Ichimlik suvi ta’minoti darajasi aholi turmush farovonligini belgilaydigan muhim ko‘rsatkichlardan biridir.
Shu nuqtai nazardan dunyo miqyosida nafaqat ichimlik suvi, balki umuman suv tanqisligi muammosi kuchayib borayotgan bugungi kunda mahalliy hokimliklar, ta’minotchi korxonalar va boshqa mutasaddi idoralar oldiga qo‘yilgan mas’uliyat ham ortib bormoqda.
Xo‘sh, Namangan viloyatida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash qay darajada? Bu masalada davr bilan hamqadam yurish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Kelgusidagi rejalar qanday? Shu kabi savollarga viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida korxona rahbariyati va mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.
Qayd etildiki, bugungi kunda viloyat aholisi 2 million 750 ming kishini tashkil qilayotgan bo‘lsa, shundan 62 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Bu borada “Qishloqichimliksuvta’minot” MChJ, Chust, Mingbuloq tumanlarida davlat-xususiy sherikchilik tamoyilidagi korxonalar hamda Uychi, Kosonsoy va Chust tumanlarida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, xizmat ko‘rsatish salmog‘ining katta qismi (61 foiz) viloyat “Suvoqova” DUK hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur korxona tomonidan Namangan shahri, tumanlar markazlari va ularga chegaradosh qishloqlardagi 327 ta mahallada istiqomat qilayotgan 1 million 50 mingga yaqin aholiga 5 ming 290 kilometrdan ko‘proq suv tarmog‘i orqali obihayot yetkazib berilmoqda. Xo‘sh, bu ko‘rsatkichlarni miqdor va sifat nuqtai nazaridan oshirish yo‘lida qanday choralar ko‘rilmoqda?
– Uzoq yillik muammolar to‘planib qolgan sohamizga keyingi yillarda davlatimiz rahbari va hukumati tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi viloyat “Suvoqova” DUK rahbari Sh.Davronov. – Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan keyingi yillarda qabul qilingan o‘nga yaqin qaror tizimda tub burilishlarni boshlab berdi. Mazkur qarorlarga binoan manzilli va maqsadli dasturlar asosida amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, keyingi uch yilda viloyatda ichimlik va oqova suv tizimlarini rivojlantirish, rekonstruksiya qilish ishlariga respublika va mahalliy budjet, Suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda “Obod markaz” dasturi mablag‘laridan ajratilgan jami 286,9 milliard so‘m yo‘naltirilib, 313 ta ob’ektda umumiy uzunligi 900 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. 15 ta suv olish va taqsimlash inshootida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Namangan shahrining Hamroh, Marg‘ilon ko‘chalari, Islomobod posyolkasi, Kosonsoy tumanidagi “Kosonsoy-Farm” erkin sanoat zonasi, Pop tumani markazi va tumandagi O‘rta Xonobod mahallasi, Namangan tumanining Mirishkor, Ko‘lbo‘yi mahallalari, Mingbuloq tumanidagi “Jomashuy” suv olish inshooti va Ozodlik ko‘chasi, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Rovot-2” suv olish inshooti, Kosonsoy va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida yigirmaga yaqin aholi punktida mavjud tarmoq va inshootlarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish, yangilarini qurish, muxtasar aytganda, ichimlik suvi ta’minoti hamda oqova suv xizmati ko‘rsatilishini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar shu jumladandir.
Birgina “Obod markaz” dasturi doirasida 38,7 milliard so‘mlik ish bajarilib, umumiy uzunligi qariyb 30 kilometr ichimlik suvi quvuri yotqizildi va yana shuncha uzunlikdagi suv tarmog‘i rekonstruksiya qilindi. Dasturda belgilangan tik quduqlar qazish, ularni ta’mirlash, oqova suv tarmog‘i qurish va rekonstruksiya qilish rejasi to‘liq ado etildi. Yoki “Obod qishloq” dasturi doirasida 20,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 33 ta qishloqda umumiy uzunligi 294 kilometr tarmoq tortilib, suv qudug‘i, suv minorasi, nasos, transformator, suvni zararsizlantirish uskunalari kabi suv ta’minotini yaxshilashga xizmat qiladigan inshootlar qurildi va rekonstruksiya qilindi. “Obod mahalla” dasturi doirasida esa 4,7 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, Namangan shahridagi “Mustaqillikning 5 yilligi” va Yangi qurilish mahallalarida 48 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari qurildi hamda rekonstruksiya qilindi. Yuqorida qayd etilgan ishlar natijasida viloyat bo‘yicha 85 ming nafardan ziyod yurtdoshimizning suv ta’minoti yaxshilandi yoki viloyat aholisining mazkur korxona tomonidan ichimlik suvi bilan ta’minlanadigan qismi 77,2 foizga yetdi.
Albatta, aholi uchun hayotiy zaruriyat bo‘lgan ichimlik suvi ta’minotida kamchilik va muammolar ham ko‘p. Ularning aksariyati texnik imkoniyatlarning davr talabiga javob berolmay qolganligi, tizimda o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgan, ya’ni eskirgan texnologiyalardan foydalanib kelinayotgani bilan bog‘liq. Viloyat “Suvoqova” DUK tasarrufida bo‘lgan 177 ta tik quduqning 41 tasi (23%), inshootlardagi 326 ta nasos agregatining 108 tasi (33%), jami 2 ming 775 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ining 1 ming 282 kilometr (46%) dan ko‘prog‘ining foydalanish muddati allaqachon tugagan bo‘lib, ularni almashtirish zarur. Korxona tizimidagi mavjud 50 dan ziyod maxsus mashina-mexanizm eskirib, bugungi kun talabiga umuman javob bermay qolgani ham tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Iste’molchilarni qamrab olish, ular bilan hisob-kitob ishlarini ham qoniqarli deb bo‘lmaydi.
Tizim faoliyatini takomillashtirish uchun malakali mutaxassislar zarur. Bu ham ayni paytda dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Mutaxassislar malakasini oshirish, soha muhandislarini tayyorlash, tajriba almashinuvi, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish masalalarini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi. Yangi texnologiya va malakali mutaxassislarsiz davr bilan hamqadam yurib bo‘lmaydi.
Xo‘sh, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muammolarni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?
Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash uchun 300 kilometrdan ziyod yangi tarmoqlar tortish, 880 kilometr tarmoqni rekonstruksiya qilish, 5 ta suv olish va uzatish inshootini modernizatsiya qilish lozim. Hozir Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan hamkorlikda bu loyihalarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Korxonaning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlari ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 2020-2024-yillarda 35 dan ortiq zamonaviy maxsus mashina-mexanizmni sotib olish rejalashtirilgan.
– Viloyat aholisining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun bir necha loyihalarga xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari jalb etiladi, – deydi viloyat “Suvoqova” DUK investitsiya bo‘limi boshlig‘i Z.Zoitov. – Jumladan, qiymati 74 million dollardan ortiq bo‘lgan “Namangan viloyati ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish” loyihasiga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 60 million dollarlik imtiyozli krediti jalb etiladi. Loyihaga ko‘ra, Namangan shahrida 3 ta suv olish va 10 ta suv taqsimlash inshooti modernizatsiya qilinadi. 55 kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmog‘i va Pop tumanidagi oqova suvlarni tozalash inshooti rekonstruksiya qilinadi. Mazkur loyiha doirasida Namangan shahrida yashovchi aholining ichimlik suvi ta’minotini 69,3 foizdan 90 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda.
Z.Zoitov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, shuningdek, qiymati 68,1 million dollarlik Zarkent, Xadikent, Iskovot, Buloqboshi, Yoshlik aholi punktlari ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihasini OPEK fondi 54 million dollar imtiyozli kredit bilan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi ko‘zda tutilmoqda. Loyiha doirasida bir kecha-kunduzda 51,4 ming kubmetr suv olish quvvatiga ega “Zarkent” va “Buloqboshi” suv olish inshootlari, Yangiqo‘rg‘on tumanida 3 ta, Namangan shahrida 2 ta suv taqsimlash inshooti, 73,7 kilometr magistral va 129,1 kilometr ichki suv tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 22 ta qishloq aholi maskani va Namangan shahrining shimoliy qismida yashovchi aholining ichimlik suvi ta’minoti 52 foizdan 90 foizga oshadi.
Bundan tashqari, Jahon bankining “O‘rta va kichik shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish” dasturi doirasida Chortoq shahri ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihasiga 12,5 million dollar mablag‘ ajratilishi kutilmoqda. Bu loyihada Arbag‘ish qishlog‘ida suv olish inshooti va 29 kilometr magistral tarmoq qurish, Chortoq shahridagi xizmat muddati tugagan 50 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini rekonstruksiya qilish belgilangan bo‘lib, Chortoq shahridagi 58 mingdan ortiq aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Prezidentimizning 2019-yil 28-fevral – 1 mart kunlari Namanganga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlar asosida viloyatda umumiy qiymati 85,6 million dollar bo‘lgan “Namangan viloyati Chust, Pop, Namangan tumanlari ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini yaxshilash va Chust tuman markazi va Mingbuloq tumani Jumashuy shaharchasi kanalizatsiya tizimlarini qurish” loyihasini amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihaga Yevropa taraqqiyot va tiklanish bankining 70 million dollarlik krediti jalb etiladi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2018-yil 30-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Namangan shahrida ham suv ta’minoti hamda kanalizatsiya tizimlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyilidagi boshqaruvga berish bo‘yicha zarur hujjatlarni tayyorlash va tanlov o‘tkazish belgilangan. Hozir Osiyo taraqqiyot banki tomonidan jalb etilgan “FSG International Ltd.” xalqaro ekspertlar konsorsiumi, “Grant Tornton”ning texnik va moliyaviy maslahatchilari, shuningdek, “Allen & Overy” va “Kosta Legal”ning yuridik maslahatchilari loyihaning texnik, moliyaviy va huquqiy tomonlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish, shaharning ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini o‘rganib, mavjud holatni baholash va zarur hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha tashkiliy ishlarni bajarmoqda.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |