2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha harakatlar strategiyasi
MUROJAAT.GOV.UZ ISHGA TUSHIRILDI

Bu bilan tuman, viloyat va respublika tashkilotlariga kelib tushayotgan murojaatlar yagona platformaga birlashtiriladi

Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari xalq bilan ochiq, to‘g‘ridan to‘g‘ri va doimiy muloqotni tashkil etishda qulay imkoniyat va sharoitlar yaratdi. Shu bilan birga, keng jamoatchilik muhokamasi natijasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida xalq bilan ochiq muloqot mexanizmlarini yanada takomillashtirish, mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish hamda ularning rahbarlari bilan muloqot qilish tizimini yaratish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Mazkur hujjatlarda belgilangan norma va vazifalar ijrosi doirasida davlat organlari va tashkilotlariga kelib tushayotgan murojaatlarni ro‘yxatga olish, ularni ko‘rib chiqish va natijasini nazorat qilish bo‘yicha Murojaatlar bilan ishlashning yagona onlayn platformasi ham (murojaat.gov.uz) ishga tushirildi.

Murojaatlar bilan ishlash jarayonlari tahlillari va o‘rganishlar mamlakatimiz bo‘yicha jami murojaatlarning uchdan bir qismi Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali yuborilayotgan bo‘lsa, qolganlari tuman, shahar, viloyat va respublika darajasidagi tashkilotlarga bevosita kelib tushmoqda. O‘tgan olti yilga yaqin davr mobaynida virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar ko‘rib chiqilishi, ularda ko‘tarilgan masalalar hal qilinishi ustidan samarali va shaffof nazorat tizimi joriy qilingan. Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyatini tahlil qilish yo‘lga qo‘yilgan. Ayni shu murojaatlar tahlili o‘tgan davrda ko‘plab tizimli masalalarni aniqlash, ularga yechim topish, muhim dastur va loyihalarni ishlab chiqishda katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan Prezident virtual qabulxonasi tizimida to‘plangan tajribadan foydalanib, davlat idoralariga bevosita kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash jarayonlari ustidan ham samarali nazorat o‘rnatish va tahlil tizimini yo‘lga qo‘yish dolzarb vazifa hisoblanadi. Tuman, shahar, viloyat va respublika tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash jarayonini murojaat.gov.uz yagona onlayn platformasiga birlashtirilishi shu borada muhim qadam bo‘lib, buning hayotiy samarasi quyidagi jihatlarda ko‘rinadi:

– aholiga mahalliy darajadagi muammolar yuzasidan tuman-shahar tashkilotlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyati yaratiladi;

– barcha bo‘g‘indagi tashkilotlarga bevosita (tashkilot veb-sayti, pochta aloqasi, ishonch telefoni, sayyor qabul va rahbarlarning shaxsiy qabulida) kelib tushadigan murojaatlarning yagona tizim doirasida ro‘yxatga olinishi, barcha jarayonni raqamlashtirish orqali murojaatlarning o‘z vaqtida va belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi ustidan shaffof “raqamli nazorat” o‘rnatilishi ta'minlanadi;

– aholi muammolarini o‘rganish, tahlil qilish va hal etish, murojaatlarni davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ko‘rib chiqishning bir-biri bilan uzviy bog‘langan to‘rt pog‘onali “mahalla – tuman/shahar – viloyat – respublika” tizimini joriy etishning asosi paydo bo‘ladi;

– barcha murojaatni murojaat etuvchilar, vazirlik va idoralar, murojaatlarga sabab bo‘lgan muammolar hamda hududlar kesimida, shu jumladan, “mahallabay” monitoring va tahlil qilish imkoniyati ta'minlanadi;

– har bir bosqichda murojaatni ko‘rib chiqish holati bo‘yicha murojaat etuvchilarni xabardor qilib borish va murojaat natijasiga nisbatan munosabat bildirish mexanizmi joriy qilinadi;

– mahalla aholisi uchun ahamiyatli bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yuzasidan murojaatlarning ko‘rib chiqilishida mahalla raislarining roli oshiriladi;

– davlat organlari va boshqa tashkilotlarning murojaatlar bilan ishlash ko‘rsatkichlari onlayn e'lon qilib boriladi.

Asosiy maqsad – aholining kundalik turmush tarziga bevosita ta'sir qiluvchi masalalar bo‘yicha murojaatlarni markazlashgan tizim asosida dastlabki bo‘g‘inda hal qilinishiga erishish, murojaatlar bilan ishlashning o‘zaro uyg‘un “mahalla-tuman-viloyat-respublika” tizimini yo‘lga qo‘yish, barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning aholi muammolari bilan ishlash borasidagi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, mahalla institutini jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirishdan iborat.

Bugungi kunda 100 dan ortiq davlat organlarining murojaatlar bilan ishlaydigan 900 nafardan ortiq mutaxassislari ushbu tizimda ishlash bo‘yicha tegishli o‘quvlarga qamrab olindi, ularning bu boradagi bilim va malakasi oshirildi. Joriy yil 1 sentyabrdan davlat organlari Yagona onlayn platformada murojaatlarni ro‘yxatga olishni boshladi.

Murojaatlar bilan ishlashning yagona onlayn platformasi –murojaat.gov.uz elektron manzili orqali davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklarning vertikal boshqaruv bo‘yicha istalgan tashkilotiga onlayn murojaat qilish imkoniyati mavjud.

Murojaat yo‘llash uchun avvalo tizimga shaxsni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlarini kiritish lozim. Buning uchun fuqarolik pasporti, ID-karta va xorijga chiqish pasportidan, 16 yoshga to‘lmaganlar esa tug‘ilganlik haqida guvohnomadan foydalanishi mumkin.

Keyingi bosqichda murojaat yuborish shakli to‘ldiriladi. Bunda platforma Davlat personallashtirish markazi bazasi bilan integratsiya qilingani tufayli murojaatchi haqidagi ma'lumotlar avtomatik ravishda to‘ldirilib, vaqt tejaladi. Ayrim ma'lumotlarni, masalan, mahalla nomini istalgan payt shaxsiy kabinet orqali tizimga kiritib qo‘yish, yangilash mumkin.

Murojaat shakli to‘ldirilib, murojaat matni kiritilgach, masalani ko‘rib chiqish uchun yuboriladigan tashkilot ro‘yxatdan tanlanadi. Bunda, tizim avval murojaatchi yashayotgan hududdagi tashkilotlar ro‘yxatini aks ettiradi. Zarur tashkilotni tuman/shahar, viloyat va respublika darajasidagi tashkilotlar ro‘yxatidan izlab topish mumkin.

Agar fuqaro masalasining yechimi qaysi davlat organi yoki boshqa tashkilotning vakolatida ekanini oldindan bilmasa, platforma veb-saytining tashkilotlar to‘g‘risidagi bo‘limi orqali bu savolga javob topish imkoni bor. Ya'ni bunda tashkilotlarning vazifalari va funktsiyalari, tashkilot rahbarining fuqarolarni qabul qilish vaqtlari, tashkilot bilan bog‘lanish imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil ma'lumot olish mumkin.

Mazkur imkoniyatlar vazirlik va idoralarning quyi tashkilotlariga nisbatan ham joriy etilgan. Buning uchun tegishli tashkilotning platformadagi sahifasiga kirish lozim. Ma'lumotlar har bir tashkilotning mas'ul xodimlari tomonidan kiritilib, yangilanib boriladi.

Har qanday masala yuzasidan batafsil, shu jumladan, huquqiy ma'lumot olish uchun esa platforma veb-saytining “O‘zingizni qiziqtirgan savolga javob toping” bo‘limidan foydalanish mumkin. Mazkur bo‘lim “advice.uz huquqiy axborot portali”ning axborot resurslari bilan integratsiya qilingan.

Murojaatchining barcha murojaati to‘g‘risidagi ma'lumot platformadagi shaxsiy kabinetda jamlanadi. Shaxsiy kabinetga telegram messenjeri va elektron pochta manzilini bog‘lab qo‘yish esa murojaatni ko‘rib chiqish holatidan doimiy xabardor bo‘lib turish imkonini beradi.

Yagona platformani vazirlik va idoralarning idoraviy axborot tizimlari bilan bosqichma-bosqich integratsiya qilish hamda doimiy takomillashtirib borish ko‘zda tutilgan.

Muxtasar aytganda, murojaat.gov.uz platformasi eng avvalo davlat organlari va tashkilotlariga bevosita kelib tushayotgan murojaatlarni yagona tizimda ro‘yxatga olish, hududiy masalalarni – hudud, respublika doirasidagi muammolarni esa respublika miqyosida ko‘rib chiqib, hal qilishning o‘zaro uyg‘un to‘rt pog‘onali (“mahalla – tuman/shahar – viloyat – respublika”) tizimini joriy etishga, bu boradagi murojaatlar ko‘rib chiqilishi ustidan “raqamli nazorat” o‘rnatilishiga xizmat qiladi.

11.09.2022

Hal etilgan murojaatlar

Murojaat tasnifiYuborish usuliKelib tushgan sanaKo'rib chiqilgan sanaHudud
Бузилган уй-жой, олиб қўйилган ер майдони ўрнига ер майдони, уй-жой ва компенсация ажратишПрезидент почтаси6 May 202418 Sentabr 2024Navoiy viloyati
Янги мактаб ташкил этиш, мактабга қўшимча иншоотлар қуришИшонч телефони17 Noyabr 202327 Fevral 2024Toshkent viloyati
Суриштирув, терговга қадар текширув ва тергов ҳаракатларидан норозиликВеб-сайт14 Fevral 202420 Fevral 2024Jizzax viloyati
Жамоат тартиби муҳофазаси ва ҳуқуқбузарликлар профилактикасиВеб-сайт13 Fevral 202427 Fevral 2024Surxondaryo viloyati
Пенсия ёки нафақа тўлови ТЎХТАТИЛГАНЛИГИВеб-сайт29 Aprel 20242 May 2024Toshkent viloyati

Foydali resurslar