Bag‘dodliklar yaqin-yaqingacha bu yerlarni “Dasht” deb atardi. Ertaklarda aytilganidek, “qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan” joylar edi. Ovloq bo‘lgani uchun uncha-muncha odamning bu go‘shaga kelishga yuragi dov bermasdi. Suv olib kelish qiyin bo‘lgan yerlarda dehqonchilik qilish, uy-joy qurishni istovchilar sanoqli edi...
Ayni kezda bu hudud tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Bor-yo‘g‘i bir yil muddatda bu yerda yangi zamonaviy shaharcha qad rostladi, unga “Guliston” deb nom berildi, uy-joylar qurilishi va yaratilgan infratuzilma “Bag‘dod tajribasi” sifatida butun mamlakatga namuna bo‘ldi.
Bu hayotda har bir inson o‘z boshpanasi, uyi bo‘lishni orzu qiladi. Uy-joy ham vatanning bir bo‘lagi. Prezidentimiz tomonidan aholini uy-joy bilan ta’minlashda o‘ziga xos tashabbusga qo‘l urildi. Qaqroq dashtda Guliston shaharchasi bunyod etilishiga Prezidentimizning o‘tgan yil fevral oyida Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari tamal toshi vazifasini o‘tadi. Tashabbuskorlik, bunyodkorlik quloch yoza boshladi. Oradan bir muddat o‘tib, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida uy-joy qurilishi bo‘yicha “Bag‘dod tajribasi”ni o‘rganish yuzasidan barcha tuman hokimlariga tavsiyalar berildi. Chunonchi, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari deganda, nafaqat ularning yo‘li yoki qiyofasi yaxshilanishi, balki u yerda yashovchi aholining daromadi ko‘payishi, ijtimoiy ob’ektlar to‘liq ishlashi zarurligi ta’kidlandi. Eng asosiysi, haqiqiy obod mahallada “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bo‘lmasligi, buning uchun tadbirkorlar bilan maslahatlashib, ishlab chiqarish ob’ektlarini tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish zarurligi aytildi.
Ta’kidlash kerak, mazkur tashabbus zamirida xalq dardiga malham bo‘lish, yuz ko‘rsatishni boshlayotgan muammolarni barvaqt bartaraf qilish, puxta reja va maqsad mujassam. Oddiy raqamlarga e’tibor qarataylik, 2000 yillarda Bag‘dod tumanida 140 ming atrofida aholi istiqomat qilgan bo‘lsa, ayni paytda 220 mingga yaqin kishi umrguzaronlik qilyapti. Ayon bo‘ladiki, aholini uy-joy bilan ta’minlash muhim va dolzarb masalaga aylanib ulgurgan.
Yana bir jihat, xalqimizni Vatan ichra kichik vatanli bo‘lishiga erishish maqsadida ommaviy ravishda ko‘p qavatli uylar qurilayotgani, bu qurilishlar qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlar o‘rnida emas, yillar mobaynida bo‘sh turgan dasht hududida amalga oshirilayotgani e’tiborga molik. Faktlarga murojaat qilinsa, o‘tgan 85 yil mobaynida Bag‘dodda bor-yo‘g‘i 53 ta ko‘p qavatli 786 ta xonadonli uy qurilgan, xolos. Bugun esa tumanda aholining uy-joyga bo‘lgan talabi inobatga olinib, istiqbolli dasturlar ishlab chiqilgan, ularni hayotga tatbiq etish ishlari qizg‘in ketyapti. Ahamiyatlisi, bu uylarning sifati yaxshi, narxi esa arzon bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda. Shaharcha va uning atrofidagi ob’ektlar rejasini tuzishda istiqbolda aholining o‘sishi, uning infratuzilmasi va ishlab chiqarishning kengayishi kabi jihatlar ham nazarda tutilgan.
Inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tashabbus asosida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash mujassam. Shu bois, yangi shaharchadagi uylar dastlab ehtiyojmand oilalarga berildi. Ularga subsidiyalar, banklardan imtiyozli kreditlar ajratildi, boshlang‘ich to‘lovlari to‘lab berildi.
– Shunaqa zamonaviy uyda yashashni xayolimizga ham keltirmagan edik, – deydi Feruzaxon Sotimova. – Yolg‘iz ona sifatida uy-joy masalasida xalq qabulxonasiga murojaat qilgandim. Ikki xonali shinam uyning boshlang‘ich to‘lovini to‘lab berdi. O‘zim obodonlashtirish korxonasida ishlayman. Qizimni ham maktab-internatga ishga olishdi. Hozir har oy bankka to‘lov qilib boryapman. Prezidentimiz, hukumatimiz va rahbarlarimizni duo qilib yashayapmiz.
Tan olish kerak, ko‘p qavatli uylarning o‘ziga yarasha muammolari bo‘lishi tabiiy. Misol uchun, ba’zi shaharlarda yuqori qavatlarga suv chiqmay qolishi haqida eshitib qolamiz. Lekin Gulistonda bu jihat puxta o‘ylangan. 10 ta transformator o‘rnatilib, 2 dona tik quduq qazilgan, rezervuar, suv tozalash inshooti barpo etilgan. Yana 2 ta tik quduq zaxira sifatida bitkazilgan.
– Rosti, bu yerlarda mana shunday ko‘rkam shaharcha qad rostlashiga ko‘pchilik ishonmagandi. Oqilona va uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi sifatida namoyon bo‘lgan shaharcha bugun odamlar gavjum, risoladagidek maskanga aylandi, – deydi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Foziljon Xalilov. – Ayni damda 66 ta ko‘p qavatli uylarda, shuningdek, yig‘inimiz tarkibidagi Qosimobod va Guliston mahallalarida 6,5 mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Shaharchaga ko‘chib kelishni istovchilarning keti uzilmayapti. Negaki, bu yerda barcha infratuzilma ob’ektlari muhayyo. Maktab, bog‘cha, ijtimoiy ob’ektlar, ishlab chiqarish sexlari, oilaviy poliklinika, 6 ta ikki qavatli savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, sun’iy qoplamali sport maydonchasi, ko‘ngilochar ob’ektlar, bolalar maydonchalari, madaniyat markazi hamda kovorking markazi aholi xizmatida. Tuman markaziga doimiy avtobus qatnaydi. Asosiysi, elektr, gaz, ichimlik suv muammosi yo‘q, barcha ichki yo‘llar asfaltlashtirilgan.
Shaharchaning shundoq biqinidagi sanoat zonalarida esa doimiy ishlash, halol mehnat qilib oila tebratish imkoniyati yaratilgani nur ustiga nur bo‘ldi. Hududga tutash ekin maydonlarida dehqonchilik qilish mumkin. Tabiatga uyg‘unlik, tiqilinch va dim havodan chekinilgani – shaharchaning o‘ziga xos jihatlaridan biri, aslida.
– Biz ham havas qilib shu yerdagi uyning uchinchi qavatidan xonadon sotib olganmiz, – deydi mirishkor bog‘bon Aktamjon Ostonaqulov. – Bog‘imizga bu yerdan bir qadam – shundoq yo‘lning narigi tarafida. O‘rtoqlarim hazillashib, meni “shaharlik bog‘bon” deyishadi, e, bor bo‘lishsin. Kechki payt ketmonim yelkada shahar aylanaman. Charog‘on ko‘chalar, bolalarning o‘yin-kulgusi, sho‘x qiyqiriqlari, o‘rindiqlarda dam olib o‘tirgan gulistonliklar tilidagi shukronalik va mamnunlikdan charchoq ham chiqib ketadi.
O‘tgan yilning 28 sentyabr kuni Prezidentimiz Guliston shaharchasiga tashrif buyurib, bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Hududlarning shunday rivojlanayotgani, odamlar uyli, ishli bo‘layotganini ko‘rish mamnunlik bag‘ishlashini bildirgan edi. Davlatimiz rahbari shu yerda mahalla faollari, bag‘dodlik nuroniylar bilan samimiy suhbatlashib, xalqni rozi qilish, inson qadri xususida o‘z tavsiyalarini berdi.
– Prezidentimiz tashrifidan so‘ng tashkil etilgan mahalla fuqarolar yig‘inida ish boshlaganimdan faxrlanaman, shu bilan birga, hamisha ulkan mas’uliyatni his qilaman, – deydi Guliston mahallasidagi yoshlar yetakchisi Otabek Yakubov. – Ayni paytda yig‘in hududida 600 nafardan ziyod yoshlar yashaydi. Ularni doimiy ish bilan ta’minlash, har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, madaniy hordiq chiqarishlari uchun bor kuch-g‘ayratimizni sarflayapmiz. Hokim yordamchisi, xotin-qizlar mas’uli bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Uning aytishicha, hududda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, junni qayta ishlash, non ishlab chiqarish ob’ektlari ishga tushirilyapti, bilimga chanqoq yoshlar uchun repetitorlik kurslari ochilgan. Qo‘shimcha 2 ta oilaviy bog‘cha faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bundan ko‘rinadiki, shaharchada hayot o‘z o‘zaniga tushib ulgurgan, rivojlanish bosqichi yuz ko‘rsatishni boshlagan.
Gapning indallosi shuki, Guliston mahallasi Prezidentimizning xalqona, odilona qarori, ezgu tashabbusi natijasi, shuningdek, mehnatkash xalqimizning g‘ayrat-shijoati, birdamligi timsoli bo‘lib qolishiga shak-shubha yo‘q. Tumanga tashrif buyurgan kishi borki, kechagina qaqragan dashtliklar, suvsiz va ekinsiz maydonlar o‘rnida bunyod etilgan bu go‘zal mahallani, nomiga monand turfa gulga burkangan shaharchani o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga, bu yerda istiqomat qilayotgan yoshu qari bilan suhbatlashishga oshiqadi.
Ezgulikning qanoti bor, deydilar. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mazkur g‘oya – ko‘p qavatli uylardan iborat yo‘ldosh shaharchalar qurish tashabbusi farg‘onaliklar ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Axir, necha yillardan buyon viloyatda bu darajadagi keng miqyosli qurilish amalga oshirilmagan.
Prezidentimiz belgilab bergan rejaga ko‘ra, kelgusi besh yilda Farg‘ona viloyatida jami 30 ming kvartirali 700 ta ko‘p qavatli uy quriladi.
Ahamiyatlisi, bunda 2,5 mingta uy-joy og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yolg‘iz ayollar, ehtiyojmand oilalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga beriladi. Shuningdek, 14 mingdan ziyod oilaga ipoteka krediti bo‘yicha 680 milliard so‘mlik subsidiyalar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bag‘dod tumani “Guliston” mahallasida barpo qilingan shaharcha namunasi asosida Yozyovon, Oltiariq va Farg‘ona tumanlarida ham kamida 4-5 ming xonadonli «yo‘ldosh» shaharchalar bunyod etilishi belgilab berilgan bo‘lsa, ayni kunlarda bu yerlarda bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgan. Jumladan, Yozyovon tumanidagi “Yuqori Soybo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 65 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” massivi qurilmoqda. Zamonaviy shaharsozlik an’analari asosida ishlab chiqilgan loyiha uch yilga mo‘ljallangan bo‘lib, birinchi bosqichda 33 ta 5 va 7 qavatli 948 ta xonadondan iborat uylar qurilishi rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda 105 ta ko‘p qavatli uylar qad rostlaydi. Bu bilan 4 ming oila o‘z xonadoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, madaniyat saroyi, maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, oilaviy poliklinika, xizmat ko‘rsatish va savdo markazlari, ko‘p funksiyali jamoat majmualari, istirohat bog‘i barpo etish orqali aholi uchun qulay infratuzilma yaratish ko‘zda tutilgan.
Hududda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish uchun 10,1 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasini tashkil etish rejaga kiritilgan. Bu yerda paxtani qayta ishlash, yog‘-moy zavodlari, to‘qimachilik fabrikasi quriladi. Asosiysi, 1200 ta ish o‘rni yaratiladi. Toshkent-O‘sh yo‘lining mahalladan o‘tgan qismidagi 20 gektar maydonda esa yuk mashinalari uchun logistika markazi, mehmonxona, servis va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bunyod etiladi. Ayni kunlarda Farg‘ona shahri va Farg‘ona tumanida ham ana shu ishlar qizg‘in davom etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz boshlab bergan tashabbus ayni kunlarda farg‘onaliklar qalbida g‘uncha ochmoqda, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga, o‘z oldilariga yanada ulkan va xayrli maqsadlarni qo‘yib mehnat qilishlariga turtki bo‘lmoqda. Aytish mumkinki, inson qadri ulug‘langan, har bir islohot aholi farovonligi, yurt obodligi uchun xizmat qilayotgani aniq-ravshan ko‘rinib turgan yurtda yashashning zavqi ham, qadri ham o‘zgacha bo‘ladi. Bu zavqu surur esa yangidan-yangi g‘oyalar, tashabbuslarga qanot bo‘lishi tabiiy.
Murojaat tasnifi | Yuborish usuli | Kelib tushgan sana | Ko'rib chiqilgan sana | Hudud |
---|---|---|---|---|
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратиш | Президент почтаси | 6 May 2024 | 18 Sentabr 2024 | Navoiy viloyati |
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуриш | Ишонч телефони | 17 Noyabr 2023 | 27 Fevral 2024 | Toshkent viloyati |
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозилик | Веб-сайт | 14 Fevral 2024 | 20 Fevral 2024 | Jizzax viloyati |
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикаси | Веб-сайт | 13 Fevral 2024 | 27 Fevral 2024 | Surxondaryo viloyati |
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИ | Веб-сайт | 29 Aprel 2024 | 2 May 2024 | Toshkent viloyati |