Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Roʻziyev Chiroqchi tumanidagi “Koʻkdala“ mahalla fuqarolar yigʻini hududida boʻlib, 55 nafar boquvchisini yoʻqotgan yetim bolaga maktab formalari, qishki kiyim bosh va oʻquv qurollari sovgʻa qildi.
Tadbir davomida viloyat hokimi hudud aholisi, keksalar va fermer xoʻjaliklari rahbarlari bilan ochiq muloqot qildi. Ichki yoʻllarni taʼmirlash, ishsizlik, mahallani obod qilish, gʻoʻza parvarishini kuchaytirish, qishloq xoʻjalik texnikalari uchun yoqilgʻi-moylash mahsulotlarini yetarlicha yetkazib berish kabi masalalarda fikr-mulohazalar bildirildi. Ushbu holatlar boʻyicha mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng viloyat hokimi hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xususan, zamonaviy qiyofa kasb etgan Koʻkdala hududiy shifoxonasi va uning qoshidagi 4-poliklinikada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
90 oʻringa moʻljallangan shifo maskani oʻtgan asrning 80-yillarida barpo etilgan boʻlib, taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan edi. Shu kunga qadar shifoxona Koʻkdaladagi 101 ming aholiga xizmat koʻrsatib kelgan. Joriy yilgi investitsiya dasturi asosida 4 milliard 200 million soʻm mablagʻ evaziga kapital rekonstruksiya qilingan maskanda davolanuvchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, kanalizatsiya tizimi yangidan barpo qilindi. Qoʻshimcha artezian quduqlari qazilib, doimiy suv bilan taʼminlandi. Yangidan qoʻshimcha xizmat binolari qurildi.
Ilgari sodda jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun ham bemorlar tuman yoki viloyat markaziga borardi. Jarrohlik boʻlimining zamon talablariga toʻla mos ravishda jihozlanishi bu muammolarga barham berdi. Endilikda koʻplab yengil jarrohlik amaliyotlari shu yerning oʻzida oʻtkazilmoqda. Bundan tashqari 20 oʻringa moʻljallangan shoshilinch tez tibbiy yordam boʻlimi ham 1 milliard 200 million soʻm mablagʻ evaziga qayta taʼmirdan chiqarildi. Poliklinikada yaratilgan sharoitlardan aholi mamnun.
Keyingi manzil hududdagi Oltinboshoq mahallasida joylashgan 112-maktab binosi boʻldi. Viloyat hokimi boshchiligidagi viloyat va tuman mutasaddi rahbarlari u yerda olib borilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarini koʻzdan kechirdi.
112-umumtaʼlim maktabi 240 oʻringa moʻljallangan boʻlsada shu kunga qadar taʼlim muassasasida 838 nafar oʻquvchi taʼlim olib kelgan. Xonalar yetishmasligi sabab darslarni 3 baʼzan 4 smenada olib borishga toʻgʻri kelgan. Bu esa oʻquvchilar uchun koʻplab noqulayliklar tugʻdirayotgan edi. Joriy yilgi mahalliylashtirish dasturi asosida maktab yonidan qoʻshimcha 420 oʻrinli zamonaviy bino qurilishi amalga oshirildi. Binoda oʻquvchilarning puxta bilim olishi uchun yetarlicha qulayliklar yaratilmoqda. Hozirda qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniy pallaga kirgan. Oltinboshoqliklar oʻquv yilini yangi oʻquv binosida boshlaydi.
Tadbir davomida viloyat hokimi va mutasaddilar 16-maktabgacha taʼlim muassasasiga ham tashrif buyurdi. Mazkur bogʻcha ilgari tumandagi 5-bogʻchaning filiali sifatida faoliyat yuritib, 75 nafar bolaga xizmat koʻrsatardi. Joriy yilda ushbu maktabgacha taʼlim muassasasi qayta rekonstruksiya qilindi. Qamrovi 120 oʻringa kengaytirilib, oʻrnida yangi bogʻcha tashkil etildi. Sentyabrda faoliyat boshlashi moʻljallanayotgan maktabgacha taʼlim muassasasida ayni paytda oxirgi pardozlash va jihozlarni oʻrnatish ishlari bajarilmoqda.
Shundan soʻng viloyat hokimi va masʼul xodimlar hududdagi 80 ta kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldi. Uyma-uy yurib, ularning yashash sharoitlari, oilaviy ahvoli bilan tanishdi. Xonadonma-xonadon yurish davomida koʻplab oilalarning farzandlarini taʼlim olishi, ish bilan taʼminlanishi, moddiy yordam koʻrsatish, tadbirkorlik qilishi uchun imtiyozli kreditlar ajratish, uy-joyini taʼmirlashga koʻmak berish, tibbiy yordam koʻrsatish va boshqa kechiktirmay hal qilinishi lozim boʻlgan muammo va kamchiliklar yuzasidan viloyat va tuman mutasaddi tashkilotlari rahbarlariga tegishli topshiriqlar berdi. Oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Masalan, hududdagi Oltinboshoq mahallasida istiqomat qiluvchi Naima Orolova boquvchisini yoʻqotgan, 3 nafar farzandi bilan yolgʻiz yashaydi. Turmush oʻrtogʻi vafot etganiga 8 yil boʻlgan. Oʻzi shifoxonada farrosh boʻlib ishlaydi. Topilgan daromad roʻzgʻor tashvishidan ortmaydi. Oʻrganish davomida uy-joyini taʼmirlash va tiklash boʻyicha xonadonga moddiy yordam berildi.
Xuddi shu mahallada istiqomat qiluvchi 16 yoshli Shohrux Sattorov va 13 yoshli ukasi Shahzod Sattorov keksa buvisi bilan yolgʻiz yashaydi. Onasi ular yoshligida vafot etgan. Otasi esa tashlab ketgan. Oiladagi yetishmovchilik sabab bolalar maktab taʼlimini ham toʻliq ololmaydi. Asosiy vaqt oila tashvishi uchun tirikchilikka ketadi. Ayniqsa, Shahzod hali yosh endigina 6-sinfga qadam qoʻydi. Oila ahvolini oʻrgangan viloyat hokimi Shahzodni Qarshi shahridagi ixtisoslashgan maktab-internatda oʻqishiga koʻmaklashadigan boʻldi. Endi u zamonaviy maktabda oʻqishini davom ettiradi.
Hududdagi Oltindala mahallasida yashovchi Xolbozorovlar oilasi ham oila boshligʻi Ochil Xolbozorovning xastaligi tufayli qiynalib qolgan. Hozirda 6 farzandni tarbiyalashmoqda. Oilaviy sharoiti oʻrganilib, chorvachilik bilan shugʻullanishi uchun xonadonga 15 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratiladigan boʻldi.
– Holimizdan xabar olib, dardimizni tinglagani uchun mutasaddi rahbarlardan minnatdormiz, – deydi Ochil Xolbozorovning turmush oʻrtogʻi Hurriyat Shukurova. – Turmush oʻrtogʻim jigar xastaligi bilan kasallanib qoldi. Shu kunga qadar 8-marta davolandi. Farzandlarimiz hali yosh. Ayniqsa, egizak chaqaloqlarim bilan qiynalyapman. Dehqonchilik qilaylik desak oqova suv yoʻq. Chorva sotib olishga imkonimiz yetmaydi. Uy-joylarimiz ham taʼmirtalab holga kelib qolgan. Mana bugun viloyat hokimi va mutasaddi rahbarlar xonadonimizga kelib holimizdan xabar oldi, bundan mamnunmiz.
Bu kabi xayrli ishlar butun viloyat boʻylab davom etmoqda va koʻplab ehtiyojmand oilalarning ahvoli oʻrganilmoqda. Maqsad aholining turmush farovonligini oshirish, yashash sharoitini yaxshilash.
Oʻlmas BAROTOV, OʻzA
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |