlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq mahsulotlari kabi asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini etkazib berish uchun firma do‘konlari tarmoqlarini tashkil etish choralarini ko‘rsinlar.

9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, tegishli loyiha institutlari bilan birgalikda:

“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlarining bosh rejalarini batafsil rejalashtirish loyihalari bilan birgalikda oldindan ishlab chiqishni;
2019 yil 1 yanvarga qadar qishloq aholi punktlari me’moriy qiyofasini yaxshilash tizimini takomillashtirish maqsadida shaharsozlik me’yor va qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish, zarur hollarda yangi standart va mezonlarni ishlab chiqishni;

har bir ob’ekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazorati o‘rnatilishini ta’minlasin.

Belgilab qo‘yilsinki, “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishloq aholi punktlari bosh rejasi va batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

10. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi, Matbuot va axborot agentligiga barcha turdagi ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda “Obod qishloq” dasturi doirasida qishloq aholi punktlarida, ayniqsa, chekka va olis hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlarini batafsil yoritib borish va keng xalq ommasi orasida targ‘ib qilish tavsiya etilsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A.Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
 

                               O‘zbekiston Respublikasi
                                            Prezidenti                                                                                    Sh.Mirziyoev

29.03.2018

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar