Bir qadar mahzun, kontrastlarga boy, ammo toshni yorib chiqqan maysadek umidbaxsh «Tengiz» filmini ko‘pchilik tomosha qilgan. Tengiz obrazi prototopi Manzura Erniyazova esa Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq shahrida yashaydi.
Ko‘p yillar oldin baxtsiz hodisa tufayli bir oyoq-qo‘lidan ajralgan Manzura inson irodasini cheklab bo‘lmasligi, odamzod botiniy quvvatini jamlab olsa, o‘z taqdirini o‘zgartirishga qodir ekanini hayotda isbotlab kelayotgan metin irodali ayol.
Ishni bir qo‘lda milliy liboslar tikishdan boshlagan Manzura Prezident Xalq qabulxonasi ko‘magi bilan bugun o‘z kichik korxonasiga, kiyimlarni kimyoviy tozalash uskunasiga, eng asosiysi, o‘z ishiga va daromad manbaiga ega.
Shu bois ham uning matonati tasvirlangan Tengiz obrazi bugun nafaqat nogironligi bor, balki to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ko‘plab insonlargada qo‘shimcha kuch bergani rost.
Bugun himoyaga muhtoj ming-minglab insonlar xuddi Tengiz kabi o‘zining kichik, mo‘’jaz qut-baraka manbaini barpo qilmoqda. Orolbo‘yining eng olis, chekka ovullarida bo‘lganimizda, abgor turmush mashaqqatlarini yengib o‘tayotgan ko‘plab "Tengiz"larni uchratdik. Ularning qismat yo‘llari chigalu turfa bo‘lsa-da, manzili birdek yorug‘.
2020 yili va 2021 yilning 11 oyi davomida Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Orolbo‘yi aholisidan 98,9 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 68 ming 610 dan ziyodi yoki 71 foizi qanoatlantirilgan.
Sohalar kesimida tahlil qilinsa, eng ko‘p murojaatlar ish bilan ta’minlash, ijtimoiy nafaqa belgilash, bank kreditlari ajratish masalasidadir. Bu uch masalaning ildizi bitta – barqaror daromad manbaining yo‘qligi. Oqibati esa ma’lum – yo‘qchilik, kambag‘allik.
Orolbo‘yida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning o‘zini o‘zi eplab ketishi, doimiy ish o‘rni va rizq-nasiba manbaiga erishishi uchun tizimli ishlar olib borilmoqda.
2020 yili va 2021 yilning 11 oyida «Har bir oila tadbirkor» dasturi bo‘yicha 30 ming 848 ta loyihaga 840 milliard 832 million so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilgan.
KREDITLARDAN OQILONA FOYDALANGANLAR...
Aynan shunday kreditlardan oqilona foydalana olgan yana bir inson, bu – beruniylik Nigora Qo‘ziboyeva. U to‘qqiz yil avval turmushdan ajragach, ikki farzandini ulg‘aytirish, ro‘zg‘or tebratish mashaqqatini yelkasiga oldi. Avval uyda tikuvchilik qildi, chevar sifatida tanildi. So‘ng tikuvchilik korxonasi ochish masalasida yordam so‘rab murojaat qildi.
Murojaatidan keyin bu ayolga o‘zi yashayotgan Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini binosidan bir xona ajratilib, 28,5 million so‘m kredit berildi. Nigora bu pulga tikuv mashinalari sotib olib, shu yil avvalida ish boshladi, 6 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladi.
Nigora Qo‘ziboyeva «Yil ayoli» milliy tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida «Eng faol ishbilarmon ayol» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Nigora yaqinda yer sotib oldi va tikuvchilik korxonasi qurish uchun poydevor qildi.
To‘rtko‘llik 31 yoshli Gulnoza Bekchanova esa anchadan beri bichish-tikish bilan shug‘ullanardi. Birgina murojaat Gulnozaning nafaqat muammolarini yechib berdi, balki uni kattaroq maqsadlarga ham undadi.
Yaqinda Gulnozaga murojaatidan so‘ng ajratilgan 33 million so‘m kredit evaziga o‘z uyida kichik tikuvchilik sexi tashkil qilib berildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 5-6 nafar xotin-qiz shu yerda ish bilan ta’minlandi.
Surxondaryolik eksportyor hunarmand Jumagul Yormatova esa yaqinda Ellikqal’a tumaniga kelib, Xalq qabulxonasi va sektorlar bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha kattagina loyiha boshladi. U ayol o‘n yildan beri Surxondaryoda ipak, paxta tolasi, qo‘y va tuya yungidan kalava olib, gilam tayyorlaydi. Yuz foiz tabiiy mahsulotdan tayyorlangan gilamlar asosan Germaniya, Fransiya, Rossiya, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga eksport qilinadi.
Jumagulning korxonasi bir oyda o‘rtacha 300 kvadrat metr gilam tayyorlashga ulgurmoqda, xorijdagi hamkorlar esa oyiga ming kvadrat mahsulot so‘rab turibdi. U joriy yilning o‘zida Ellikqal’ada kamida 200 ta xotin-qizning o‘z uyida shu ish bilan band bo‘lishini ta’minlashni maqsad qilgan.
Beruniylik 27 yoshli Enajon Matdurdiyeva esa ayollar uchun bir oz noodatiyroq kasb – temirchilik bilan shug‘ullanib ikki farzandini ulg‘aytirmoqda. U ishni avval temir darvozalarga bo‘yoq sepishdan boshlagan. So‘ng temir kesishu payvandchilikni ham o‘rgangan. Enajonning murojaatidan so‘ng unga payvandlash uskunasi olib berildi, kredit ajratildi va u yaqinda mana shu bir xonada o‘zining kichik sexini tashkil qildi. Uning asosiy maqsadi – shu yo‘nalishda o‘zining katta korxonasini tashkil qilish.
Darhaqiqat, xalq roziligini, el ishonchini faqat va faqat amaliy ishlar bilangina qozonish mumkin.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |