Iqlim oʻzgarishida tuz va qum boʻronlari muhim oʻrin tutadi. Bu kabi salbiy holatlar Orolboʻyi hamda Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlarining ayrim hudularida kuzatiladi.
10–14 metr sekund tezlikdagi shamollar sabab yuzaga keladigan qum boʻronlari natijasida havo tarkibida chang miqdori meʼyordan 5,9 barobar koʻpayishi aniqlangan.
Saksovul, chekrez kabi oʻsimliklarni koʻpaytirish orqali koʻchma qumlarni mustahkamlash mumkin. Shuningdek, bu usul yerning ustki qismida shamol tezligini kamaytirish imkonini ham beradi. Soha olimlarining taʼkidlashicha, 3 yillik saksovulzorda qum koʻchishi 55 foizga, 5 yillikda esa 79,5 foizga kamayadi. Buni qarangki, mazkur buta 7 yoshda yanada oʻsib oʻsha hududda bu kabi salbiy holatlar butunlay toʻxtaydi. Uning ildizi baquvvat boʻlib, bir tupi 10 tonnagacha qumni mustahkamlab, koʻchkilarga yoʻl bermaydi. Ildizi tuproqqa chuqur kirib borib, gorizontal yoʻnalishda sakkiz metrgacha yetishidan maʼlumki, qumlarni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega. Xuddi shuningdek, cherkezning ham ildizi tuproqqa chuqur kirib boradi.
Havo tarkibini yaxshilab, atrof muhitni ifloslanishiga chek qoʻyishda ham bu oʻsimliklarning ahamiyati katta. Tadqiqotlarga koʻra, 1 gektar yerdagi saksovul va cherkez yil davomida 1135 kilogramm karbonat angidrid gazini yutib, 835 kilogramm kislorod ajratadi. Mana shu jihatlarini eʼtiborga olgan holda hukumatimiz tomonidan Orol dengizining qurigan tubida shu kabi butalardan iborat yashil qoplamalar barpo etish maqsadida 2019–2021-yillarda 1 million 560 ming gektar maydonda urugʻdan va koʻchatdan oʻrmon barpo etish ishlari amalga oshirildi. Ular yaqin 4–5 yil ichida quyuq oʻrmonzorlarga aylanib qum, chang va tuzlarning atmosferaga koʻtarilishini toʻxtatadi.
Bu quvonarli hol, albatta. Ammo masalaning yana bir tomoni borki, kishi dilini xira qiladi. Qizilqum, Ustyurt, Qarshi, Surxon-Sherobod, Mirzachoʻl kabi hududlarning togʻ oldi dasht yerlarida chorva mollarining tartibsiz boqilishi va boshqa turli sabablar tufayli oʻsimliklar turlari hamda ularning qoplanish darajasi juda siyraklashib ketyapti. Bunday tartibsizlik oqibatida choʻl oʻsimliklari nobud boʻlmoqda. “Yashil qoplamali” hududlarni kengaytirib, muammolarni bartaraf etish yoʻlidagi saʼy-harakatlardan kutilgan natija sekinlashmoqda. Vaholanki, qum va tuz boʻronlarining oldini olish yoʻlidagi chora-tadbirlar salomatligimiz uchun muhim ahamiyatga ega. Inson salomatligi koʻp jihatdan atrof-muhit ekologik holatiga bogʻliq. U qancha yaxshi boʻlsa, sogʻligimiz ham shuncha yaxshilanib boradi.
Madaniy oʻrmonzorlar
— Hozirgi kunda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi BMTning Choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurash konvensiyasi kotibiyati koʻmagida “Markaziy Osiyoda qum, chang boʻronlari va qurgʻoqchilikka qarshi qurashish mintaqaviy loyihasi”da qatnashmoqda. — deydi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Hojimurod Tolipov. — Ushbu loyiha doirasida Oʻzbekistonda mazkur muammolarning salbiy taʼsirini kamaytirish hamda salohiyatini oshirish boʻyicha 2022–2024-yillarga moʻljallangan milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Keyingi yillarda respublikamizda tez-tez kuchli shamol va qum boʻronlari kuzatilyapti. Janubiy Qizilqumda 1 yilda 1 metr kenglikdan oʻrtacha 41– 45 kub metr qum koʻchib oʻtishi aniqlangan. Muammoni ihota daraxtzorlari va oʻrmonzorlarini yanada koʻpaytirish yoʻli bilan hal qilish mumkin. Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, joriy yilda Orol dengizining suvi qurigan hududlarida 465 ming gektar maydonda, Xorazm viloyatida 8 ming gektar, Buxoro viloyatida 66 ming gektar va Navoiy viloyatida 40 ming gektar maydonda madaniy oʻrmonzorlar barpo etildi.
Namlikni 5 yilgacha saqlovchi gidrogellar
Mahsulot tuproq tarkibiga kiritilgach, 2 yilgacha xususiyatini yoʻqotmaydi. U ekologik jihatdan zararsiz boʻlib, namlikni 3–5 yilgacha saqlab turadi.
— Ilmiy va innovatsion yechimlar salbiy holatlarning oldini olishda katta ahamiyatga ega, –deydi Hojimurod Tolipov. — Sohada yangidan qoʻllanila boshlagan geoaxborot tizimlari va masofadan zondlash maʼlumotlari asosida tayyorlangan atlas xabarlarni keng fazoviy oʻlchamlarda toʻplash, birlashtirish va raqamlashtirishda qoʻl keladi. Mazkur atlas qum va chang boʻronlari manbalarini tahlil qilish uchun ancha qulaylik yaratib, qayerda joylashgani, ularning tuproq tarkibi yoki boshqa oʻzgaruvchan manbalarga bogʻliqligini aniqlash imkonini beradi.
Innovatsion loyiha asosida ishlab chiqarishga tatbiq etilib, sohada qoʻllanilayotgan suvda yuqori boʻkuvchi, tuproq tarkibidagi namlikni uzoq vaqt saqlash imkonini beruvchi gidrogel ham katta ahamiyatga ega. Texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Baxodir Xolnazarov gʻoyasi asosida yaratilgan mazkur mahsulot “Surxon Gidrogel” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilmoqda.
— Respublikamizda mavjud mahalliy xomashyolar asosida tayyorlanadigan bu mahsulot tuproq tarkibidagi tuzlarning miqdoriga qarab, ogʻirligidan 250-martagacha koʻproq suvni oʻzida saqlaydi, — deydi Baxodir Xolnazarov. — Loyihalarni yaratishda proffessor Hayit Toʻrayevning hissalari katta. Ularning bergan bilimlari, koʻrsatmalari sabab shu sohaga qiziqishim ortgan. Suv bilan taʼminlanmagan va shoʻr yerlarda yaxshigina samara beradigan ushbu vositadan qum koʻchish ehtimoli yuqori hududlarda, oʻrmonchilikda koʻchatlar ekishda, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda va koʻkalamzorlashtirishda foydalanish mumkin. Ekin turi, tuproq tarkibi va iqlim sharoitlari hisobga olinib, gidrogelning sarfi aniqlanadi hamda maxsus texnika yordamida oʻsimlikka beriladi. Mahsulot tuproq tarkibiga kiritilgach, 2 yilgacha xususiyatini yoʻqotmaydi. U ekologik jihatdan zararsiz boʻlib, namlikni 3–5 yilgacha saqlab turishi sababli sugʻorish ishlarini 40 foizgacha, mineral oʻgʻitlarni tuproqning unumdor qatlamida tutib qolishi bois agrotexnik ishlovlarni 30 foizgacha kamaytiradi.
Mana shu jihatlari bilan ham Bahodir aka aytayotgan loyihaning ahamiyati katta. Gidrogelar xorijdan ichki bozorga oʻrtacha 90 ming soʻmdan import qilinmoqda. “Surxon Gidrogel” esa mahalliy xomashyolar asosida tayyorlanadigan yangi tarkibli, bioparchalanuvchan gidrogelarni ichki bozorga ularning deyarli yarim narxida taklif qilmoqda.
Tabiat, ekologiya butun insoniyat uchun muhim mavzular. Shunga yarasha sohada doir muammolar ham jiddiy yondashishni talab qiladi. Davlatimiz, qolaversa, mutaxassislar, olimlar tomonidan ekologik barqarorlikni asrash, talofatlarni oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |