Kambagʻallikni qisqartirishda hududiy sektorlar tomonidan koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlar yaxshi samara berayotir.
Buni Jizzax viloyatining Baxmal tumani davlat soliq inspeksiyasi masʼul boʻlgan toʻrtinchi sektorga qarashli 7 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham koʻrish mumkin.
Mamlakatimizda “Saxovat va koʻmak” harakati eʼlon qilinganidan soʻng sektor hududidagi 7 ming 642 ta oilaning turmush sharoiti, daromad manbai oʻrganilib, ulardan 378 tasi ehtiyojmand va yordamga muhtoj ekanligi aniqlandi. Sektorda tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ushbu oilalarning moddiy ahvolini tiklash uchun olib borilayotgan amaliy harakatlar oʻz samarasini bermoqda.
Kambagʻal oilalar roʻyxati shakllantirilgach, birinchi navbatda karantin davrida qiynalayotgan eng nochor fuqarolarga koʻmak berildi. Bu oilalarga oziq-ovqat, dori-darmon, kommunal toʻlovlar boʻyicha 415 million soʻmdan ziyod yordam koʻrsatildi. 150 nafar fuqaroning 15 million soʻmga yaqin soliq qarzdorligi homiy tadbirkorlar tomonidan toʻlab berildi. Umuman, sektor hududidagi 378 ta kam taʼminlangan oilani iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga 261 nafar tadbirkor va fermer jalb qilingan.
– Bugungi qiyin davrda bu kabi qoʻllab-quvvatlashlar juda zarur albatta, – deydi toʻrtinchi sektor rahbari, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi Husniddin Soatov. – Ammo “qoʻldan berganga qush toʻymas” degandek, vaqti bilan koʻrsatiladigan xayriya, muruvvat yordami muhtojlikka barham berishning asosiy yoʻli emas. Shu bois kambagʻallikni kamaytirishning samarali yoʻli boʻlgan odamlarni ishli qilish, ularga daromad qilish imkoniyatini yaratib berishga eʼtibor qaratayotirmiz. Shu maqsadda roʻyxatga olingan oilalardagi 433 nafar kishi mavsumiy ish bilan taʼminlandi. Bundan tashqari, sogʻin sigir, ishlash uchun yer maydonlarining berilishi ham fuqarolarning oʻzini oʻzi tiklashida manba boʻlib xizmat qilmoqda.
Tumanning “Uzunbuloq”, “Bogʻishamol” va “Oʻsmat” fuqarolar yigʻinlari hududida 3 ta uzumchilik kooperativi tashkil etilib, aʼzolariga 50 sotixgacha yer berildi. Bundan tashqari, ishlash istagida boʻlgan 118 nafar fuqaroga 50 sotixdan yer maydoni ajratildi. Shu kunlarda gʻalladan boʻshagan maydonlar takroriy ekin ekish uchun ehtiyojmandlarga boʻlib berilayapti. Nogironligi bor va oʻta nochor oilalarning yerini haydash, urugʻlik bilan taʼminlashni fermerlar oʻz zimmalariga olmoqda.
– Tuman toʻrtinchi sektori tashabbusligida tashkil etilgan kooperativimizda 80 nafar ehtiyojmand fuqaro ish va daromad bilan taʼminlandi, – deydi “Baxmal dehqon xoʻjaliklari” ishlab chiqarish kooperativi rahbari Shuhrat Qurbanov. – Ularning har biriga 20 sotixdan yer maydoni ajratilib, jami 266 tup uzum koʻchati va oraliq maydonga dukkakli ekinlar ekib berildi. Sugʻorish uchun 1 ta artezian qudugʻi qazildi. Uzum 2-3 yil ichida hosilga kirsa, ehtiyojmand oilalarning doimiy daromad manbaiga aylanadi.
Prezidentimizning 2020-yil 2-martdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan ushbu kooperativ 2020-2021-yillarda oʻrmon fondining oʻzlashtirilmagan yer uchastkalarida yangidan barpo etilgani bois yer maydoni uchun besh yil davomida ijara toʻlovining “nol” stavkasini qoʻllash imkoniga ega boʻladi.
Sektorda yoshlar bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotir. Shu maqsadda “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi asosida tuman hokimi qarori bilan 475,7 gektar yer maydoni ajratib, 448 nafar yosh qishloq xoʻjaligida ish bilan band qilindi.
Ishsiz yoshlar roʻyxatiga kiritilganlar orasida ilgari boshqa hududlarda, xorijda ishlab, tirikchiligini oʻtkazib yurgan, imkoniyat yaratilsa, shu yerda tadbirkorlik qoʻlidan keladiganlar yoʻq emas. Oʻsmatlik 27 yoshli Ozodbek Xalilov Rossiya Federatsiyasiga mavsumiy ishlash uchun qatnar edi. Karantin payti mavsumiy ishlashdan mahrum boʻlgan yigitning oilasi daromadsiz qiynalib qoldi.
– Mahallamiz uchun masʼul boʻlgan toʻrtinchi sektorga tadbirkorlik faoliyatimni boshlashda amaliy yordam soʻrab murojaat qildim, – deydi bugungi kunda “Oqtosh billur” MCHJ rahbari Ozod Xalilov. – Sektor rahbariyati mening biznes rejam bilan qiziqib, kredit ajratilishida, Oʻsmat shaharchasidagi tashlandiq binoni “nol” qiymatda olishimga yordam koʻrsatdi. Bankdan 500 million soʻm kredit olib, obodonlashtirdik. Natijada bu yerda zamonaviy servis turi – kelin-kuyovlar uchun fotosessiya xizmati yoʻlga qoʻyildi. Ilgari tumanimizda xizmatning bu turi yoʻqligi bois odamlar Jizzax shahriga borardi. “Marry me” fotosalonida 10 ta ish oʻrni yaratildi. Yaqin kunlarda binoda kafe va sartaroshxonani ishga tushirib, yana bir nechta ish oʻrni ochamiz.
Shunday tashabbuskor yoshlardan yana biri 28 yoshli Abror Mannonov “Oqtosh Builder invest” masʼuliyati cheklangan jamiyatini ochib, oʻzi tengi 4 nafar yigitni ish bilan taʼminladi. Korxonada pishiq gʻisht ishlab chiqarilayapti. Buning uchun Abrorga bankdan kredit olish, gʻisht ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish va yer maydoni ajratishda sektor tomonidan koʻmak koʻrsatildi.
26 yoshli Sharofiddin Abdusalomov ham “Firdavs Apple” MCHJni tashkil etib, shlakoblok gʻisht ishlab chiqarishga kirishdi. Jamiyatda 4 ta ish oʻrni yaratildi.
Bugungi kunga qadar jami 781 nafar ishsiz yoshlar bandligi taʼminlandi. Jumladan, qurilish sohasiga 14, tadbirkorlik yoʻnalishiga 16, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishiga 448, jamoatchilik ishlariga 88 nafar, boshqa soha va yoʻnalishlarga 215 nafar yoshlar ishga joylashtirildi.
Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi tomonidan ajratilgan 15 million 400 ming soʻm subsidiya hisobiga tuman boʻyicha jami 7 nafar ishsiz yoshning shaxsiy tomorqalarida bandligi taʼminlandi.
“Har bir oila – tadbirkor” loyihasi doirasida tumandagi tijorat banklari tomonidan 20 ta loyiha uchun 559 million soʻm imtiyozli kredit ajratib berildi.
Davlatimiz tomonidan pandemiya davri qiyinchiliklarini yumshatish, aholining ehtiyojmand toifalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy siyosat hayotga izchil tatbiq etilayotgani natijasida tumanda yangi ish oʻrinlari, odamlarning daromad manbalari koʻpaymoqda. Demak kambagʻallik kamaymoqda.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |