Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasiga koʻra, Xalq qabulxonalari tom maʼnoda xalq ovozini, jamoatchilik fikrini ifoda etadigan tuzilmaga aylanishi uchun qoʻshimcha huquqiy asoslar yaratilishi koʻzda tutilmoqda.
Muxbirimiz Oʻzbekiston Prezidentining Fargʻona viloyatidagi Xalq qabulxonasi rahbari Abduhoshim Abdullayev bilan ushbu tuzilmaning odiiy odamlar hayotida nechogʻlik muhim oʻrin tutayotgani haqida suhbatlashdi.
— Oʻzbekiston Prezidentining Fargʻona viloyati, shahar-tumanlardagi Xalq qabulxonalarida fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishiga oid konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash uchun barcha qulaylik yaratilgan, — deydi A. Abdullayev. — Aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, murojaatlarni koʻrib chiqish, ijrosini taʼminlash uchun zamonaviy shart-sharoitlar muhayyo. Yosh bolali onalar, nogironlar, xullas, har bir murojaatchi uchun barcha jihatlar eʼtiborga olingan. Reja-jadvali asosida muntazam ravishda sektor rahbarlari, viloyat hokimligi, tegishli boshqarma va boʻlimlar masʼullarining qabullari tashkil etilyapti.
2021-yilning oʻn bir oyida viloyatdagi Xalq qabulxonalariga 41 ming 811 ta masalada turli murojaatlar kelib tushdi. Taalluqligi boʻyicha qariyb 38 mingta murojaat Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olinib, 26 mingdan ortigʻi ijobiy hal etildi. Shuningdek, 8 ming 395 ta murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 114 ta murojaat asosli rad etildi, hozirgi kunda deyarli 1,5 mingta murojaat koʻrib chiqish jaryonida turibdi.
Shuningdek, shahar-tumanlarda 4 ta sektor rahbarlari tomonidan 3 ming 253 ta ommaviy sayyor qabullar oʻtkazildi. Ularda fuqarolarning 29 ming 700 dan ziyod murojaatlari oʻrganilib, 65 foizga yaqini qanoatlantirildi.
Shubhasiz, har bir murojaat ortida bir yoki bir necha insonlar taqdiri turadi. Shu bois murojaatlarda koʻtarilayotgan masalalar qaysi sohalarda koʻpayib borayotgani, qaysi hudud va tarmoqda muammolar yigʻilib qolgani, qanday oilalar davlatimizning eʼtibor va ragʻbatiga koʻproq muhtoj boʻlayotgani oʻziga xos tarzda sarhisob qilib boriladi.
Shu yilning oʻtgan davrida Xalq qabulxonalariga 4 ming 107 nafar hamyurtimiz ish bilan taʼminlash va ish haqlari bilan bogʻliq masalalar boʻyicha murojaat qildi. Oʻz navbatida moddiy yordam soʻraganlar 3 ming 634 nafar, kommunal xizmatlar boʻyicha 2 ming 471 nafar, uy-joy bilan taʼminlash va yer maydoni ajratish masalasida 1 ming 861 nafar, yoʻl qurilishi borasida 1 ming 551 nafar, aliment muammosi yuzasidan 1 ming 44 nafar hamyurtlarimiz yordam soʻragan.
Oltiariq tumaniga qarashli “Xoʻjaqoʻrgʻon” MFY, Boʻston koʻchasida yashovchi Gulnoza Mirzayevaning murojaati asosida mahalladagi 7-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti 2021-yilgi Investitsiya dasturi asosida mukammal taʼmirdan chiqarildi. Fuqaro Isomuhammad Hamdamovning murojaati bilan Rishton tumani, “Amirobod” MFY, Nodira koʻchasining 0,5 km qismiga shagʻal yotqizildi va tekislandi. Quvasoylik Erkinjon Mirzakarimovning murojaati ijobiy hal etilishi natijasida “Yuqori Moʻyan” MFYga qarashli Soy boʻyi koʻchasining qariyb 0,4 km qismi asfaltlashtirildi. Fargʻona tumanida istiqomat qiluvchi Abdulhamid Quliqovning Xalq qabulxonasiga murojaati asosida “Maydon” MFY hududida Investitsiya dasturiga kiritilgan holda 200 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilmoqda.
Quvonarlisi, murojaatlar yechimi oʻlaroq odamlarimizda rozilik hissini oshirayotgan bunday amaliy natijalarni oʻnlab, yuzlab keltirish mumkin.
Davlatimiz rahbari saylovoldi dasturida yaqin istiqbolda mamlakatimizda Xalq qabulxonalariga konstitutsion maqom berish rejalashtirilayotgani, “Xalq qabulxonalari toʻgʻrisida” alohida Qonun ishlab chiqilishini taʼkidlab oʻtdilar. Bunday saʼy-harakatlar, albatta, Xalq qabulxonalari davlatimiz va xalqimiz oʻrtasida “Adolat koʻprigi”ga aylanishi, toʻliq xalqimizning ishonchini qozonishiga xizmat qiladi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |