2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi PF-29-son farmoniga muvofiq, shuningdek, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchilari) faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:

1. Hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) tashkil etilsin, uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika komissiyasi (Qo‘chqorov) bir hafta muddatda hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida iqtisodiyot va investitsiya komplekslariga kiruvchi vazirlik, idoralar, tijorat banklarining mas’ul xodimlarini (keyingi o‘rinlarda – respublika vakillari) har bir tuman va shaharga biriktirsin, ularning ish joyi, oylik ish haqi va boshqa ijtimoiy to‘lovlarini saqlab qolgan holda, biriktirilgan hududga bir yillik xizmat safariga yuborilishini ta’minlasin.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari hamda mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari (keyingi o‘rinlarda – markazlar) Respublika komissiyasi va respublika vakillarining ishchi organlari etib belgilansin.

3. Belgilansinki:

a) Respublika komissiyasi a’zolari:

shaharchalar, qishloqlar, ovullarda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi mahallalarda (keyingi o‘rinlarda – mahallalar) tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil etadi;

o‘zi biriktirilgan hududdagi respublika vakillari faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi uchun mas’ul va javobgar bo‘ladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birga o‘zi biriktirilgan hududga ajratilgan mablag‘larning tuman va shaharlar kesimida taqsimlanishini ta’minlaydi;

b) respublika vakillari:

tuman (shahar) hokimining birinchi o‘rinbosari bilan birga markazlar hamda hokim yordamchilari faoliyatiga ko‘maklashadi;

har kuni bitta mahallaga chiqqan holda kamida o‘nta xonadonga shaxsan tashrif buyurib, mavjud holatni hokim yordamchilari bilan birga o‘rganadi, aholiga amalga oshirilayotgan davlat siyosati va islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntiradi, aniqlangan muammolarni joyida hal qilish choralarini ko‘radi;

hokim yordamchilari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda har bir mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilaydi, xonadonbay ro‘yxat asosida har bir mahalla kesimida haqiqiy ijtimoiy vaziyatni aniqlaydi hamda oyma-oy amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi;

har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”dan kelib chiqib, yetakchi tadbirkorlar va hokim yordamchilari taklif etayotgan yangi loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi, mahallalarda aholining kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan xizmatlar turlarini rivojlantiradi;

aholini, birinchi navbatda ishsiz yoshlar va ayollarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlash ishlarini tashkil qiladi;

tuman (shahar) hokimlari hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlikda aholi tomorqalaridan samarali foydalanib, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, urug‘chilik, ko‘chatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashadi;

tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda hududga ajratilgan mablag‘larning mahallalar kesimida taqsimlanishini ta’minlaydi;

v) hokim yordamchilari:

mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash, ularga doimiy daromad manbaini yaratishga ko‘maklashish uchun ustuvor ravishda mahalladagi muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikda faoliyatini olib boradi;

respublika vakillari bilan birgalikda o‘ziga biriktirilgan mahallani rivojlantirish bo‘yicha 2022 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi va ijrosini ta’minlaydi;

ajratilayotgan resurslardan samarali foydalanish yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshiradi;

amalga oshirilgan ishlar natijadorligi yuzasidan tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bilan birgalikda doimiy ravishda hokimga hisobot berib boradi.

4. Respublika komissiyasi a’zolari va respublika vakillariga mahalliy byudjet daromadlarining orttirib bajarilgan qismidan mahallalardagi muammolarni hal etishga yo‘naltirish bo‘yicha takliflar mahalliy vakillik organlariga kiritish huquqi berilsin.

5. Hokim yordamchilari o‘z vazifalarini amalga oshirishda foydalanadigan moliyaviy instrumentlarning 2022 yil uchun manbalari etib quyidagilar belgilansin:

a) oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar – 10 trillion so‘m;

b) aholining bandligini ta’minlash, ularning o‘zini o‘zi band qilishi, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun ajratiladigan mablag‘lar – 1 218 milliard so‘m, shundan:

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ish bilan band bo‘lmagan aholiga tadbirkorlik qilish va o‘zini o‘zi band qilish uchun subsidiyalar, kredit resurslari va boshqa xarajatlar uchun – 785 milliard so‘m, ish bilan band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga, tadbirkorlik va hunarmandchilikka o‘qishga yo‘naltirish uchun – 210 milliard so‘m;

Jamoat ishlari jamg‘armasidan ishsiz aholini haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish xarajatlari uchun – 222 milliard so‘m;

v) Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ajratiladigan subsidiyalar – 50 milliard so‘m;

g) hokim yordamchilari tavsiyalari asosida mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun ko‘zda tutiladigan mablag‘lar – 250 milliard so‘m;

d) “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi, “Ayollar daftari” jamg‘armasi, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi – 851 milliard so‘m miqdorida.

Mazkur bandning “b”–“d” kichik bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan mablag‘larning respublika hududlari kesimidagi taqsimoti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda mazkur qarorga 2-ilovada ko‘rsatilgan mablag‘larni tuman (shahar) va har bir mahalla kesimida mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy holati va xonadonlar sonidan kelib chiqib taqsimlasin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratishga mas’ul tijorat banklari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, mahalliy ijro hokimiyati organlari mazkur bandda ko‘rsatilgan mablag‘larning oyma-oy uzluksiz moliyalashtirib borilishini ta’minlasin.

7. Belgilansinki:

mazkur qarorning 3-илоvaсиda ko‘rsatilgan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi kreditlar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va Jamoat ishlari jamg‘armasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “Ayollar daftari” jamg‘armasi, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zini o‘zi band qilish va ish bilan ta’minlash uchun ajratiladigan subsidiyalar hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida ajratiladi;

hokim yordamchilari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha kreditlar va subsidiyalar ajratish ko‘zda tutilgan har bir loyihaning samaradorligi va maqsadga muvofiqligini chuqur o‘rgangan holda ularni ajratish uchun mas’ul idora va tashkilotlarga o‘z tavsiyasini beradi.

8. Hokim yordamchilarining oylik ish haqi miqdori ular biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilansin:

xonadonlar soni 500 тagaчa bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari miqdorida;

xonadonlar soni 501 тadan 1 000 тagaчa bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6,5 baravari miqdorida;

xonadonlar soni 1 000 тadan ortiq bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida.

9. Belgilansinki:

hokim yordamchilariga to‘lanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori nomzodning ushbu lavozimga ishga qabul qilingunga qadar avvalgi ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lgan taqdirda yetishmagan qismi Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilib boriladi;

markazlar xodimlariga tuman (shahar) iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlari xodimlari uchun belgilangan va Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.

10. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin, unda, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutsin:

boshqa hududlardan kelib ishlayotgan hokim yordamchilari va respublika vakillari uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida turar joy ijarasi xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lash;

ish faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan hokim yordamchilari va respublika vakillarini har oy mukofotlash;

hokim yordamchilari ish haqining avvalgi ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lgan qismini kompensatsiya qilib borish;

o‘z shaxsiy avtomobilidan foydalanayotgan respublika vakillarining transport xarajatlari, shuningdek, bir oyda bir marotaba doimiy yashash joyiga temir yo‘l transportida borib kelishi uchun kompensatsiya to‘lash;

yil yakuni bo‘yicha o‘ziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan respublika vakillariga va hokim yordamchilariga ipoteka krediti asosida uy-joy xarid qilish uchun uy-joy qiymatining 50 foizigacha subsidiya to‘lash.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda:

birinchi bosqichda – 2021 yil 15 dekabrga qadar respublika vakillari uchun yangi joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha bir haftalik o‘quv-семинaрлaриni tashkil etsin;

ikkinchi bosqichda – 2021 yil 30 dekabrga qadar respublika vakillari ishtirokida hokim yordamchilari va markazlar xodimlari uchun amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etsin;

uchinchi bosqichda – 2022 yil davomida har chorakda respublika vakillari, hokim yordamchilari va markazlar xodimlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish kurslarini tashkil etsin.

Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov:

uch kun muddatda o‘quv-seminarlariga iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi idoralar, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlarning yetarli malaka va tajribaga ega bo‘lgan rahbar xodimlarini jalb qilsin;

Hokim yordamchilari va respublika vakillari faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etsin hamda doimiy ravishda ularning faoliyati monitoringini olib borsin.

O‘quv seminarlarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplanishi belgilansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga o‘quv-seminarlarini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish vazifasi yuklansin.

12. 2022/2023 o‘quv yilиdan boshlab oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilarini davlat oliy ta’lim muassasalarining iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyasiga ko‘ra davlat granti asosida sirtqi ta’lim shakliga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish amaliyoti joriy etilsin.

13. Quyidagilar:

hokim yordamchisi lavozimi va markazlar faoliyati tashkil etilishi munosabati bilan tuman va shaharlar hokimliklarining namunaviy tashkiliy tuzilmasi 4-7-илоvaлaрga muvofiq;

Tuman (shahar) mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari xodimlarining cheklangan soni 8-илоvaga muvofiq tasdiqlansin.

14. Belgilansinki, hokim yordamchilari va markazlar xodimlarining shtat birliklari mos ravishda mahalla fuqarolar yig‘ini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlarining ishga joylashtirish inspektori, tumanlar va shaharlardagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan tashkil etiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish choralarini ko‘rsin.

15. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni;

hokim yordamchilari va markazlarning asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, vakolatlari va javobgarligini belgilash bo‘yicha namunaviy nizomni tasdiqlasin.

16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki hafta muddatda tuman (shahar) hokimlari tomonidan:

Hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni, markazlarning ustavi va tuzilmasini tasdiqlanishi;

hokim yordamchilari va markazlarni tegishli bino (xona), moddiy-texnika va zamonaviy axborot vositalari (mebel, kompyuter to‘plami, aloqa, Internet va boshqalar) bilan ta’minlanishi bo‘yicha choralar ko‘rsin.

17. Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X.Shermatov):

hokim yordamchilari va respublika vakillariga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga ulangan, masofadan turib hisobotlar taqdim etish hamda video konferensiya aloqa shaklida yig‘ilishlarda ishtirok etish imkonini beruvchi maxsus planshetlar ajratilishini ta’minlasin.

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan beriladigan ijtimoiy nafaqalar, subsidiya va imtiyozli kreditlar uchun arizalarni maxsus planshetlarda qabul qilib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘nikmalari bo‘yicha o‘quv-treninglarini tashkil etsin.

18. Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov:

har haftada Respublika komissiyasi, respublika vakillari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektor rahbarlari, hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari va hokim yordamchilari ishtirokida mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilsin;

har haftada hududlarga chiqib, mahallabay ishlash tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlarni joyida o‘rganib borsin, Hokim yordamchilari va respublika vakillari faoliyatining samarali tashkil etilishini ta’minlasin;

har oyda amalga oshirilgan ishlar natijalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

Respublika vakillari va hokim yordamchilarining mazkur qarorda belgilangan vazifalardan boshqa ishlarni bajarishga, shu jumladan, yig‘ilishlarga Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov ruxsatisiz jalb etish taqiqlansin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.A.Xudaybergenov har oyda bir marotaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda, hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish, o‘rganish natijalarini xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida muhokama qilib borish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.

20. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mahalliy davlat hokimiyati organlari tashkiliy tuzilmasini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

21. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari S.M.Xolxo‘jayev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga mazkur qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish, hokim yordamchisi faoliyatini joylarda tashkil etish hamda mazkur tizimni amaliyotga to‘liq tatbiq qilish yuzasidan kunlik nazoratni amalga oshirish yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi (R.A.Gulyamov, B.M.Mavlonov) amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har oy yakuni bo‘yicha axborot kiritib borsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

      Prezidenti                                                                            Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021-yil 3-dekabr

04.12.2021

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar