Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular uchun barcha sharoitlarni yaratib berish borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning topshirig‘i bilan og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar berilayotgani e’tiborga molikdir.
Shu o‘rinda ko‘pchilikni kimlar arzon uy-joy olish huquqiga egaligi, buning uchun zarur bo‘ladigan hujjatlar qiziqtirishi tabiiy. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Muborak Asrorova muxbirimizga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar berish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan. Imtiyozli uy-joylar berish ana shu qaror asosida amalga oshiriladi.
Nogiron, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalar uy-joyga muhtoj xotin-qizlar deb belgilangan. Xususan, quyidagi toifadagi ayollar ushbu imtiyozga ega bo‘lishi mumkin:
1. Ariza beruvchida mulk huquqi asosida turar joyning yo‘qligi va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi.
2. Boshqa oila (oilalar) bilan bir uyda (bir xonadonda) yashashi.
3. Ko‘p bolali (uch va undan ortiq).
4. Ariza beruvchi oilasining daromadi.
5. Ijtimoiy xususiyatiga ko‘ra alohida xonada yashashi kerak bo‘lgan (sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir ko‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz) bemor ayollar (tuman tibbiyot birlashmasining xulosasi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ma’lumotnomasi asosida).
6. Ariza beruvchining oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning mavjudligi.
7. Ariza beruvchi uy-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun umumiy uy-joy maydoni 16 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv. metrdan kam bo‘lmagan) uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi.
8. Birinchi guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz ayollar.
9. Yolg‘iz o‘zi og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bola parvarishlayotgan ayollar (tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotnomasi va tibbiyot birlashmasi xulosasi asosida).
10. Kam ta’minlangan oilada yolg‘iz o‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarni tarbiyalayotgan ayollar (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ma’lumotnomasi asosida).
Ushbu ijtimoiy normalar ariza beruvchining ahvolini baholashda asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi. Talabgor ayolning ahvoli har bir punkt bo‘yicha baholab chiqiladi va eng ko‘p ball to‘plaganlar birinchi navbatda tavsiya oladilar.
Nogironligi bo‘lgan ayollarga qanday uylar beriladi?
Har yili barcha tuman va shaharlarga (toifasiga qarab) 6 tadan 10 tagacha 2-3 xonali kvartiralar va 2 sotixli (2-3 xonasi bor) hovlilar beriladi. Nogiron xotin-qizlarga ko‘p qavatli uylarning birinchi yo ikkinchi qavatidan kvartiralar taqdim etiladi.
Boshlang‘ich badal to‘lovi
Boshlang‘ich badal (25 foiz) Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, talabgor ishlayotgan tashkilot tomonidan hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar (homiylar, boshqa jamg‘armalar) hisobidan to‘lab beriladi.
Qolgan 75 foizi esa tijorat banklaridan imtiyozli kredit olib qoplanadi (talabgor tomonidan). Bordiyu talabgorning bunga qurbi yetmasa (kam ta’minlangan bo‘lsa, doimiy daromadi bo‘lmasa), u ishlayotgan tashkilot, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondining mablag‘lari hamda qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lab beriladi.
Talabgor taqdim etadigan hujjatlar
Tuman hokimiyati qoshida tuzilgan maxsus hududiy Komissiyaga ariza topshiriladi va shu komissiyaning tavsiyasi bilan keyinchalik imtiyozli uy-joyga ega bo‘lish mumkin. Talabgor Komissiyaga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
· Ariza.
· Pasport nusxasi.
3. Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami nusxasi (STIR).
4. Oila a’zolari pasportlari va nikoh qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (to‘liq oila va nikoh hamda voyaga yetgan farzandlar mavjud bo‘lgan taqdirda) va farzandlar tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalar (voyaga yetmagan farzandlari mavjud bo‘lgan taqdirda) nusxalari.
5. Yashash joyidan oila tarkibi to‘g‘risida ma’lumotnoma.
6. Ariza beruvchi va u bilan birga yashayotgan oila a’zolarining doimiy ish joylaridan berilgan oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlari to‘g‘risida ma’lumotnoma yoki ariza beruvchi va uning oila a’zolarining yashash joyidagi davlat soliq xizmati organi tomonidan tasdiqlangan oxirgi 12 oy mobaynidagi daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyalar nusxalari.
7. Doimiy propiska joyidan kadastr hujjati nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa).
8. Doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartiralar bo‘yicha kartochkaning (17-shakl) nusxasi (agar turar joyi doimiy propiska joyi bilan to‘g‘ri kelsa).
9. Ijara yoki turar joydan tekinga foydalanish to‘g‘risida shartnoma yoki tuman (shahar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi ma’lumotnoma nusxasi (ariza beruvchining mulk huquqi asosida turar joyi bo‘lmagan holatda).
10. Nogironlik guruhi ko‘rsatilgan holda pensiya guvohnomasi, ushbu hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasidagi tumanlararo (tuman) tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi (TMEK) ma’lumotnoma nusxasi (oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjud bo‘lgan holatda).
11. Turar joyi bo‘yicha tuman davolash-profilaktika muassasaning vrachlik-maslahat komissiyasi (VMK) ma’lumotnomasi yoki ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlariga chalingan va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxsning mavjudligi holatida – tumanlararo (tuman) TMEK ma’lumotnomasi.
Ariza raqamlab boriladi va maxsus muhr bilan himoyalanadi
Ariza va hujjatlar belgilangan qabul kunlarida Komissiyaga topshiriladi. Komissiya arizani ro‘yxatga oladi va arizaning bir nusxasiga qabul qilingan sana va qabul qilgan shaxsning imzosini qo‘yib talabgorga beradi (ariza qabul qilinib olinganligining isboti sifatida). Ta’kidlash joiz, ro‘yxat raqamlab boriladi, ro‘yxat daftari maxsus muhr bilan himoyalangan bo‘ladi.
Komissiya 15 ish kunida ariza beruvchining hujjatlarini, doimiy yashash joyini, turmush sharoitini o‘rganib chiqadi.
Shu o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, 3 kun ichida xulosa tayyorlaydi va uni yozma shaklda talabgorga yetkazadi. Xulosada imtiyozli uy joyga tavsiya etilgan yoki etilmagani sabablari batafsil ko‘rsatiladi.
Uyga muhtojlar ko‘p, uylar soni cheklangan. bunday sharoitda qanday ayollarga birinchi navbatda uy beriladi?
Ayrim ayollar men imtiyoz beriladigan toifaga kirsam ham, berishmayapti, deb shikoyat qiladi. Shuning uchun ayni masalani hayotiy vaziyatlar orqali tushuntirishga urinib ko‘ramiz.
Bir ayol uy-joyga muhtoj va yolg‘iz ona, ikkinchisi uy-joyga muhtoj, yolg‘iz ona va ayni damda kam ta’minlangan, uchinchi bir ayol esa yolg‘iz ona, kam ta’minlangan va yana nogiron ham. Shunda albatta, uchinchi ayol birinchi ikki ayolga nisbatan tavsiya olishga haqliroq hisoblanadi.
Ayollarimiz ko‘p jihatdan imtiyozli uy olishga munosib bo‘lsa ham, undanda munosibrog‘i bo‘lishi mumkin. Chunki bir tumandan yiliga 6 ta uy berilyapti, ammo unga o‘nlab, hatto yuzlab talabgorlar chiqadi. Shuning uchun Komissiya har bir holatni individual o‘rganib, muhtojlik darajasini ballar orqali ifodalab boradi. Ya’ni eng muhtojlar, o‘ta muhtojlar, juda muhtojlar, o‘rtacha muhtojlar kabi kamayib borish prinsipi amal qiladi.
Ayol bu yil tavsiyanoma olmagan bo‘lsa, keyingi yoki undan keyingi yillarda olishi mumkin. Shu tarzda uy-joyga muhtojlar soni kamayib, boshqalarning uy olish imkoniyati kengayib boradi.
Aslida bu hujjat Harakatlar strategiyasining bu yilgi dasturida ko‘rsatilgan “Og‘ir maishiy sharoitlarda yashayotgan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironlarni parvarish qilayotgan oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish” bandining ijrosi bo‘yicha qo‘yilgan amaliy qadamlardan biridir. Hozir shu dastur bo‘yicha uy-joyi bo‘lmagan yoki avariya holatidagi va juda eski uylarda yashovchi oilalarga arzon uy-joylar berilmoqda.
Shunday ekan, og‘ir ijtimoiy sharoitga tushib qolgan ayollarning uy-joyi masalasi ham, albatta, amaliy yechim topadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi “Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan mazkur toifadagi 1 ming 576 nafar xotin-qizlarga joriy yil davomida uylarni topshirish rejalashtirilgan bo‘lib, 10 foizli boshlang‘ich badali to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda 1 ming 576 nafar og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, nogironligi bo‘lgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlar ro‘yxatlari shakllantirildi va hududiy komissiyalar tomonidan o‘rnatilgan tartibda o‘rganilmoqda.
Joriy yilning birinchi chorak yakuniga ko‘ra, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyasiga asosan 110 nafar uy-joyga muhtoj og‘ir turmush sharoitidagi va nogironligi bo‘lgan xotin-qizga uy-joy qurilishi uchun 10 foizli boshlang‘ich badali to‘lab berildi.
Muhayyo TOShQORAEVA yozib oldi, O‘zA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |