Sardoba tumanidagi 4 ta sektor rahbarlari boshchiligidagi ishchi guruhlari aholi bilan ishlashning “mahallabay” tizimi asosida joylarga chiqib, fuqarolarning muammolarini o‘rganish va ular tomonidan ko‘tarilayotgan murojaatlarni joyida bartaraf etish borasida bir qator xayrli ishlarni amalga oshirmoqda.
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish – bugunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Qolaversa, bu jarayon har bir rahbarga alohida mas’uliyat yuklab, xalq dardi bilan yashash, muammolarga yechim izlashga undaydi.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida, har bir rahbar muammo haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib o‘tirmasdan, xalq ichiga, odamlar orasiga chuqur kirib borib, ular duch kelayotgan muammolarni erta aniqlab, hal qilishi zarur, degan fikrlaridan kelib chiqib, Sirdaryo viloyatining eng chekka hududi – Sardoba tumanida ham “mahallabay” tizimi bo‘yicha mahallalarda aholi muammolari va kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha har bir mahalla uchun ishchi guruhlari tuzilib, bugungi kunda fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan murojaatlarni o‘rganish va ularni qiynab kelayotgan masalalarni ijobiy hal etish har bir sektor va mutasaddi idora rahbarining eng birinchi galdagi vazifasi ekanligiga alohida etibor qaralayotganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Sardoba tumani hokimi A.Xidirov boshchiligida “mahallabay” aholi muammolarini o‘rganish va imkon qadar fuqarolar tomonidan bildirilgan masalalarni joyida bartaraf etish maqsadida ishchi guruh a’zolari 1-sektor hududidagi "Qo‘rg‘ontepa","Do‘stlik"," Yurtdosh", "Birlik" va "Otayurt" mahalla fuqarolar yig‘inidagi mavjud 2 ming 962 xonadonning 2 ming 586 tasida bo‘lib, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurildi. Aholi bilan suhbatlashib, ularning muammolari o‘rganilganida 900 ga yaqin xonadon sohib va sohibalari tomonidan uchrashuv chog‘ida ko‘tarilgan katta-kichik muammolarning 621 tasi joyida bartaraf etildi.
Ushbu hududda tumanning 20 ming 563 nafar fuqarolari istiqomat qiladi. O‘rganish jarayonida, 1-sektor hududi bo‘yicha jami aholi tomonidan ish bilan ta’minlash so‘ralib 366 nafar, tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr, ichimlik suvi, ko‘mir ta’minoti bo‘yicha jami 586, ichki yo‘llar nosozligi bo‘yicha 115, uy-joy bilan ta’minlash va yer uchastka kadastrida yordam so‘rab 36 nafardan, bank krediti muammosi bo‘yicha 161, salomatligini tiklashda yordam so‘rab 153 nafar va boshqa masalalar bo‘yicha 80 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglanib, qayd etildi.
Ushbu hududdagi aholi tomonidan ko‘tarilgan murojaatlarning 60 foizi tuman miqyosida o‘z yechimini topgan bo‘lsa, qolgan muammolarning 30 foizi vaqt va mablag‘ talab qilganligi bois, mutasaddi tuman tashkilotlariga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi. 10 foiz murojaatlar viloyat va respublika miqyosidagi masalalarni tashkil etganligi sabab, yuqori mutasaddi tashkilotlardan amaliy yordam so‘raldi.
Aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash yuzasidan ko‘tarilgan murojaat bo‘yicha, avvalo – “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da shakllantirilgan ro‘yxatga asosan fuqarolarni, ayniqsa, mahalla yoshlarini respublika Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Koreya hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikdagi loyiha doirasida shu sektor hududidagi "Birlik" MFYda tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish maskaniga hamda tuman markazidagi fuqarolarni kasb-hunarga qayta tayyorlash o‘quv markaziga malakasini oshirish uchun yo‘llash ro‘yxatini kechiktirmay, eng qisqa fursatlarda shakllantirish masalasi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, faollari va oqsoqollardan so‘raldi.
Bu fuqarolar ma’lum kasb-hunarni o‘rganganlaridan so‘ng, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra tuman hokimligi va sektorlar rahbarlari fuqarolarni, ayniqsa, yoshlarni o‘rgangan kasb-hunarlaridan kelib chiqib, ish o‘rni bilan ta’minlashi yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlariga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun bank kredit va subsidiya mablag‘lari ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatishi belgilanganligini alohida ta’kidlab o‘tish kerak.
– Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganlaridek, biz ham, muammo haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib o‘tirmasdan, xalq ichiga, odamlar orasiga chuqur kirib borishga harakat qilayapmiz, – deydi tuman hokimi A.Xidirov. – Xalqimizda, kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal, degan ajoyib naql bor. Biz ham shunga amal qilgan holda, Prezidentimizning topshiriqlariga ko‘ra – aholi bilan ishlashning “mahallabay” tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Bu tizimning afzalligi shundaki, fuqarolarimiz duch kelayotgan muammolarni aniqlash uchun o‘zimiz borib, erta aniqlab, ko‘tarilgan masalalarning eng dolzarb, kechiktirib bo‘lmaydiganlarini, imkon qadar shu joyning o‘zida hal qilishga harakat qilayapmiz.
E’tibor bering, tumanimizdagi 15 ta mahalla fuqarolar yig‘ini aholisini bir joyga yig‘ib, ularni tinglab, keyin ko‘tarayotgan maslalarni joyiga borib birma-bir o‘rganishimizning o‘ziga ketgan vaqtga, har bir sektor rahbari ishchi guruhi bilan o‘z hududidagi mahallalarga bir-bir borib, uyma-uy yurib, muammolarni joyida o‘rganib, joyida bartaraf etsa kamroq vaqt sarflanishi oynadek ravshanku. Ham vaqt tejalayapti, ham fuqarolarimizning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo‘yilayapti, ham birinchi galdagi eng dolzarb muammolar bartaraf etilayapti.
Darhaqiqat, muammolarning joyida bartaraf etilishi har ikki tomon uchun ham eng ma’qul variant. Qolaversa, yangi “mahallabay” tizimidan ko‘zlangan bosh maqsad ham har bir rahbardan shuni talab etadi.
Shu o‘rinda, ishchi guruhlari tomonidan aniqlangan har bir muammo va kamchilik bir paytning o‘zida ham sektor rahbari, ham xalq vakillari tomonidan nazoratga olinayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
Prezidentimizning tashabbusi bilan joriy etilgan aholi bilan ishlashning “mahallabay” tizimi sardobaliklarga juda ham ma’qul kelmoqda va eng muhimi muammolar bartaraf etilib, bundan fuqarolar juda ham mamnun bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Sardobada xalq – rahbarlar uchun emas, rahbarlar – xalq uchun xizmat qilmoqda.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |