Tumanlardagi xotin-qizlar qo‘mitasining qaysi biriga bormang raisani idorasida o‘tirganini kam uchratasiz. U albatta biror mahalla yo qishloqqa chiqib ketgan, uyma-uy yurgan, biror ehtiyojmand ayolning muammosini hal etish uchun qaergadir chiqqan bo‘ladi. Idorasi eshigi oldida ham kamida besh-olti ayol muammosi bilan kutib turgan bo‘ladi.
Jizzax viloyati G‘allaorol tumani xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Sharofat Safarova bilan uchrashuvga oldindan kelishib borgan bo‘lsak-da, suhbat orasida murojaat uchun kelgan ayollarning bir nechtasini qabul qilishiga to‘g‘ri keldi.
– Ehtiyojmand, ko‘makka muhtoj xotin-qizlar muammosi bilan doimiy shug‘ullanyapsizlar. Garchi bundan boshqa ishlar ham ko‘p bo‘lishiga qaramay har bir ayolning dardini tinglash, uning muammosi qaysi idoraga tegishli bo‘lishidan qat’iy nazar hal etib berish kundalik va asosiy vazifalaringizga aylangan. Shunday ekan, nega muammoli ayollar, oilalar kamaymayapti? Mana, hozir eshigingiz oldidagi opa nega aynan sizning huzuringizga kelgan?
– Kundalik ishimiz navbatdagi ehtiyojmand oilaga ko‘mak berishdan boshlanadi, – deydi Sharofat Safarova. – Opa yolg‘iz yashaydi. Uyida elektr toki o‘chib qolgan ekan, tarmoq idorasiga murojaat qilgan, biroq elektrmontyorlar kelmagan. Mahalla fuqarolar yig‘iniga aytsa ham bo‘lardi, ular ham opani yolg‘izlatib qo‘ymagan. Ammo mahalla idorasiga qaraganda bizga yaqinroq joyda yashaydi. Ko‘mak berishimizni bilib keladi. Ertalabdan elektr tarmog‘i idorasi rahbarining ham “asabini buzishimga” to‘g‘ri keldi. Aybdor ular albatta. Kecha aytgan ekan. Vaqtida hal etib qo‘ysa opa bizga murojaat qilib kelmas edi.
Yordamga muhtoj xotin-qizlar bittami, bir nechtami, baribir xotin-qizlar qo‘mitasi birinchi navbatda shu masala bilan shug‘ullanishi keyingi paytda oddiy tartibga aylandi. Bugungi kunning talabi ham, hukumatimiz tomonidan qo‘mita oldiga qo‘yilgan vazifa ham shunday ishlashni taqozo etayotir.
“Nega muammoli ayollar kamaymayapti?” degan savolingizga kelsak, muammolarning aksariyatini o‘zimiz aniqlayapmiz. Barcha hududiy sektorlarda tuzilgan ishchi guruhlar a’zolari uyma uy yurib muammolarni o‘rganmoqda. Ishchi guruh tarkibida bizning vakilimiz ham albatta ishtirok etadi. Aytishga vaqti bo‘lmagan yoki kimga aytishini bilmay o‘tirgan ayol “Nima muammong bor?” deb so‘ragandan keyin dardini aytadi-da.
Ilgari ham ayollarning muammolari o‘rganilgan. Ammo hech kim har bir ayolning aniq muammosini hal etish uchun mas’ul bo‘lmagan. Bugun esa ishning tartibi o‘zgardi. Endi har bir ayolning muammosi alohida o‘rganilmoqda. Oiladagi muammoning asosiy yuki uy bekasi zimmasiga tushadi. Er ishsiz, oilada yetishmovchilik bo‘lsa birinchi navbatda ayol qiynaladi. Ota ishda, bolalarning tarbiyasi bilan ona shug‘ullanadi. Bog‘cha bo‘lmasa, maktabda ta’lim yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, yana onaga muammo tug‘iladi. Suv, gaz, elektr ta’minoti yaxshi bo‘lmasa eng ko‘p qiynaladigan ham ayol. Maishiy turmushdagi hamma qulaylikni ham, noqulaylikni ham birinchi bo‘lib o‘z hayotida his etadigan zot bu - ayol.
Ayol ishdan, bolalardan, uyning supir-sidiridan, oshxonadagi kuydir- pishirdan biroz vaqt topib o‘ziga ham qarashi kerak. Mahallada, qishloqda tikuvchi, salon degan xizmatlar bo‘lmasa bu ham muammo. Ayolning ishlashi – oilaning farovonligiga xizmat qiladi. Ayollarbop ish joyi topish esa yana bir muammo. Xullas, turmushning mayda tashvishlari ko‘ringan bu ishlarning hammasini bugun umumlashtirib “ijtimoiy muammolar” deb ataymiz. Ijtimoiy sohani rivojlantirish esa eng katta vazifa.
Ilgari ularning o‘zlari bizga kelib muammolari bilan murojaat qilgan bo‘lsa, bugun biz uyma uy, ko‘chama ko‘cha yurib, ishxonalariga borib “nima muammong bor” deb so‘rayapmiz. Avval o‘zi kelib murojaat qilishga istihola qilgan ayol borib so‘ragandan so‘ng dardini aytadi-da. Mana nima uchun ayollarimizning muammosi tugamaydi.
Dunyoning mashhur davlat arboblaridan biri Indira Gandi 70-yillarda “Hindistonning 1 milliard odami bor, demak 1 milliard muammosi bor” degan ekan. Tuman aholisining 83 ming 400 dan ziyodini xotin-qizlar tashkil etadi. Demak, shuncha muammo bor. Chunki har bir xotin-qizning orzu armonlari, tashvish va quvonchlariga sherikmiz.
– Demak, xotin-qizlarning xohish istaklari asosida ish olib borilsa, ijtimoiy muammolar ham cheksiz davom etarkan-da?
– Aslo unday demoqchi emasman. Ayollarning yaxshi yashash, yaxshi hayotni orzu qilishi tabiiy va buning hech yomon tomoni yo‘q. Biroq, bizning faoliyatimiz ayollarning tor doiradagi orzu havaslarini emas, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ularning roli va faolligini oshirish masalalarida davlat siyosatini amalga oshirishdir.
Bu vazifa xotin-qizlarning maqomini, ma’naviy va intellektual salohiyatini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, huquqiy madaniyatini, oila va jamiyatdagi rolini oshirish, davlat va jamoat tashkilotlarini jalb etgan holda yosh oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib hayot sharoitini yaratishdek tadbirlar majmuini o‘z ichiga oladi. Aniq tizimga birlashtirilgan mazkur vazifani xotin-qizlar qo‘mitasi fuqarolik jamiyati institutlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.
Bu vazifaning tizimli amalga oshirilayotgani, tumanda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan e’tibor samarasida keyingi yillarda ayollar va bolalar o‘rtasida turli kasalliklarga chalinish darajasi keskin kamaydi. Bu oilada tibbiy madaniyatni oshirish, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ma’rifiy targ‘ibot ishlarining amaldagi samarasi albatta.
– Bu ishlarning ichida eng muhimi – ayollarni ish bilan ta’minlash bo‘lib qolayotir. Aynan muammolarning ko‘pi ham shu masalaga bog‘liq bo‘lsa kerak?
Albatta, oila mustahkam bo‘lishi uchun uning iqtisodi ham sog‘lom bo‘lishi kerak. Shundan kelib chiqqan holda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ayollarni tadbirkorlikka jalb qilish, uy mehnati tashkil etish, ish o‘rinlari ochishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tuman bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 110 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Jumladan, 303 nafar ayol turli korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirildi, 30 nafar ayol ipak qurti boqishga jalb etildi, 777 nafari tadbirkorlik, jamoat ishlari, uy mehnati, kasanachilik yo‘nalishlarida ish bilan ta’minlandi.
Shu davrda tumanda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar soni 405 nafarga yetdi. Tadbirkor ayollar uchun jami 5 milliard 200 million so‘mlikdan ziyod, shu jumladan, 4 milliard 816 million so‘mlik tijorat banklari, 432 million 600 ming so‘m Xotin-qizlarni qo‘llab- quvvatlash jamoat fondi kreditlari ajratildi.
Tumanda 127 nafar og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qiz ro‘yxatga olingan. Ulardan nogironligi bo‘lgan 6 nafari uy-joy, 15 nafari Xotin qizlarni qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan nogironlik aravachasi, 13 nafari reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi. 24 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 20 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Shu o‘rinda yuqorida tilga olingan muammolarning tugamasligi haqidagi fikrga to‘xtalmoqchiman. Ishsiz ayollarimiz kamaymoqda, nogironligi bo‘lgan ayollar ijtimoiy himoyaga to‘liq qamrab olinayotir. Demak, ijtimoiy muammolarimiz ham kamaymoqda. Bu hukumatimiz tomonidan xotin-qizlar bilan ishlash tizimining takomillashtirilayotgani natijasidir.
Prezidentimiz rahnamoligida joylarda madaniy, maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini, gaz, suv, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, maktabgacha ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘z navbatida xotin-qizlarning turmushini yanada yaxshilanishiga xizmat qilayotir.
T. BEKNAZAROV, O‘zA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |