Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Xalq qabulxonasi tomonidan Namangan viloyatining shahar va tumanlarida sud-huquq sohasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan ommaviy qabullarda uzoq yillardan buyon adolat va haqiqat qaror topishini istayotgan, turli nizoli masalalarda muammolarga uchrayotgan odamlar dardiga quloq tutilmoqda.
Chust tumanidagi «Bibi ona» ziyoratgohida tashkil etilgan ommaviy qabulda Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, viloyat hokimligi, Sudyalar oliy kengashi, Respublika Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi mas’ullari Chust, Pop va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarning murojaatlarini tingladi.
Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligiga, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquq-manfaatlariga rioya etilishiga, ularning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga oliy qadriyat sifatida qaralmoqda. Adolatni ta’minlash va qonun ustuvorligiga erishish hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash va buzilgan huquqlarini tiklashda sud hokimiyatining o‘rni katta.
2009-2012 yillarda «Vodiygazta’mnot» unitar korxonasi Chust tumani filialida mas’ul lavozimlarda ishlagan Furqat Sharofboyev va Ilhom Arslonov jinoyat ishlari bo‘yicha sud hukmlaridan norozi. Boisi, ularga nisbatan ishlagan davrlaridan 8 yil o‘tib, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining 2019 yil noyabr oyidagi hukmi bilan tashkilot manfaatlariga kamomad keltirganliklari uchun aybdor, deb topilgan. Sud jarayonlarida javobgarlar tomonidan kiritilgan asoslantiruvchi vajlar taqdim etilishiga qaramay, sud tomonidan rad etiladi. 2020 yilda Oliy Sud tomonidan mazkur ish qayta ko‘rib chiqilib, fuqarolarning arizalari qanoatlantiriladi va ishni qayta ko‘rish uchun quyi instansiyaga yuboriladi.
2021 yil 23 aprel kuni viloyat sudining jinoiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ushbu ish yana qayta ko‘rib chiqilib, javobgarlar aybdor deb topiladi. Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari murojaatchilarga mazkur nizoli ishni kassatsiya shikoyatlari asosida yuqori turuvchi sud tomonidan ko‘rib chiqilishi hamda masalani qonuniy tarzda hal etilishini ta’kidladi.
Chust tumanidagi Do‘stlik mahallasida yashovchi fuqaro Ravshan Ibragimov ham sud qaroridan jabr ko‘rganlardan. Chust pedagogika kolleji direktorining ma’muriy-xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan kezlarida, ya’ni 2010 yil 27 sentyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining qarori bilan aybdor, deb topilgan. 2011 yilda esa viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida kiritilgan protest asosida unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish tugatiladi. Natijada u JIB viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2011 yil 4 fevraldagi ajrimi bilan, belgilangan jazodan amnistiya akti asosida ozod etiladi.
Biroq 2012 yil oktyabr oyida JIB viloyat sudining rayosati qaroriga asosan, fuqaroning manfaatini ko‘zlab chiqarilgan yuqoridagi sud hukmi va ajrimi bekor qilinadi. Oradan yetti yil o‘tib, viloyat prokuraturasining vakolatlari doirasida unga nisbatan belgilangan jazo choralari qonuniy bekor qilinadi.
Bosh prokuror o‘rinbosariga murojaat etgan Ravshan Ibragimov o‘tgan yillar davomida adolatsizliklardan qiynalgani, endilikda adolat qaror topishi va ishga qayta tiklanishida amaliy yordam ko‘rsatishlarini so‘radi. Shu joyining o‘zida viloyat prokurori Jahongir Hotamovga fuqaroning murojaatini qonuniy hal etish, bandligini ta’minlashda amaliy ko‘mak berish vazifasi topshirildi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan 45 fuqarolik, 89 jinoyat, 2 iqtisodiy va 17 ommaviy huquqiy munosabatlarga oid jami 138 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning 28 tasi joyida ijobiy hal etishga erishilgan bo‘lsa, 34 tasi apellyatsiya va kassatsiya tartibida ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi. 76 ta murojaat bo‘yicha esa fuqarolarga zaruriy huquqiy tushuncha va tavsiyalar berildi.Namangan tumanidagi «Xonobod» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan dala shiyponida tashkil etilgan navbatdagi ommaviy qabulda tegishli mas’ullar tomonidan sud-huquq masalalariga oid 68 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Ommaviy-huquqiy munosabatlar, iqtisodiy, ma’muriy hamda jinoyat ishlari bilan bog‘liq ushbu murojaatlarning 48 tasi sudlarning tegishli vakillari tomonidan shu joyning o‘zida ijobiy yechimini topdi.
Sayyor qabul chog‘ida Past Qiyot mahallasida yashovchi Inobat Ergasheva qo‘ygan masala ham ko‘plab murojaatlar qatorida o‘z yechimini topdi. Uning kelini Rossiya Federatsiyasi fuqarosi sanalgan Gulyora Hamronova qaynonasining uyiga mehmonga kelgan chog‘ida vaqtinchalik ro‘yxatga turish muddatini bir kunga o‘tkazib yuborgan ekan. Buning uchun xonadon egasiga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n, keliniga esa besh baravari miqdorida jarima hisoblanibdi. Ish qayta ko‘rilgandan so‘ng qaynonaga belgilangan jarimasi bazaviy hisoblash miqdorining bir barobariga keltirildi, kelini esa to‘lovdan ozod etildi.
Ommaviy qabul doirasida tuman sudlari tomonidan sayyor sud majlislari o‘tkazildi. Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tumani sudi sakkiz kishining ishini Jinoyat kodeksining 73-moddasi tartibida ko‘rib chiqib, ularni jazoning o‘talmagan qismidan shartli ravishda ozod qildi.
Bundan tashqari, Pop tumanida o‘tkazilgan sayyor sudda 6 nafar, To‘raqo‘rg‘on tumani sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida 5 nafar jazoni o‘tayotgan shaxs jazodan muddatidan oldin ozod qilindi.
Shuningdek, tuman sudlari tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha o‘tkazilgan sayyor sudlarda 4 nafar sudlanuvchining qonun sanksiyasida belgilangan jazodan ham yengil jazo tayinlash masalasidagi murojaatlari qanoatlantirildi.
Qabullar chog‘ida Oliy sud raisining o‘rinbosari va sudyalari hamda viloyat sudi raisi har bir fuqaroning murojaatini sinchkovlik bilan tinglab, qo‘yilgan masalalari bo‘yicha qonuniy tarzda javob qaytarmoqda. O‘rganish talab etiladigan murojaatlarga muddat belgilanib, murojaatchilarga bu haqida xabar berilishi aytib o‘tilmoqda.
Respublika Ishchi guruhining Namangan viloyatidagi sud-huquq masalalariga oid ommaviy qabullari davom etmoqda.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |