O‘zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi
Qadrli va muhtaram vatandoshlar!
Sizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi – muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Bu qutlug‘ bayramda hammamiz avvalo shunday fayzli va barokatli kunlarga etkazgani uchun Olloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.
Oila, mahalla va jamiyat ahliga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga beg‘araz yordam berish, yaxshilik, sabru qanoat kabi ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma’no-mazmuni bugungi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosatga g‘oyat uyg‘un va hamohang ekanini, o‘ylaymanki, shu saodatli damlarda har birimiz chuqur his etmoqdamiz.
Ayni vaqtda muqaddas islom dinining ana shunday buyuk insonparvarlik tamoyillarini asrash, targ‘ib etish hozirgi shiddatli zamonda o‘ta dolzarb vazifaga aylanib borayotganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Mamlakatimizda keyingi paytda bu borada ko‘p ishlar qilinayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta. Jumladan, ulug‘ allomalarimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy markazlar, Islom tsivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani shu yo‘ldagi ulkan qadamlar bo‘ldi.
Bugungi kunda butun insoniyat hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi jaholatga qarshi – ma’rifat asosida kurashish, dinimiz pokligini saqlash bo‘yicha mamlakatimiz tomonidan nufuzli xalqaro minbarlardan qator amaliy tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” degan nom bilan maxsus rezolyutsiya qabul qilish haqida bildirgan taklifimiz jahon miqyosida keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Shu ulug‘ ayyom kunlarida uzoq va yaqin musulmon mamlakatlarning xalqlarini, barcha do‘stlarimizni samimiy qutlab, ularga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tilashdan behad mamnunmiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
O‘zbekistonimiz yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yib, barcha sohalarda o‘zgarish va yangilanishlar kuchayib borayotgani, Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda uch kunlik dam olish e’lon qilingani bu yilgi bayramga alohida fayz va tarovat bag‘ishlamoqda.
Tabarruk ayyom arafasida ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan bir guruh shaxslarni avf etish to‘g‘risida farmon qabul qilingani xalqimizga xos kechirimlilik, bag‘rikenglik va mehr-shafqat fazilatlarining yana bir yaqqol namoyoni bo‘ldi.
Hech shubhasiz, bu huquqiy hujjat jamiyatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, sog‘lom ijtimoiy muhitni mustahkamlash, bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘lga kirgan insonlarni kechirish, ularni oilasi bag‘riga, to‘laqonli hayotga qaytarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarimizning uzviy davomidir.
Albatta, biz o‘z diniy qadriyatlarimizni ulug‘lab, e’zozlab yashar ekanmiz, hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mustahkam iymon-e’tiqod bilan birga zamonaviy ilm-fan, kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallash, innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni chuqur o‘zlashtirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash barqaror taraqqiyotga erishishning eng muhim sharti ekanini yaxshi tushunamiz.
Muborak hadislarda aytilganidek, ikki dunyo saodatini o‘ylab yashagan inson, xalq hech qachon kam bo‘lmaydi.
Barchangizni muqaddas Ramazon hayiti bilan yana bir bor tabriklayman.
El-yurtimizning shu muborak oyda qilgan ibodatlari, ezgu niyatlari ijobat bo‘lsin!
Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizda tinchlik, ahillik, fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
Ezgu ishlarimiz, intilishlarimizda Yaratganning O‘zi madadkor bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |