Muhtaram vatandoshlar!
Xalqimiz butun musulmon ummati bilan birgalikda katta shodu xurramlik ila kutib olayotgan Qurbon hayiti bilan sizlarni, go‘zal diyorimizdagi barcha mo‘minlarni chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Asrlar davomida el-yurtimizning ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin egallab, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlab kelayotgan ushbu qutlug‘ bayram barchamizga muborak bo‘lsin!
Mana shunday shukuhli va saodatli ayyomda hammamiz avvalo Alloh taboraka va taologa beadad shukronalar aytishimiz tabiiydir.
Siz, azizlarga yaxshi ma’lumki, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, e’tiqod erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, turli millat va elatlar o‘rtasida totuvlik, ahillik va hamjihatlik muhiti tobora yuksalib bormoqda.
Ayniqsa, xalqimizning islom madaniyati va tsivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini mamlakatimiz va dunyo jamoatchiligiga etkazish, tabarruk qadamjolarni obod qilib, ziyoratgohlarga aylantirish, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish borasida boshlagan xayrli ishlarimiz ilmu ma’rifatning qadriga etadigan el-yurtimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Fuqarolarimiz uchun yaratilgan yangi imkoniyat va sharoitlar tufayli ushbu mo‘’tabar va ulug‘ ayyom kunlarida Makkai mukarramada muqaddas haj amallarini ado etayotgan 7 mingdan ziyod vatandoshlarimiz bugungi tinch-osoyishta, erkin hayot uchun Parvardigori olamga hamdu sanolar aytib, yurtimizga ravnaq, xalqimizga xayr-baraka so‘rab, duoi fotihalar qilishmoqda.
Hojilarimizning barchasini samimiy muborakbod etib, ularning ona diyorimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini tilaymiz. Ular o‘zlarining ibratli fazilatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan yosh avlodimizni el-yurtga sadoqatli va fidoyi, hidoyat yo‘lidan boradigan halol va pok insonlar etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shadilar, deb ishonamiz.
Yaratganning ne’matlari ziyoda bo‘layotgan va shukronalik hislari qalblarimizni nurafshon qilayotgan ushbu ayyomda uzoq va yaqin hududlarda joylashgan barcha musulmon mamlakatlarining xalqlarini, xorijiy do‘st va hamkorlarimizni qutlab, ularga tinchlik, bardavom taraqqiyot va farovonlik yor bo‘lishini tilaymiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Qurbon hayitining mamlakatimizda mustaqillik bayrami arafasida keng nishonlanishi xalqimizning ruhi va kayfiyatini yanada ko‘tarmoqda.
Ayni shu kunlarda el-yurtimizga xos bo‘lgan mehr-muruvvat, shafqat va saxovat tuyg‘ulari yaqqol namoyon bo‘lib, barchamizni ehtiyojmand, kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironlar, yolg‘iz keksalarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va qabristonlarni obod qilish kabi savobli ishlarga da’vat etmoqda.
Bunday xayrli amallar mamlakatimizda ijtimoiy hayotning turli sohalarida ro‘yobga chiqarilayotgan, insonni aziz va mukarram deb bilishga, jamiyatimizda qonun va adolat ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.
Biz ularning zamirida islom dinining insonparvarlik mohiyati va qudratini ko‘ramiz, buyuk ma’naviy meros vorislari ekanimizdan haqli ravishda faxrlanamiz.
Hurmatli vatandoshlar!
Barchangizni Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.
“Diling – Allohda, qo‘ling – mehnatda bo‘lsin”, degan olijanob e’tiqod bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan xotirjamlik, ahillik, fayzu baraka hech qachon arimasin!
Ezgu intilish va ishlarimizda Yaratganning o‘zi hamisha madadkor bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |