Kuz-qish mavsumi boshlandi deguncha chekka hududlardagi qishloqlar aholisini elektr va gaz muammosi tashvishlantiradi.
Odamlar qish gʻamini bahordanoq yeyishni boshlaydi. Kimdir arzon oʻtin, yana kimdir taxta qirindisi olishga harakat qiladi. Bahordanoq qoʻllariga rezina qoʻlqop kiyib tezak tayyorlaydi. Bu aynan koʻrib, guvohi boʻlgan hodisalardan. Lekin “tepa”dagi soha masʼullari bu muammoga qoʻl uchida qaraydimi yoki masʼuliyatsizlikmi tushunish qiyin.
Gaz ballonlarda suyultirilgan gaz yetkazib berilyaptiku, deyishar. Ammo ikki oyda bir tarqatiladigan ushbu gazga ovqat qilsinmi, uyini isitsinmi, yuvinish xonasiga qoʻysinmi? Yosh bolalari, qariyalari, kelin-quyov bor oilalar kechqurun bitta xonada tiqilib yotadimi? Bu ham yetmaganidek, gaz ballonini ikki kun tinimsiz yoqib qoʻysangiz, uchinchi kun tugab qoladi. Keyinchi? Qolgan 27 kun yangi gaz ballon olib kelishini kutishi kerakmi?
Gaz balloni oʻrnatish xavfsizligi, tartib-qoidalari haqidaku gap boʻlishi mumkin emas. Hamma xohlagan usulda ishlatadi, natijasi esa oʻzingizga maʼlum. Deyarli har kuni is gazidan zaharlanish holati haqida eshitamiz.
Buni barchamiz yaxshi tushunib, anglab turibmiz. Lekin qachondir ushbu muammoga yechim boʻlishi kerakku.
Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining majlisi tabiiy gaz quvurlari tizimining holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari haqida boʻldi.
Senatorlarning qayd etishicha, joylarda aholi bilan muloqot davomida ularni qiynayotgan va ayni vaqtda dolzarb boʻlgan muammolardan eng asosiysi bu gazga boʻlgan ehtiyojdir.
Parlament soʻrovida koʻtarilgan muammolar boʻyicha yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, shu jumladan, isteʼmolchilarning tobora oshib borayotgan tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini qondirish borasidagi ishlar qoniqarli emas.
Bugungi kunda “Xududgaztaʼminot” AJ tasarrufida respublika boʻyicha jami 90 ming kilometrga yaqin gaz quvurlari mavjud boʻlib, ushbu gaz quvurlarining 20 ming 525 km qismi 10 yilgacha, 25 ming 729 km qismi 10-25 yilgacha, 42 ming 917 km qismi esa 25-30 yillar va undan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda.
Shulardan 766 kilometr gaz quvurlari oʻz vaqtida almashtirilmaganligi sababli mukammal taʼmirtalab, yaʼni toʻliq yangilash xolatiga kelib qolgan. Qayd etish lozimki, ushbu quvurlarni zudlik bilan almashtirish choralari koʻrilmagan taqdirda tabiiy gaz isrofgarchiligi kundan-kun ortib borishi, turli avariyalar va baxtsiz hodisalar sodir boʻlishi mumkin.
Bu borada “Xududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan esa 2020-yilda bor yoʻgʻi 68,4 kilometr gaz tarmoqlari mukammal taʼminlangan va 49,2 kilometr rekonstruksiya qilingan.
Qolaversa, “Xududgaztaʼminot” AJ tasarrufidagi 16 ming 757 km yer osti poʻlat gaz quvurlarini elektro-kimyoviy himoya uchun faqatgina 1 ming 305 ta elektr kimyo himoyalash vositalari ishlatilmoqda. Ushbu vositalarni loyiha asosida taxminan har 2-3 kmga ishlatilishini hisobga olsak yer osti poʻlat gaz quvurlarining bor yoʻgʻi 2 ming 610 km qismi, yaʼni 16 foizi elektro-kimyoviy himoyalangan. 14 ming 147 km yer osti poʻlat gaz quvurlari esa umuman himoyalanmagan.
“Oʻztransgaz” AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining loyihalarida koʻzda tutilgan 2 ming 117 elektro-kimyoviy himoya stansiyalaridan, bugungi kunda faqatgina 1 ming 97 tasi, ishchi holatda, 761 tasi esa belgilangan talablarga umuman javob bermaydi.
Eng achinarlisi, 25-30 yillik gaz quvurlarini almashtirish imkoni boʻlmayotgan paytda, foydalanuvga yaroqli boʻlgan gaz quvurlarini asrash choralari koʻrilmagan.
Savol tugʻiladi. Ushbu tarmoqqa javobgar boʻlgan tashkilotlar 30 yil davomida nima ish qildi. Quvurlarni taʼmirlashga ajratiladigan mablagʻlar qayerga sarflandi?
Yana bir masala. Bugungi kunda “Hududgaztaʼminot” AJ tasarrufidagi gaz rostlash punktlarining soni 80 ming 334 tani tashkil etadi. Ulardan 40 minga yaqini 20-30 yildan ortiq muddat foydalanib kelinmoqda.
Ushbu gaz rostlash punktlariga xizmat koʻrsatuvchi chilangarlarni shtat jadvalini qisqartirilishi natijasida gaz rostlash punktlariga oʻz vaqtida texnik xizmatlar koʻrsatilmayapti. Buning oqibatida koʻplab gaz sizib chiqishi xolatlariga hamda taftish ishlarini sifatsiz bajarilishiga olib kelmoqda.
Masalan, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Toshkenttumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi balansidagi 1ming 155 ta gaz rostlash punktlariga texnik xizmat koʻrsatish uchun bor-yoʻgʻi 7 ta chilangar biriktirilgan boʻlib, har bir chilangarga 155-165 tadan gaz rostlash punktlari toʻgʻri kelmoqda.
Natijada tabiiy gaz bosimi koʻtarilib ketishi oqibatida yongʻin kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Belgilangan tartibga koʻra, kuz-qish mavsumlarida gaz rostlash punktlariga xizmat koʻrsatuvchi chilangarlar kamida har ikki kunda bir marotaba nazoratdan oʻtkazishlari lozim. Shuningdek, gaz rostlash punktlarining aksariyat qismi nosozligi sababli respublika gaz tizimida koʻplab tabiiy gaz yoʻqotishlari kuzatilmoqda. Oqibatda davlat byudjetiga milliardlab zarar keltirmoqda.
Bundan tashqari, “Hududgaztaʼminot” AJga qarashli shahar, tumangaz filiallarining moddiy-texnik bazasi toʻliq va zamonaviy asbob uskunalar hamda maxsus texnika bilan taʼminlanmagan. Oqibatda respublika gaz tizimida sodir boʻlayotgan avariyalar oʻz vaqtida bartaraf etilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Bu esa fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Shu bilan birga, “Hududgaztaʼminot” AJga qarashli shahar, tumangaz filiallarining ayrim ishchi xodimlari bilim saviyasi hozirgi talab darajasida emasligi va oʻz vazifalarini toʻliq bajarmayotganliklari sababli respublika gaz tizimida mavjud boʻlgan texnik qurilmalarga sifatli xizmat koʻrsatilmayapti.
Aholining hayoti va mol-mulki, atrof-muhit, turli obyektlar, gaz quvurlari hamda uskunalari xavfsizligiga jiddiy tahdidlardan yana biri – magistral gaz quvurlarining himoya zonalarida noqonuniy qurilmalarning mavjudligidir.
2020-yilning 1-oktyabr holatiga magistral gaz quvurlarining himoya zonalarida aniqlangan noqonuniy qurilmalar jami 2 ming 425 tani tashkil qiladi. Ularning 1 ming 492 tasini buzish yoki boshqa joyga koʻchirish masalasida sudlarga kiritilgan daʼvo arizalarining 787 tasi qanoatlantirilgan boʻlib, Majburiy ijro byurosi tomonidan atigi 178 tasi yoki 22,6 foizining ijrosi taʼminlangan.
Aniqlangan noqonuniy qurilmalarni buzish yoki boshqa joylarga koʻchirish boʻyicha sud organlariga oʻrnatilgan tartibda daʼvo arizalarini taqdim etish va ularni tahlil qilib borish ishlari “Oʻztransgaz” AJ tomonidan oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.
Noqonuniy qurilmalarni buzish yoki boshqa joylarga koʻchirish boʻyicha sud organlariga oʻrnatilgan tartibda daʼvo arizalarini taqdim etishda birinchi navbatda noqonuniy qurilmalar uchun yer ajratishda masʼul boʻlgan mutasaddilarga, tuman hokimliklariga nisbatan chora koʻrish lozim.
Yana bir jihat. “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati foydalanishdagi aksariyat magistral gaz quvurlarini texnik va maʼnan eskirganligi, ularning diagnostikasi va texnik soz holatda saqlash ishlarini lozim darajada olib borilmayotganligi natijasida avariya sodir boʻlish ehtimoli juda yuqori boʻlishiga qaramasdan, zaxira quvurlar bilan taʼminlash rejasi ham toʻliq bajarilmagan.
Energetika vazirligi rahbariyati aholi murojaatlariga, qolaversa, senator va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari tomonidan saylovchilar talabi asosida kiritilgan senatorlik soʻrovlariga etiborsizlik bilan yondoshmoqda.
Xususan, joriy yil 24-fevralda senator hamda 4-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi oʻrinbosari tomonidan Energetika vaziri nomiga Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumani Toshloq va Oʻrtasaroy mahallalariga gaz taʼminotini yaxshilash uchun 2020-yil kuz-qish mavsumi boshlanguniga qadar Yuqorichirchiq hududidagi “Bektemir” GTSdan alohida tarmoq chiqarib, gaz quvuri tortish masalasini koʻrib chiqib, ijobiy hal qilish yuzasidan yuborilgan senatorlik soʻrovlariga yuzaki yondoshilib, chuqur oʻrganmasdan “Hududgaztaʼminoti” boshqaruvi raisi birinchi oʻrinbosari bergan maʼlumotnomasini ilova qilgan holda Energetika vaziri oʻrinbosari B.Narmatov imzosi bilan senatga yuzaki xat yuborilgan.
Senator soʻrovida koʻtarilgan hududlarga tabiiy gaz umuman berilmayotgan boʻlsa-da javob xatida yuqorida qayd etilgan mahallalarda tabiiy gaz taʼminotidan uzilishlar kuzatilgan vaqtida aholi isteʼmolchilariga “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan suyultirilgan gaz yetkazib berish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan.
Taʼkidlash lozimki, 2020-yil yanvar-fevral oylarida mazkur hudud aholisining har bir oilasi oyida 20 kg dan suyultirilgan gaz bilan taʼminlanishi lozim boʻlsa-da, “Hududgaz Toshkent” MCHJ tomonidan tasdiqlangan taqsimot rejasiga asosan har bir oilaga 12,2 kg dan gaz yetkazilgan.
Majlisda parlament soʻrovida belgilangan masalalar, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha Hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar dasturi ijrosini taʼminlashga yuzaki yondoshilganligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan qoʻmita tomonidan navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining axborotini eshitish masalasini kiritish toʻgʻrisida Senat Kengashiga taklif kiritish yuzasidan qaror qabul qilindi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |