Avval xabar berganimizdek, Prezidentimizning joriy yil 14-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini joylarda keng tushuntirish va uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi Surxondaryo viloyatida bo‘lib, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Kecha mazkur tadbir Termiz shahri, Angor, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on va Termiz tumanlari tadbirkorlari uchun viloyat markazida, Uzun, Sariosiyo, Denov, Oltinsoy, Sho‘rchi tumanlari kichik biznes vakillari ishtirokida Denov tumanida bo‘lib o‘tdi.
Bugun Sherobod tumani hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda Boysun, Sherobod, Qiziriq, Muzrabot tumanlarining tadbirkorlari qatnashdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi, Respublika ishchi guruhi rahbari A. Ikramov mazkur hujjatning mamlakatimizda kichik biznesni rivojlantirish, aholi to‘kinligini ta’minlash va iqtisodiy qudratimizni mustahkamlash haqidagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritdi. Hududlarda ish boshlagan Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari va faoliyat yuritish mexanizmlari xususida fikr almashildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda sohani qo‘llab-quvatlab, yuksaltirishga qaratilayotgan izchil islohotlar kichik biznesni yanada rivojlantirib, obod va farovon turmushimizni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Tadbirkorlar taklif va muammolarini tinglab, ularni hal etishning samarali yangi tizimi yaratilgani bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Xususan, joriy yilning dastlabki choragida voha yalpi hududiy mahsulotida kichik biznesning ulushi 68.2 foizga etdi. 51 ta xorijiy sarmoya ishtirokidagi va ikki mingga yaqin xususiy korxona tashkil etildi. Xususiy sektorni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 335 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Kichik biznes subektlari tomonidan 36.7 million dollar qiymatidagi mahsulot eksport qilindi. Bu viloyat umumiy eksportining 90.8 foizini tashkil etadi.
Ellikdan ortiq vazirlik, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari mutasaddilari, aloqador tumanlar hokimlari, viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda Ishchi guruh va viloyat Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi hamkorligida xususiy sektor vakillarining muammo hamda takliflari tinglanib, ularni tezkor hal etish yo‘llari izlandi.
– Ikki yildan buyon bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘yish uchun bir gektar er so‘rab, tumanda bormagan rahbarim qolmadi, – Muzrabot tumanidagi Oriyat mahallasida yashaydigan T.Jumaev. – Hududimizdagi tashlandiq ko‘lda baliq parvarishlashni ko‘nglimga tugib, uni ham so‘rab ko‘rdim, ruxsat berishmadi. Xalq bankiga rahmat. Asalarichilik uchun imtiyozli mablag‘ so‘ragan edim, oz bo‘lsa-da kredit ajratdi. Uchrashuvda mutasaddilarga ushbu muammolarimni ro‘y-rost aytdim. Mahalliy hokimlik va mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda shu erning o‘zida echimi izlandi. Ikkita masalam ham tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, hal etiladigan bo‘ldi. Adolat bor ekan. Bunday e’tibordan juda quvondim.
Respublika Ishchi guruhi ikki kun davomida viloyatda Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi hamkorligida 200 dan ortiq kichik biznes subektining taklif va muammosini eshitib, ularni adolatli hal etishga ko‘maklashdi. Tuman va viloyatda echimi topilmaydigan masalalarni hukumat darajasida hal etishga kelishib olindi.
Respublika Ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatiga jo‘nab ketdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |