Andijon viloyatining Marhamat tumanida “Obod qishloq” hamda “Obod tuman markazi” dasturlari doirasida keng koʻlamli qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugun Marhamatda boʻlayotgan oʻzgarishlar har qanday kishining havasini keltiradi. Aytish joizki, keyingi bir necha oy ichida tumanning, ayniqsa, tuman markazining koʻrinishi butunlay oʻzgarib ketdi. Koʻplab yangi savdo, xizmat koʻrsatish shoxobchalari, turar joy binolari, keng va ravon yoʻllar, xiyobonlar bunyod etilib, tuman qiyofasiga oʻzgacha koʻrk bagʻishlamoqda.
“Obod qishloq” dasturi doirasida joriy yilda tumanda keng koʻlamli qurilish, bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Qovunchi, Qoraqoʻrgʻon, Bozorboshi mahallalarida 25 milliard, shuningdek, “Obod tuman markazi” dasturi asosida Navroʻz, Mingtepa, Oʻzbekiston, Turon, Guliston, Dukchi Eshon mahallalarida 772 milliard soʻmdan ziyod hajmdagi qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Belgilangan ishlarni bajarishda nafaqat marhamatliklar, balki viloyatdagi koʻp korxona va tashkilotlar vakillari, qoʻshni tumanlardan hasharga kelgan quruvchilar, yoʻlsozlar jonbozlik koʻrsatib mehnat qilmoqda.
Asaka – Marhamat magistral yoʻlining tuman hududiga kiruvchi 15 kilometr masofasida yoʻlsozlar kunning jaziramasiga qaramasdan astoydil ish olib bormoqda.
– Korxonamiz mutaxassislari tomonidan magistral yoʻlning 1 kilometr masofasi kengaytirilib, shagʻal yotqizilib asfalt bilan qoplanmoqda, – deydi Shahrixon avtomobil yoʻllaridan foydalanish unitar korxonasi rahbari Mirzohid Nurmatov. – Yoʻlning chetlariga lotoklar yotqizilib, piyodalar uchun yoʻlakchalar ham qurilmoqda. Bu ishlar nafaqat avtomobil haydovchilari, balki piyodalar uchun ham katta qulayliklar yaratadi.
Umuman, yuqoridagi dasturlar doirasida tuman hududidagi qariyb 60,3 kilometr uzunlikdagi yoʻllarda qurilish, taʼmirlash, asfaltlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan boʻlib, ayni kunga qadar 24,6 kilometr yoʻlga shagʻal yotqizildi, 16,2 kilometri asfaltlandi. Yoʻl chetlariga 840 dona beton lotok oʻrnatildi.
Bundan tashqari, dasturlar asosida hamda mahalliy byudjet mablagʻlari hisobiga 92 kilometr masofaga yangi suv tarmogʻi tortilishi, 7 ta suv qudugʻini taʼmirlash ishlari belgilangan boʻlsa, shu kunga qadar 69 kilometrga yangi suv tarmogʻi tortilib, 3 ta ichimlik suvi qudugʻi taʼmirlandi. Shuningdek, 10,8 kilometr oqova suv tarmogʻi tortish, yangi oqova suv tozalash inshootini barpo etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda, Karkidon suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilinmoqda.
– Koʻchamizda asosan yosh oilalar yashaydi, – deydi Navroʻz mahallasi, Alpomish koʻchasida yashovchi Rahima Ahmadaliyeva. – Ichimlik suvi masalasi bizni ancha qiynardi, bir necha naridagi koʻchadan tashib olib kelinardi. Ayniqsa, men kabi yosh bolali ayollar qiynalardi. Mana, qisqa vaqt ichida koʻchamizga ichimlik suvi keltirildi. Bundan behad mamnunmiz.
Joriy yilda 13,7 kilometr masofaga yangi gaz tarmogʻi tortish, 1,2 kilometrda demontaj ishlari, 7 ta gaz taqsimlash punktini taʼmirlash rejalashtirilgan. Ayni kunga qadar qariyb 20 kilometr masofadagi tarmoq yangilandi, demontaj ishlari bajarildi, 10 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlandi. Tabiiy gaz yetib bormagan koʻchalar aholisini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash maqsadida shu yilning oʻtgan davrida 252 ta xonadonga gaz ballonlari yetkazib berildi. Bu boradagi ishlar yana davom ettirilmoqda.
Keyingi ikki yil ichida amalga oshirilgan ishlar natijasida tumanda elektr energiyasi taʼminoti tubdan yaxshilandi. Elektr taʼminotidagi uzilishlarga barham berildi.
Joriy yilda birgina “Obod tuman markazi” dasturi asosida 492 ta simyogʻochni betonli ustunlarga almashtirish, 12,5 kilometr masofadagi elektr liniyalarini qoplamali kabellarga almashtirish ishlari bajarilib, 4 ta yangi transformator oʻrnatildi.
– Koʻchamiz qishda loy, yozda chang, tuproq boʻlardi, – deydi Qovunchi mahallasi “Oltin meros” koʻchasida yashovchi uy bekasi Shoiraxon Mamayeva. – Koʻchamiz shagʻallandi, ichimlik suvi keltirildi. Ayniqsa, koʻchamizdagi shamol boʻlsa, egilib turadigan simyogʻochlar betonlisiga almashtirilib, kabelli simlar tortilganidan xursandmiz.
Dasturlar amalga oshirilayotgan qaysi mahalla, koʻchaga bormaylik, boʻlayotgan ishlardan odamlarning mamnunligini koʻrdik. Obod joyga mehmonlar koʻp keladi.
Hududga sayyohlar oqimining ortishi esa iqtisodiyotning rivojiga taʼsirini koʻrsatishi tabiiy.
Boboxuroson mahallasida yashovchi oʻzbek sirki, dorbozlik sanʼatining ustalaridan biri Yunusali ota Gʻoziyevning xonadonida boʻldik. Otaxon nafaqaga chiqqach, el xizmatidan ortib, nafaqat xonadonini, balki uyi yonidan oqib oʻtuvchi zax suv oqadigan ariq boʻylarini jannatmonand bogʻga, dam olish maskaniga aylantirdi. Bu yerdagi mevali, manzarali daraxtlar, gullar har qanday kishining havasini keltiradi. Dam oluvchilar uchun esa barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, tibbiyot xonasida kerak boʻladigan dori-darmonlar bor, voleybol hamda mashgʻulotlar maydonlari esa bolajonlar bilan gavjum.
Ushbu maskanda aholiga yanada kengroq qulaylik yaratish, ichki turizmni rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan umumiy qiymati 30 million soʻm boʻlgan sanitariya-gigiyena maskani qurib berildi.
Xonadon oʻrtasiga esa dor tikilgan. Otaxon rahbarligidagi “Andijon samosi” oilaviy dorbozlar guruhi oʻz tomoshalari bilan dam oluvchilarni xushnud etadi.
Ketish chogʻida ushbu dam olish maskani faxriy mehmonlari oʻzlarining dil soʻzlarini yozib qoldirgan kattagina daftarga koʻz yugurtirdik. Qancha-qancha nufuzli mehmonlar, sanʼatkorlar, Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya, Koreya, Yaponiya, Xitoy, Polsha singari xorijlik sayyohlarning dil soʻzlarini koʻrdik.
Bir necha kun avval viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov turizmni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi, umrining salmoqli qismini mana shunday xayrli ishlarga bagʻishlagani uchun Yunusali ota Gʻoziyevga “Spark” avtomashinasi sovgʻa qilgani otaning koʻp yillik ezgu ishlariga berilgan munosib baho boʻldi.
Marhamat tumanida turizmni rivojlantirish borasida ham eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda. Maʼlumki, tumanda “Mingtepa” arxeologik yodgorligi joylashgan.
– Xalqimizning koʻhna tarixini aks ettiruvchi “Mingtepa” yodgorligi nafaqat yurtimiz, balki xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotmoqda, – deydi “Mingtepa – madaniy meros“ jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov. – Mingtepa xarobalari xalqimizning qadim tarixi haqida koʻplab maʼlumotlarni beradi.
Xitoylik va oʻzbekistonlik olimlar tomonidan olib borilgan qazishmalar chogʻida topilgan noyob osori atiqalar qimmatli ilmiy-tarixiy ahamiyatga ega. Ana shuni hisobga olib, turistlarni jalb etish maqsadida ochiq osmon ostidagi “Mingtepa” muzeyini tashkil etish boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda.
Yurtimiz obodligi, xalqimiz turmush farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlardan tuman ahli behad xursand. Bu yerda kim bilan suhbatlashmaylik, ularning qalbida ozod va obod yurtga boʻlgan mehr, uning yuksalib, yanada taraqqiy etib borayotganidan faxr-iftixor tuygʻulari joʻsh urayotganligiga guvoh boʻldik.
Faxriddin UBAYDULLAYEV, Zuhriddin UMURZOQOV (surat), OʻzA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |