Davlat xizmatlari markazlari, aytish joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalq qabulxonalari negizida barpo etildi. Tabiiyki, har bir fuqaro, albatta, biror yumush bilan davlat idoralariga murojaat qiladi.
Ularning mushkulini oson qilish, davlat idoralari bilan munosabat qilishda yengillik yaratish maqsadida Davlat xizmatlari tashkil etildi. Bugun mamlakatimizning har bir tumanida jami 201 ta Davlat xizmatlari markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Baraka topishsin
Bugun biror yumushga ehtiyojingiz tushib qolsa, odamlar darrov Davlat xizmatlari markazlari haqida gapirmoqda. Kundalik turmushimizda tez-tez uchrab turadigan tezkor, qulay va shaffof iboralari deyarli har bir xonadonga kirib bordi, desak adashmaymiz. Aholiga yaratilgan barcha sharoit vaqtni tejash, turli ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish imkonini bermoqda. Endi bu yerda fuqaro vaqtini navbat kutib o‘tkazmaydi. Masalan, milliy haydovchilik guvohnomalarining yangi namunalarini berish, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini olish qisqa fursatda bajarilmoqda. Yoki jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga ro‘yxatga turish endi avvalgidek bankka borilmasdan, markazning o‘zida uzog‘i bilan bir soatda hal bo‘lmoqda.
Yurtdoshlarimiz 20-30 yillab egalik qilolmagan uy-joyiga mulkdorlik huquqini tiklayotganidan, manzil-ma’lumot axborotlarini bir zumda olayotganidan, tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan yugur-yugurlarsiz o‘tganidan quvonsa, yana kimdir farzandini bog‘chaga joylashtirish bilan bog‘liq muammolari, hujjatlarni rasmiylashtirish kabi yumushlari ham o‘z vaqtida, samarali hal etilayotganidan mamnun. Bunday qulaylik va imkoniyatlar haqida juda ko‘p gapirish mumkin. Xursandchilikning fayzu shavqi odamlarimiz chehralariga ko‘chgandek go‘yo. Bu xushnudlik ko‘zlardan ko‘zlarga, so‘zlardan so‘zlarga o‘tayotir.
– Ko‘z bo‘yicha ikkinchi guruh nogironiman. Bekobod shahar, M.Hasanova ko‘chasidagi 6-uyda yashayman. Muhtaram Yurtboshimiz Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida buyuk alloma Najmiddin Kubro bobomizning “Muvaffaqiyatni – sa’y-harakatda, muvaffaqiyatsizlikni esa – loqaydlikda ko‘rdim” degan so‘zlarini eslab, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqaligina taraqqiyotga, farovon hayotga erishishimiz mumkinligini aytib o‘tgan edi. Mana shu gaplari bizni har qachongidan ham ko‘proq ishlashga ruhlantirmoqda. Anchadan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni niyat qilib yurgandim. Bekobod shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlariga rahmat. Markazga borishimga hojat qolmadi. Uyimga kelib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligim to‘g‘risida guvohnoma berishdi. Endi tadbirkor sifatida berilgan imtiyoz va qulayliklardan foydalanib, halol mehnat qilib, oilamiz farovonligi va to‘kinligini yaxshilash harakatidaman, – dedi quvonib Ro‘ziboy Aliqulov.
– Men faoliyatim davomida aholi uchun hozirgiday yaratilayotgan qulaylikni hali kuzatmaganman, – dedi Yuqori Chirchiq tumani “Ittifoq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zulfina Aytboeva. –Xushmuomalalik har bir odamning ko‘ngliga yo‘l topadigan fazilat hisoblanadi. Ayniqsa, davlat xizmatiga ehtiyoj sezib kelayotgan fuqarolar ochiq chehra bilan “Keling, nima xizmat?” deya, qarshi olinayotgani, bizning kayfiyatimizni yanada ko‘tarib yuboradi. Bugun aholiga qulay davlat xizmatini ko‘rsatish, odamlar mushkulini oson qilishni maqsad qilgan markaz xodimlari mehnatidan keksayu yosh birdek mamnun bo‘lmoqda.
– Zangiota tumanida 200 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, – dedi tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Akbar Dadaboev. –2018-yilda markazimiz xodimlari tomonidan 23 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxsga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrigacha ko‘rsatilgan xizmatlar soni 61 ming 300 taga yetdi. Shu o‘rinda, markazimizda davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar soni tobora ortib borayotganini ham alohida ta’kidlash lozim. 2018 yilda markazga bir kunda o‘rtacha 40-45 kishi ish bilan kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 350-400 kishini tashkil etmoqda.
– O‘rta Chirchiq tumanidagi “Yangi turmush” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaymiz. Atigi bitta anketani to‘ldirib nabiramni bog‘chaga joylashtirdik. Tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari ishimizni yarim soatda hal qilib berishdi. Ularning shirin so‘zligi, atrofingizda parvonaligini aytmaysizmi. Hatto, siz bir oz dam olib turing, deb bir piyola choy ham tutishdi, – dedi hayratini yashirolmay Fotima opa Utaeva.
– Bir necha yildan buyon uyimizni hujjatlashtira olmay ovora-yu sarson bo‘lib yurgandik, – deya suhbatga qo‘shildi “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini, “Charog‘on” ko‘chasi, 18-uyda istiqomat qiluvchi Gulnora opa Nabieva. – Tumanimizdagi davlat xizmatlari markaziga murojaat qildik. Hokim tez fursatda qaror chiqarib berdi. Uyimizning kadastr hujjatini tayyorlab oldik. Yillab bitmay kelayotgan ishimiz ko‘z ochib yumguncha bitdi. Baraka topishsin.
Baraka topishsin. Bir qarashda juda oddiy, sodda jumlalar. Ammo shu ikki so‘z zamirida bugungi islohotlardan shukronalik tuyg‘usi mujassam. Bosh maqsadimiz – odamlarning hayotdan mamnun va rozi bo‘lib yashashi uchun barcha sharoit yaratilayotganligiga ishora bor bu so‘zlarda.
Ishdan qaytayapman. Taksi haydovchisi radio muruvvatini asta buraydi. Suxandon qizning, siz “Mahalla” radiokanalini tinglayapsiz. Efirda “Xalq orasida” eshittirishi, degan ovozi yangradi. Boshlovchi davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va foydalanish imkoniyati tubdan yaxshilanib borayotganligini ta’kidladi. Chinoz tuman markazidan 25 chaqirim olisdagi “Tong yulduzi” mahalla fuqarolar yig‘inida Davlat xizmatlari markazining shoxobchasi haqida ma’lumot berib o‘tildi. DXM shoxobchasi tufayli, endilikda 228 oila tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlaridan foydalanadigan bo‘ldi.
Tezkor
Barcha davlat xizmatlari markazlarining faoliyati ushbu tamoyil asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ularning ish uslubi shu so‘zga chambarchas bog‘liq. Biror-bir yumush bilan keluvchilarni bunga ishontirishga, har qanday muammoni tezkorlik bilan hal etib, aholining vaqtini olmaslikka harakat qilishadi. Davlat xizmatlari tufayli odamlar, eng avvalo, vaqtlarini tejashyapti.
Bizda vaqt azaldan qadrlangan. Abu Hafs Naysoburiy: “Har bir vaqtning o‘z odobi bor, kim vaqt odoblariga rioya qilsa, ulug‘lar darajasiga yetadi”, deydi. Vaqt odoblariga rioya qilayotgan Davlat xizmatlarining el orasida hurmat va izzat topayotgani ham shundan bo‘lsa ajab emas. Bahouddin Naqshband aytganlaridek: “Kim vaqtini zoe ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi...”
Qulay
Inson qaerda va qay sharoitda yashamasin, o‘ziga qulaylik yaratishga harakat qiladi. Davlat xizmatlari ish faoliyatining asosini ham aholiga qulay sharoit yaratish maqsadi tashkil etadi. Bugun undan hatto olis qishloq odamlari ham manfaatdor bo‘lmoqda. Ular uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyat shaharnikidan aslo qolishmaydi.
Yurtdoshlarimizga zamonaviy jihozlangan binolardagi monitorlarda 120 ga yaqin xizmat turi yuzasidan ma’lumotlar taqdim etilmoqda. Qolaversa, did bilan tartibga keltirilgan xizmat oynalari, elektron navbat, kutish zali, farzandi bilan kelgan fuqarolarga ona va bola xonasi, tibbiy ko‘makka muhtoj odamlar uchun tibbiy yordam xonasi, ko‘rsatilgan xizmatlar to‘lovini amalga oshirish uchun bank kassalari mavjud. Internetdan foydalanish uchun bepul WiFi, zamonaviy kafeteriya ham tashrif buyuruvchilar ixtiyorida bo‘ladi. Binolarda tashkil etilayotgan kichik kutubxonalar esa navbat kutib turgan fuqarolarning vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilmoqda.
Shaffof
Tilimizda azaldan mavjud bo‘lgan shaffof so‘zi – tiniq, musaffo, zilol ma’nolarini beradi. Keyingi paytda shaffof so‘zini ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi birikmalarda ham ishlata boshladik. Masalan, “Siyosat shaffofligi”, “Tamoyillar shaffofligi”, “Xizmatlar shaffofligi”, “Moliyaviy shaffoflik”... Shaffoflikni aniqlash mezonlari bor. U beriladigan ma’lumotning ochiq, ishonchli bo‘lishida, aholiga o‘z vaqtida yetib borishida ko‘zga tashlanadi.
Shaffoflik – Davlat xizmatlari agentligi faoliyatining bosh mezoni sanaladi. Shu bois, agentlik tomonidan qilinayotgan barcha sa’y-harakat va tashabbuslar uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda veb-sayti jamoatchilikka tezkor va shaffof xizmat ko‘rsatmoqda.
Xalqning og‘irini yengil qilish
Bugun davlat bilan xalq o‘rtasidagi muloqot yangi bosqichga ko‘tarildi, desak adashmaymiz. Xalqning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish, qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangicha tizimi hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Tadbirkorlikni rivojlantirish deysizmi, yangi ishlab chiqarish korxonalari ochish deysizmi, elektron raqamli imzo kalitini olish deysizmi, qo‘yingki, har qanday yumush bilan markazga kelsangiz, ishingiz tez fursatda bitadi. Bunday sharoitda ishlash xodimlar uchun ham, markaz xizmatidan foydalanishga kelgan aholi uchun ham birdek qulay bo‘lib, o‘zgacha kayfiyat ulashadi. Yaratilgan qulayliklardan yana biri, markaz xodimlari olis va chekka hududlarda bo‘lib, muntazam ravishda fuqarolar murojaatlarini joyida hal etish maqsadida sayyor (mobil) xizmat ko‘rsatyapti.
Angren shahrining Qiziltog‘ (Krasnogorsk) shaharchasida 17 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Birgina elektr energiyasi, tabiiy gazga ulanish uchun texnik shart olish yoki soliq, ichki ishlar idoralaridan ma’lumotnomalar olish uchun 100 chaqirim masofa bosishga to‘g‘ri keladi. Ammo Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga sayyor xizmat ko‘rsatilayotgani bu kabi ovoragarchiliklarga chek qo‘ymoqda. Xalqning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish uchun hatto markazdan ancha olis hududlarda ham aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ehtiyoji qanoatlantirilmoqda. O‘tgan to‘qqiz oy davomida Angren shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan chekka va olis hududlar, aholi gavjum bo‘lgan joylarda 4 mingga yaqin sayyor xizmat ko‘rsatildi. Ana shunday xizmatlardan ko‘plab aholi foydalanayotir. Boshqacha aytganda, yurtdoshlarimizning vaqti ham, naqdi ham tejalmoqda.
– Davlat xizmatlari ko‘rsatish borasida aholi uchun ko‘plab qulayliklar yaratilmoqda, – dedi shaharchaning Do‘stlik ko‘chasi, 45- uyida istiqomat qiluvchi Mirqodir Mirkomilov. – Yuridik va jismoniy shaxslarni gaz tarmoqlariga ulash bo‘yicha shartnoma olish muddati 11 ish kunidan 3 ish kuniga qisqartirildi. Taqdim etiladigan 2 ta hujjat bekor qilinib, birgina anketa to‘ldirish bilan cheklanar ekan. O‘zaro aloqalarning faqat elektron shaklda axborot almashinuvi orqali amalga oshirilishi ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olmoqda. Eng muhimi, markaz xodimlarining uyimizga kelib beminnat, sayyor xizmat ko‘rsatayotgani quvonarli. Gaz tarmog‘iga ulanish bo‘yicha murojaat qildim. Ishim bu qadar tez bitadi, deb o‘ylamagan edim. Avvallari hujjatlarni rasmiylashtirishning o‘zi bir muammo edi-da. Bu kabi doimiy e’tibordan juda minnatdormiz.
Davlat xizmatlari markazining qay biriga bormang, kirish yo‘lagida xodimlar sizni “Xush kelibsiz!” deya tabassum bilan qarshi oladi. Bugun olis qishloq va ovullarda ham davlat xizmatlari markazlarining shoxobchalari faoliyat olib borayotgani, sohadagi islohotlar e’tirofga sazovor. Maqsad esa aniq – aholiga sifatli davlat xizmatini tashkil etish bilan odamlar mushkulini oson qilish, dardu quvonchiga sherik bo‘lish, qisqacha aytganda, xalqimizni hayotdan rozi qilish. Bularsiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini mustahkamlab bo‘lmaydi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, davlat idoralari endi odamlarga xizmat ko‘rsatadigan payt keldi.
Erkin DORIPOV,
Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent viloyati boshqarmasi
matbuot xizmati boshlig‘i
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |