Buxoro viloyati Kogon tumani «O‘bacho‘li» MFY Yangi Qalluq qishlog‘ida yashovchi Gulchehra Normurodova o‘ziga «Agrobank» ATB Buxoro viloyati boshqarmasidan kelgan xatni o‘qib, taajjubdan yoqa ushladi.
— Mazkur bankka profil ishlab chiqarish dastgohi sotib olish niyatida ekanimni aytib, 2021 yilning oktyabrida murojaat qilgandim, — deydi u. — Tegishli hujjatlarni ham taqdim etgandim. Ammo bank xodimlari «Ishingiz erta-indin hal bo‘ladi», deb rosa ovora qildilar. Oxir-oqibat bank rahbari imzosi bilan ajabtovur javob xati oldim.
Fuqaroning «ajabtovur» deyishida jon bor. Bankning 2021 yil 17 dekabr kunidagi 02/947-sonli javob xatida shunday so‘zlarni o‘qish mumkin:
“...Murojaatingizda qurilish materiallari ishlab chiqarish maqsadida imtiyozli kredit olishda amaliy yordam berishni so‘ragansiz... Murojaatingiz yuzasidan bank xodimlari va mahalla fuqarolar yig‘inining mas’ul xodimi bilan birgalikda dastlabki monitoring o‘tkazilganda ta’minotchi korxonadan chorva mollari olib kelinmaganligi ma’lum bo‘ldi, bu to‘g‘risida tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, hududiy filial tomonidan kredit ajratilmasligini ma’lum qilamiz».
Bankdan qurilish materiali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida imtiyozli kredit so‘ragan fuqaroga chorva mollari hali olib kelinmaganidan so‘z ochishsa, har qanday kishi ham yoqasini ushlab qolishi tayin. Qolaversa, Gulchehra Normurodovaning ta’kidlashicha, murojaati yuzasidan bank xodimlari ham, mahalla vakili ham u bilan uchrashgan emas. Yolg‘onchilik, loqaydlik ham evi bilan-da.
Ushbu javob xatining «Agrobank» ATB Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi axborot tizimiga ham yuklatilganini aytmaysizmi?!
G. Normurodova Xalq qabulxonasiga ushbu masala yechimi borasida ko‘mak so‘rab murojaat qildi. Suhbat jarayonida u chorva mollari emas, balki profil ishlab chiqarish dastgohi sotib olish uchun kredit ajratishni so‘rab murojaat qilganini, xonadoniga bank va mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari kelmaganlarini va hech qanday dalolatnoma yozmaganlarini bildirdi.
Ma’lumki, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Aftidan, bank mutasaddilari masalaning bu jihatini unutishmoqda. Aks holda, bir fuqaroni shu qadar ovora qilishmas, murojaatiga panja orasidan qarashmas edi.
Gulchehra Normurodovaga kelsak, Xalq qabulxonasi aralashuvi bilan unga va nihoyat, tadbirkorlik faoliyatini oqilona yo‘lga qo‘yishi uchun 36 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i ajratildi.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |