Prezidentga maktub
Muhtaram Prezident!
Men shu yoshimgacha hech qayerga, hech kimga maktub yozgan, murojaat qilgan emasman. Biroq qalbimni to‘lqinlantirgan bir holat meni ushbu nomani yozishga undadi.
O‘zim Surxondaryoning olis qishloqlaridan birida yashayman. Turmushga chiqqanman, ikki nafar tug‘ma nogiron farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im tirikchilik tashvishida poytaxtga ketgan. Mavsumiy ishlarda ishlab, yeb-ichishimizgagina yetadigan pul jo‘natadi. Men esa ishsizman. Bolalarimning sog‘lig‘i muqim bir joyda ishlashimga imkon bermaydi.
Ota-onam qarib qolgan, jigarlarim ham o‘z hayoti bilan andarmon. Shu paytgacha hech bir hujjatsiz, xom g‘ishtdan ko‘tarilgan, odam uy deyishga ham iymanadigan kulbada yashab keldik. Qo‘limiz kaltaligi sabab, hatto, devorlarni ham suvoqdan chiqarolmagan edik.
Bu yil qishdan norasidalarimni uydagi bor yopinchiqqa o‘rab olib chiqdim. Dilporalarim, jonimning bir bo‘lagi. Ularning ahvoli, ko‘zimga mo‘ltirab tikilishlari, o‘zimning chorasizligimdan ezilib, necha tunlarni tongga ulaganimni, faqat O‘zigagina yolvorganimni Yaratgan biladi.
Dunyoda bolalarining oldida chorasiz qolishdan og‘ir dard yo‘q ekan. Men buni ich-ichimdan his etdim. Dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rinib, qaysi ostonaga, kimning poyiga bosh urishimni bilmay yurgan kunlarimda mahalladan meni ro‘yxatga olib ketishdi. Keyin bilsam, «Ayollar daftari»ga kiritilibman.
Ko‘p o‘tmay poytaxtdan komissiya keldi, sharoitimni o‘rgandi. Ochiq aytaman, o‘shanda ham men hech narsaga tushunmagan, to‘g‘risi, ishonmaganman. Biroq ishlar tezlashdi. Boshpanamizni hamma havas qiladigan darajada qayta qurib, buning ustiga, barcha jihozlari bilan qo‘limga topshirishdi. Va aytishdiki, bu uy bolalaringizga Prezidentimizdan sovg‘a...
O‘sha mahal beixtiyor ko‘zimga yosh keldi. Yo‘q, yo‘q... Bu xo‘rlik emas, ro‘shnolik yoshlari edi. Olis bir qishloqda, go‘yo hech kimga keraksizday, o‘z dardiga o‘zi qovrilib yashayotgan bir ayolning dil tubidan chiqqan ko‘z yoshlari. Men ortimda meni, farzandlarimni o‘ylayotgan, biz uchun ichi achishib qayg‘uradigan, boshimizni silaydigan odam borligidan ko‘nglimda g‘urur tuydim, egilgan boshim ko‘tarildi.
Hayotimga o‘zgarish olib kirgan yana bir xabarni aytmasam bo‘lmas. Menga yaqinda tikuv mashinasi berishdi. Qo‘limda hunarim bor.
Endi uyda daromad topish imkoni ham tug‘ildi. Endi men ham odamlarga o‘xshab yashayapman. Odamlar havas qiladigan darajada uyim bor. Daromad uchun ishim bor. Farzandlarim yonimda.
Hurmatli Prezident!
Ijozat bersangiz, Sizga bir farzand o‘z otasiga hurmatini izhor etgandek murojaat qilsam. Zotan, Siz menga otam, tug‘ishganlarim qilolmagan yaxshilikni, berolmagan mehrni berdingiz. Hayotga, yashashga bo‘lgan qarashlarimni o‘zgartirdingiz.
Men endi hecham qo‘rqmay, siqilmay yashayman. Bilamanki, men tashlab qo‘yilmaganman, ortimizda Sizdek suyanchimiz va mehribonimiz bor.
Barchasi uchun tashakkurimni qabul qiling, muhtaram Yurtboshim!
Cheksiz minnatdorlik bilan, qizingiz
Nasiba ATAMURODOVA
Surxondaryo viloyati,
Oltinsoy tumani, «Shakar qamish»
mahalla fuqarolar yig‘ini
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |